08.02.2018

«XAMSA» HIKMATLARI

Alisher Navoiy olamdagi barcha narsalarning yaratilishidan maqsad inson ekanligini bir o‘rinda «Lek boridin g‘araz inson edi», deya ta’kidlasa, boshqa bir baytda: «Bor edi inson guli maqsud anga», deydi:

Bu chaman o‘lmog‘ida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

Navoiy insonni ulug‘laydi. Bu nomga musharraf bo‘lish oliy saodat ekanligini uqtiradi. Haqiqiy insonni odamiylar odamiysi, deya baholaydi. Va bunday kishining birinchi belgisi iymon ekanligini ta’kidlaydi:

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki nishoni anga imon erur.

Shoir iymonli, haqiqiy kishilarga xos sifatlarni ko‘rsatib o‘tadi. Elga foyda keltiradigan, yaxshilik qiladigan, odob-axloqli, saxovatli, qilmishi rostlik va to‘g‘rilik, sabr­-qanoatli, shukr qilib yashaydigan, halol mehnatni qadrlaydigan, shirin so‘z, nafs va ta’madan yiroq kishilarni ana shu bahoga loyiq, deb biladi. Shoir insonning suvrati bilan siyrati, ya’ni tashqi ko‘rinishi bilan ichki dunyosi mos tushishi kerakligini aytadi. So‘z bilan ish muvofiq bo‘lmasa, foydasiz ekanini uqtiradi:

Kimniki, inson desang, inson emas,

Shaklda bir, fe’lda yakson emas.

 Komil insonning ko‘ngli, so‘zi, ko‘rinishi, fe’l-atvori, qiladigan ishi bir xil bo‘ladi. Haqiqiy inson sabr-qanoatli, shukrlidir. Insonni davlati, mol-mulki emas, qanoati sarbaland etadi:

Mulk ila o‘zni demagil arjumand,

Mulki qanoat bila bo‘l sarbaland.

Navoiy asarlarida shukr qilib yashash g‘oyasi ko‘p tilga olinadi. Qit’a­laridan birida ikki kishining holatini tasvirlash orqali shuk­ronalikni ulug‘laydi. Birov kelyapti: oyog‘ida ki­yishga kalishi yo‘q. Ikkinchisi kelyapti — oyoqning o‘zi yo‘q. «Hayrat ul-­abror»da bu fikr yana ham chuqurlashtiriladi:

Biri aning ne’matig‘a shukr erur,

Kimsaki, shukr aylasa, ko‘prak berur.

Navoiy komil insonga xos yana bir muhim belgi sifatida halol mehnatni ulug‘laydi. Birovning minnatli oshidan halol mehnat bilan topilgan ozgina narsa ham qimmatliroq. O‘zi mehnat qilib topgan bir dirham birovning «ganj»i — xazinasidan yaxshiroq:

Bir diram olmoq chekibon dastranj,

Yaxshiroq andinki, birov bersa ganj.

Boshqa bir o‘rinda esa, halol mehnat bilan topilgan qatiqsiz umochni (suvda pishirib olinadigan xamir ovqat) kulochga, ya’ni sharbat, bodom, qaymoq solib pishirilgan kulchaga qarshi qo‘yadi. O‘z mehnati bilan topilgan umochda ko‘ngil tinchligi, osoyishtalik bor. Birov bergan kulochning minnati, bezovtaligi ko‘proq:

Tinch ko‘ngul birla qatiqsiz umoch

Behki, birov minnati birla kuloch.

Komil insonga xos yana bir sifat — rostlik, to‘g‘rilik. Bu tushuncha Navoiyning ko‘p asarlarida izohlanadi. Shoirning bu boradagi xulosasi quyidagicha:

Bir buki, tuz bo‘lsa kishining so‘zi,

Yo‘q so‘zikim, ham so‘zi-yu ham o‘zi.

Tuz — bu to‘g‘rilik, rostlik degani. Insonning so‘zi rost bo‘lishi zarur. Nafaqat so‘zi, o‘zi ham, so‘zda boshqa-yu, ishda o‘zgacha bo‘lish muvofiq emas. Ya’ni:

Ulki shior ayladi yolg‘on demak,

 Bo‘lmas ani eru musulmon demak.

Yolg‘onchi odam xalq e’tiboridan qoladi. Shoir «kizb» — yolg‘on, «kozib» — yolg‘onchi tushunchalariga ko‘p to‘xtaladi. «Tuz — haq», «egri — botil», deydi. Egrilik, yolg‘onchilikni «barq» — chaqmoq, yashinga o‘xshatadi. O‘zi osmonda bo‘lsa ham quyiga tushishini xorlik deb biladi. Egrilik — rejasiz bog‘, tekislanmagan, teng suv icha olmaydigan notekis yer. Yolg‘onchilik yashirin qolmaydi. Tezda elga oshkor bo‘ladi. Yolg‘onchilikda nomi chiqqan odamning rost so‘zi bo‘lmaydi. Unga hech kim ishonmaydi. To‘g‘ri so‘zi ham yolg‘ondek tuyuladi. Shu sabab har qanday mushkul damda ham yolg‘on gapirmaslik kerak:

 Zarurat aro qolg‘on chog‘i,

 Demas ersang, dema yolg‘on dog‘i.

Navoiy talqinicha, dunyoda birovga sitam yetkazish, uning qalbiga ozor berish — yomonlik nishonasi. Yomonlikning jazosi qattiq bo‘ladi. «Farhod va Shirin»da shunday bayt bor:

Birovgakim birovdin yetti ofot,

Hamonokim qatig‘roqdur mukofot.

Shoir «Xamsa»da ko‘p o‘rinlarda «ofot», — ya’ni, yomonlikning natijasini ko‘rsatib o‘tadi. Bu jazoning mezoni qanday? Kichik ozorning ham jazosi kattadir:

Kimgaki bir rishta yetkurding ziyon,

Qatlingga ul rishtani bilgil yilon.

Navoiy ba’zi baytlarda ushbu fikrlarini yana ham kuchaytiradi. «Farhod va Shirin» dostonida shunday bayt bor:

Birovkim rishtaye uzdi jafodin,

Evaz tutmoq kerak ko‘z ajdahodin.

Jabru jafo — yomonlikning katta uzvi. Uning bo‘lak-bo‘lakchalari ham baribir ziyon. Shoir talqinicha, bir rishta jafo zohir etilsa, uning oqibati juda qo‘rqinchli.

«Xamsa»da «rishta» ko‘pgina tushunchalarni nisbatlovchi so‘z. U ozor, ta’ma, qo‘rquv, ko‘rinish va ayni paytda go‘zallik ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Yuqoridagi baytlarda rishta o‘zgalarga yetkaziladigan ozorning eng kichik shakli tarzida talqin etilib, undan keladigan kulfatlarning behadligi ko‘rsatilgan. Ana shu ruhdagi fikrlar mana bu baytda boshqacharoq bayon etilgan:

 Birovkim tama rishtaye qilg‘usi,

 Aning birla bo‘g‘zidin osilgusi.

«Saddi Iskandariy»da Iskandarning Kashmir yurtiga kirib borishi, o‘z odamlariga «kishidin tama qilmasun rishta», deya hukm qilishi bayon etiladi. Rishta — ip. Dor ham ip. Kichikkina ta’maning jazosi katta dor — o‘lim.

«Xamsa» insoniylik, komillik, ma’naviy yetuklikdan saboq beruvchi o‘ziga xos qomusdir. Unda hamma uchun o‘git bo‘ladigan, hayoti davomida amal qilishi zarur bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p saboqlar o‘z ifodasini topgan.

 

Tohir XO‘JAYEV,

Navoiy davlat pedagogika instituti o‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti.



DB query error.
Please try later.