15.10.2019

YaNGI KORXONA RAMZI: OLTIN YO‘L

Bu orzu va maqsadimiz ifodasi hamdir

MA’LUMOT. Loyiha ta’sischisi — «O‘zbekneftgaz» AJ. Tanlangan hudud-Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Nishon tumanlaridagi Sho‘rtan dashti. Loyiha qiymati — 3,6 milliard AQSh dollari. Moliyalashtirish manbalari — Xitoy, Koreya Respublikasi va Rossiya davlatining moliya institutlari. Bosh pudratchi — ­Koreya Respublikasining «Hyndai Engineering Co. Ltd», ­«Hyndai Engineering and Construstion So.Ltd» va Singapur davlatining «Enter Engineering Pte.Ltd» kompaniyalari . Yaratiladigan ish o‘rinlari —1328 ta, shundan bevosita ishlab chiqarish xodimlari 808 kishi jami Sho‘rtan gaz-kimyo majmusidan olinadigan 3,6 milliard kubometr tozalangan metanni qayta ishlab, 1,5 million tonna sifatli va ekologik toza, YeVRO-5 standarti talabiga javob beradigan sintetik suyuq yoqilg‘i mahsulotlarga aylantiradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 307,3 ming tonna aviakerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Nafta yana Shurtan gaz-kimyo majmuiga yetkazilib, undan bir qancha yangi mahsulotlar ajratib olinadi. Korxona ishga tushgach, chetdan keltirilayotgan 1,5 million tonna neft mahsulotlari importini kamaytirish imkoniyati yaratiladi. Yangi zavodning qurilish maydoni 170 gektar.

 

YILLAR VA YO‘LLAR

Shahrisabzdan tongda yo‘lga chiqdim. Mashinada Yakkabog‘ – Qarshi eski yo‘lidan yurganimdan pushaymon edim.

 Sho‘ro zamonida qurilgan bu yulning ahvoli hamon o‘sha-o‘sha. Qaralmagan. Mashina g‘ildiragi har chuqurga tushganda asabing o‘ynaydi. Bu ishga mas’ullar sha’niga achchiq gaplar aytasan. Xayriyat, G‘uzor tumani hududiga kirgach, yo‘lning ancha qismi ta’mirlangan ekan. Mashina ham ortiqcha silkinmay qo‘ydi. Tong yorishib, qatnov ko‘paydi. 

Ancha yurdik, biror manzil ko‘rinmaydi, bu kengliklar ufqqa tutashib ketgan.  Bu dashtu dalalar go‘yo kimsasizdek, hech vaqo yo‘qdek. Ilgari ham shunday tuyulardi. Lekin vaqt o‘tgan sayin Qashqadaryo cho‘llari bag‘rida bebaho xazinalar borligi oydinlasha boshladi. Mustaqillik yillarida  bu boyliklardan  foydalanishga kirishdik.  Agar neft, gaz konlarimizni ishga tushirmasak , yoqilg‘i uchun boshqa davlatlarga qaram bo‘lib qolaverishimiz  turgan  gap edi.

Tobelikdan qutilish uchun bu sohada ham kurash boshlangandi. Ollohning inoyati bilan neft va gazning ulkan zaxiralari Qashqadaryo zaminida edi. Baxtni qarangki, mamlakatdagi eng yirik Muborak gazni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan bir necha bor tanishgandim. Mustaqillikning yirik inshootlaridan biri-Ko‘kdumaloq kompressor stansiyasi ishga tushganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim. Sho‘rtan dashtidagi gazni qayta ishlash korxonasiga har borganimda faxrlanardim, quvvati  baland bu korxona  mamlakatimiz iqtisodiy  quvvati oshishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 1996 yilda shu dashtda «Sho‘rtan gaz-kimyo» majmui qurilishi boshlagani haqida maqolalar tayyorlaganman, yangi korxona 2001 yilda ishga tushgandi.

Bu gaz-kimyo majmui bosh muhandisi Shokir Eshmurodovning  aytishicha, hozir korxonada 4100 ishchi, injener-texnik xodim mehnat qilmoqda. Yiliga 3 milliard 450 million kubometr metan, 110 ming tonna suyultirilgan gaz, 90 ming tonna kondensat, 125 ming tonna polietilin va katta miqdorda oltingugurt ishlab chiqarilmoqda. Ushbu korxona bilan viloyat ahli haqli ravishda faxrlanadi.

Sho‘rtan dashtining biz yetib kelgan hududdagi har xil rangdagi  texnikalarni ko‘rib, naq ko‘rgazmalar maydoni deysiz. Yuzlab mashinalar tizilgan. Uzoqdan qad kutarayotgan zavod binosi ko‘zga tashlanadi.

Mustaqillik yillarida gaz-kimyo majmui ishga tushgach, tozalangan metandan suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan butunlay yangi zavod qurish rejasi ham  tuzilgandi . Bir necha xorijiy davlatlar ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilgandi. Yangi korxonaning o‘rnini belgilash uchun Angliyadagi brend-ramzlar yaratuvchi «Malwell Corporate Projects» kompaniyasiga buyurtma berilgandi. Natijada «O‘zbekiston oltin yo‘l» degan ramz tayyorlandi . Keyinchalik «O‘zbekiston JTL» MChJ tuzildi. Ammo «Oltin yo‘l JTL» degan nom keng ommalashdi. Bizga ana shu atama ma’qul bo‘ldi. JTL- inglizcha «gazdan-suyuqlikka», degan ma’noni berarkan.

Xullas, 2012 yil 22 iyul  kuni yarim tunda Sho‘rtan dashtidagi 75 gektar maydonga 1 million 12 ming 840 dona elektor lampochkasi o‘rnatilib , tunda «Oltin yul» ramzi, bo‘lajak zavodning nurli tasviri porlagandi. 

Mamlakat taraqqiyotining yangi davri, o‘zgacha shijoat bilan boshlangan islohotlar beqiyos yangiliklar, tarixiy voqealarga boy bo‘lmoqda. Masalan, gaz qazib chiqarishni 2021 yilda 73 milliard kubometrga yetkazish belgilanayapti. Bu gazning anchasi chet elga eksport qilinadi. Yana shunisi borki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 90 foizi gaz hisobidan hosil qilinmoqda. Shuning uchun atom elektr stansiyasi qurishga kirishayapmizki, bu 3,7 milliard kubometr toza gazni tejash imkonini beradi.

Yurtimizda islohotlar tufayli eksportga mahsulot jo‘natish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash, importni kamaytirish harakati boshlanib ketgan va bu sa’y-harkatlar o‘z samaralarini bermoqda. Masalan, o‘tgan tuqqiz oyda 10 miliard AQSh dollariga teng mahsulot eksport qildik. Yangi korxona ishga tushgach, belimiz yana baquvvat bo‘ladi, ochiq gap shu.

Biroq bu ishlar oson amalga oshmayapti. To‘xtab qolgan qurilishni qaytadan boshlash, xorijiy hamkorlar bilan kelishish, minglab quruvchilarga sharoit yaratib berish talab qilinardi. Buning uchun davlat miqyosida ulkan iroda va texnologiyalarni o‘rnatish uchun yuksak tafakkur talab qilinardi. Voqealar rivojiga ahamiyat beraylik . Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 29 dekabrida «Sho‘rtan gaz-kimyo» kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida» alohida qaror qabul qildi. 2017 yilning fevral oyida Yurtboshimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida zavodga keldi va dolzarb masalalar tahlil qilindi, natijada qurilish yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz 2018 yilning 13 dekabrida yana GTL zavodi qurilishiga keldi. Endi ahvol tubdan o‘zgargan, qurilish ishlari jadal olib borilayotgan edi. Ulkan yuk ko‘targichlar, murakkab texnologik uskunalarni yig‘ishga kirishilgandi. Rahbarimiz barcha ishlar bilan yaqindan tanishdi, xorijlik hamkorlar bilan suhbatlashdi. Shu tarzda Sho‘rtan gaz-kimyo majmui yaqinida yana bir loyihani amalga oshirish, yangi zavod ishlab chiqaradigan naftani obdon qayta ishlaydigan ikkinchi yangi korxonani yaratish, polietilin va polipropilin kabi mahsulotlarni ko‘paytirish, natijada yagona texnologik klaster tuzish istiqbollarini belgilab, tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Quvonchlisi shuki, bu ikkinchi loyihani amalga oshirishga ham kirishilgan.

 

LOYIHA VA TEXNOLOGIK TAFAKKUR

Mamlakatimiz rahbari 2016 yil 16 noyabrda ­Prezident saylovlari arafasida qashqadaryolik vakillar bilan uchrashganda, jumladan, shunday degandi: «Qashqadaryo ulkan sanoat mintaqasi hisoblanadi. Ayniqsa, yoqilg‘i – energetika industriyasi buyicha uning imkoniyatlari beqiyos... Bugungi kunda zamonaviy taraqqiyotni eng ilg‘or texnik va texnologik tafakkursiz tasavvur qilib bo‘lmaydi».

Ruxsat tegib, qurilish maydoniga kirganimda, ana shunday fazilat sohiblari bo‘lgan o‘nlab iqtidorli muhandislar bilan tanishdim. Ulardan biri asli shahrisabzlik, korxona texnik direktorining o‘rinbosari Bekzodjon Ismoilov bo‘ldi. U ancha yil Sho‘rtan gaz-kimyo majmuida mehnat qilibdi. Gaz va neftni qayta ishlash bo‘yicha qobiliyatli bu muhandisning hozir ikki o‘g‘li ham shu soha bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olisharkan. Ish yuzasidan bir qancha xorijiy davlatlarda bo‘lgan Bekzodjon ingliz tilini yaxshi bilar ekan. U katta tashkilotchiligini ko‘rsatdi, vaqtincha qurilgan ma’muriy binoga loyihachi va ijrochilarni taklif qildi, butun jarayon bilan tanishtirdi.

Boshda bo‘lajak korxonada ishlaydiganlarning 800 nafardan ziyodi soha mutaxassislari bo‘lishini aytgandik. Hozir ulardan 480 kishi ishga qabul qilinibdi. Jumladan, tanlab olingan 300 muhandis Sho‘rtan gaz-kimyo majmuida va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amaliyotni chuqur o‘rganayapti. Shu yilning iyun-iyul oylarida 25 nafar mutaxassis Qatar davlatidagi yirik korxonada malaka oshirib qaytdi. Ulardan ayrimlari — g‘uzorlik Boybo‘ri Qorayev va Jizzax viloyatidan kelgan Jamol ­G‘ulomov bilan tanishdim. Ular iste’dodli muhandislar ekan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istondagi yirik gaz-kimyo majmuida ishlagan, hozirgi yangi korxona texnik direktorining o‘rinbosarlaridan biri Qidirbay Qaypnazarovning ilmi, fikrlash tarzi e’tiborimni tortdi. U loyihani tushuntirdi va xorijiy mutaxassislarning so‘zlarini ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girib turdi.

Yurtimizni dunyo tanimoqda, biz ham xorijiy mehmonlar, hamkorlarmizni mehr bilan qabul qilayapmiz, yutuqlarimiz bilan tanishtirayapmiz, bilmaganimizni ulardan o‘rganayapmiz. Qurilayotgan zavodda hozir 8 mingga yaqin kishi mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 800 nafardan ortig‘i xorijlik mutaxassislardir. Qurilish maydonida men yapon, koreys, rus, ingliz, italyan va boshqa millat vakillari bilan uchrashdim. Ular bilan suhbatlashganda, tarjimon o‘rniga «Oltin yo‘l»ning muhandislari ingliz tiliga savol-javoblarni o‘girib turishdi. Hozir shu joyda ingliz tilini chuqur o‘rganadigan kurslar ham tashkil etilgan ekan.

— O‘tgan yili Prezidentimiz korxonamizga tashrif buyurganda, men Koreya Ruspublikasidan kelgan hamkorlarimizga tarjimonlik qildim, — deydi. Qidirbay Qaypnazarov. – Suhbat davomida dunyoda shunday 5 ta korxona borligi tilga olindi. Shunda Yurtboshimiz «Bunday korxona 6 ta», dedilar va qo‘shni Turkmanistonda ham qurilayotganini aytdilar. Bu suhbat chog‘ida rahbarimizning yoshlarga mehribonliklaridan ta’sirlandim va faxrlandim.       

Qidirbay tahlil qilib berganidek, «Oltin yo‘l»ning loyihasi Janubiy Afrika davlatining «Sasol», «Daniya» davlatining «Haldor Topsoe» va AQShning «Chevron» kabi kompaniyalarining texnologiyalari asosida tayyorlangan. Loyiha ishlarini Janubiy Koreya Respublikasidagi hamkorlarimiz «Hyndai Engineering Co. Ltd», « Hyndai Engineering and Construstion co.Ltd» kompaniyalari bajarishgan.

Djong ik Son — koreyalik loyiha menedjeri (Technip FMC kompaniyasi):

— Loyiha eng murakkab texnologiyalarni qamrab olgan. Demak, tozalangan metan gazi obdon qayta ishlanib, dizel yoqilg‘i, kerosin, nafta, suyultirilgan gaz olinadi. Biz har bir uskuna o‘z joyiga va loyiha asosida o‘rnatilishini kuzatib borayapmiz. Yurtingizga birinchi kelishim. Samarqand, Toshkent yoqdi. Samarqandning Registonida hayratlandim. Taomlaringizdan osh, manti, kabobni xo‘sh ko‘raman. Ahil ishlayapmiz, yosh mutaxassislaringizning fikri teran ekanligiga ishonch hosil qildim.

Mavritsio FALAZETTI — italiyalik mutaxassis, shartnomalarning nazoratchi menedjeri: 

— Ayta olamanki, o‘zaro tuzilgan bitimlarga to‘la amal qilinmoqda. Nazorat kuchli, ish borishidan to‘la qoniqayapman. Chunki bu sohada 38 yillik tajribaga egaman. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman. O‘zbekiston menga yoqdi. Masalan, mening ikki o‘g‘lim va qizim bor. Hammasi yaxshi kasblarni egallashgan. Katta o‘g‘lim mening sohamda. Farzandlarimiz mehribon va ahil. Bu jihatdan o‘zbeklarga o‘xshaymiz. Do‘stlik, hamkorlik xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtiradi.

— Mana, loyihachi va nazoratchi menedjerlarning fikrini eshitdingiz,— dedi muhandis Boybo‘ri ­Qarayev. — Men hamkasbim Jamol G‘ulomov va boshqalar bilan shu yil Qatar davlatidagi yirik korxona ishini o‘rganib, tajribamizni oshirdik. Biz, mana, Bekzod aka ham, 2017 yilda Koreya Respublikasida bo‘lib, loyihachilar bilan birga ishladik. Juda murakkab texnologiyalarning yechimi izlandi. Loyihada eng oxirgi jarayon – chiqindilar chiqayotganda eskirgan uskunalar o‘rnatish ko‘zda tutilgan ekan. Bu tabiatni iflos qiladigan chiqindi chiqishiga olib kelardi. Fikrimizni isbotladik. Natijada koreyalik hamkorlarimiz loyihaga yangi, eng zamonaviy uskunalar o‘rnatishni kiritishdi.

Bekzodjon va boshqa muhandislar o‘ziga xos texnologiya va yangiliklarni tushuntirib berishdi. Masalan, zavod suvni shu joyda ilgari qurilgan suv ombori va Karshi kanalidan tortilgan quvurlar orqali olarkan. Qizig‘i shundaki, ishlab chiqarish davomida ham suv hosil bo‘larkan va ular tozalanib, yana qayta ishlash uskunalarini sovutishga uzatilarkan. Yana bir yangilik shuki, hosil bo‘lgan yuqori bosimli issiq bug‘ 2 ta trubinali generatorga uzatilib, 98 MVt elektr energiya hosil qilarkan. Bu elektr energiyaning 68 MVt zavodni ishlatish uchun yetarkan va qolgani Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga uzatilarkan. Yana havodan soatiga 240 tonna kislorod oladigan uskunalar xam o‘rnatilayapti. Bunday yangiliklar anchagina.

 

QURILISh MAYDONIDA

Bekzod Ismoilov yo‘l boshladi – ulkan qurilish maydoniga chiqdik. Ko‘z oldingizga keltiring: dunyoning 21 davlatidagi 126 zavodda yasalayotgan 11 mingdan ziyod texnologik uskunalar yurtimizga, mana shu ulkan dashtdagi qurilish maydoniga tashib keltirilmoqda. Men alohida maydonda turgan, Rossiyaning «Volgograd neftmash» korxonasi tamg‘asi tushirilgan 3 ta seperator, uning yonida Germaniyaning «Simens» korxonasida tayyorlangan 2 ta kompressorni ko‘rdim. Ular ulkan va o‘ta og‘ir zamonaviy moslamalar.

Biz dengiz yo‘liga ega emasmiz. Shuning uchun uskunalar ne-ne mashaqqatlar bilan olib kelinmoqda. Xitoy davlatida yasalgan, har biri 550 tonna og‘irlikdagi va uzunligi 50 metr bo‘lgan 2 ta texnologik qurilmani dengiz va logistik marshrutlar orqali O‘zbekistonga olib kelishib, o‘rnatishgani haqida gapirib berishganda, bajarilayotgan ishlar ko‘lami va mashaqqatini yanada ravshanroq  angladim.

  Korxonadagi eng og‘ir va mas’uliyatli ishlardan biri «Fisher-Tropsh» reaktorlarini olib kelish va o‘rnatish bo‘ldi, — deydi Bekzodjon baland va ulkan qurilma qarshisiga boshlarkan. — Bu 2 ta reaktorning og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod bo‘lib, qismlari Yaponiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Koreya, Hindiston kabi davlatlardagi yirik korxonalarda yasalgan. Biz uch mutaxassis 2017 yilning yozida Yaponiyaning Nagasaki shahri yaqinidagi «Xitachi Zosen» korxonasiga borib, reaktorning tegishli qismlari qanday yasalayotganini kuzatib turdik. Barcha mamlakatlarda yasalgan reaktor bo‘laklari keltirilgach, mana shu maydonda yig‘ildi va peshma-pesh o‘rnatib borildi. Barcha ishlar 2019 yilning sentabr oyida yakuniga yetdi. Buning uchun 1350 tonna yuk ko‘taradigan krandan foydalanildi. Metanni qayta ishlashda reaksiyaga kirishish holati xuddi shu uskunada amalga oshiriladi. Bu ishlarning boshida yaponiyalik mutaxassislar turishdi. Ana, yana bir muhandis kelayapti, savolingizni bering, men tarjima qilaman.

Ivasaki YaShITO — Yaponiyaning «Xitachi Zosen» kompaniyasi mutaxassisi:

— Biz Janubiy Afrikadagi «Sasol» kompaniyasi uchun ham reaktorlar yasab berganmiz. Bu yangi zavodda ish ancha qiyin bo‘ldi. Reaktor qismlarini ochiq maydonda yig‘ib, birin-ketin o‘rnata boshladik. Barcha ish sifatli bajarildi. O‘zimdan so‘rasangiz, Tamana shahrida yashayman, oilada ikki qiz va o‘g‘il farzandni o‘stirayapmiz. Keksalarni izzat qilish, farzand tarbiyasida o‘xshashligimiz ko‘p ekan. O‘zbekiston yaxshi rivojlanayotganiga amin bo‘ldik.

Kris PRINS — Janubiy Afrika Respublikasidagi «Sasol» kompaniyasi muhandisi:

— Zavodning loyihasiga biz ishlatayotgan texnologiyalar asos qilib olingan. Shuning uchun yurtingizga mutaxassis sifatida kelib, zavodda uskunalarni o‘rnatish jarayonlarini nazorat qilib borayapman. Ishlar loyiha asosida ketayapti. Demak, zavod ishga tushgach, qurilmalar benuqson ishlashiga kafolat bor. Ana shu asosda sertifikat beriladi. Men Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz shaharlarida bo‘lib, unutilmas taassurot oldim. Yurtimga qaytganimda farzandlarim, hamkasblarimga hikoya kilib beraman.

Ravshan FOZILOV — «Xitachi» kompaniyasining xavfsizlik bo‘yicha muhandisi:

— Men Qarshi shahrida tug‘ilib o‘sganman. Hozir xorijiy kompaniyada mehnat xavfsizligi buyicha ishlayapman. Bu juda mas’uliyatli ish. Barcha xodimlarimizga ish kiyimlari berilgan, kaska kiyishlari, qoidalarga amal qilishlarini nazorat qilib borayapmiz.

 Faxriddin ABDURASULOV — «Oltin yo‘l» korxonasi bosh direktori:

— Mana, ko‘rdingiz, loyihada ko‘zda tutilgan jarayonlar qat’iy nazorat bilan davom etayapti. Hozirgacha belgilangan ishlarning 70-80 foizi bajarildi. Muhtaram Prezidentimiz o‘zimizda tayyorlanayotgan ashyolardan keng foydalanish vazifasini ham qo‘yganlar. Ana, g‘ishtni Kitob, Qarshi, Samarqanddan olib kelayapmiz. Metall Bekoboddagi korxonadan jo‘natilmokda. Ayniqsa, temir-beton buyumlari yasashga katta e’tibor berildi. Huv qarang, 22,5 metrlik tikka temir-beton «ustun», «balka»lar Qarshidagi «Porloq» MChJ ga qarashli korxonada yasalgan. Bemalol, tanishing, quruvchilar bilan suhbatlashing...

Aylanib yurganimizda, tushlikka chiqayotgan bir guruh quruvchilarga duch keldik. Normurod Nazarov Qarshi tumanining Qovchin qishlog‘ida yasharkan. Orif Ahmedov bir necha yil Koreyada ishlagan, bu xalqning tili va odatlarini yaxshi bilarkan. Yoshi ulug‘ Beshboy Mamatqulov ko‘plab qurilishlarda ishtirok etgan ekan. «Barchamiz qurilish-montaj ishlarida qatnashayapmiz. Sharoit, maosh va ishimizdan rozimiz», deydi dehqonobodlik Bahrom Eshnazarov.

Xalqimizda «Bo‘sh qop tik turmaydi», degan dono naql bor. Xo‘sh, buncha kishiga yashash va ish sharoiti qanday yaratib berilmoqda? Bu savollarni berganimda, Bekzod Ismoilov avval Bosh pudratchi tomonidan vaqtincha qurilgan qo‘rg‘onga boshladi. Yuzlab binolarda barcha quruvchi bemalol joylashar ekan. Yana 1600 o‘rinli yotoqxonalar qurilmokda. Demak, agar qurilish ishtirokchilari 10 ming kishiga yetsa ham turar-joy muammo bo‘lmaydi. Qiziqib, «A-14» atalgan yotoqxonaga kirdik. Ma’mur Elbek Saidov sharoit bilan tarishtirdi. Xonalar ikki kishilik, bir kishiga mo‘ljallangani ham bor ekan. Ichadigan, yuvinadigan suv bor, dush ishlab turibdi. Zamonaviy nimkatlar qo‘yilgan. Kichkina sovutkich, biokondensioner, televizor bor. Vaqtinchalik emas, 20-25 yil foydalansa bo‘ladigan binolar qurilibdi.

Bekzodjon «Oltin yo‘l» korxonasi xodimlari uchun qurilgan kichkina shaharchaga boshladi. Uch qavatli zamonaviy binolar tiklanibdi. Shu joyda sog‘lomlashtirish markazi, suzish havzasi, kutubxona, ochiq tennis korti, mini futbol maydoni bor ekan. Jami 304 xona ikki kishilik va 66 xona bir kishilik ekan. Xonalar zamonaviy mebellar, nimkatlar bilan jihozlangan, alohida yuvinish xonalari ham bor. Binolarning oldiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazilibdi.

Zavod maydonida tibbiyot uchun alohida bino ajratilgan. Men ovqatlantirish bilan qiziqdim. Bekzodjon singapurlik hamkorlarimiz boshida turib qurdirgan oshxonalardan biriga boshladi. Oshxonaga samarqandlik Shokirjon Saliyev bosh - qosh. Xushnud kutib oldi, stol atrofiga o‘tqazib, oldimizga yangi yopilgan issiq obi non, shirinlik va choynakda choy qo‘ydi. Uning aytishicha, barcha masalliqlar Samarqanddagi «Mironko‘l» tashkilotiga qarashli omborlardan keltirilarkan, sifati yaxshi. Oshxonada 15 kishi ishlaydi va barcha zamonaviy pishirish uskunalari o‘rnatilgan. Elektr va gaz bilan ishlaydi. Har kuni nonushta, tushlik va kechki ovqat maxsus tuzilgan taomnomalar asosida tayyorlanadi.

Vaqtini ayamay, ulkan korxona qurilishi bilan tanishtirgan Bekzodjon Ismoilovga rahmat aytib, xayrlashdim. Mashinada kutgan hamrohim – Yunus Boboyevga ko‘rganlarimni qisqacha aytib, yo‘lga tushdim. Gaz-kimyo majmuiga qarashli yerlar o‘rmon bo‘lib ketibdi. Yangi zavodda ham obodonchilikka katta e’tibor berilayotgan ekan. Birdan bu yerga kelayotganimizda yul chetida qo‘y boqib yurgan, ertalab ko‘rgan cho‘pon bolaga ko‘zim tushdi. Beixtiyor mashinani to‘xtatdim. Ancha o‘yladim va bu safar cho‘pon bola huzuriga o‘zim bordim. Qo‘y haydab ancha joyga borib qolgan ekan, charchasam-da, o‘jarlik bilan yuraverdim. Bordim, tanishdim, ismi Bahodir ekan.

— O‘qishga borgandim, to‘plagan balim yetmadi, — dedi u o‘spirinlarga xos jarangdor ovoz bilan. — Mana, «Kimyo» darsligini qayta-qayta o‘qiyapman. Bilasizmi, o‘qib, injener bo‘lmoqchiman, siz borgan «Oltin yo‘l» korxonasida ishlayman. Hozir otamga yordamlashayapman. Tag‘in o‘ylamang...

— Yo‘q, o‘g‘lim, senga ishonaman,o‘qishga ham kirasan. Albatta, shu korxonada ishlaysan. Tilagim shuki, hayot yo‘ling oltindan bo‘lsin...

Izimga qaytib, mashinaga o‘tirganimda, qalbim ajib hislarga to‘lgandi.

                                                                           

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


 

 

 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: