Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
27.04.2017

«YAGONA DARCHA» MARKAZLARI

kimga va nimaga xizmat qiladi?

Davr taqozosi bilan tilimizga bir qator yangi atamalar barobarida «yagona darcha» atamasi ham kirib keldi. 2016 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida, nafaqat tadbirkorlar, balki barchamiz «Yagona darcha» markazlari imkoniyatlari va qulayliklarini his eta boshladik. Bugun ushbu markazlarni bilmagan va ularga ishi tushmagan odamni uchratish qiyin. Shiddat bilan davom etayotgan islohotlar va jamiyatimizda ro‘y berayotgan muhim o‘zgarishlar «Yagona darcha» markazlari faoliyatini yangi talablar darajasiga ko‘tarishni, ish uslubi va mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 fevraldagi «Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

— Hozirgi paytda «Yagona darcha» markazlari faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Biz shu va boshqa savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari No‘mon MUHAMMADIYeVga murojaat qildik.

— Xalqimiz bilan o‘tkazilayotgan barcha turdagi ochiq muloqotlar, tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar litsenziya va ruxsatnomalar berish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida qator muammolar to‘planib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun hanuzgacha turli to‘siq va g‘ovlarga duch kelmoqda. Ko‘pchilik davlat idoralarida hamon odat tusiga kirib qolgan eski usul — qog‘oz shaklida xizmat ko‘rsatilmoqda.

Qarorga muvofiq, «Yagona darcha» markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan Adliya vazirligi boshqaruviga o‘tkazildi. Endilikda Adliya vazirligi «Yagona darcha» markazlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun vazirlikda Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, joylarda esa uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.

Joriy yilning 1 fevraliga qadar mamlakatimizning barcha tuman va shaharlari hokimliklari huzurida tashkil etilgan bunday markazlarda tadbirkorlik subyektlariga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatib kelingan bo‘lsa, endilikda «Yagona darcha» markazlari Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, ular orqali rasmiylashtiriladigan litsenziya va ruxsatnomalar soni 16 tadan 102 taga oshirildi. Ana shunday ijobiy amaliyotni yanada kengaytirish maqsadida qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni «Yagona darcha» markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.

— Bu xizmat turlari nimalardan iborat? Shu haqda kengroq to‘xtalib o‘tsangiz...

— «Yagona darcha» markazlari orqali tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turar joyni noturar joyga aylantirish kabi masalalari bir joyda hal bo‘lmoqda.

Qaror sharhida ta’kidlanganidek, bu o‘zgarishlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansalorlik, byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, qaror bilan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni «Yagona darcha» markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilmoqda. Ya’ni, shulardan 18 tasi 2017 yilda, qolgan 68 tasining amalga oshirilishi 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan.

Masalan, joriy yilning 1 iyulidan boshlab, Sog‘liqni saqlash vazirligining farmatsevtika va tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi, voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalari reklamasini joylashtirish, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilish, 1 oktabrdan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziyasi va shu kabi boshqa litsenziya hamda ruxsat beruvchi davlat xizmatlari bosqichma-bosqich faqat «Yagona darcha» markazlari orqali amalga oshiriladi.

Yana bir narsani ta’kidlash kerak. Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish «Yagona darcha» markazlari zimmasiga yuklatildi. Bunday chora tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.

«Yagona darcha» markazlari orqali davlat xizmatlarini sifatli va samarali ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladigan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etish uchun Respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilmoqda.

— Hozirgi kunda O‘zbekistonda qancha «Yagona darcha» markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda? Ularning samaradorligi qanday?

Ayni paytda mamlakatimizda 194 «Yagona darcha» markazi tashkil etilgan. Ular aholiga qulay bo‘lgan joyda, barcha shart-sharoit yaratilgan holda ish yuritmoqda. Markazlarda tanlov asosida ishga olingan oliy ma’lumotli mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazlar huquqiy axborotlar, qo‘llanmalar bilan ta’minlangan. 2016 yilda markazlarga 102 mingdan ortiq murojaat tushgan bo‘lsa, ularning barchasi vaqtida yechimini topdi. E’tiborlisi, joriy yilning o‘tgan davrida 95 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik subyekti ish boshlagan bo‘lsa, ularning 9 mingga yaqini internet orqali ro‘yxatga olindi.

Endilikda tadbirkorlik subyektlari litsenziya va ruxsatnoma olish uchun boshqa idoralarga bormasdan, ularni aniq muddatlarda beradigan «Yagona darcha» markazlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuning bilan birga, 2018 yil 1 yanvardan boshlab «Yagona darcha» markazlari orqali taqdim etiladigan litsenziya va ruxsatnomalarni qog‘oz shaklidagi maxsus blankalarda majburiy rasmiylashtirish talabi bekor qilinadi. Bunda berilgan, to‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Litsenziya» axborot tizimlari majmuasi orqali olish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur majmua 2017 yilning I choragida ishga tushirildi. Natijada tadbirkorlar nafaqat davlat xizmatlarini elektron shaklda olish, ruxsatnoma va litsenziyalar reyestridagi ma’lumotlardan masofada turib foydalanish, balki arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni va natijasini, qayerda va qay tarzda murojaat etganidan qat’i nazar, kuzatish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Qolaversa, 2018-2020 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, faqat «Yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati ishlab chiqiladi.

— Markazlarga murojaat etish va ularning ishlash tartibi qanday?

— Tadbirkor markazga bir necha usullar bilan murojaat qilishi mumkin: shaxsan, telefon orqali, pochta xizmati, call-markaz yoki internet yoxud informatsion kiosk orqali. Internet orqali murojaat qilish uchun tadbirkor elektron raqamli imzoga ega bo‘lishi kerak.

Murojaat qilish usulidan qat’i nazar, birinchi bosqichda tadbirkor buyurtmasini «Yagona darcha» markazi mutaxassisi qayta ishlaydi, keyin uni «instansiyalar bo‘yicha» jo‘natadi. Qayd qilish lozimki, tadbirkorga hujjat qancha instansiyadan o‘tishi muhim emas, uning uchun natijani muddatida olish muhim. Buyurtma muddatida ijro etilishini Adliya vazirligi kuzatadi. Ular o‘z vaqtida bajarilmaganligi uchun aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi.

— Ko‘pchilikni ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati masalasi qiziqtiradi, albatta. Bu haqda nimalar deyish mumkin?

— Har bir xizmatning (ruxsatnomalar, litsenziyalar) haqi tasdiqlangan yagona narxnoma asosida qabul qilinadi. Markazlarning mutaxassislari davlat tomonidan belgilangan xizmatlarni taqdim qilish qiymatini oshirishga haqli emaslar. Ya’ni, tadbirkor qonun hujjatlarida belgilangan talablar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshiradi.

Markazlardagi axborot bo‘limi (Call-markaz)ning o‘zidayoq kelgan tadbirkorga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul va batafsil ma’lumotlar beriladi.

— «Yagona darcha» markazlarining istiqboli haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

— Respublikamizda markazlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi, albatta. Ushbu markazlarni barpo etish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan avval Singapur, Janubiy Koreya, Kanada va boshqa bir qator davlatlarning shunga o‘xshash tuzilmalari tajribasi o‘rganildi.

Kelajakda «Yagona darcha» markazlari tobora rivojlanib borayotgan axborot tizimlari va komputer texnologiyalari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari asosida yanada takomillashib boradi, odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladi.

        

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Faxriddin PARPIYEV suhbatlashdi.



DB query error.
Please try later.