Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
25.02.2020

ILMU MA’RIFATGA BAXShIDA UMR

yoki olimlik jasorati, mashaqqati va zavqi haqida

Yurtimizda ilm, ma’rifat zahmatkashlarining fidoyi mehnati hamisha yuksak qadrlanib kelmoqda.

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, mamlakatimizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, buyuk alloma va mutafakkirlarning merosini tadqiq etish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda samarali mehnati, jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, chuqur bilim va salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

 Tadbirda olim faoliyatiga taalluqli kitoblar, film namoyishi bo‘lib o‘tdi. Hamkasblar, olimlar, yosh tadqiqotchilar tomonidan Ubaydulla Uvatovning ko‘p yillik mehnatlari, insoniy fazilatlari yorqin va ta’sirchan hayotiy misollarda e’tirof etildi.

 Quyida Siyosiy fanlar doktori, professor Zohidilla Munavvarovning ustoz olim haqidagi fikr-mushohadalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Olimlik jasorati, degan ibora bir qarashda erishroq tuyulishi mumkin. Biroq hayot haqiqati shundayki, mening nazarimda uning salmog‘i har qanday ko‘rinishdagi boshqa qahramonlikdan ortiq bo‘lsa, ortiqki, aslo kam emas. Zero, jasoratli va bilimdon olim haqiqat va adolatni himoya qiladi. Buning uchun barcha narsadan kechadi, rohat-farog‘atni unutadi. Ba’zan bunday qiyin sinov butun umr davom etishi mumkin. Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, shubhasiz, ana shunday tom ma’nodagi jasur va donishmand olimlarning peshqadamlaridandir. Bunday xulosani Ubaydulla akaning ko‘p yillik mashaqqatli va shu barobarida , benihoya zavqli ilmiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan yirik tadqiqotlari isbotlab turadi.

Barcha zamonlarda ilmiy tadqiqotlarning mazmun-mohiyati hukmron doiralarning diqqat markazida bo‘lib kelgani tarixiy haqiqat. Sho‘ro davri ushbu ma’noda alohida ajralib turgan. Turli-tuman mafkuraviy cheklovlar ilmu fanni ham o‘zining temir iskanjasida tutib turgani sir emas. Bunday cheklovlar, ayniqsa, sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan xalqlarning tarixi, madaniyati va ma’naviyati bilan bog‘liq holda o‘zini yaqqol namoyon etib turgani katta yoshli kishilarning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Ushbu ma’noda xalqimiz uchun alohida og‘riqli va hassos bo‘lgan ikkita masala U.Uvatov ilmiy faoliyatining qoq markazida bo‘lib kelganini alohida ta’kidlash zarur.

Ularning birinchisi, shubhasiz, Sohibqiron Amir Temurning shaxsi va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni tiklashdir. Bu xalqimizning azaliy armonlaridan edi deyilsa, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu armonning ushalishiga hissa qo‘shishga harakat qilgan allomalar, jumladan, akademik I.Mo‘minov boshiga tushgan musibatlar, qolaversa, ko‘pni ko‘rgan taniqli olimlarning ogohlantirishlari ham yosh tadqiqotchi U.Uvatovni mazkur mavzuga kirishdan qaytarolmadi. Uni qiziqtirgan masala Amir Temurning hayoti va faoliyati haqidagi asl ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan birlamchi manbalarni o‘rganish va ularga tayangan holda buyuk bobokalonimiz sha’niga yog‘dirilgan tuhmatlarga qarshi kurashish bo‘lganiga shubha yo‘q.

O‘rta asrlarda yaratilgan Amir Temurga bag‘ishlangan manbalarning ko‘pchiligi fors tilida yozilgani hamda ular ilmiy jamoatchilikka anchagina yaxshi ma’lum bo‘lgani yosh arabshunos diqqatini ushbu olamshumul shaxsga bag‘ishlangan arabcha manbalarga burdi. Bunday manbalar ichida asli shomlik (Suriya) bo‘lgan va Amir Temur tomonidan Samarqandga ko‘chirib kelingan Ibn Arabshohning XV asrda yaratilgan «Ajoib al-maqdur fi ta’rixi Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») asari alohida o‘rin tutadi. Mazkur asarning yuksak ilmiy-tarixiy ahamiyatini ko‘rsatib turadigan isbotlardan biri sifatida uning matni XVII asrdayoq niderlandiyalik atoqli sharqshunos, matematik va astronom Yakobus Golius (1596-1667) tomonidan Yevropada nashr ettirilganini va u o‘sha paytdan yevropaliklar tomonidan o‘rganila boshlaganini ko‘rsatishning o‘zi kifoya. Asarning Golius amalga oshirgan tarjimasi asliyati, afsuski, nashr etilmay qolgan. Akademik I.Krachkovskiyning yozishicha, ushbu tarjima 1658 yilda amalga oshirilgan unchalik sifatli bo‘lmagan fransuzcha bayonda ilm ahliga taqdim etilgan.

 Yosh arabshunos tadqiqotchi U.Uvatov bel bog‘lagan ish ana shunday allaqachon Yevropa ilmiy jamoatchiligi e’tiboriga tushgan va asrlar davomida Amir Temurga oid eng muhim asl manbalardan biri maqomini saqlab kelgan asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda ilmiy tadqiq etishdek murakkab vazifa edi. Shuning uchun ham tadqiqotchi 1962 yili Misrga yetib borishi bilanoq, asarning qadimiy qo‘lyozmalarini izlashga kirishadi va tez orada ulardan birini qo‘lga kiritadi. O‘sha paytdan boshlab «Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur» tadqiqotchi stolida o‘zining doimiy o‘rnini egalladi va uni hecham tark etmadi. Uzoq yillar davom etgan mashaqqatli mehnat evaziga asar o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilindi, tarjimon tomonidan unga 1400 ga (!) yaqin ilmiy izohlar yozildi. U.Uvatovning asarga bag‘ishlangan tadqiqoti 1974 yili nomzodlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilingan bo‘lsa-da, uning matni to‘liq holda mustaqillik davridagina, ya’ni 1992 yili nashr etildi. Keltirilgan xronologiya zamiridagi yashirin sirlarni sho‘ro mafkurasi xususiyatlaridan xabardor yoshi ulug‘ ziyolilar yaxshi biladilar.

Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, mazkur asar ma’lum sabablarga ko‘ra, balki muallifning Sohibqironga bo‘lgan ziddiyatli shaxsiy hissiyotlari tufaylidir, axir uning oilasi Samarqandga o‘z ixtiyori bilan ko‘chib kelmagan, albatta, Amir Temurga nisbatan bir qadar tanqidiy ruhda yozilgan. Lekin shunga qaramay, unda keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda serqirra, boy va xolis ekani bilan ushbu manba dunyo tadqiqotchilarining ishonchiga sazovor bo‘lgan. Unda o‘z aksini topgan Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar shu darajada rangbarang va boyki, bu masalada mazkur bitik bilan bahslasha oladigan manbalar kamdan-kam uchraydi.

Jamoatchilikda Amir Temur siymosi haqidagi ilmiy asoslangan haqqoniy tasavvur shakllana boshladi. Ushbu xulosaning isbotlaridan biri sifatida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston xalq rassomi Malik Nabiyev tomonidan yaratilgan Sohibqiron portreti, birinchi navbatda, Ibn Arabshoh kitobida keltirilgan tavsifga asoslangan. Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar doirasida u maxsus hay’at tomonidan Sohibqironning asliyatga mos rasmiy ko‘rinishi sifatida tasdiqlangan. Tadqiqotchi uchun bundan-da ortiq baxt bo‘lishi mumkinmi!

Bugungi hayotimiz uchun oddiy hol bo‘lgan ko‘pgina masalalar yaqin o‘tmishda mutlaqo boshqacha tasavvur etilgan. Ushbu ma’noda qahramonimiz ilmiy faoliyatida alohida o‘rin tutgan ikkinchi mavzu – bu alloma ajdodlarimizning boy ilmiy merosi, ayniqsa, diniy-ma’naviy merosini o‘rganish va uning hayotiy maqomini tiklashga hissa qo‘shish tashkil etadi. Ubaydulla akaning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatining eng sermahsul jihati, shubhasiz, muqaddas dinimizning Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi o‘ringa qo‘yiladigan yozma manbai – hadislarni o‘rganishga bag‘ishlangan.

Hadisshunoslikda mashhur bo‘lgan «al-kutub as-sitta» mualliflaridan bir emas, ikkitasi yurtimizdan chiqqanini bugun mahalliy jamoatchilik yaxshi biladi. Biroq bundan atigi yigirma besh–o‘ttiz yil ortga qaytilsa, mutlaqo boshqacha voqelikka guvoh bo‘lish mumkin. Butun musulmon olami bo‘ylab asrlar davomida «muhaddislar sultoni» degan ulug‘ sifat bilan e’zozlanib kelingan Imom Buxoriy yoki olti ishonchli to‘plamdan yana birining muallifi Imom Termiziy haqidagi xalqimizning bilimlarida o‘nlab yillar davom etgan dinga qarshi kurash, albatta, o‘zining ayanchli izlarini qoldirganiga shubha yo‘q. Milliy o‘zligimizning tamal toshlaridan bo‘lgan an’anaviy diniy qadriyatlarimizning shakllanishi va kamol topishiga ulkan hissa qo‘shgan bunday allomalar haqida anchagina davom etgan mustamlaka, keyinchalik sho‘ro istibdodi davrlarida lom-mim deyilmagani, ularning islom tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi nazar pisand qilinmagani o‘ta ayanchli voqelik edi. Bunday achchiq haqiqatni isloh etish, xalqimizni o‘zining asl ildizlariga bo‘lgan e’tiborini tiklash, bir tomondan, taqdirni belgilovchi hayotiy vazifa bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, yana o‘sha mafkuraviy sabablar tufayli anchagina xatarli tadbir bo‘lgani aniq. Ubaydulla aka ilmiy-ijodiy hayotida ikkinchi marta ana shunday qiyin tanlovga ro‘baro‘ bo‘ldi.

Ayni shu paytlarda mamlakatimizning mustaqilligi tiklandi, uning taraqqiyot yo‘li mazmun-mohiyati tubdan o‘zgardi. Mustaqillikning qo‘lga kiritilishi diniy-ma’naviy merosni o‘rganish imkoniyatlarini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirgani Ubaydulla akaga qanot bag‘ishladi, uning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. Bunday ko‘tarinkilik mahsuli sifatida olim qalami ostidan yakka mualliflikdagi va hammualliflikdagi «Ikki buyuk donishmand», «Xorazmlik buyuk alloma», «Imom al-Buxoriy», «Buyuk donishmand», «O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti», «Mahmud Zamaxshariy», «Yurtimiz allomalari», «Buyuk yurt allomalari», «Moturidiya ta’limoti va Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi», «Ash-Shamoil al-Muhammadiyya», «Abu Muin Nasafiy» kabi o‘nlab kitoblar va yuzlab maqolalar chiqdi.

Muhaddis ajdodlarimiz, qolaversa, boshqa islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan alloma bobokalonlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ushbu qimmatli tadqiqotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz tarixiy xotirasinining o‘q ildizlaridan biri bo‘lgan milliy-diniy an’analarni tiklash ishiga baholi qudrat hissa qo‘shish edi. Ushbu ma’noda U.Uvatovning sa’y-harakatlari o‘zining samarasini berayotganiga bugun butun O‘zbekiston guvoh deyilsa, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ubaydulla aka bilan ilk marta 1975 yili Iroqning Falluja shahrida ko‘rishganmiz. Baxtli tasodif tufayli o‘shanda ma’lum muddat bitta uyda birga yashaganmiz. U paytlar men hali uylanmagan yosh yigitcha bo‘lsam, Ubaydulla akam oilali, qator-qator farzandlarning otasi edilar. O‘shanda Iroqqa rafiqalari – yaqinginada foniy dunyoni tark etgan ajoyib ayol, marhuma kelinoyimiz Halimaxon opa va ikkita farzandlari bilan borgan edilar. Ular kottej uyning birinchi qavatida, kamina esa, ikkinchi qavatda istiqomat qilganmiz, kirib-chiqishimiz, tabiiy, bir eshik orqali edi.

Ubaydulla akaning oilasi shu uyga ko‘chib kelgan kundan boshlab, mening hayotimda ikkita narsa o‘zgardi. Birinchisi, u kishining qat’iy qarori bilan men shu kundan boshlab o‘zim uchun ovqat pishirish «baxti»dan mosuvo bo‘ldim... Avvalboshda men albatta o‘zimni noqulay sezdim va qarshilik ko‘rsatishga «harakat ham qilib ko‘rdim»... Lekin mening oxirgi ikkilanishlarimga rahmatli kelinoyimiz barham berdilar va hecham xijolat bo‘lmasligimni qattiq tayinladilar. Siz menga ukadaysiz, o‘zingizni oilangizdagidek tutavering dedilar... U kishining menga qilgan xizmatlari hecham yodimdan chiqmaydi, albatta.

Ikkinchi esdaligim – Ubaydulla akaning zikr etilgan uyga ko‘chib kelishlari men uchun bamisoli osmondan tushgan ustozdek voqea bo‘ldi. O‘sha paytlarda men to‘rtinchi kursni bitirib-bitirmay, ilk marta chet elga borgan anchagina g‘o‘r arabshunos edim. Ana shunday sharoitda Ubaydulla akadek ko‘p yillik tajribaga ega iqtidorli mutaxassis, jumladan, chet ellarda bo‘lgan bilimdon inson bilan bir xonadonda yashash qanchalik katta omad ekanini tasavvur qilish qiyin emas, albatta. U kishidan tarjima sirlari va tarjimonlik mahoratini o‘rganishda ko‘p manfaat ko‘rganimni chuqur mamnuniyat bilan eslayman.

Ubaydulla Uvatov bilan Iroqda boshlangan ilmiy-ma’naviy rishtalar keyinchalik muntazam mustahkamlanib bordi. Ustoz bilan ayrim muhim ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish baxtiga ham muyassar bo‘ldim. Ulardan biri 2007, 2008, 2009 yillarda o‘zbek, arab, ingliz va hind tillarida nashr etilgan «O‘rta Osiyo olimlari qomusi» bo‘lib, uning arab tilidan tarjimasida Ubaydulla aka faol ishtirok etdilar, shuningdek, ushbu salkam 60 bosma taboqli yirik kitobning tarkibiy tuzilmasi va unga tartib berishga oid qimmatli uslubiy maslahatlar berib turdilar. Shuningdek, Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi (keyinchalik – Imom Buxoriy respublika ilmiy-ma’rifiy markazi) ga Ubaydulla aka bir necha yillar davomida rahbarlik qildilar. Ushbu muassasaning nashri va mamlakatimiz ilmiy-ma’naviy hayotida o‘zining salmoqli o‘rniga ega bo‘lgan «Imom Buxoriy saboqlari» jurnalini rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shdilar.

Ustoz Ubaydulla Uvatov benihoya serqirra inson bo‘lganlari uchun ham u kishining tavsifini adog‘iga yetkazish qiyin. Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning farmonlariga binoan «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeniga munosib ko‘rilishi esa, ustozning olis yillik fidoyi va zahmatli mehnatlariga berilgan yana bir yuksak baho bo‘ldi. Hali u kishining oldida olimlik mashaqqati va zavqini tuyishga, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiluvchi ko‘pdan ko‘p ilmiy tadqiqotlar, keng ko‘lamli ishlar kutib turibdi...

 

Zohidullo MUNAVVAROV,

siyosiy fanlar doktori, professor

 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: