15.02.2018

UNUTMAG‘IL BURUNG‘I YORLARNI...

Dunyo tarixida bir qo‘lda qilich, bir qo‘lda qalam tutib, ham siyosatda, ham madaniyatda yetakchilik maqomini saqlab kelgan xalqlar unchalik ko‘p emas. Shukurlarkim, o‘zbek xalqi manglayida ko‘plab ma’rifatli hukmdorlar bitilgan. Qilichni qalamga bo‘ysundirgan, barcha amaliy faoliyatini raiyatning ko‘ngil mulkini obod qilishga bag‘ishlagan, haqiqiy saodat moddiy farovonlik bilan emas, ma’naviy boylik tufayli qo‘lga kiritilishi mumkinligini anglagan bir qator hukmdor ajdodlarimiz dunyo tamadduni tarixida faqat ilm-fan va madaniyat homiysi sifatidagina emas, balki ana shu madaniyatning faol yaratuvchisi sifatida ham o‘chmas iz qoldirganlar. Ana shunday tabarruk zotlarni eslaganda shoh va shoir, temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Boburning nomi birinchilar qatorida yod etiladi.

Boburning insoniyat tarixida bunchalik yorqin iz qoldirishiga asosiy sabab — uning benazir shaxsiyatida. Boburning qismatida juda ko‘plab xatolik va mag‘lubiyatlar zahrini totish, xiyonat va sotqinliklar guvohi bo‘lish bitilganiga qaramasdan, u har bir mag‘lubiyat va muvaffaqiyatsizlikdan keyin kuldan qayta yaralgan qaqnus qushidek kuch-quvvatga to‘lib, olovda toblangan po‘latdan mustahkam va keskir ruhiyati bilan oldiga qo‘ygan maqsadlar sari dadil odimlardi. «Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdim», deb alamini qalamdan olgan darveshmashrab podshohning bitiklari yolg‘on oh-vohdan xoli, dard va g‘ussaga to‘la satrlardir.

Sirtdan qaraganda, Boburdek oliynasab zotlarga yolg‘izlik tushunchasi yot bo‘lishi kerak. Lekin «Boburnoma»ni, Boburning rubobiy g‘azallarini o‘qigan kishi insonning ijtimoiy mavqei qancha yuksalsa, uning atrofida xushomadgo‘y va laganbardor, manfaatparast va yolg‘onchi, kazzob va munofiq zotlar ko‘payib borishiga iqror bo‘ladi. Gohida kamsuqumlik, ba’zida g‘urur yo‘l bermay, haqiqiy fidoyi do‘stu yorlar o‘zini chekkaga olishidan foydalanib, yaltoqlanadigan, lahzada ming rangda turlanadigan, asli zahardan-da qattol bo‘lgan shirinzabonlik va xushomadgo‘ylik bilan manfaat ko‘rishni hayotiy maslakka aylantiradiganlar do‘stlik da’vosini qila boshlashadi.

Inson xato qiluvchi bandadir. Hamma vaqt ham do‘stni dushmandan ajrata oladigan, umrida biror marta xato qilmagan kishi, bir shoir lutf qilganidek, yo odam emas, yo bu olamdan emas. Bobur ham muvaffaqiyatli damlar chog‘i soxta do‘stlar tegrasida bo‘lib, omad yuz o‘girgan paytlarda yolg‘izlanib qolganda dardkashlik tuyg‘usidan mahrum kimsalarga qarata aytadi:

Bedard habib bilmadi dardimni,

Tufroqcha ko‘rmadi ruhi zardimni.

Mendin necha ko‘nglida g‘ubori bo‘lg‘ay,

Ketdim muna, emdi topmagay gardimni.

Ammo haqiqiy do‘stlarning firoqi oson kechmaydi. Iztirob, sog‘inish, ishtiyoq, xotiralar ko‘ngil bezovtaligini oshirib boraveradi. Hijron so‘zi birovni o‘z holiga tashlab qo‘yish, bor-yo‘qligiga qiziqmaslik, loqaydlik kabi ma’nolarni bildiradi. Hijron otashida yongan ko‘ngilning shifosi — qadimiy do‘stlik rishtalarini qayta bog‘lash, yolg‘izlik dardini dardkash kishining suhbati va diydori bilan yengish mumkinligini jondan his etgan shoir uzoqlarda qolib ketgan, ammo ruhiyat olamida hamisha bir-biriga madad bo‘lgan do‘stu yorlariga qarata shunday deydi:

Gahi sog‘in, ne bo‘ldi, zorlarni,

Unutmag‘il burung‘i yorlarni.

Seni ko‘rmay yiroqdin zor bo‘ldim,

Biror yod et yiroqdin zorlarni.

Mirzo Boburning ma’naviy rahnamosi, she’riyat bobidagi uvaysiy piri — Mir Alisher Navoiy ham g‘azallarining birida bu dunyodagi eng ulug‘ ish — o‘zaro do‘stlik rishtalarini bog‘lash ekanligini ajoyib tarzda ifodalab berganlar:

Olam ahli, bilingizki, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

Do‘stlik haqida juda ko‘p she’rlar yozilgan. Ammo ularning hammasi ham Alisher Navoiy yo Mirzo Bobur satrlarichalik ta’sir quvvatiga ega emas. Nazarimda, kishi o‘zi aytgan so‘ziga qat’iyan amal qilmasa, so‘zi qanchalik jozibali bo‘lmasin, ta’sir kuchini yo‘qotadi. Bobur she’rlarining diltortarligi, qalbga muhrlanib qolishining asosiy omili ham ana shunda deb bilaman. Tarixda eng rostgo‘y podshoh sifatida nom qozongan bu temuriyzoda so‘z mulkida ham ko‘nglida kechganini ortiqcha bezaksiz, boricha ifodalash uslubiga sodiq qolgan. Yuqoridagi g‘azalda agar biz do‘stning diydoridan ayro qolgan nozik qalbning nidosini tinglagan bo‘lsak,shoir mana bu g‘azalda muddaosi hosil bo‘lgach, yelka oshib o‘tadigan olg‘irlar, o‘tkinchi manfaat uchun pokiza tuyg‘ularni qurbon keltirishga tayyor xudbin kimsalarga nafratini yo‘naltiradi. Ammo bu nafrat shukronalik ohangi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, o‘z vaqtida soxta do‘stni tanigani uchun ko‘ngilni xurramlik bilan obod tutmoq lozimligi aytilgan. Axir, haqiqatni anglashdan ortiqroq, haqni nohaqdan, chinni yolg‘ondan, asilni qalbakidan ajratishdan ulug‘roq sadoat bormi dunyoda?! Shu sababli, soxta do‘stni fosh etish damlarini bayramdek o‘tkazishni tavsiya qiladi shoir:

O‘zni, ko‘ngul, aysh ila tutmoq kerak,

Bizni unutqonni unutmoq kerak.

Ayshu tarab gulbunig‘a suv berib,

G‘ussa niholini qurutmoq kerak.

Ko‘ngli xiyonat va sotqinliklardan zada bo‘lgan shoir gohida «Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim», deb nadomat cheksa ham, baribir ezgulik va go‘zallik tantanasiga ishonch bilan qaraydi. Bobur aqidasiga ko‘ra, inson har qanday holatda ham yaxshi kishilar bilan yor bo‘lish, yaxshilik ulashish, yaxshilikda nom qozonishga harakat qilmog‘i lozim. Sadoqatli do‘stni topmoq uchun esa, inson eng avvalo o‘zi do‘stlik va sadoqat shartlariga rioya etishi shart. O‘shanda jondek vafodor, ko‘ngildek sirlar mahrami bo‘la oladigan do‘st orttiradi. Bu uchun esa, har lahzayu har soat elga ezgulik ulashish lozim bo‘ladi. Zotan yaxshi do‘stlar ham yaxshi amallarni bajarish yo‘lida uchragay. Bobur ushbu hayotiy haqiqatni anglagan va anglatgan zot edi:

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin

yaxshi yo‘q,

Kim degaylar, dahr aro qoldi

falondin yaxshilig‘.

 

Olimjon DAVLATOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.



DB query error.
Please try later.