Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
21.05.2020

KUCh-QUDRATIMIZ ILMIY SALOHIYaTDA

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim tizimida, ayniqsa, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ko‘lami tobora kengayib, zamon talablariga mos sifat o‘zgarishlari kuzatilmoqda. Xususan, joriy yil aprel oyida davlatimiz rahbarining «Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Muxbirimiz Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva bilan mazkur qaror ijrosi va uning sohada tutgan ahamiyati haqida suhbatlashdi.

– Hurmatli Gulchehra Shavkatovna, avvalo mazkur qarorga bo‘lgan hayotiy zarurat va bu qarorning sharqshunos kadrlarni tayyorlashdagi ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.

– Davlatimiz rahbarining mazkur qarori, eng avvalo, oliy ta’limni rivojlantirish, qolaversa, sharqshunoslik sohasiga berilayotgan katta e’tiborning samarasi, deb bilaman. Bugungi kunda sharq mamlakatlarining dunyodagi mavqei, xususan, ularning mamlakatimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi tobora yangi bosqichlarga ko‘tarilib borayotgani biz, sharqshunoslarning oldimizdagi vazifalar ko‘lamini kengaytirib, yanada mas’uliyat bilan ilmiy izlanishlarni olib borish, ta’lim jarayonini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan uzluksiz ta’lim tizimi, jumladan, oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uni jahon standartlari darajasiga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalarimizning dunyo reytinglarida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan muhim siyosati natijasida katta islohotlar boshlab yuborildi. «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi» ishlab chiqildi. Bu oliy ta’lim tizimi uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega strategik hujjat bo‘lib, uning asosida bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu konsepsiyada oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish bo‘yicha institut maqomidagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati ko‘lamini kengaytirish va institutsional salohiyatini kuchaytirish orqali ularni universitetga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi ham belgilab berildi.

Prezidentimizning «Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida ta’lim muassasamizga universitet maqomining berilishi, o‘zbek sharqshunosligining jahonga chiqishiga keng yo‘l ochib beradigan qadam bo‘ldi deya olamiz. Bu albatta, jamoaga juda katta mas’uliyatni yuklaydi. O‘zbekistonning sharq mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi, sharq tillari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlaydigan, jahonda ro‘y berayotgan jarayonlarni to‘g‘ri talqin qila oladigan tahliliy tafakkurga, kompleks bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash vazifasini bajaruvchi universitetimiz endilikda zamonaviy oliy ta’lim muassasasi sifatida jahon ilm fani va ta’lim jarayonlariga dadil kirib bora oladi. Shuningdek, yangi islohotlarni amalga oshirish borasida respublikamizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi va sharqshunoslik universitetining ham o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilganligi yangi tizimga o‘tishning yana bir muhim omili bo‘ldi, deb o‘ylayman.

– Ma’lumki, sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash, deganda avvalo, dunyoga sochilib ketgan xalqimiz tarixi, uning ming yillik ma’naviy qadriyatlari bilan bog‘liq manbalarni o‘rganadigan, qilni qirq yorishga qodir mutaxassislar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi, bu borada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ko‘lami, ularning samarasi haqida ham to‘xtalsangiz.

– Sharqshunos mutaxassis sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va ma’naviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzini o‘rganish uchun har tomonlama bilimga ega bo‘lishi lozim. Albatta, uzoq o‘tmishga va boy milliy ma’naviy qadriyatlarga ega yurtimiz tarixini manbalar asosida xolis o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Qarorda aynan ushbu masalada ham qator vazifalar belgilangan bo‘lib, ularni amalga oshirish jarayoni asrlar davomida saqlanib kelayotgan qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha yosh sharqshunos-manbashunoslarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va bu orqali mamlakatimiz va millatimizni dunyoga targ‘ib etish bilan bog‘liq faoliyatni kuchaytirishimizni taqozo etadi. Qarorda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida universitet huzurida «Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi»ni hamda «Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi»ni ochish belgilandi. Mazkur markazlar sharq xalqlari madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, yurtimiz qadriyatlari, milliy merosimizni dunyoga targ‘ib etish, sharq mamlakatlarining tarixi, rivojlanish bosqichi, iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot xususiyatlarini kompleks tadqiq etish, ayniqsa, O‘zbekistonning sharq xalqlari bilan o‘zaro munosabatlarini rivojlantirishda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ajratiladigan ilmiy grantlarga ega bo‘lish uchun yangi ilmiy loyihalarni ham ishlab chiqish, moliyalashtirishga erishish va samarador tadqiqotlarni bajarish zarur bo‘ladi.

Shu bilan birga, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Tarix instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish, universitetning manbashunoslik yo‘nalishidagi kafedralari filiallarini tashkil etish ham yangi tadqiqotlar uchun sharoitlarni kengaytirishini ta’kidlash joiz.

– Mazkur qarorning bir bandida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv va ilmiy faoliyatni ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish maqsadida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn kurslar, ma’ruzalar va mahorat darslarini muntazam tashkil etish to‘g‘risida vazifa qo‘yilgan. Mamlakatimizda dunyoga yoyilgan koronavirus tufayli e’lon qilingan karantin davrida talabalarni onlayn o‘qitish amalda bir sinovdan o‘tdi va u bu amaliyotni yanada takomillashtirish zarurligini taqozo qilmoqda. Aytingchi, bu yo‘nalishda qarorda nazarda tutilgan ishlarga tayyorgarlik qanday ketyapti, yangicha yondashuvlar nimalarda namoyon bo‘ladi?

– Dunyo mamlakatlarining tobora taraqqiy etib borayotgani barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham o‘qitishning ilg‘or, yangicha, ta’sirchan usullaridan foydalanish, dars amaliyotlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni taqozo qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, qarorda universitetda zamonaviy ta’lim texnologiyalari, talabalar bilimini baholovchi ilg‘or metodikalar, sharq mamlakatlarini o‘rganish bo‘yicha zamonaviy mediamahsulotlar va elektron adabiyotlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish masalasiga alohida band kiritilgan. Albatta, bu vazifalarni amalga oshirish o‘z-o‘zidan ta’limning sifatiga ijobiy ta’sir etadi. Ta’lim jarayoniga xorijlik professor-o‘qituvchilarning jalb etilishi ham talabalarimizda o‘zi o‘rganayotgan mamlakatning mutaxassisidan dars olishiga qiziqishining kuchayishi natijalarning yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Koronavirus pandemiyasi bois e’lon qilingan karantin sharoiti universitetimiz pedagoglari jamoasi va talabalari uchun ham bir tomondan o‘z ustida ishlash davri bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Masofaviy ta’lim shakllaridan foydalanish, onlayn darslar uchun internet tarmog‘idagi platformalarni o‘rganish, global tarmoqdagi nufuzli resurslar bazalari bilan ishlagan holda ta’limiy va ilmiy manbalarni izlash, ulardan foydalanish kabi ko‘nikmalar mustahkamlandi. Internetdagi dasturiy tarmoqlar, ta’lim platformalari orqali dars jarayonlari tashkil etildi, talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ham onlayn qayd etildi. Ta’lim jarayonida nafaqat o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar, balki universitetga Yaponiya, Koreya, Misr, Xitoy, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlardan jalb etilgan mutaxassislarning ham darslari onlayn tashkil etildi.

 Dars jarayonlaridan tashqari ilmiy faoliyat ham onlayn shaklda davom ettirilmoqda. Bir qator ilmiy anjumanlar onlayn platformalar orqali o‘tkazildi. Ular jumlasida koronavirus pandemiyasi sharoitida dunyo mamlakatlaridagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda 7 ta davlatdan olim va mutaxassislar ishtirok etib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga, universitetimiz olimlarining tahliliy ilmiy qarashlariga yuqori baho berdilar. Shuningdek, yangi iqtisodiyot yo‘nalishidagi tarixiy manbashunoslikning dolzarb masalalari muhokamalari qizg‘in tashkil etilgan respublika miqyosidagi ilmiy konferensiyalar, yosh sharqshunoslarning ilmiy anjumanlari ham onlayn o‘tkazildi. Bugungi kunda esa magistrlik dissertatsiyalarining dastlabki himoyalari belgilangan jadval asosida muntazam tashkil etilmoqda.

Yangicha yondashuvlar albatta, universitetda talabalarning ham, o‘qituvchilarning ham, tadqiqotchilarning ham zamonaviy fikrlashga, mustaqil ta’lim olish va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlariga ijobiy ta’sir etadi.

– Qarorda universitet salohiyatini bosqichma-bosqich oshirish maqsadida doktoranturaga qabul kvotasini ko‘paytirish, yangi ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgan. Uning mazmun va mohiyati, ahamiyatini kengroq izohlab bersangiz.

– Universitetda ilmiy salohiyatni oshirish eng muhim dolzarb masala. Salohiyat yuqori bo‘lgan joyda hamma yo‘nalishda: ta’lim jarayonida ham, ilmiy faoliyatda ham kutilgan natijaga erishish mumkin bo‘ladi. Ilmiy darajali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj asosida yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ularning mamlakatimiz uchun ustuvor yo‘nalishlardagi mavzularda izlanish olib borishlari va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishlari uchun sharoitlarni yanada yaxshilash zarurati bor. Bugungi kunda universitetda filologiya, tarix, siyosiy fanlar va iqtisodiyot fanlari tarmog‘ida 10 ta ixtisoslik doirasida doktorantura va mustaqil izlanuvchilik shaklida ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlanadi. Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda merosni o‘rganishga qaratilgan manbashunoslik yo‘nalishida hamda siyosiy-iqtisodiy munasabatlar holatini zamonaviy bosqich nuqtai nazaridan o‘rganuvchi siyosatshunos kadrlarni tayyorlashga miqdor va sifat jihatidan e’tiborni kuchaytirish, shuningdek, yangi ixtisosliklarni ochish asosida muhim yo‘nalishlarda salohiyatli kadrlarni tayyorlash zarur. Jumladan, doktoranturaga yangi qabul jarayonida «Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi» hamda «Etnologiya va etnografiya» ixtisosliklari bo‘yicha ham tadqiqotchilarni jalb etish reja qilinmoqda.

– Qarorda qayd etilishicha, sharq tillari sohasida o‘rta bo‘g‘in professional kadrlarni tayyorlash, shuningdek, iste’dodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari bo‘yicha texnikumlar tashkil etilishi ta’kidlangan. Bu borada boshqa hududlarda ishlar qanday yo‘lga qo‘yiladi?

– Bo‘lajak mutaxassis bolaligidan sohaga qiziqsa, qobiliyatli, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga intiluvchan bo‘lsa, kelgusida sohaning ilg‘ori bo‘ladi. Buning uchun yoshlarni o‘quvchilik davridanoq qiziqishlarini hisobga olgan holda kasbga yo‘naltirish juda muhim. Bu jihatdan Prezidentimizning professional ta’limni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlari asosida hududlarda turli sohalar bo‘yicha texnikumlarni ochish, viloyatlarda oliy ta’lim muassasalarining ishtirokida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga imkoniyat yaratadi. Bu borada qarorda belgilangan Namangan va Xiva shaharlarida texnikumlar tashkil etiladi. Bu ta’lim dargohlarini bitirgan yoshlar sharq tillarini o‘rganish asosida tarjimonlik, turizm, pedagoglik yo‘nalishlarida ishlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, texnikumlarda hududning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda boshqa yondosh yo‘nalishlarda ham ish beruvchilarning talablariga ko‘ra mutaxassislar tayyorlashni ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

– Ma’lumki, universitet yozma yodgorliklar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan bepul ta’minlanadi, deyilgan. Xorijiy mamlakatlardagi ana shunday manbalar bilan ishlash bo‘yicha qanday aloqalar o‘rnatilgan, bu yo‘nalishda erishilgan muvaffaqiyatlar, kelgusida turgan vazifalar haqida gazetxonlarimizga tushuncha bersangiz.

– Qarorda Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni o‘rganish, universitetning kafedralari filiallarini ochish kabi masalalar ham bor. Aynan Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan bepul ta’minlanishimiz masalasiga to‘xtalsak, bu ham fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha mamlakat va millat tarixini aks ettiruvchi qo‘lyozma manbalar saqlanadigan fondlarda qo‘lyozmalarning nusxalarini olishning o‘ziga xos tartiblari bor. Bu fondlardagi noyob qo‘lyozmalarning tarqalib ketmasligi, noto‘g‘ri va ilmiy asoslanmagan nashrlarning paydo bo‘lishi oldini oladi. Qarorda nazarda tutilgan holatda esa, universitet talaba va tadqiqotchilari tomonidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy jamoasi bilan maqsadli tarzda alohida belgilab olingan, o‘rganilishi, ilmiy muomalaga kirishi zarur, dolzarbligi yuqori bo‘lgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalari bilan ishlashni jadallashtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlik amalga oshiriladi. Bu uzoq yillardan beri juda kam qismi o‘rganilgan qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy istifoda etish ko‘lamini kengaytiradi. Mazkur institut olimlari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ishlar doirasida qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish laboratoriyasiga, xattotlik ishlarini o‘rganishga ham talabalarning jalb etilishi kelajakda nihoyatda qiyin ammo, juda kerakli bo‘lgan sohani rivojlantirishda o‘z samarasini beradi, deb ishonaman.

 

O‘ktam MIRZAYoROV

suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: