Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
20.08.2019

O‘ZBEKISTON «ARMI-2019» XALQARO ARMIYA O‘YINLARIDA

Vatanimiz harbiylari yuksak mahorat namoyish etishdi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan harbiy islohotlar natijasida qisqa davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi, xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada ortdi.

Buni joriy yilning 3 avgustidan 17 avgustigacha davom etgan «ARMI-2019» xalqaro armiya o‘yinlari natijalari ham yaqqol tasdiqladi. Dunyoning 39 davlatining 200 dan ortiq jamoasi qatorida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari musobaqalarning 14 yo‘nalishida ishtirok etdi. Belarusda «Merganlik marrasi», Xitoyda «Qurolsoz usta» va «Musaffo osmon», Qozog‘istonda «Artilleriya ustasi», Eronda «Yo‘l patruli», Hindistonda «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari», Rossiyada «Tank biatloni», «Elburs halqasi», «Sodiq do‘st», «Xavsiz marshrut», «Dala oshxonasi», «Harbiy ralli», «Rembat», O‘zbekistonda «Harbiy tibbiy estafeta» musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yili umumjamoa hisobida 32 mamlakat harbiylari o‘rtasida oltinchi o‘rinni egallagan harbiylarimiz joriy yil jami 11 yo‘nalishda – 2 ta birinchi, 4 ta ikkinchi, 5 ta uchinchi o‘rinni egallab, 5-pog‘onaga ko‘tarildi.

Markaziy harbiy okrugning «Forish» tog‘ poligonida o‘tgan «Harbiy tibbiy estafeta» musobaqasi qizg‘in bahslarga, vakillarimiz uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz shartlarni bajarish jarayonida o‘tgan yilgi rekordlarni bir necha bor yangiladilar. Xususan, tibbiy xizmat kapitani Bobojon Elmurodov to‘siqlar osha yugurishda 2018 yilgi Rossiya rekordini 53 soniyaga qisqartirib, marraga 1 daqiqa 50 soniyada yetib keldi. Individual mahorat va o‘q uzishda ham unga teng keladigani topilmadi. Xuddi shu musobaqada Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar Hokimbek Madaminjonov, Xayrullo Olimov, Liliya Manasipova, serjant Oydinoy Ubaydullaxo‘jayeva ham rekord o‘rnatdi.

Natijada jamoamiz Rossiya va qozog‘istonlik hamkasblarini ortda qoldirib, 1-o‘rinni egalladi.

 «Tank biatloni» musobaqasida vakillarimiz bu yil birinchi marta ishtirok etdi. Shunga qaramay, tankchilarimiz Moskva viloyatida joylashgan Alabino poligonida «Tank biatloni» II divizioni musobaqalarida katta mahorat namoyish etib, finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Finalda yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, tezkor harakatlanish, turli murakkab to‘siqlardan betalafot o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etdi.

Yashil tankda harakatlangan O‘zbekiston jamoasi finalda Vetnam, Kuba va Uganda jamoalaridan 17 daqiqa oldin, ya’ni 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va II divizionning mutlaq g‘olibiga aylandi.

Xalqaro armiya o‘yinlarining «Sodiq do‘st» musobaqasida 2017 yilda 3-o‘rinni, 2018 yilda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston harbiy kinologlari joriy yilda 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

 1600 metr masofaga estafeta yugurish shartida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sodiq Dilmurodov o‘zining «Klift» laqabli xizmat iti bilan rekord o‘rnatdi. Vakilimiz belgilangan masofani 5 daqiqayu 59 soniyada bosib o‘tdi. «Sodiq do‘st» musobaqasi tarixida hali bunday ko‘rsatkich bo‘lmagan, deya e’tirof etishdi mutaxassislar.

Omsk shahrida o‘tkazilgan «Rembat»«Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni» musobaqasida terma jamoamiz yakka tartibdagi poyga, otish tayyorgarligi, jamoa sardorlari bellashuvi, harbiy texnika estafetasi, aralash estafeta shartlarida jami 6 022 ball jamg‘ardi. Shartnoma bo‘yicha oddiy askar Abdumalik Najmidinov «Eng yaxshi mergan» nominatsiyasida eng yuqori — 100 ball to‘plab, bu borada tengsiz ekanligini namoyish etdi. Ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etgan mamlakatimiz vakillari dunyoning kuchli 8 jamoasi o‘rtasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

«Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» musobaqasi Hindistonning Jaysalmer shahri hududidagi poligonda bo‘lib o‘tdi. Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston, Xitoy, Hindiston va Sudanning qo‘shin razvedkachilari «Desant bo‘lib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish», «Mexanik-haydovchilar musobaqasi», «Razvedkachi so‘qmog‘ining kompleks to‘siqlarini yengib o‘tish», «O‘q otish» va «Razvedka bo‘linmasining vazifani bajarganidan so‘ng yig‘in punktiga chiqishi» bosqichlarida olib borildi.

Beshinchi bosqichda o‘zbek razvedkachilari qurol-aslahalar va to‘liq jangovar ekipirovkada suvli to‘siqdan suzib o‘tish shartini 13 daqiqayu 22 soniyada bajarib, musobaqa rekordini o‘rnatishdi.

Yakunda shohsupa quyidagicha ko‘rinish oldi:

I o‘rin – Hindiston;

II o‘rin – O‘zbekiston;

III o‘rin – Rossiya.

Tantanali yopilish marosimida to‘qqiz nafar harbiy xizmatchimiz alohida nominatsiyalar bo‘yicha yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

«Elburs halqasi» xalqaro musobaqasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilari bir necha shartlarni o‘ta murakkab tog‘ sharoitida va kuchli bosim ostida bajardilar. Kabardin-Bolqordagi Elburs cho‘qqisiga uyushtirilgan marsh harbiy alpinistlarni jiddiy sinovdan o‘tkazdi.

O‘nlab maxsus vazifalarni o‘z ichiga olgan marsh davomida ular Terskol cho‘qqisi, Azau yalangligi, Priyut-11, Elbrusning dengiz sathidan 5642 metr baland bo‘lgan g‘arbiy cho‘qqisigacha 20 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tdilar. Marsh davomida balandlikning umumiy o‘zgarishi 2200 metrga teng bo‘ldi.

Final bellashuvlarida O‘zbekiston jamoasi Elbrusni birinchi bo‘lib zabt etdi. Buning uchun jamoamizga 4 daqiqayu 25 soniya kerak bo‘ldi. Vakillarimiz ushbu musobaqalarda 2017 va 2018 yil 4- va 5-o‘rinlarni egallagan edi. Joriy yil 12 041 ball jamg‘argan O‘zbekiston jamoasi shohsupaning ikkinchi pog‘onasini egalladi.

O‘zbekistonning «Yo‘l patruli» jamoasi Eronda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada kuchli uchlikdan joy oldi. Jamoalar yetti harbiy xizmatchi tarkibida «Lada Vesta» markasidagi avtomobillarda ekstremal sharoitlarda turli murakkab shartlarni bajarish, individual poyga, qo‘l va jezl yordamida yo‘l harakatini tartibga solish, g‘ildiraklarni almashtirish, harbiy-texnik estafeta shartlari bo‘yicha bellashdilar.

G‘ildirakni tezlik bilan almashtirish va ekstremal sharoitda avtomobilni avtoturargohga joylashtirishda barcha jamoalar xatoga yo‘l qo‘ydi, bu shartni kichik serjant Sidiq A’zamov 1 daqiqayu 34 soniyada xatosiz bajarib, xitoyliklarning o‘tgan yilgi rekordini yangiladi. Ana shu rekord jamoamizni shohsupaning 3-pog‘onasiga olib chiqdi.

Qozog‘istonning «Otar» bazasi poligonida «Artilleriya olovi ustalari» xalqaro tanlovida Armaniston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari birinchilik uchun o‘zaro kurashdi.

«Individual poyga», «Tungi sprint» va «Estafeta» deb nomlangan uch bosqich bahslarining yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik artilleriyachilar kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Dala oshxonasi» bo‘yicha ko‘rikda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Shri-Lanka, Vetnam, Mo‘g‘uliston, Janubiy Afrika Respublikalari jamoalari kurash olib bordi.

O‘zbek harbiy oshpazlari musobaqaning ikkinchi bosqichida pishiriq va sharbat tayyorlash shartini muvaffaqiyatli bajarib, yarim finalga yo‘l oldi. So‘nggi bosqichda esa vakillarimiz dala sharoitida tayyorlagan ikkitadan birinchi va ikkinchi taomlar, sharbat va shirinlik (desert) hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.

Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Mexliboy G‘aniyev, Sharofiddin Hafizov, Nodirbek Jo‘rayev, Bekzod Karimov, Jonibek Sharipov, Murod Pirmatov tayyorlagan taomlar mazasini musobaqaga tashrif buyurgan mehmonlar uzoq vaqt eslab yursalar kerak. Ular 10 ta jamoa orasida faxrli uchinchi o‘rinni egalladilar.

Tyumen viloyati dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan «Xavfsiz marshrut» yo‘nalishi bahslari Su-24 bombardimonchi samolyoti va Mi-8 vertolyotining shartli aviazarbalari sharoitida boshlandi. Bundan tashqari, 6000 metrga yaqin bellashuv yo‘lagiga o‘rnatilgan 250 dan ziyod immitatsion, signal va portlovchi-yonuvchi zaryadlardan iborat elektroportlovchi moslamalar topshiriqlarni bajarishni yanada murakkablashtirdi.

 Jang holatiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan musobaqa jarayonida o‘zbekistonlik muhandis-sapyorlar jangovar vazifani muvaffaqiyatli ado etish uchun qulay sharoit yaratish, dushmanga talafot yetkazish va uning harakatlarini qiyinlashtirish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan shartlarning yakuniy ballariga ko‘ra, yetti davlat jamoalari o‘rtasida uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

Harbiy xizmatchi oddiy askar Shavqiddin Narzullayev va kichik serjant Feruz Guchchiyev «Eng ilg‘or BAT-2 ekipaji» nominatsiyasi g‘olibi deya e’lon qilindi.

Xitoyning Korla shahrida o‘tkazilgan V Xalqaro armiya o‘yinlarining «Musaffo osmon» musobaqasi 3 bosqichda: «mahorat», «hamkorlik» va «aralash estafeta» shartlari bo‘yicha o‘tkazildi.

Xitoy, Rossiya, Belarus, Misr, Venesuyela, Pokiston va O‘zbekiston jamoalari «Type 92A» BTR texnikasida harakatlanish, QW-2 ko‘chma zenit raketa majmuasidan soniyasiga 250-300 metr tezlikda uchayotgan «Vertolyot» nishonini hamda 12,7 millimetrli zenit pulemyot qurilmasidan boshqa nishonlarni yakson qilish mashqlarini bajardi.

Ikki bosqich yakunida vatandoshlarimiz Pokiston jamoasi bilan to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni baham ko‘rishayotgan edi. Biroq «aralash estafeta» shartida egallangan ikkinchi o‘rin yakunda sovrindorlar qatorida bo‘lishimizni ta’minladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi 2018 yilda 5-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu yil 3-o‘rinni egalladi.

Milliy armiyamizning kuch-qudrati, Vatanimiz himoyachilarining jangovar shayligi yildan-yilga yuksalib borayotganini yaqqol namoyon qilgan «Armi-2019» xalqaro harbiy o‘yinlarining g‘oliblari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida katta tantanalar bilan kutib olindi.

O‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan, oriyatni, g‘urur va sadoqatni hamma narsadan ustun bilgan bu yigitlar yana bir bor xalqimizning hurmat-ehtiromini qozondi.

Doimo elning tog‘dek tayanchi, suyanchi va farovon hayotning ishonchli kafolati bo‘ling, qadrli yurt o‘g‘lonlari!


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: