Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 31 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 1 2 3 4 5 6
16.04.2019

HAYoTBAXSh TAShABBUSLAR

Prezidentimizning yoshlar bandligini ta’minlash, ularning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash hamda xotin-qizlar bandligiga oid 5 tashabbusi doirasida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida Prezident administratsiyasi tomonidan bir qator madaniy-ma’naviy tadbirlar tashkil etilayotganini eshitib, tahririyat topshirig‘i bilan o‘sha tomonga yo‘l oldik.

Shahardan chiqishimiz bilan musaffo dala havosi dimoqqa urildi. Bahorning sarin epkini, Sharqdan chiqayotgan quyosh kayfiyatni ko‘taradi. Aslida, bahor uyg‘onish, yangilanish, bunyodkorlik ta’riflari bilan bejiz qiyoslanmaydi. Toshkent viloyati hokimligi ko‘chib o‘tgan eski To‘ytepa — Nurafshon shahri tomonga keta-ketguncha yo‘lning ikki tomonida zamonaviy me’morchilik asosida ikki qavatli uylar shiddat bilan qad rostlayapti, qurilish-obodonchilik ishlari avjida.

«Toshkent dengizi»dan o‘tib, Bo‘ka tumaniga kiraverishda tadbirga kitob, sport anjomlari olib kelayotgan «Ma’rifat karvoni» avtobuslariga ko‘zimiz tushdi. Undan o‘tib, tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi futbol maydoniga yetib keldik. Odam gavjum, ularning ko‘pchiligi yoshlar.

— Biz Bekoboddan hasharga keldik, obodonlashtirish ishlarida qatnashamiz, — deyishdi ular.

 Hali tadbir boshlanmagan bo‘lsa-da, bu yerga viloyatning Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Olmaliq kabi bir qator tumanlaridan hasharchilar yetib kelishibdi.

— Ishonsangiz, mana shu futbol maydoni uch kun avval tashlandiq, qarovsiz ahvolda edi, — deydi tadbir tashkilotchilaridan biri, «Mahalla» jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i Hakimxo‘ja Tursunov. — Ana shu joyni qisqa muddatda hashar yo‘li bilan tartibga keltirdik. Tumanimizda 40 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bor. Har birining o‘ziga yarasha muammosi yig‘ilib qolgan. Yoshlar bandligiga yetarli e’tibor berilmay kelingani ham sir emas. Shularni hisobga olib, Prezident administratsiyasi rahbar xodimlari, tashabbusga mas’ul bo‘lgan vazirlar va ularning jamoalari tomonidan tajriba tariqasida tumanimizda madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport to‘garaklari, kitob do‘konlari, «book cafe»lar tashkil kilish, uy bekalarini tikuv va tekstil sexlariga jalb qilish harakatlari boshlandi.

— Ikki kun oldin mana shu futbol maydoni qurilishiga rahbar etib tayinlandim, — deydi Abdurasul Akmalov. — Ilgari bu maydon aholi mol boqadigan joyga aylanib qolgandi. Endi futbol maydoni tumandagi sport maktabi tasarrufiga o‘tkazildi, yoshlardan futbol jamoasi tuzdik. Xudo xohlasa, bugun o‘tadigan tadbirdan keyin tumanda yoshlar o‘rtasida sportni keng ommalashtirishga, ularni sportga jalb etishga butun kuchimni sarflayman.

Stadionda saf tortgan yoshlarning bir tomonida pushti durrachalarda, pushti liboslarda qator turgan xotin-qizlar e’tiborimni tortdi. Ular yonida turgan ayol tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, tuman hokimi o‘rinbosari Marhabo Abdulazizova ekan.

— Prezidentimizning ? ta tashabbus» loyihasi doirasida Bo‘ston mahallasida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida 150 ish o‘rniga mo‘ljallangan tikuv sexi qurilayapti, — dedi Marhabo Abdulazizova. — Unga uy bekalarini taklif etdik. Ish ikki smenada tashkil etiladi. Demak, shu mahalladagi 300 xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi. Chavlisoy mahallasida ham 150 o‘ringa mo‘ljallangan yengil konstruksiyali tikuv va tekstil sexi qurilishi boshlandi. Hozir ishlash istagida bo‘lgan 512 nafar xotin-qiz ro‘yxatga olindi. Ular 20 kun mobaynida Bo‘ka qishloq xo‘jaligi kasb hunar kollejida tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha 4 guruhda o‘qitiladi. Xotin-qizlarimiz orasida tajribali tikuvchilar ham bor, ular ustozlik qilishadi.

— Men ilgari tumandagi tikuv korxonasida ishlaganman, — deydi Nargiza G‘oyibnazarova. — Ishxona tugab ketganidan buyon uyda o‘tiribman. Yangi tikuv sexi qurilayotganini eshitib, birinchilardan bo‘lib ro‘yxatga yozildim. Juda xursandman.

— Tuman markazidagi tikuvchilik fabrikasida ishlar edim, — deydi Gulchehra Tojiboyeva. — Yo‘l uzoqlik qilgani uchun hozir uyda o‘tiribman. Mahallamizda tikuv sexining ochilishi bizga o‘xshagan xotin-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlaydi. Bu birinchi navbatda oilaga moddiy madad bo‘ladi, turmush farovonligi oshadi.

 — Bundan 22 yil avval Bekoboddagi kasb-hunar kollejini tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha bitirganman, — deydi Mavjuda Eshmonova. — Shundan buyon ish yo‘qligi uchun birov buyurtma bersa, uyda tikish-bichish ishlarini bajarib kelayotgan edim. Endi mahallamizda ochiladigan tikuv sexida ishlaydigan bo‘ldim.

Toshkentdagi «Mashhura» tikuvchilik kursini bitirib, hozir Bo‘ston qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida moderator bo‘lib ishlayotgan Madina Yo‘ldosheva, Hurnisa Mamatova, uning qizi Nilufar Abduhoshimova va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlardan mamnunligini bildirishdi.

Biz bu yerga hasharda qatnashish uchun Olmaliq shahar xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisi Sayyora Nodirova bilan kelgan 50 ga yaqin faol ayollar otryadi, Oqqo‘rg‘on tumanidan kelgan «Mahalla» jamg‘armasi tuman bo‘limi mutaxassislari Muhabbat Haydarova, Husniya Xalilova, Ma’mura Yo‘ldosheva boshchiligidagi xotin-qizlar bilan ham suhbatda bo‘ldik. Hammalarida ko‘tarinki kayfiyat, hatto mehnat qurollarini ham o‘zlari bilan olib kelishibdi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilda Sirdaryo hamda Namangan viloyatlariga qilgan amaliy tashrifi davomida «Ma’rifat karvoni» tashkil etilib, mazkur hududlardagi tuman va shahar kutubxonalariga bir necha yuz ming nusxada badiiy adabiyotlar, sport jihozlari va musiqa asboblari yetkazib berilgan edi, — deydi Toshkent viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Odil Rustamov. — Shu asosda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus o‘rtaga tashlandi. Uni amalga oshirish mexanizmlari atroflicha tahlil qilinib, bu borada Sirdaryo viloyati tajribasini yurtimizning barcha hududlariga joriy etish vazifasi belgilandi. Bunday tadbirlar tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyatining Bo‘ka, Pskent va Oqqo‘rg‘on tumanlarida o‘tkaziladi.

— Bu tashabbus mamlakatimiz bo‘yicha keng quloch yoyadi, — deydi Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev. — Yoshlarimizning 30 foizi mahalliy homiylarni jalb etgan holda, madaniyat markazlari, badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va «Yoshlar klublari»ga, yana 30 foizi sport to‘garaklari, kompyuter savodxonligi va internet markazlariga, qolgan 40 foizi qiziqishiga qarab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etiladi. Uy bekalari uchun tikuv va to‘qimachilik sexlari quriladi.

Bu tadbirlarni sifatli tashkil etishda albatta, bir qator muammolarni bartaraf etishga to‘g‘ri keladi. Masalan, mamlakatimizda 12 mingdan ziyod sport inshooti bor, lekin yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish darajasi yetarli emas. Umumta’lim maktablarini sport anjomlari bilan jihozlash ko‘rsatkichi mamlakat bo‘yicha 56 foizni, jumladan, Surxondaryo viloyatida 12, Xorazmda 14, Qoraqalpog‘istonda 15 foizni tashkil etadi, xolos.

Bu borada bugun Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyatlar mutasaddilari tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilayapti. Mana, hozir Bo‘ka tumanida qilinadigan ishlar ko‘lami va moliyalashtirish manbalari aniqlanib, Bo‘ston, Rovot, Chavlisoy va Yangiqo‘rg‘on mahallalarida kompleks qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Endi bu tajriba boshqa viloyatlarda ham qo‘llaniladi.

— Hududimizda 67 ming nafar mehnatga layoqatli aholi bor, — deydi Bo‘ka tumani hokimi Bektemir Ibragimov. — Shulardan deyarli yarmini yoshlar tashkil etadi. Ularni ish o‘rinlari bilan ta’minlash, birinchi navbatda, bizning vazifamiz. Tumandagi mavjud 40 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi aholi, ayniqsa, 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning oilaviy shart-sharoitlarini o‘rganib, taklif va tavsiyalar berish maqsadida 20 ta ishchi guruh shakllantirildi.

Bo‘ston mahallasi hududida joylashgan «Bo‘ston» madaniyat uyi binosi, 160 o‘rinli tomosha zali ta’mirlanayotir. Madaniyat uyining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 10 dan ortiq musiqa asboblari keltirildi. Mahallaning istirohat bog‘iga yangi attraksionlar o‘rnatilib, hududdagi faoliyatini 2000 yilda to‘xtatgan kutubxona ta’mirlanmoqda.

Ayni paytda 150 o‘ringa mo‘ljallangan «Bo‘ston» madaniyat markazida o‘rindiqlar o‘rnatilyapti. 35 yil mobaynida ta’mir nimaligini ko‘rmagan qishloq ko‘chalariga asfalt yotqizilib, simyog‘ochlar yangilanayapti. Kutubxona yonidagi 130 o‘rinli bolalar bog‘chasini kapital ta’mirlash bo‘yicha harakatlar amalga oshirilmoqda. Abgor holga kelib qolgan qishloq oilaviy poliklinikasida ham qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bo‘ka shahridagi adirlik ustida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Bo‘ka tumani kengashi, «Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasi tuman filiali binosi, Yoshlar kovorking markazini qurish ishlari davom etmoqda. Hudud obodonlashtirilib, turli manzarali daraxtlar ekilmoqda. Bo‘kalik yoshlar uchun istirohat maskani ham tashkil etiladi.

— Prezidentimizning 5 ta tashabbusi bo‘yicha 5 ta vazirlik hamkorligida ishlar tashkil etilayapti, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — Masalan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi kompyuter savodxonligi va internet markazlari tashkil etish bilan shug‘ullansa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi zimmasiga aholining keng qatlamini sport bilan shug‘ullanishga, sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish kabi vazifalar yuklangan.

Madaniyat vazirligi va Xalq ta’limi vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda tuman va shaharlarda madaniyat markazlari va umumta’lim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha 1,5 mingta to‘garak tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Taniqli san’atkor va iste’dodli ijodkorlarni tumanlardagi madaniy ishlarga ko‘makchi sifatida biriktirish yaxshi natija berayotganini inobatga olib, bu tajribani butun mamlakatga yoyish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Unga muvofiq, taniqli artistlar tuman va shaharlarga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilib, o‘sha joylarda madaniyat va san’atni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi, tuman va shaharlar hokimlari esa bu ishlarga moddiy va tashkiliy jihatdan yordam beradi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklariga muayyan mavzular bo‘yicha tarix darslarini muzeylar, tarixiy obidalar, qadamjo va teatrlarda sayyor tarzda o‘tkazilishini tashkil qilish topshirilgan. Yozuvchilar uyushmasi, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan kitob yarmarkalari, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

... Nihoyat, yoshlar bilan gavjum stadionda tadbirning ochilish marosimi boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosarlari Ulug‘bek Muhammadiyev, Qahramon Quronboyev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Farhod Mahmudov, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar ishtirok etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘iyos Boytoyev va boshqa san’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tadbir so‘nggida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, kitob yarmarkasi va sport musobaqalari o‘tkazildi.

Bo‘ston mahallasi ahli, shuningdek, yoshlar, qo‘shni tuman va shaharlardan kelgan ko‘ngillilar tomonidan markaziy ko‘chalar, istirohat bog‘i, madaniyat saroyi obodonlashtirilib, gul va daraxt ko‘chatlari ekildi. Markaziy ko‘chaga asfalt yotqizildi.

Bo‘ka tumani yoshlariga 18 mingdan ziyod kitob sovg‘a qilindi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘zbek hamda jahon adabiyotining 5 ming nusxadagi sara namunalarini Bo‘ka maktablari va mahallalari uchun tuhfa qildi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tumandagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar bilan muloqotda bo‘ldi. Tumandagi 27-IDUMning 2-sinf o‘quvchisi Fazilat Yoqubova O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Uyimizda yo‘q edi kitob» she’rini aytib berdi

Yoshlar ittifoqining «Yoshlar media markazi» ijodiy guruhi Bo‘ston va Do‘stlik mahallalarida bo‘lib, yoshlar faoliyati bilan tanishdi. O‘zbek va qirg‘iz tillariga ixtisoslashgan 34-umumta’lim maktabiga fan, ta’lim va ma’naviyat namoyandalari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. San’atkorlar hamda o‘quvchilarning turli sahna ko‘rinishlari, kuy va raqslar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev 19-bolalar musiqa va san’at maktabida Bo‘ka tumanidagi ta’lim muassasalari yetakchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta’lim muassasalari yetakchilari tomonidan bir qator takliflar berildi. Tumanda kitobxonlik tanlovini o‘tkazish, g‘oliblarni Samarqand shahriga sayohatga yuborish, ta’lim muassasalarida havaskor teatr-studiyalari tashkil etish, umumta’lim maktablariga radiouzel o‘rnatish, «Bo‘ka g‘unchalari» ko‘rik-tanlovini tashkil etish, g‘oliblarga cholg‘u asboblari jamlanmasini taqdim qilish kabi masalalar ilgari surildi.

Tumandagi 35-umumta’lim maktabi yetakchisi hozirda o‘z shaxsiy kinoteatriga ega ekanini bildirib, ta’lim muassasalarida ko‘chma kinoteatrlar tashkil etish taklifini ilgari surgan bo‘lsa, 50-maktab yetakchisi sport maydoni uchun joy ajratilishini so‘radi. Shu yerning o‘zida Qahramon Quronboyev bu borada mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov boshchiligidagi ma’naviyatchilar tomonidan yoshlarga ikki mingdan ziyod turli nomdagi kitob sovg‘a qilindi. Tumanda qarovsiz qolgan eski stadion o‘rniga «Ma’naviyat va ma’rifat» ekoparki qurilishi rejalashtirildi.

Tuman madaniyat markazida maktablarga kitob va sport anjomlari taqdim etish haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Bu yerda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoirlari Usmon Azim, Anvar Obidjon, Mahmud Toir va boshqalar ishtirokida o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. «O‘zbekiston» NMIU, «O‘qituvchi», «Cho‘lpon», «Sharq». «Mashhur-press», O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi kabi davlat nashriyotlari tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi. Maktab va mahallalarga «Ma’rifat karvoni» tomonidan olib kelingan kitob va sport anjomlari taqdim etildi. Toshkent viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimov o‘z hisobidan 50 dan ortiq kitob xarid qilib, ularni tumandagi beshta maktab kutubxonasiga topshirdi.

Tuman «Xalq ovozi» gazetasi tahririyatida mahorat darslari o‘tkazildi, «Bo‘ka nihollari» iqtidorli yoshlar to‘garagiga O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining «Ijod» jamoat fondi tomonidan 300 ta badiiy kitob va kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi. Hamkor tashkilotlar tomonidan tumandagi mavjud 49 ta maktabning har biriga 200 tadan, mahallalarda faoliyat olib borayotgan 14 ta kutubxona, Bolalar musiqa va san’at maktabi hamda Mehribonlik uyiga yuztadan, oilalarga mingdan ortiq kitob sovg‘a qilindi.

Bugun yoshlar ta’lim-tarbiyasida, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida yangi davr boshlanayapti. Eng muhimi, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ertangi kunga tayyorlash bo‘yicha g‘oyatda zarur mexanizm yuzaga kelayapti. Bo‘ka tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha boshlangan bu jarayon kelajakda barcha shahar va tumanlar, viloyatlar, mamlakat hayotiga tatbiq etiladi, umumxalq harakatiga aylanadi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: