16.04.2019

HAYRATLARIM SURATI

Yig‘ilish qarori:

1. «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 oktabrdagi 295-sonli qarori va viloyat hokimining 2012 yil 20 oktabrdagi 232-sonli hamda Muzrabot tuman hokimining 2012 yil 25 oktabrdagi 327-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan «Yurtim jamoli» mahalla fuqarolar yig‘ini Jartepa qishlog‘idagi yangi qabristonni «Bibi Robiya» qabristoni deb nomlash haqidagi taklifi ma’qullansin.

2. Ushbu qarorning tasdig‘i geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha «Sarhad» QFY hududiy komissiyasiga taqdim etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi geografik ob’ektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi majlisining 2014 yil 5 sentabrdagi Muzrabot tumani «Yurtim jamoli» hududidagi qabristonga «Bibi Robiya» nomi berilishi to‘g‘risidagi yuqoridagi qaror muhokamaga qo‘yildi.

S. Tursunov — Termiz davlat universiteti professori, komissiya a’zosi.

— Joylarga nom berish bo‘yicha 1994 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Joylarga shaxslarning nomlarini qo‘yish faqat Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilab qo‘yilgan me’yorlar asosida amalga oshirilishi kerak... Ayrim qabristonlarga aziz-avliyolar nomlari qo‘yilgan bo‘lib, ular ming yillik tarixga ega. Men Robiya momoning hayotini o‘rganib chiqdim. Bu shaxs Muzrabot tumani tarixida hech qanday tarixiy iz qoldirmagan... Shuning uchun ham qabristonga uning nomi berilishiga qarshiman.

A. Amanturdiyev — Termiz davlat universiteti professori.

— Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni Termiz shahar va tumanlar komissiyalariga, barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga tarqatish va ularni mintaqaviy o‘qishlar tashkil etib, o‘qitish zarur. Qonunlarni mukammal bilmaganlar o‘zboshimchalik bilan turli qarorlar chiqarib berishmoqda. Bunga yangi qabristonga «Bibi Robiya» nomini berish haqidagi yig‘ilish bayoni misol bo‘la oladi. Bu qonunga mutlaqo zid qaror.

I. Botirov — Termiz shahri muzeyi direktori, komissiya a’zosi.

— Mendan oldin so‘zga chiqqanlarning fikriga qo‘shilaman. Qabristonni momo nomi bilan atalishiga qarshiman.

Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i B.Ochildiyev, ma’naviyat-targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Azimov, mahalla jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi T.Norboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi M.Ollomurodov, Termiz davlat universiteti geografiya kafedrasi mudiri H.Abdunazarov ham bir ovozdan qabristonga Bibi Robiya nomi berilishi qonunga zid, degan fikrni bayon etishdi.

Shunday qilib, viloyat komissiyasining 2014 yil 9 sentabrdagi 05-5154-sonli yig‘ilishi geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash bo‘yicha Muzrabot tumani komissiyasining 29 maydagi tumandagi «Yurtim jamoli» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qabristonga Bibi Robiya nomini berish to‘g‘risidagi 10-sonli bayoni O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktabrdagi «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasiga zid ekanligi qayd etilsin va tuman komissiyasining mazkur qarori qayta ko‘rib chiqish uchun Muzrabot tumaniga qaytarilsin, degan qarorni qabul qiladi.

 

XALQ ROZI BO‘LSIN

«Bor otangga, bor onangga» qabilidagi to‘rt yillik yugur-yugurlar, sarsongarchiliklar natijasi edi bu. Viloyat komissiyasi yig‘ilishi bayoni bilan tanishganimizda, O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktabrdagi «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunni chuqur o‘rganib chiqmaganliklari, komissiya a’zolarining aksariyati qonunga bir tomonlama suyanib ish ko‘rganliklari seziladi.

Ayni shu qonunning 4-bobining yakunlovchi qoidalar qismidagi 21-moddadagi nizolarni hal etish, 22-moddasidagi geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik, ayniqsa, komissiya a’zolari suyangan 4-moddadagi geografik ob’ektlarning nomlariga doir talablar bandidagi mahalliy aholining fikrini hisobga olish qoidalari e’tibordan chetda qolgan. Kun tartibidagi masala yuzasidan o‘tkaziladigan muhokamada qonunning ana shu bandlariga e’tibor bermaslik komissiya a’zolarining shoshma-shosharlik, e’tiborsizlik bilan ish ko‘rganliklaridan dalolatdir. Qonunlarni yaratadigan ham, yangilaydigan ham, o‘zgartiradigan ham odamlar. Bunga hayotda misollar ko‘p. Nazarimda, Termiz davlat universitetining ikki professori xulosalariga komissiyaning boshqa a’zolari bir yoqadan bosh chiqarib qarsak chalib turishgan, xolos.

Momo sha’niga nisbatan «Bu shaxs Muzrabot tumani tarixida hech qanday tarixiy iz qoldirmagan... Shuning uchun qarshiman», degan olimning fikriga mutlaqo qo‘shilgim kelmadi. Buni shaxsni kamsitish, o‘tgan inson xotirasiga hurmatsizlik, deb bildim.

Dunyoga kelgan har bir inson o‘zidan, albatta, iz qoldiradi, deb o‘ylayman. Robiya aya sakkiz o‘g‘il-qizni tug‘ib, ularning yoniga ota-onasidan yetim qolgan yana ikki bolani asrab olib, hammalarini oq yuvib, oq tarab, onalik mehrini bergan qahramon ona edi. Muzrabot cho‘llarini o‘zlashtirishda qatnashgan, paxta ekib, paxta terib, g‘alla ekib, g‘alla yig‘ib, o‘zini mehnatda ko‘rsatgan ilg‘or kolxozchi bo‘lgan. Yashash, yaratish zavqining, jafokashlik va mardlikning bunday surati ham o‘ziga xos qahramonlik, tarixiy izlar emasmi?!

...Qaysi tuman hokimiyati viloyat tasarrufidagi komissiya qaroriga qarshi chiqqanki, Muzrabot tumani bunga jur’at etsin?! Shunday qilib, respublika geografik ob’ektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi majlisining 2014 yil 5 sentabrdagi tumandagi yangi qabristonga «Bibi Robiya» nomi berilmasligi to‘g‘risidagi qarori o‘z kuchida qoldi.

To‘fa Boymurodova kechagina mahallasi yig‘ini qaroridan xursand bo‘lib, ustozidan suyunchi olgan bo‘lsa, bugun Yusuf Valizoda Darbandiy huzuriga boshini egib kirib keldi. Ular uzoq hasratlashishdi, suhbalashishdi va nihoyat, ustoz bilan xayrlasha turib, shogirdi o‘zining so‘nggi qarorini aytdi:

— Qabristonga onamning nomi beriladimi yoki boshqa nom bilan ataladimi, gap bunda emas. Gap xalq qaroriga e’tiborsizlikda, el-ulus rizoligiga qarshilik ko‘rsatishda... Har qanday vaziyatda ham men onamga bergan so‘zimdan qaytmayman, ustoz. Qabriston obodonchiligi uchun bor kuch, g‘ayratimni sarflayveraman...

Ustoz shogirdi orqasidan duoga qo‘llarini ochgancha, unga sabr-qanoat, kuch-g‘ayrat tilagancha kuzatib qoldi. Seni tushunadigan, niyatlaringga esh bo‘ladigan bitta duogo‘ying bo‘lsa ham, katta kuch ekan. Uning eng og‘ir kunlarida yonida turgan, qo‘llab-quvvatlagan opasi, pochchasi, jonajon ukalari, kelinlari bor. Ular buyog‘ida ham uni yolg‘iz qoldirishmaydi, u bilan birga bo‘lishadi. Axir, Robiya momo ularning ham bibisi, jondoshu qondoshi...

To‘fa qabristonda boshlab qo‘ygan qurilish ishlarini davom ettirishga kirishib ketdi...

... Avgust oyining so‘nggi haftasi edi. Kun jazirama. Qabristonni aylanib, bundagi bunyodkorlik ishlari bilan qiziqaman. Har bir yangi qurilma, ko‘kargan daraxt, suv ombori, yashnagan gulzorni To‘fa nomi bilan bog‘lab gapirishadi. Bu gaplarga bir ishonsam, bir ishonmayman. Kayfiyatimni sezdimi, Darbandiy domla cho‘ntagidan ikki varaq qog‘oz olib, menga uzatdi. O‘qib ko‘ring, bu shu oddiy surxon qizi qilgan sahovat ishlari ro‘yxati. Yozib yurganimni o‘zi ham bilmaydi. .. Har gal qilgan, qilayotgan ishlaridan hisob berib ketardi. Ba’zida birgalashib, ba’zida ertasiga qabristonga borib, u qilgan yangiliklarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib qaytardim va kela solib o‘sha ishlar ro‘yxatini yilma-yil, kunma-kun yozib boraverdim. Bunga xoh ishoning, xoh ishonmang...

Mana o‘sha ro‘yxat:

1. 2012 yil 8 mart — qabristonga 140 ta atirgul va 30 ta archa ko‘chati ekdi.

2. 2012 yil oktabr-noyabr. Qabriston uchun tobutxona va qorovulxona qurib berdi.

3. Qabristonga kiraverishdagi yo‘llarga qishda loy-yomg‘irdan, yozda chang-to‘zondan asraydigan mayda-mayda toshlar yotqizildi.

4. 2014 yil. Xotira va qadrlash kuni. Toshkent shahridan katta yuk mashinasida rangorang gullar va manzarali daraxtlar ko‘chati keltirildi. Qabristonga kelganlar yordamida gul va ko‘chatlar ekildi.

5. 2014 yil 25 oktabr. Qabristonga 380 metrli platina trubalari o‘tqazilib, 40 tonnalik ikkita suv ombori o‘rnatdi.

6. 2015 yil 18 mart. Qabristonga 300 ta manzarali daraxt ekildi. Navro‘zi olam munosabati bilan 350 kishiga xayriya oshi berdi.

7. 2018 yil 1 aprel. Xayriya oshi berdi. Oshga kelganlar yordamida 200 ta ko‘chat ekildi...

 

Dilbar MAHMUDOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Davomi kelgusi sonda.



DB query error.
Please try later.