Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
08.04.2017

«BU BINODA ADOLAT OVOZI JARANGLAB TURSIN»

Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati to‘g‘risida

Qarshi shahrining O‘zbekiston shoh ko‘chasi bo‘yidagi oppoq, muhtasham bino. Bu bino hozirdanoq odamlar mehrini qozondi, adolat o‘rnatiladigan maskan sifatida tan olindi. Bu binoda — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi joylashgan.

Fikrlarimni jamlab, bino ichkarisiga kirdim. Keng va zamonaviy jihozlangan xona. Qabulxona mudiri Abduxalil Xolmaxmatov samimiy kutib oldi. U kishi asli Qamashi tumanida tug‘ilib-o‘sgan, mas’ul lavozimlarda ishlagan tajribali xuquqshunos.

Viloyatdagi Xalq qabulxonasi 2017 yilning 25 fevral kuni ish boshladi. Shahar va tumanlarda uning bo‘limlari tashkil topdi. Ariza va shikoyatlarni hisobga olish, ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish tizimi shakllandi. Men qabulxona ishidan qanoatlangan fuqarolarimizning ko‘plab maktublari bilan tanishdim. Ulardan biri — Qarshi tumanidagi Fayziobod qishlog‘ida yashayotgan mehnat faxriysi Shodmon Amanov mamlakatimiz rahbariga qishloqdagi 50 xonadonga uzatilayotgan elektr quvvati past ekani haqida murojaat qilgan ekan. Masala o‘z o‘rnida o‘rganilib, ijobiy hal etilibdi. Koson tuman Nekuz qishlog‘ida yashayotgan Shoira Polvonova endilikda uy-joyini hujjatlashtirib olganini xabar qilibdi. Yana shu tumanda yashayotgan Sanobar Sanaqulova kim oshdi savdosi orqali uy qurish uchun yer maydoni olibdi. Kasbi tumani Fazli qishlog‘ida yashayotgan Bekzod Saidov hozir Qarshi shahar «Vatanparvar» tashkilotining haydovchilar tayyorlash kursiga o‘qishga qabul qilinibdi. Ochig‘i, o‘z vaqtida va ijobiy hal qilingan bunday murojaatlar ko‘p.

Viloyat hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va boshqa yuqori lavozimli rahbarlarning qabul tartibi joriy qilingan ekan. Men viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevga tegishli qabul jurnalini varaqlayman. Viloyat hokimiga Qarshi shahar Beglar mahallasida yashovchi Abror Mahkamov ish topolmayotgani xaqida arz qilibdi. Bu masala atroflicha o‘rganilibdi. Hozir Abror viloyat gaz ta’minoti korxonasida ishlayotgan ekan. Viloyat rahbari huzuriga kirgan fuqarolarning murojaatlari qonuniy tarzda hal bo‘lganiga misollar ko‘p.

Odamlar nega bu joyga ko‘p kelishadi? Shu xaqida o‘ylayotganimda, bevosita muloqotning guvohi bo‘ldim.

Xonaga kirgan keksa ayol maktabda 40 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Dilbar Rahimova ekan. Yuz-ko‘zidan bezovtaligi, nihoyatda hayajonga tushgani ko‘rinib turardi. Ma’lum bo‘lishicha, 2016 yil may oyining boshida bir yengil mashina chorrahada ayol kishini urib ketadi. Og‘ir tan jarohatini olgan ayol olamdan o‘tadi. Tasodifni qarangki, shu voqea yuz bergan joyda Dilbar Rahimovaning o‘g‘li ham o‘z yengil mashinasida kelib qoladi. Marhumning qarindoshlari «onamizni boshqa odam mashinasi urib ketgan», deb aytishsa-da, tergovchilar uning o‘g‘lini falokat sodir etishda ayblashayotganmish. Sud ham bo‘lib o‘tibdi, ammo jinoiy ish hamon chalkash ekan. Oila tajribali advokatga murojaat qilibdi. «O‘n oydan buyon azob chekamiz», deydi ona uh tortib.

Abduxalil Xolmaxmatov katta tajribaga ega huquqshunos emasmi, shoshmasdan, qonun talablarini tushuntirdi. Xavotir olmasligini, hech kim nohaq jazolanib ketmasligini aytib, onaga taskin berdi. Agar sud mahkamalari qonunni buzsa, qabulxonaga murojaat qilish, qanday hujjatlarni taqdim etish tartibini tushuntirdi. Yaxshi gap — jon ozig‘i. Farzandi taqdiridan xavotirlanayotgan ona chiqib ketayotganda ko‘ngli ancha xotirjam tortgani, qayg‘usi biroz arigani, ko‘zlarida ishonch paydo bo‘lganini sezdim. Yana shundan xursand bo‘ldimki, odamlarning huquqiy madaniyati oshib borayapti. Endi ular nohaq qaror yoki sud hukmidan rozi bo‘lib ketavermaydilar, haqiqat uchun kurashadilar. Demak, fuqaro o‘z haq-huquqini chuqur anglasa, nohaqliklarning yo‘li to‘siladi, qonun va adolat tantana qiladi.

Qabulxona mudiri huzuridan chiqib, butun jarayon bilan tanisha boshladim. O‘zXDP a’zosi, «Agrobank» viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, ayni paytda Xalq qabulxonasining sohaviy ishchi guruhlari yo‘riqchisi Farhod Ahmedov joriy etilgan tartib va murojaatlarni o‘rganish amali bilan birma-bir tanishtirdi. Qabulxonada sohalar bo‘yicha 6 guruh ish olib borayotgan ekan. Barcha guruhlarga malakali mutaxassislar jalb etilgan. Dastlab uzoq Dehqonobod tumanidan kelgan Shirin Qosimovani qanday qabul qilishganini kuzatdim. Murojaatchining pasport ma’lumotlari komputerda qayd etilib, arizasi tegishli soha mutaxassisiga havola qilindi. Ana shu mutaxassislar ishlayotgan xonaga kirdim. Qurilish va kommunal soha bo‘limida shu kuni «Janubgazta’minot» korxonasining xodimi Raimjon Mamanov fuqarolarni qabul qilayotgan ekan. Unga Qarshi shahri Navo mahallasida yashayotgan Diyara Akulova o‘z dardini bayon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, oila noilojlikdan gaz haqini to‘lolmay kelgan. Bu yil esa jami 1 million 300 ming so‘m qarzni to‘labdi. Ammo gaz oqimini ulab berishmabdi. Raimjon to‘lanmagan qarzning ustamasini ham to‘lash lozimligi, qonun talablarini erinmay tushuntirdi. Mening ko‘z o‘ngimda boshqa kommunal to‘lovdan qarzdorlarga ham malakali maslahat berildi. Axir gaz, suv, elektr kabi tovar-moddiy boyliklarni hosil qilish uchun ozmuncha mehnat va xarajat sarflanadimi? Agar iste’molchi qarzini o‘z vaqtida uzsa, hech qanday muammo tug‘ilmaydi.

Shu tarzda uy-joy masalalari, sud-huquq guruhlari ishini kuzatdim. Masalan, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifat masalalari guruhida ishlayotgan Saidjon Musayevning aytishicha, hozirgacha 107 ta murojaat tushibdi. Ayniqsa, ish so‘rab arz qilayotganlar ko‘p ekan. Ariza va shikoyatlarning barchasi qat’iy nazoratga olingan.

Qabulxonaga keluvchilar uchun barcha sharoit muhayyo. Ona va bola xonasi zarur ashyolar bilan jihozlangan. Qabulga kelgan yosh ona bolasini maxsus kravatchaga yotqizib, uxlatib qo‘yishi, keyin o‘z dardini bayon qilishi ham ko‘zda tutilgan. Jajji bolalar uchun turfa o‘yinchoqlar hozirlangan. Yana menga «Maslahatxona» juda ma’qul bo‘ldi. Xonada turli qo‘llanmalar, arizalardan namunalar qo‘yilgan. Qabulga kelgan fuqarolar ular bilan tanishib, qaysi guruhga murojaat qilish yuzasidan maslahat olishadi.

— Yakkabog‘ tumanidan kelganman, — deydi 68 yoshli Ahmadjon Maqsumov. San’atkorman, ancha yil xalqqa xizmat qildim. Qarang, davr o‘zgarayapti, odamlar o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi uchun hamma sharoit yaratilmoqda. O‘g‘lim Azamatjon bilan tadbirkorlikka qo‘l ursak, deymiz. Hozir dolomit toshdan qurilish ashyolari tayyorlash rejamiz bor. Bankdan yetarli kredit olishimiz kerak. Bu joyga yo‘l-yo‘riq va ko‘mak so‘rab keldik.

Ha, qabulxona odamlar bilan gavjum, muammolar turlicha. Qabulxona xodimlari esa xushmuomala, barcha savollarga javob berishyapti, muammolarni tegishli tartibda hal etishmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimni tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni muhim huquqiy hujjat sifatida tarixga kirdi. Unga ko‘ra, Xalq qabulxonalari tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tarkibiy tuzilmasida murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil topdi. Joylarda sayyor qabullar ham amalga oshayapti. Shu yilning 14-15 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoybergenov Qashqadaryo viloyatida sayyor qabullar o‘tkazdi. Prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan yuzlab fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi, arizalarda bayon etilgan muammolarning aksariyati o‘z joyida yechimini topdi. Shu bilan birga, odamlar o‘zlari yashab turgan joylarni obod qilish bo‘yicha yangi-yangi taklif va mulohazalarni bildirishdi.

Xalq qabulxonasidan katta taassurotlar bilan tashqariga chiqdim. Bino oldidagi ikkita favvora atrofiga o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Bir o‘rindiqda uzoqdan kelgan bo‘lsa kerak, keksa bobo nabirasi bilan nafas rostlayapti. Ikkinchi o‘rindiqda yosh qizcha kitob o‘qib o‘tiribdi. Imorat qarshisidagi «O‘zbekiston» ko‘chasida mashinalar qatnovi bir zum tinmaydi.

Oppoq binoga tikilaman. Odamlar orzu-istaklari, muammo va murojaatlari bilan, umid bilan shu joyga kelishayapti. Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi chog‘i aytgan so‘zlarini ko‘nglimdan o‘tkazaman:

— Bu binoda adolat ovozi jaranglab tursin!..

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.



DB query error.
Please try later.