Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
08.03.2018

BAHOR QAYERDAN BOSHLANADI?

Badeha

Bir yorug‘lik, ko‘klam libosidagi bir nur o‘ziga rom etib og‘ushiga chorlay boshlaydi. Mudroq hislaring uzra umid chechaklarini sochadi. Ruhing shabnamlarga chayilib, muattar tonglaring otadi. Yodingga, ko‘nglingga, vujudingga to‘rg‘aylar qo‘shig‘ini soladi... O‘ylab qolasan, bahor qayerdan boshlanar ekan-a?..

Deydilarki, bahor boshlanar,

Jilg‘alarning sho‘x kulgusidan,

Boychechakning tabassumi-yu

Kurtaklarning tug‘ilgusidan.

Deydilarki, keladi bahor,

Tog‘lar oshib, adirlar oshib,

Yalpizlarning bo‘ylari bilan,

Shabbodaning kuyiday shoshib.

Deydilarki, umid qil, ma’shuq,

Jambil bo‘yli kunlar keladi.

Quchog‘ida bir dunyo sirlar,

Ko‘ngli g‘uncha tunlar keladi.

Deydilarki... Yo‘q, unday emas,

Bu so‘zlarning barisi bekor!

Ishqqa tashna, yashillikka o‘ch,

Yuragimdan boshlanar bahor!

Juda qiziq, negadir odam bahorni sog‘inib-sog‘inib kutadi. Shunday sog‘inadi-ki, go‘yo yorni sog‘inganday. Onasini sog‘ingan bola kabi talpinadi. Yuraklari o‘rtanib, hayratlari hapqirib sog‘inadi. Go‘yo bahor kelsa uning hamma ishi bitadiganday, tashvishlari chekinib, murodiga yetadiganday. Bahor kelishi bilan inson umriga, hayotiga fayz, mazmun kiradiganday tuyuladi. Balki inson fe’lidagi yosharishga, yashnashga, qayta yashashga bo‘lgan moyillik shunday sog‘inchga olib kelar. Balki shuning uchun ham bahorni sog‘inarmiz.

Bahor, seni sog‘indim, xayollarim sen o‘zing,

Tushlarimda ko‘ra- ko‘ra, kutganlarim sen o‘zing,

Tongda turib izlaringni izlaganim sen o‘zing,

Bahorginam, kela qolgin, dildan armonlar ketgay,

Bag‘rimga sen kira qolgin, hijron dostoni bitgay.

Ey, azizlar! Endi men tutqun emasman, ozod ruhman, hech narsa tutib qololmaydi meni endi, na zebi-ziynat, na molu matoh. Mening bu dunyodagi dunyom — ko‘klam. Maysalarning shivirin eshityapsizmi? Qarang, yulduzlarning sirli imosini, gullash bazmi, yaralish nazmini. Falak sarbozlarining g‘olib qah-qahalarini tinglayapsizmi? Tangrim, ko‘klam ayvoniga meni qaldirg‘och qil! Meni men istaganlar tomonga parvoz qilishimga kuch ber, qanot ber.

Ketaman, meni zor kutganlar tomon,

Gul bargin to‘shagan o‘rikzorlarga.

Topshirdim, o‘rnimga yig‘lasin osmon,

Tishimning oqiga intizorlarga, ketaman...

Seni bilmadimu, men boshqa chidolmayman. Sog‘inch, hijron odamni o‘ldiradi desalar, sen ham ishon, agar tiriklikka ishonsang, ishon! Mening holim balki senga yolg‘ondir, ammo, O‘ziga chin. Keldingmi, nihoyat keldingmi, jonparvar bahorim!.. Seni juda sog‘indim. Shunday sog‘indim-ki, holim qolmadi...

Kelsang, kelgin, yoki xayr -xo‘sh,

Tomog‘imda yig‘laydi bir qush.

Chaqmoq bo‘lsang, osmoningdan tush,

Sog‘inmoqqa holim qolmadi.

Yayov desang dunyo kezarman,

Dashtlaringni gulgun bezarman.

Qoqi gulday sensiz to‘zarman.

Sog‘inmoqqa holim qolmadi...

Bolaligim bobomning katta bog‘ida o‘tgan. Qaysi daraxt qachon gullaydi, qachon pishadi, qaysi daraxtning qaysi shoxida o‘tirsa yoki halinchak qilib uchsa bo‘ladi, hammasini besh qo‘lday bilardim. Daraxtma-daraxt, shoxma-shox sakrab yurib, bolalikning gashtini surganmiz. Ammo, aqlimni tanibmanki, bir savol meni qiynaydi. Esimda, erta pishar o‘rigimiz bo‘lardi. Bu daraxtni men o‘zimniki qilib olgandim. Chunki, kurtaklar g‘o‘raga kirishi bilan bir etak terib olib, maktabga olib borib o‘rtoqlarimga ulashar, hammanikidan birinchi bo‘lib bizning o‘rigimiz dovuchcha tugganini suyunchilardim. Kunlarning birida o‘sha o‘rigimiz endigina dovuchcha bo‘layotgan payt­da qalin qor yog‘di. Lekin bir ikki kunda erib ketdi. Ammo, yodimdan hech chiqmaydigan bir hodisa sodir bo‘ldi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, hali gulidan ajramagan dovuchchalar yer bilan bir bo‘lib, loyga belanib yotardi. Ularning bir hovuchini terib olib, onamning oldiga olib bordim. «Endi nima bo‘ladi, onajon?», deb yig‘lab yuborganim esimda. «Xudoning ishi, bolam, Xudoning ishi. Bizga yarasha rizqimiz ham qolgandir o‘rigingda», dedilar onam meni yupatib. Mana o‘sha xotiramning izlari...

O‘rik gullariga balolar yog‘di,

Bolasin vaboga oldirgan ona.

Kurtaklar chirqirar, kurtaklar yondi,

Nihollar kampirga aylandi, ana.

 

Nahotki, oppoq qor, qahring qarodir,

Nahotki, bir shaxdga shunchalar qurbon.

Nahotki, ilinjning ko‘ngli yarodir,

Nahotki, taqdirlar chalkashu uryon.

 

Bahor xo‘rsinadi, ko‘klam xijolat,

Bir lahza hayratim guvohi — chaqin.

Nahotki, shunchalar umr omonat,

Nahotki, bunchalar xiyonat yaqin?!

Ko‘klam... Sen qanchalar qudratlisan, nafaqat toshni yorib chechak undira olasan. Hatto, tosh yuraklarga ham hayrat baxsh etolasan. Sen tufayli hayoti qorong‘ilikka cho‘kkan, ruhiyati rutubatga ingan ko‘ngillar ham gullaring ochilganda, arilaring g‘ujg‘on urganda jim turolmaydi. O‘sha, o‘zining mahzun kechinmalaridan voz kechishga shaylanadi. Atrofga boqadi, tomosha qiladi. Uning yorga bo‘lgan sog‘inchi, maysaning quyoshga bo‘lgan sog‘inchidan-da kam emasligini his qiladi. Go‘yoki ko‘ksidagi hijron tufayli sanchilgan nayzalar ham gullaganday bo‘ladi. Baxtni chorlab hayqirgisi keladi.

Ko‘klab ketdi

Ko‘ksimdagi nayzalar,

Gul ochmoqda,

Kiprigimda maysalar,

Bir bor kelar,

Ming yilda bu lahzalar,

Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

Bahor keldi deb she’r yozib, davrama-davra bulbulday sayrab yurgan kunlarim otam va onam yotgan qabristonga yo‘lim tushdi. Bu qabriston keng yalanglikda, qum barxanlaridan iborat edi. Bu yerga bahorning nafasi ham kelmagan. Negadir huvillab yotibdi. Go‘yo ko‘klam bu ulug‘ zotlar oldiga kelishga xijolat tortganday, jazm qilolmayotganday... Balki, alam chinqiriqlari ko‘klam sarbozlarini kirdirmayotgandir? Balki, ahli qabrning ko‘ngliga bahor sig‘mayotgandir? Men ketimdan ergashib kelayotgan bahorni qabristonga kirishga undadim. Zoraki, qabrlar uzra ochilgan chechaklar zikri ular ruhi poklarining salovoti bo‘lib jaranglab tursin, bo‘y ko‘rsatadigan gulu chechaklar. Nima bo‘lganda ham, menga ergashib kelayotgan bahorni o‘zim birla qabristonga olib kirar ekanman, ota-­onam qabriga cho‘kar ekanman, iltijo qildim, yolvordim.

Bahor, yur, boraylik qabristonga ham,

Otamni, onamni ko‘rib kelaylik.

Bir quchoq chechak ol, yashnasin mozor,

Bir hovuch duom bor, berib kelaylik.

Talabgorim, sizga gar kerakman, uyimdan izlamang. Kurtaklar bag‘ridan, iforlar ta’midan, sabolar sayridan, ilhomlar avjidan izlang. Ovvora bo‘lmang, men uyda yo‘qman, safarga chog‘landim, o‘zimni izlab. Endi meni hayratlar yurtidan, gul-chechak­lar qavmidan topgaysiz.

Izlamang, uyimdan topa olmaysiz,

Behilar sargardon gullagan palla.

Bu kun o‘zingizdan tona olmaysiz,

Kapalak shabnamga aytganda alla.

 

Izlamang, uyimdan, hammasi bekor,

Yashamoq o‘zi ne nursiz, navosiz.

Qo‘lingdan kelmas-ku, tug‘ilmoq takror,

O‘lib ham bo‘lmaydi azmi Xudosiz.

Qishning oppoq ko‘rpasi ichra astagina mo‘ralagan boychechakning holatini kim ham tushuntirib bera olardi? Buning uchun sen ham bir bora bo‘lsa, boychechak bo‘lib ko‘rishing kerak. Ya’nikim, qor bosgan vujuding­ni oftob nurlariga tutib, tup­roqning taftini tomiringga payvand qilib uyg‘onmog‘ing shart. Uyg‘onganingda ham atrofdagilaring­ni, butun borliqni uyg‘otib, uyg‘onishing kerak. Va jar solmog‘ing, hayqirmog‘ing, kuylamog‘ing, raqs tushmog‘ing lozim. Chunki, toshni yorib chechak unsa, qurigan yog‘ochlar gullasa, hey, sen inson, nega jimsan?! Nimadir qil, nimadir qil, ko‘ngling yayrasin.

Mana ko‘klam keldi,

Qo‘ng‘iroq chalib,

Qish bo‘yi uxlagan karvon uyg‘ondi.

Har hovuch tuprog‘in

Ko‘ziga surtib,

Yelkasida ketmon, dehqon uyg‘ondi.

«Har tuning qadr o‘libon, har kuning o‘lsin Navro‘z» deganlar ruhiga rahmatlar bo‘lsin. Har tongni — tiriklik tongini ne’mat bilib, shukrona ko‘z ochganlarga, Vatan tug‘ini shon, Vatan shonini jon bilguvchilar, Vatan tufrog‘ini Onam deb tavof aylaganlar, hushyor va bedorlar omon bo‘lsinlar! Zero, ogohlikdan qutlug‘ bayram yo‘qdir bu dunyoda!

Ruh shamoli tanni qaqshatdi,

Chaqmoq vujud olov sachratdi,

Kecha yoqqan yomg‘ir charchatdi,

Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

O‘tgan kunim nadomat, armon,

Orom bilmas sargardon bu jon,

Esiz, umr o‘rtada sarson,

 Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

 Azal jonga zavol andisha,

 Bu dunyoda yolg‘iz ishq pesha.

 Ayrilmoqqa o‘chmiz hamesha,

 Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

 O‘pib tursa sochlaringni nur,

Baxt neligin kapalakdan so‘r,

Ne bo‘lsa ham tur, o‘rningdan, tur,

Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

Axir seni ko‘rganim tushmas,

Xayolingsiz hushlarim hushmas,

Osmon sinib zaminga tushmas,

Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

Bir xo‘rsinsam qaytib kelar soy,

Ayt, tilaging ayt, deb kelar soy,

Qaytib jonni qayerdan olay,

Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

Tongim balki armonlarga soz,

Ishq qismati ikkimizga rost,

Men entikib chorladim, xolos,

Kel, bugunni bayram qilaylik.

 

Farida AFRO‘Z,

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira.



DB query error.
Please try later.