Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
30.01.2018

XALQIMIZNI QUVONTIRGAN, G‘URURLANTIRGAN G‘ALABA!

2018 yil 27 yanvar, Xitoy Xalq Respublikasi. O‘zbekiston futboli tarixida yangi sahifa ochildi. Yoshlar terma jamoamiz Osiyodagi 54 mamlakat ichida tengsiz ekanligini namoyon etdi. Osiyo chempioni degan yuksak unvonga, e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bu yuksak g‘alaba mamlakatimizda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ulkan ishlarning bir natijasi, albatta. Biz butun xalqimizni ushbu ulkan g‘alaba bilan tabriklaymiz!

 

Xitoyda 9-27 yanvar kunlari 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi, Osiyo chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Mard va jasur o‘g‘lonlarimizni, qahramonlarimizni 28 yanvar kuni tungi soat 23:50 da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida butun mamlakatimizdan kelgan minglab futbol muxlislari tantanali ravishda kutib oldi.

G‘oliblarni ko‘rishga, bag‘riga bosishga intilgan odamlarning quvonchi cheksiz edi. «O‘zbekiston» mehmonxonasida g‘olib sportchilarimiz sharafiga bag‘ishlangan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, muxlislar, sportchilarning ota-onalari, OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Prezidentimizning g‘olib sportchilarimizga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Terma jamoamiz a’zolariga Prezidentimiz sovg‘asi – «Malibu» avtomobillari topshirildi.

 

OSIYO CHEMPIONATIDA FUTBOLIMIZNING YANGI TARIXI YARATILDI

— Biz musobaqa finaligacha beshta o‘yin o‘tkazdik. Har bir bahs o‘ziga yarasha qiyin kechdi, — deydi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov. — Ayniqsa, musobaqaning guruh bosqichidagi mag‘lubiyat og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi. Bunday vaziyatni albatta kuchli jamoa yengib o‘tishi mumkin. Biz ham buning uddasidan chiqdik. Har qanday o‘yin, u g‘alaba yoki mag‘lubiyat bo‘lsa ham o‘ziga yarasha saboqdir. Ammo ortda qolgan o‘yinlarni unutib, finalda g‘alaba qozonish orqali barchani xursand qilishni istagan edik. Jamoa bu uchrashuvga tayyor edi. Biz faqat g‘alaba haqida o‘ylagandik. Havo harorati sovuq bo‘lib, qor yog‘ib o‘yin dramatik ruhda davom etdi. Birinchi bo‘limdan so‘ng stadiondagi qor tozalangunga qadar bir soat tanaffus bo‘ldi. Bu vaqtda futbolchilarni ishtiyoqi so‘nmasligi uchun ish olib bordik.

Mazkur Osiyo chempionatida yigitlarimiz g‘olib bo‘lib, futbolimizning yangi tarixini yaratishdi. Bu yigitlar terma jamoamiz kelajagi hisoblanadi. Musobaqadagi g‘alabaga nafaqat o‘yinchilarni mahorati, balki, bir jamoa bo‘lganligimiz, ichki muhit, ruhiy holat yaxshiligi orqali erishdik.

Vetnam terma jamoasi chempionatda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Saralash musobaqalarida kuchli jamoalarni yengdi. Biz raqibni o‘rganib chiqdik va finalda shunga monand o‘ynadik. Vetnamlik futbolchilarni hurmat qilamiz, ularni ajoyib kelajak kutmoqda. Ushbu terma jamoadan kuchli futbolchilar yetishib chiqadi.

Bizning jamoadagi futbolchilarning ko‘pi Yangi Zelandiyadagi U-20 jahon chempionatida qatnashgan, shuning uchun ularda tajriba bor edi. Biz futbolchilarimizni g‘olib bo‘la olishimizga ishontira bildik. Mazkur jamoa tarkibidagi o‘yinchilarning 50 foizi yoshlar. Ular uchun bu yutuq, bu o‘yinlar katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Keyingi yanada nufuzli o‘yinlarda ular o‘zlarini ko‘rsatishlariga ishonaman.

Finalda g‘alaba qozonishning o‘zi bo‘lmaydi, — deydi Osiyo chempioni terma jamoamiz sardori Zabixillo O‘rinboyev. — G‘alaba yo‘lini qadam-ba qadam bosib o‘tdik. Noqulay ob-havo ham bizning yo‘limizni to‘solmas edi. Biz hammasiga tayyor edik. Chempion bo‘lganimizdan so‘ng bizni birinchi bo‘lib Prezidentimiz tabrikladi. Bu e’tibordan, bu ishonchdan, bu g‘amxo‘rlikdan boshimiz osmonga yetdi. Biz g‘alabamizni Prezidentimizga, xalqimizga bag‘ishlaymiz.

— Osiyo chempionatiga ketishdan oldin musobaqa kubogini olib kelamiz, deb va’da bergan edik, — deydi Osiyo chempioni Javohir Siddiqov. — Ushbu va’damizni ustidan chiqqanimizdan juda ham xursandmiz. Biz chempionat davomida chiroyli o‘yinlarimiz bilan muxlislar qalbidan joy olganimizni qalban sezib turdik. Yurtdoshlarimiz bizni qancha qo‘llab-quvvatlashsa, biz ham bor kuchimiz bilan yanada yaxshi natijaga erishishga harakat qilamiz.

— O‘yin qiyin kechdi. Raqibimiz ham faqat g‘alaba qozonishni istar edi, — deydi Osiyo chempioni Andrey Sidorov. — Ammo biz to‘pni ko‘proq egallab turdik va bir qancha golli vaziyatlar yaratdik. Shuning uchun ham O‘zbekiston g‘alabaga haqli edi. To‘g‘risi, maydonga tushaman, deb o‘ylamagan edim. O‘zi shundoq ham g‘alaba qozonishimizga ishonardim. Chunki o‘yinda biz ustunlikka ega edik. Gol urgan paytimdagi holatimni tushuntirib berolmayman. To‘p men tomonga kelayotganida shunchaki unga intildim xolos. To‘p darvoza ichiga borib tushganiga ishonmadim. Keyin esa stadion hayqiriqlarga to‘ldi... Bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga rahmat aytaman...

Futbolchilarimiz ham, millionlab muxlislar ham final uchrashuvi paytida sezdi, asosiy vaqt 1:1 hisobidagi durang bilan tugagach, vetnamlik futbolchilar qo‘shimcha taymlarni ham shu hisobda yakunlab, penaltilar seriyasi to‘g‘risida o‘ylayotgan edi. Chunki Vetnam terma jamoasi chorak va yarim finalda Iroq hamda Qatar terma jamoalarini aynan penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Lekin bizning futbolchilar Vetnamning ushbu rejasini yo‘qqa chiqarib, 119-daqiqada Andrey Sidorovning goli evaziga Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Osiyo chempionlarini taqdirlash marosimida terma jamoamiz yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekov Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Osiyo chempionatining eng yaxshi futbolchisi sovriniga loyiq topildi. «Toyota» kompaniyasi tomonidan 20 000 AQSh dollari bilan taqdirlandi.

 

FUTBOLIMIZNI UYG‘OTGAN YOSHLAR

— Qatar bilan o‘yindan keyin futbolchilarni bir maqsad yo‘lida jipslashtira olgan murabbiylar shtabiga rahmat aytmoqchiman. Futbolimizni uyg‘otgan yoshlar terma jamoasini chin dildan tabriklayman, — deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov. — Bu o‘yinlarni ko‘rib, endi ishonch bilan ayta olaman, 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatining saralash o‘yinlariga tayyormiz. Faqat yosh futbolchilarimizdan bir iltimosim bor, bu musobaqa sizlar uchun chegara bo‘lmasin! Hali bizni futbol muxlislarini xursand qilishimiz kerak bo‘lgan ko‘plab musobaqalar kutib turibdi.

Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti:

— Sizlarni safarga kuzatgan har bir vatandoshimiz, uyda intiq kutayotgan ota-onangiz, aka-ukayu opa-singillaringiz endi g‘ururlanib yurishadi. Sizning bu muvaffaqiyatingiz o‘zbek futboli tarixiga oltin harflar bilan yoziladi. Ayniqsa, «qor jangi»dek ko‘ringan final uchrashuvi tillarda doston bo‘ladiki, biz bu o‘yinni yillar davomida eslab yuramiz va har bir yodga olgan lahzalarimizda o‘zimizni baxtiyor his qilamiz...

 

FUTBOLCHILARIMIZGA BUTUN OSIYO TAN BERDI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. Mazkur suhbatda Koreya Respublikasi Prezidenti ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida futbolchilarimiz ko‘rsatayotgan ajoyib o‘yin va jamoamizni musobaqa finaliga chiqqani bilan samimiy qutlagan edi.

Bu — futbolchilarimiz erishayotgan g‘alabalarga qiziqish, e’tibor qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonlik futbolchilarning final o‘yinida g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘lganiga internetning ijtimoiy tarmoqlarida ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Hoang Nguyen:

— O‘zbekistonni tabriklayman! Men Vetnamdanman. Har ikki jamoa ham juda ajoyib. Men o‘z jamoam bilan faxrlanaman, futbolchilarimiz afsona yaratishdi. Umid qilamanki, har ikki jamoa ham keyingi jahon chempionatida ishtirok etadi.

Tojikiston futbol federatsiyasi:

— O‘zbekiston xalqiga Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati chempionligi muborak bo‘lsin!

Qirg‘iziston futbol federatsiyasi:

— Qo‘shnimiz O‘zbekistonni yoshlar terma jamoasining yorqin g‘alabasi bilan tabriklaymiz.

 

OTA-ONANGGA, USTOZLARINGGA RAHMAT

Jasur Yaxshiboyevni buvisi bo‘laman, — deydi Matluba Aliqulova. — Nevaramni birinchi sinfdaligida «Paxtakor» futbol maktabiga olib borganman. 7-sinfdan «Paxtakor» futbol akademiyasida o‘qishni boshladi. Shu kunlarni ko‘rganim uchun Ollohga shukr. O‘yinlarni tomosha qilib, bolam shu darajaga yetganiga juda xursand bo‘ldim. Yurtini sha’nini himoya qilish uchun jonini jabborga berib o‘ynadi. Bizning bolalarning iligi butun, baribir g‘alaba qozonadi, deb ishonib o‘tirgan edim. Farzandlarimizga tabrik yo‘llagani, shunday qimmatbaho sovg‘alar bergani uchun Prezidentimizga barcha ota-onalar nomidan minnatdorlik bildiraman.

— O‘yinlarni katta hayajon bilan tomosha qildim, — deydi Oybek Rustamovning otasi Ravshan Ermatov. — Bolalarimiz Osiyo chempionatida o‘zlarini naqadar kuchli ekanliklarini namoyon etib, o‘z va’dalarining ustidan chiqishdi. Ularni aql-zakovatiga, yuksak qobiliyatiga, jasoratiga butun Osiyo tan berdi. Farzandlarimiz jonini fido qilib, og‘ir ob-havo sharoitida chiroyli o‘ynab, bizga shunday ulug‘ g‘alabani taqdim etishgani uchun ulardan rozimiz.

 

XALQIMIZ UZOQ KUTGAN G‘ALABA

Yoshlar terma jamoasidagi «Nasaf» futbolchilarini kutib olgani Qashqadaryodan keldik, — deydi Asror Qo‘shmatov. — 30 yanvar kuni «Nasaf» o‘z maydonida OChL-2018 guruh bosqichiga chiqish uchun «Al-Faysaliy»ga qarshi o‘ynaydi. Mamlakatimiz futbolchilari uchun g‘alabalar davomli bo‘lsin.

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidan keldik, — deydi Umrzoq Karimov. — Osiyo chempionatida futbolchilarimiz chempion bo‘lgani bilan hammani tabriklayman. Nasib bo‘lsa, kelgusi jahon chempionatidan ham terma jamoamizni bugungidek maqtanib, g‘ururlanib kutib olaylik.

— Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi Alixon qishlog‘ida yashayman, — deydi Isroil No‘monov. — Yosh futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun keldik. Musobaqadagi o‘yinlarda yigitlarimizni har jabhada kuchliligi, jangovorligi, jismonan baquvvatligi, ruhan o‘yinlarga tayyorligi menga yoqdi. Yigitlar 90 daqiqa futbol o‘ynaydigan bo‘libdi. Nasib bo‘lsa, bu yoshlar jahon chempionatiga chiqadi.

— Biz chempionlarimizni kutib olish uchun Samarqand viloyatidan keldik, — deydi Baxtiyor To‘xtayev. — Milliy terma jamoamiz jahon chempionati saralashiga chiqa olmaganligi sababli ancha tushkun kayfiyatda edik. Yoshlarimiz Osiyo chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng futbolimizga yana qiziqishimiz, ishonchimiz ortdi.

— Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyda o‘qituvchiman, — deydi Ikrom Qodirov. — Futbolchilarimiz jasorat, matonat ko‘rsatib, qorli og‘ir ob-havo bo‘lishiga qaramay xalq uchun, Vatan uchun o‘ynadi.

Futbolchilarimiz xalqimiz, ishonchini oqladi, — deydi Fazliddin Hojimurodov. — Buni hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz. G‘alaba goli kiritilganda ovozim boricha hayqirdim. Ko‘zlarimga yosh keldi...

 Bugun ota-onalar, futbolchilarimizning birinchi ustozlaridan boshlab, barcha murabbiylariga xalqimiz minnatdorlik bildirmoqda. Bu g‘alabada millionlab futbol muxlislari, ayniqsa, Xitoydagi stadionda qor sovug‘ini unutib, uch soatdan ko‘p vaqt tik turib, futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizning ham hissasi borligini alohida e’tirof etish lozim.

Futbolchilarimizning o‘zlari aytayotganidek, bu g‘alabaning bosh omili mamlakatimizda sportni, xususan, futbolni ommalashtirish, rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar, yaratilayotgan shart-sharotlar tufayli ekani barchamizga ma’lum. Bu g‘alabani Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari sari tashlangan muhim qadam, deb hisoblaymiz.

 

Shahboz SAIDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.