Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
15.05.2020

OLIMLARNING OLIMI, INSONLARNING INSONI

2009 yil, qish chillasi tugab, kunlar iliy boshlagan, adib aytmoqchi, bahor mozoratdan boshlanayotgan damlar. Chig‘atoy qabristoni. Ariq bo‘ylarida nafarmon binafshalar yashil gilamdek to‘shalgan. “Akademik Sa’di Hasanovich Sirojiddinov” lavhi qo‘yilgan qabr etagida bir odam cho‘k tushib duoi fotiha qilmoqda. Bir qarashda kimligini ilg‘ab bo‘lmaydigan bu inson ustozdan nedir bir yaxshilik ko‘rgandirki, shuncha ulug‘lar orasidan aynan shu qadamjoga kelib tiz cho‘kmoqda, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan. Yaqinroq borganim sari bu chehra tobora tanishdek tuyulaverdi. Tilovatini tugatib, men tomonga qaragan ham ediki, bir-birimizni tanib so‘rashdik. Bu kishi taniqli adabiyotshunos olim, adib va publitsist Mahmud Sattorov edi.

O‘zining buyuk ilmiy kashfiyotlari bilan umumbashariy taraqqiyotga mislsiz hissa qo‘shgan ulug‘ vatandoshlarimizning ma’naviy jasorati, ibratli fazilatlari haqida ko‘p va xo‘b yozilgan. Ilk uyg‘onish davridayoq Turonzamindan qomusiy bilim sohiblari yetishib chiqqaniga ko‘hna tariximiz guvoh. Chor Rossiyasi mamlakatimizni bosib olganidan keyin ham, ne baxtki, yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan, samandar kabi o‘t ichida qayta tug‘ilgan noyob iste’dodlar ilmiy salohiyatini namoyish etishdan to‘xtamadi. Xalqimiz bilib aytganidek, oqqan daryo oqaverdi. Bu olimlar bilim doirasining naqadar kengligi, betakror ilmiy salohiyati, buyuk ajdodlarimizga xos insoniy fazilatlari bilan el-yurtimiz qalbidan chuqur joy olgani ham ayni haqiqat. Yangi-yangi kashfiyotlar yaratib, jahondagi yetakchi ilmiy doiralar tomonidan tan olingan, ulug‘ salaflarining davomchilaridan bo‘lgan ana shunday atoqli olimlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

 

E’TIROF

Tariximizning g‘oyat murakkab bir davrida Vatanimiz ilm-fani rivojiga salmoqli ulush qo‘shgan akademiklar Habib Abdullayev, Qori Niyoziy, Sa’di Sirojiddinov, Obid Sodiqov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Yahyo G‘ulomov, Sodiq Azimov, Ubay Oripov singari ustoz olimlarimizning hayoti, faoliyati, ezgu fazilatlari bugun ham barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular qomusiy bilimlarni o‘zida mujassam etgan noyob iste’dod sohiblari, minglab solih shogirdlarning ustozlari edilar.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 11 yilligi arafasida mamlakatimiz ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, butun hayotini Vatan, xalq va millat taraqqiyotiga baxshida etgan iste’dodli vatandoshlarimizning katta ilmiy-ijodiy merosi inobatga olinib, Prezident farmoniga ko‘ra, ulardan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ular orasida Sa’di Hasanovich Sirojiddinovning ham borligi barchamizni quvontirdi.

Bunday yuksak e’tiborga har jihatdan munosib bo‘lgan jonkuyar va zahmatkash olim, mohir pedagog xususida qancha so‘zlasak, shuncha kamdek tuyulaveradi. Sa’di Sirojiddinov doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganidan so‘ng jahonga mashhur matematik A.N.Kolmogorovning tavsiyasi bilan 1953-56 yillar davomida Moskva davlat universitetida professor lavozimida ishlaydi. U kishi 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga muxbir a’zo bo‘lib saylanganidan keyin Toshkentga qaytib keladi va Toshkent davlat universitetida kafedra mudiri, Matematika institutida direktor, Toshkent davlat universitetida rektor (ikki marta 1966-70 va 1983-87 yillar), O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti lavozimlarida ishlaydi. 1966 yilda Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi  etib saylanadi.

 

YoRQIN TAASSUROT

Mamlakatimizning yetakchi ilm dargohi – Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan yillarida bu dargohda tahsil olgan talabalar qatori kamina ham rektorimizning yoshlarga nisbatan otalarcha e’tibori va g‘amxo‘rligini o‘z taqdirimda his etganman, u kishining samimiy mehridan bahramand bo‘lganman. Universitetimizda bo‘lib o‘tadigan katta-kichik tadbirlarda Sa’di Sirojiddinov bilan muloqotda bo‘lish biz talabalarga ham ko‘p bor nasib etganini hozirgi kunlargacha hayotimdagi eng quvonchli lahzalar sifatida eslayman. Domlaning nutqi ravon, o‘zbek va rus tillarida birdek erkin so‘zlashar, u kishidagi kamtarlik, oddiylik biz uchun iymanmasdan suhbatlashish, ijodiy muloqot muhitini yaratar edi. Bu nurli siymo professor-o‘qituvchilarga qanday munosabatda bo‘lsa, talabalar bilan ham xuddi shunday muomalada bo‘lar, har qanday muammo, taklif va mulohazalarimizni u kishiga bemalol ayta olardik. Savolimiz javobsiz qolmas, muammolar  vaqtida ijobiy yechimini topardi.

O‘sha davrlardagi nihoyatda samimiy va maroqli o‘tgan saylovoldi uchrashuvlari bunga bir misolki, bunday tadbirlardan biz talabalar ko‘nglimiz tog‘dek o‘sib chiqardik. Darvoqe, domla deputatlikka saylanganlaridan keyin Talabalar shaharchasi qiyofasi o‘zgarib ketgani, juda ko‘p qulayliklarga ega bo‘lganimiz kechagidek yodimda. O‘sha saylovoldi yig‘inida so‘zga chiqqanlardan biri Talabalar shaharchasidagi juz’iy kamchiliklarni bartaraf etish masalasini ko‘targan edi. Barcha taklif va mulohazalarni ochiq chehra bilan, jiddiy turib eshitgan domlamiz uchrashuv oxirida so‘z olib, bunday deganlari kechagidek yodimda: “Bu muammolarni hal qilish uchun deputat bo‘lish shart emas. Bu mening, avvalo, xizmat vazifam, qolaversa, insoniy burchimdir”.

Domla jamoatchilik ishlarida ham ancha faol edilar. 1970 yilda Sa’di Hasanovich O‘zbekistondagi iqtidorli yoshlar uchun fizika va matematika fanlariga chuqur o‘rgatiladigan maxsus maktab internatni tashkil etdilar (hozirgi akademik Sa’di Sirojiddinov nomidagi akademik litsey). Erinmasdan hisoblab chiqdim, shu paytga qadar bu internatni bitirganlardan professor unvoniga erishganlar ko‘pchilikni tashkil etar ekan.

1986 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Bernulli jamiyatining Birinchi Xalqaro kongressi fan tarixida Sa’di Hasanovich Sirojiddinov nomi bilan abadiy bog‘liq bo‘lib qoldi.

 

XOTIRA UYG‘ONSA GO‘ZALDIR

– Biz barchamiz Sa’di Hasanovichni hurmat qilib, uning odamshavandaligi, bilimdonligi, zukkoligi, oq ko‘ngilligi uchun sidqidildan yaxshi ko‘rar edik, – deb xotirlaydi akademik Yolqin To‘raqulov. – Sa’di Sirojiddinov ajoyib suhbatdosh, qadim Turon, arab Sharqi, Hindiston, Kichik Osiyo tarixi va madaniyatining bilimdoni edi. Ulug‘ bobokalonlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek va boshqalarning nodir asarlarini zamondoshlarimizga tanitishda uning xizmatlari beqiyos. Shuningdek, u kishi Alisher Navoiy, Firdavsiy, Umar Xayyom kabi mumtoz she’riyat daholarining lirik-falsafiy she’ru dostonlari, betakror asarlarini chuqur o‘rganibgina qolmasdan, balki ko‘p g‘azal, ruboiylar, to‘rtliklarni yod bilar va tez-tez davralarda o‘qib berardilar. Sa’di Hasanovich jahon adabiyoti, jumladan, rus adabiyoti namoyandalari – Gomer, Dante, Shekspir, Pushkin, Lermontov, Gyote, Bayron, Tolstoy va qator boshqa qalam sohiblarining ijodini juda yaxshi bilardi...

Sa’di Sirojiddinovning ilm-ma’rifat olamidagi salohiyatiga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham  tan berilgan.

 “Jindakkina shoirligi bo‘lmagan odam haqiqiy matematik bo‘la olmaydi”, degan ekan nemis olimi Karl Veyyershtrass. Muhtaram ustozimiz tabiatiga ham shoirlik fazilati begona emas edi. Talabalik kezlarimizda bunga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Masalan, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining ellik yilligi arafasida universitetimiz madaniyat saroyi she’riyat muxlislari bilan to‘lib-toshgan edi. Bunday hayajonli, tarixiy va noyob daqiqalarni unutib bo‘ladimi?  Katta tadbirlarda doimo rektorimizning o‘zi bosh-qosh bo‘lardi.  

– Domla Sa’di Sirojiddinov adabiyotni, xususan, milliy adabiyotimizni juda qadrlardilar, – deb eslagan edi marhum shoirimiz Muhammad Rahmon. – 1967 yili Toshkent davlat universitetining eski binosi (hozirgi Amir Temur xiyoboni)da O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning 60 yilligi nishonlanganini yaxshi eslayman. Tantanaga domlaning shaxsan o‘zlari yetakchilik qilgani ham yodimda. Holbuki, o‘shanda zamon qaltis, “tili achchiq”, cho‘rtkesar yozuvchiga munosabat ham boshqacha edi.

Shuni alohida e’tirof etmoqchimizki, rektorimiz tashabbusi bilan qutlug‘ ilm dargohida  xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham tez-tez o‘tkazilar edi. Xususan, YuNESKO qarori bilan 1983 yilda ulug‘ alloma bobomiz Muhammad Xorazmiy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan simpozium, 1987 yili Yakob Bernulli nomidagi “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” bo‘yicha birinchi jahon kongressi O‘zbekistonda o‘tkazilgan edi. Bunday nufuzli ilmiy anjumanlar o‘sha paytlarda yurtimiz obro‘siga obro‘ qo‘shgani bor gap.

– Mening matematik bo‘lishimda Sa’di Hasanovich Sirojiddinovning ta’sirlari beqiyos, – deya eslaydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, fan arbobi akademik Shavkat Ayupov. – Biz o‘rta maktabda o‘qigan kezlarimizda matematika bo‘yicha o‘tkaziladigan respublika olimpiadalarida akademik S. Sirojiddinov raislik qilar edilar. Hakamlar hay’ati asosan olimpiada harakatining fidoyilari bo‘lgan professional matematik olimlardan iborat bo‘lardi. Matematikaga qiziquvchi  biz o‘quvchilar “Sirojiddinov olimpiadasi”da qatnashish uchun bor kuchimiz bilan intilar edik. Men 9-sinfda respublika olimpiadasida g‘olib chiqib, o‘sha yili yozda Novosibirskdagi akademiklar shaharchasida joylashgan fizika-matematika maktabida o‘qib kelib, uzil-kesil matematik bo‘laman, deb azmu qaror qilgan edim. Keyinchalik, taqdir taqozosi bilan Sa’di Hasanovich Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan davrlarda menga akademiyaning Matematika institutida faoliyat yuritish baxti nasib etdi. Toshkent davlat universiteti (hozir O‘zbekiston  Milliy universiteti) dan Matematika institutiga o‘tishimga ustoz Sa’di Sirojiddinov asosiy sababchilardan biri bo‘lgan edilar. Fizika-matematika fanlari doktori darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyamni ham 1983 yili aynan Sa’di Hasanovich raislik qilgan ilmiy kengashda himoya qildim.

 

ADOLATPARVARLIK UNING ShIORI EDI

Buyuk olim talabalarning xoh katta, xoh kichik, barcha muammolariga jiddiy e’tibor qaratardi. Talabalarning yotoqxonalarini o‘zlari birma-bir aylanib chiqar, hatto paxta terimi paytida ahvolimizdan xabar olib turar, yoshlarni yig‘ib, samimiy muloqotlar o‘tkazar edilar. Shunday kezlarda domlaga ko‘pincha talabalar kasaba qo‘mitasi va yoshlar tashkilotining o‘sha paytdagi navqiron, serg‘ayrat yetakchilari hamrohlik qilar, muammolarni birgalikda maslahatlashib, joyida hal etishardi. 

Sa’di Sirojiddinovning rahbar sifatida kimgadir qattiq gapirib, behuda tanbeh berganini eslay olmaymiz. “E, hali shunaqami?” deb, miyig‘ida kulib qo‘ysalar, shuning o‘zi kifoya edi. Ayniqsa, universitetning yozgi qabul marosimlari boshqa oliy o‘quv yurtlaridagiga qaraganda sokinroq o‘tar, hech kim adolatsizlikdan nolimasdi.

Saksoninchi yillarning o‘rtalarida Afg‘onistonda harbiy xizmatda bo‘lib qaytgan askarlarga oliy o‘quv yurtiga kirishda bir qator imtiyozlar berildi. Xususan, ular barcha kirish imtihonlarini “qoniqarli” topshirsa, mandatdan tashqari qabul qilinadigan bo‘ldi. Biroq kirish imtihonidan “yiqilgan” ba’zi abituriyentlar rektor qabuliga kirishga qaror qilishadi. Domla ulardan yetti-sakkiz  nafarini qabul qilib, har qaysiga bir piyoladan choy uzatib, deydi: “Bolalarim, sizlar noshud siyosatning aybi bilan jabr ko‘rgansizlar. Ammo kirish imtihonidan o‘tolmagan abituriyentga ijobiy baho qo‘yib bo‘lmaydi. Kelasi yili kelib, hamma fanlardan “uch” baho olsalaringiz ham, albatta imtiyozli talabalar sifatida qabul qilinasizlar. Mabodo sizlarni nohaq “yiqitishsa”, to‘g‘ri mening oldimga kelaveringlar. Fizika-matematika fanlaridan shaxsan o‘zim apellatsiya o‘tkazaman, harakat qilsangiz, albatta ijobiy natija bo‘ladi”.

Bunday otalarcha maslahat, samimiy so‘zlardan yigitlarning ko‘ngillari taskin topib, domlaning kamtarligi va oddiyligiga qoyil qolishadi.

 

SAFARDAGI QIZIQ VOQEA

Sa’di Hasanovich Moskva davlat universitetida ishlab yurgan kezlarida ta’tilga chiqib, qadrdon yurtiga jo‘nabdi. Moskva – Toshkent poyezdining kupelaridan biriga joylashibdi. Uch-to‘rt kunlik yo‘lda kupedagilar navbatma-navbat choy, oziq-ovqat tashib, gurunglashib kelibdi. O‘z navbatida, domla ham hamrohlari xizmatida bo‘libdi. Poyezd manzilga yaqinlashganida zabardastroq bir yigit o‘rtaga savol tashlabdi: “Og‘aynilar, qaranglar, Toshkentga yaqinlashib qolibmiz. Lekin shuncha yo‘l yurib, bir-birimiz bilan tuzukroq tanishib ham olmabmiz-a?”

So‘ng u: “Men falon oliy o‘quv yurtining aspiranti Falonchi Pistonchiyev bo‘laman, bilib qo‘ysanglar zarar qilmaydi”, deb avvalo o‘zini tanishtiribdi. Qolgan ikki hamroh oxirgi kurs talabalari bo‘lib, ular ham past ketmasdan,   o‘zlarini ta’riflay ketishibdi. Tanishtirish navbati o‘ttiz yoshlar atrofidagi o‘rta bo‘y, quyuq qoshli yigitga kelgach, u kishi hech narsaga shama qilmasdan, vazmin ohangda: “Men Moskva davlat universitetining professori Sa’di Sirojiddinov bo‘laman”, debdi. Buni eshitishi bilan o‘tirganlar baravariga o‘rinlaridan turib ketishibdi: “Uzr domla, siz haqingizda ko‘p eshitganmiz, sizdek yurtdoshimiz bilan doimo faxrlanib yuramiz, buni qarang, tanimasni siylamas, deganlaridek, bilmasdan sizni xizmatga qo‘yibmiz”, deb qayta-qayta egilib, uzr so‘rashibdi. Shunda domla, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, xotirjamgina: “Hechqisi yo‘q, kemaga tushganning joni bir”, deb qo‘yibdilar ohista jilmayib.

 

DOMLANING ChIROG‘I O‘ChMAYDI

– Mening domla bilan birinchi tanishuvim tasodifan bo‘lgan, – deb hikoya qiladi akademik Mahmud Salohiddinov. – Bir do‘stim bilan 1952 yili qishki ta’til paytida Toshkentga qaytib kelayotganimizda Marg‘ilondan ikki kishi poyezdga chiqdi. Men domlani darhol tanidim. Vagonimiz “platskart” bo‘lgani uchun ular vagonning o‘ng tomonidagi, yo‘l ustidagi pastu balanddagi ikki o‘rinni egallashdi. Men do‘stimga biz vagonning o‘rtasida qulay o‘rinlarda ketsag-u, domla yon tomonda yotsalar, noqulay bo‘ladi, o‘rinlarni almashtirishimiz kerak, deyishim bilan o‘rtog‘im darrov meni qo‘llab-quvvatladi. Biz domla bilan salomlashib, o‘rinlarni almashtirishni taklif qildik. U kishi minnatdorlik bildirib, bizning o‘rnimizga o‘tishga rozilik bermadilar. Shundan so‘ng domla bizning yonimizga kelib o‘tirib, uzoq suhbatlashdilar. Mening bo‘lajak matematik ekanimni eshitib, xursand bo‘ldilar va matematikaning hayotdagi o‘rni, bu fan bilan muntazam shug‘ullanilsa, o‘zlashtirish qiyin emasligi hamda matematikaning respublikamizdagi rivoji to‘g‘risida gapirib, boshqa masalalar bo‘yicha juda ko‘p qimmatli maslahatlar berdilar...

1967 yil 10 mayda ilmiy ishimni muvaffaqiyatli himoya qilganimni va domlaning tug‘ilgan kunlarini nishonladik. Ikki-uch haftadan so‘ng men Matematika institutining direktori etib tayinlandim. Sa’di Hasanovich 1970 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti etib saylandilar. Shundan so‘ng domla bilan birgalikda Matematika institutining ilmiy yo‘nalishlarini aniqlash, kadrlar tayyorlash, xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. 1981 yilda institutning yangi binosi ham qurilib foydalanishga topshirildi. Domla 1983 yilda ToshDUga ikkinchi marta rektor etib tayinlandilar va 1987 yilgacha shu lavozimda ishladilar. Bu davrda domla milliy fanimiz va ta’lim-tarbiya rivoji yo‘lida bor kuch va imkoniyatini ishga solib qattiq mehnat qildilar.

Qariyb o‘ttiz yil davomida bu ulug‘ olim bilan yonma-yon ishlaganimdan faxrlanaman. Sa’di Hasanovich turli vaziyatlarda – ishda, xizmat safarlarida,  oilaviy dam olish paytlarida o‘zlarini qanday tutishlarini kuzatganman va katta qalb egasi, yuksak madaniyatli, nihoyatda adolatli, halol-pok,  fidoyi inson ekanligiga  ishonch hosil qilganman. Domla ehtimollar nazariyasi va matematik statistikaning chuqur bilimdoni bo‘libgina qolmay, fikrlash doirasi keng, boshqa sohalar bilan ham qiziqar, ayniqsa, O‘zbekiston tarixi va adabiyotini yaxshi bilardilar. Shu sababli bo‘lsa kerak,  Sa’di Hasanovich ishtirok etgan davralar har doim xushchaqchaq va maroqli o‘tardi. 

– 1983 yil 8-13 sentabr kunlari O‘zbekistonda YuNESKO qarori bilan Muhammad Xorazmiy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tgan edi, – deb eslaydi akademik Vosil Qobulov. – Bu men uchun bir umr esda qoladigan voqea bo‘lgan edi. Sa’di Hasanovich bunday nufuzli tadbirning asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘lib, simpoziumning Toshkent va Xorazmda o‘tkazilgan majlislarida faol ishtirok etdilar.

1959 yili meni Sa’di Hasanovich chaqirib, qachon fan doktori bo‘lasan, sening ilming o‘zingga emas, O‘zbekiston kibernitika faniga kerak, deb meni Moskvaga Mexanika institutiga doktorant qilib yuboradilar. Doktorlik dissertatsiyamni himoya qilib, Toshkentga qaytganimda tantana bilan kutib oldilar yana bo‘lim mudiri etib buyruq chiqardilar.

Agar Sa’di Hasanovich o‘sha vaqtda kelajakni ko‘rib, meni amaldan vaqtincha “ozod” qilib, doktorlik dissertatsiyasini yoqlashga majbur qilmaganida men akademik ham, kibernetika tashkilotchisi ham bo‘lmas edim.  Shuning uchun ham Sa’di Sirojiddinov men uchun yorqin yulduzdir. 

O‘zbekistonda matematika tarixiga asos qo‘ygan olimlardan biri Sa’di Hasanovich Sirojiddinov fan doktori, professor, akademik, ko‘plab mukofotlar sovrindori, jahondagi o‘nlab ilmiy jamoalarning faxriy a’zosi, xalqaro konferensiyalarning qatnashchisi edi. Uning ehtimollar nazariyasi maktabi  olamga mashhur bo‘lgan.

Akademik Ibrohim Hamroboyev o‘z xotiralarida shunday yozgan edi: – Sa’di Hasanovich O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti bo‘lib turgan vaqtlarida bizning Geologiya va geofizika institutiga ham homiylik qilardilar. Biz u kishi bilan geologiyaga oid masalalar to‘g‘risida ko‘p gaplashar edik. Esimda, dastlab tog‘ jinslarining mutlaq yoshini hisoblash, keyinroq o‘sha ehtimollik nazariyasidan foydalanib, ishlab turgan konlarni burg‘ilashning eng  arzon va optimal variantlarini topish va boshqa muhim vazifalar xususida ancha bosh qotirganmiz. Bu sohada u kishi, jumladan, Muruntov konida burg‘ilash quduqlarini qay tartibda joylashtirish to‘g‘risida Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatiga o‘z tavsiyalarini aytgan.

– Sa’di Hasanovich matematika fanini sevar edi, – deb xotirlaydi domlaning rafiqasi Munosibxon aya. – Domlaning vaqti kunduzlari butunlay akademiya yoki universitetning jamoat ishlari bilan band bo‘lar, ishdan kelgach, kech bo‘lganiga qaramay shogirdlari yana ishga sho‘ng‘ib ketar, mashg‘ulot kechasi uch-to‘rtgacha davom etgan vaqtlar ham bo‘lgan. She’rni ham juda yoqtirar, ko‘pincha menga o‘qib yoki yoddan aytib, mag‘zini tushuntirib berardi. Ingliz, nemis, fransuz tillarida bemalol suhbatlashar, ozarbayjoncha va gruzinchada yozib, o‘qishni bilardi. Chet davlatlarida o‘tadigan simpozium va konferensiya kabi matematiklar anjumanlariga rahbar etib yuborishar edi.

Shaxmat klubining raisi sifatida bu o‘yinga ham juda qiziqar, jahon chempioni A. Karpov Toshkentga kelganida uyga taklif qilib, u bilan shahmat o‘ynagandi. Akademiklar S. Azimov va Yo. To‘raqulovlar bilan oilaviy yaqin edik. Ularning suhbati ko‘pincha shahmat taxtasi ustida davom etardi.   

Domla o‘ta kamtar va samimiy inson edi. Bizga shahar markazidan ko‘pqavatli uylardan birining uchinchi qavatidan boshpana beriladigan bo‘ldi. Domla yangi turar-joy bilan tanishish uchun borganida akademik yozuvchi Komil Yashinni yo‘lakda uchratib qoladi.

– E, domla, qo‘shni bo‘lar ekanmiz-da, menga oxirgi qavat nasib etgan ekan, – deydi yozuvchi yuqoriga ishora qilib.

Shunda domla kamtarlik bilan: “Sizdek ajoyib inson bilan hamsoya bo‘lganimdan xursandman, ijodkorlarga hurmatim juda baland, sizdan ko‘ra yoshroqmiz, to‘rtinchi qavatga biz chiqib yashay qolaylik”, deb hali ko‘chib kirmasidan xonadonini almashtirgan ekanlar.

Mana, ko‘rib turganingizdek, hozirgacha shu uyning yuqori qavatida domlaning chirog‘ini yoqib, o‘g‘limiz, kelinimiz va nevaramiz ardog‘ida yashayapmiz.

 

SOBIQ TALABANING XOTIRALARI

Taniqli olim va publitsist Mahmud Sattorov domlaning g‘oyat kamtarlik, odamoxunlik fazilatlari xususida “Taqdirimni belgilagan uchrashuv” maqolasida bunday hikoya qiladi:

“… Paxtadan orttirgan g‘amlamamiz bilan birinchi semeystrni ham eson-omon yakunlab oldik. Ikkita imtihondan “besh” olib,  a’lochi talabalar safiga kirdim. Biroq “Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi”, deganlaridek, paxtada ishlab topgan pulimiz tugab, ijara haqi to‘lashga ham chog‘im kelmay qoldi. Oxiri bo‘lmagach, kursdosh hamxonam Akram Aminovning maslahati bilan o‘qishni tashlaydigan, yanagi yil qaytadan ToshDUga kiradigan bo‘ldim.

Ikki oyog‘i nogiron, qo‘ltiqtayoqda yuradigan, yaxshi she’rlar yozadigan, farg‘onalik To‘lqin aka Matmusayev degan kursdoshimiz juda odamshavanda, mehribon, g‘amxo‘r inson edi. Shu kishi meni o‘z qarorimdan qaytardi: “Siz – iqtidorli yigitsiz. Ne azoblar bilan universitetga kirgansiz. Bu yil o‘qishga kirishning o‘zi bo‘lgani yo‘q. He yo‘q, be yo‘q, o‘qishni tashlab ketaverasizmi?! Rektorimizni ko‘p yaxshi odam deb eshitganman, bir qabullariga kirib, oldilaridan o‘ting. Istasangiz, o‘zim birga olib boraman”, – deb qoldi. Ertasi kuni To‘lqin akaning “pat-pat” aravasi – nogironlik mashinasida xiyobondagi (hozirgi Toshkent yuridik institut binosi) rektorning qabulxonasiga keldik.

Ikkinchi qavatga ko‘tarilib, rahbarning xonasiga chiqsam, istarasi issiq, bodomqovoq bir kishi qo‘lidagi kalitni kiyim ilgichga osib, tashqariga otlanyapti. Bo‘sag‘ada meni ko‘rgach: “E, keling, o‘g‘lim, keling, – deb kalitni qayta olib, kabinet eshigini ochdi. – Marhamat!”.

Men – talabaning nazarimda xona hayhotdek katta, to‘rda rahbarning stoli, unga ulanib ketgan uzun, katta stol, yonida qator stullar joy olgan edi. “Rektor shu odam ekan-da”, degan xulosaga keldim. U kishi eng poygakdagi stulga cho‘kib, meni ro‘paralariga o‘tqazdilar va “Qani, gapiring, o‘g‘lim, nima gaplar?” dedilar.

Men filologiya fakultetining 1-kursida o‘qiyotganim, otam yo‘qligi, yolg‘izgina onam ishlamasligi, nafaqa ham olmasligi, o‘zim a’lo o‘qiganim bilan stipendiya olmasligim, ijara puliga ham zor qolib, oqibat o‘qishni tashlab ketmoqchiligimni, yanagi yil baxtimni qayta sinab ko‘rmoqchiligimni aytdim.

– Hay-hay, – dedilar rektorimiz, – uzoq oblastimizdan kelib, shunday og‘ir yilda konkurslardan o‘tib, universitetga kiribsiz, endi tashlab ketsangiz uvol bo‘ladi-ku. O‘qishni davom ettirasiz, bir ilojini qilamiz, – dedilar.

Shu payt, Xudoning marhamati bilan osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, eshik ohista ochilib, bo‘sag‘ada qulog‘ida mo‘jaz eshitish apparati, o‘ng qo‘l – protezda, to‘lqinli sochlari o‘ziga yarashgan – ingliz lordlarini eslatadigan dekanimiz Anvar Shomaqsudov paydo bo‘ldi.

– E, keling, Anvar aka, sizni kutib turgan edim. Hamma dekanlar pastda to‘planib turishibdi. Bugun Oybek domlaning tug‘ilgan kunlari. Peshinda hammamiz u kishinikiga ziyoratga boramiz, – deb so‘ng menga yuzlanib: – Bu yigitcha sizning talabangiz ekan, – deb so‘z boshlaganlarida, Anvar aka:

– Bilaman, birinchi kurs, Samarqand qabulidan, kitoblik bola, – deb axborot berdi.

– Moddiy chamam kelmayapti. Oilaviy sharoitim og‘ir, o‘qishni tashlab ketaman, deyapti-ku! Bunga yo‘l qo‘yolmaymiz.

Anvar aka masalaning mohiyatini tushunib tursa-da, rektorning xulosasini bilish uchun yelka qisdi.

– Anvar aka, – deb o‘z qarorini bayon qildi rektor, – byudjet imkoniyati mushkul bo‘lsa-da, istisno tariqasida bu yigitchaning stipendiyasini bering. A’lo o‘qirkan. Imkonini qilsangiz, yotoqdanmi, biror yaqin oiladanmi yashash joyi ham to‘g‘rilang. Bu bolalar viloyatlarimiz, respublikamizning oltin fondlari, qo‘ldan chiqarib yuborsak, kelajakda yaxshi kadrlarimizdan ajralib qolamiz.

– Shu gaplaringni o‘zimga aytsang bo‘lmasmidi, domlani ovora qilmasdan?! – deb dashnom bergan bo‘ldi menga dekanimiz. – Yordam beramiz. Albatta o‘qishini davom ettiradi, – deb va’da qildi Anvar aka Sa’di Hasanovichga yuzlanib.

Tashqariga chiqqanimizda hamkasblari safiga qo‘shilayotgan dekanimiz menga:

– Ertaga yonimga kir, stipendiyangni to‘g‘rilab beraman. Keyin Do‘mbirobodga borasan. U yerda mening singlim turadi. Shularning oilasida bir o‘g‘ilday yashab turasan! – dedi.

Pastda “pat-pat”ida meni ilhaq kutib turgan To‘lqin akani borib, quchoqlab o‘pib oldim.

– Hammasi zo‘r bo‘ldi, To‘lqin aka, ham o‘qiydigan, ham stipendiya oladigan, ham tekin kvartiralik bo‘ldim, – deb suyunchi oldim...”

Domlaning kaminaga qilgan bir yaxshiligi umrbod yodimdan chiqmaydi.

 

«YO‘QOLGAN» ARIZA

O‘tgan asrning 80-yillari edi. Universitetning jurnalis¬tika fakultetining kunduzgi bo‘limida tahsil olayotgan kezlarimda farzandli bo‘ldim. Ro‘zg‘orning zalvorli yuki yelkamda. Talabalik stipendiyasi va turmush o‘rtog‘imning aspiranturadan olayotgan puli oilani tebratishga yetmas edi. O‘qishimni kechki yoki sirtqi bo‘limga o‘tkazishga harakat qildim. Rosa yelib-yugurdim, natija chiqmadi. Jurnalistika fakultetining o‘sha paytdagi kechki va sirtqi bo‘limlari bo‘yicha dekani muovini avvaliga ochiqdan-ochiq qarshilik ko‘rsatdi. Keyin, vaqt o‘tgach, “arizang yo‘qolib qoldi, kelasi yil yana ariza bilan murojaat etasan, o‘ylab ko‘ramiz”, deb bahona qildi.

Shu voqea sabab bo‘lib rektorimiz Sa’di Sirojiddinov qabuliga ariza ko‘tarib kirdim. Domla so‘zimni e’tibor bilan tinglab, arizamning bir chetiga: “Prorektor P.B.Azizovga! Ko‘rib chiqib, ijobiy hal qiling!” deb yozib, imzo qo‘ydilar. Hayajon bilan domlaga minnatdorligimni izhor qilib, kechki va sirtqi bo‘limlar bo‘yicha prorektor, professor Polvon Boboyevich Azizov (rahmatli yaxshi inson edilar) qabuliga kirdim. U kishi “Jurnalistika fakulteti dekani muoviniga borib uchrashgin”, dedilar. Arizamni olib, fakultetga qarab yugurdim. Dekan muovini: “O‘n-o‘n besh kun ichida hal qilib beraman, hovliqma”, deb qovog‘ini uyib, arizamni olib qoldi. Oradan bir oy o‘tdi hamki, buyruqdan darak yo‘q. Afsuski, bu arizam ham turli sabablarga ko‘ra “yo‘qolib” qolibdi.

Noiloj yana rektorning qabuliga kirishga majbur bo‘ldim. Domla meni tanib: “Ha, ishing hal bo‘lmadimi, o‘g‘lim? Hozir ijobiy hal qilamiz, senga ham oson emas, olaxurjun bo‘yningga tushganidan keyin ishlab o‘qishingga qarshilik bo‘lmasligi kerak, albatta”, dedi.

O‘pkam to‘lib turgan edi, yig‘lab yubordim. Sa’di Sirojiddinov “Xafa bo‘lma, bolam. Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, bu kunlar ham o‘tib ketadi”, deb yupatdi va besh-olti daqiqa ichida prorektorlarni to‘pladi. Domla hammaga qarata: “Bu yigitning arizasiga shaxsan o‘zim “viza” qo‘yib bergandim, oldingi arizasini yo‘qotishgan ekan, buni ham yo‘qotib qo‘yishibdi. Bu qanday mas’uliyatsizlik?!”, – dedi.

Shundan so‘ng domla arizamga yana imzo qo‘yib, uni menga bermasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kechki va sirtqi bo‘limlar bo‘yicha prorektor, professor Polvon Boboyevich Azizovga: “Guvohlar ishtirokida beryapman, endi yo‘qolib qolmas”, deb uzatdilar. Pol¬von Boboyevichdan boshqa hamma kulib yubordi. Shu voqeadan so‘ng kechki bo‘limga o‘tishim to‘g‘risidagi buyruq tezda tayyor bo‘ldi.

Tasavvur qiling, o‘sha vaqtlar bunday nufuzli dargohda uch mingdan ortiq professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatar, 20 mingga yaqin talaba va aspirantlar tahsil olar edi. Har bir talaba va o‘qituvchining o‘ziga yarasha tashvishiyu muammolari borligini albatta barchamiz yaxshi tasavvur etamiz. Ularning har biri bilan dardlashish, muammosini yechishda yordam berish uchun g‘oyatda kuyunchak, bag‘rikeng inson bo‘lish, qancha kuch, vaqt, sabr-chidam kerak. Axir, bunday son-sanoqsiz yumushlarni bartaraf etishning o‘zi bo‘ladimi? Benazir olim va mehribon ustoz Sa’di Sirojiddinov ana shunday yetuk rahbar, doimo ko‘mak berishga tayyor, beg‘araz va xushfe’l inson edilar.

 

SULOLA

Pirovardida, yuqoridagi satrlarni yozar ekanman, Sirojiddinovlar sulolasiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Sirojiddin boboning uch o‘g‘li ham dunyo taniydigan insonlar bo‘lib yetishgan. Bunday oila bilan har qancha faxrlansa arziydi. To‘ng‘ich farzand general-leytenant Burhon Sirojiddinov, o‘rtanchasi biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz, akademik Sa’di Sirojiddinov, kenja o‘g‘il taniqli gidrogeolog olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog, professor Abdumannon Hasanov Sirojiddin boboning zurriyodlari edi. Hammasi Moskvada ishlagan yoki o‘qigan. Burhon ota shu o‘zga yurtda o‘qishni tamomlab, Moskvadagi Oliy harbiy o‘quv yurtining bo‘lajak  ofitserlariga saboq bergan bo‘lsa, Sa’di domla Moskva davlat universitetida professor, Abdumannon aka esa shu universitetning geologiya fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, ancha vaqt geologiya sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, uzoq yillar O‘zMUda talabalarga saboq bergan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan geolog.

Shu bitiklarimni nega domlaning tirikligida yozmadim, degan bir armon hanuz ko‘ksimni tig‘laydi. Yana tasavvur qilyapman o‘zimcha: O‘sha vaqtlar yozgan taqdirimda ham domla: “Sal oshirib yuboribsan-da bolaginam, har bir inson qilishi lozim bo‘lgan yumushni vakolatim doirasida bajarganman xolos”, deya ozgina tanbeh bergan bo‘lardi, nazarimda.    

Yaxshi insondan ezgu nom, yorqin xotiralar qolar ekan. Bunday aziz zotlarning xotirasi biz uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilmoqdaki, bu ham ajib saodatdir.

 

Azamat SUYuNOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari

 ijodiy uyushmasi a’zosi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: