12.01.2017

O‘ZBEKISTON SHOHMOT FEDERATSIYASI

yil yakunlari va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi

— O‘tgan yil shohmotchilarimiz uchun g‘alabalarga boy bo‘ldi, — deydi O‘zbekiston shohmot federatsiyasi vitse-prezidenti Bahodir Umrzoqov. — Vakillarimiz turli davlatlarda o‘tkazilgan o‘ttizga yaqin nufuzli xalqaro turnirlarda ishtirok etdi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston ayollar va erkaklar o‘rtasidagi Osiyo chempionati, Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy «Toshkent open» va «Jahon shohmot yulduzlari» singari yirik xalqaro turnirlarga munosib mezbonlik qildi. Hamyurtlarimiz yil davomida xalqaro musobaqalarda jami 40 oltin, 15 kumush va 12 bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan «Osiyo millatlar kubogi»da ikki yo‘nalishda kumush medal bilan taqdirlandi. Yoshlar terma jamoasi a’zolari Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 10 medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan o‘rin oldi. Eronda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida yosh shohmotchilarimiz 7 oltin, 2 kumush, 2 bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston vakillari Sochi shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 36,5 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, o‘tgan yil poytaxtimizda Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar shohmot maktabi ish boshladi.

— Shohmot maktabimiz Markaziy Osiyo mintaqasida yagona hisoblanadi, — deydi maktab direktori Komil Sindorov. — Ayni chog‘da bu yerda Marat Jumayev, Dmitriy Qayumov singari taniqli grossmeysterlar rahbarligida yigirma besh nafar mutaxassis o‘g‘il-qizlarimizga saboq berishmoqda. Maktabimizning Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda filiallari bor. O‘tgan yil davomida o‘n ikki bor maxsus o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari, taniqli shohmot ustalari bilan o‘nlab master-klasslar uyushtirishga muvaffaq bo‘ldik. Kelgusida yangi o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlar yaratish, Rossiya, Armaniston singari davlatlardagi maxsus shohmot maktablari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib boryapmiz.

Tadbir doirasida federatsiya tomonidan o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha turli nominatsiyalar g‘olib va sovrindorlari nomi e’lon qilindi. Vladimir Yegin — «Yilning eng yaxshi murabbiyi», Samarqand viloyati shohmot federatsiyasi — «Yilning eng yaxshi hududiy bo‘linmasi», Nodirbek Yoqubboyev — «Yilning eng yaxshi shohmotchisi», Irina Gevorkyan — «Yilning eng yaxshi ayol shohmotchisi», Nodirbek Abdusattorov — «Yilning eng yaxshi yosh shohmotchisi» nominatsiyalari bo‘yicha maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 

Erkin XOLBOBO,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.