1,5 milliard so‘m milliy valyutadagi pul mablag‘i
omonatlarga jalb qilindi
Milliy matbuot markazida «Turonbank» ATB tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyatining rivojlanishi, elektron banking xizmatlarining takomillashuvi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida bankning kapitallashuv darajasi oshib, resurs bazasi va likvidligini yanada mustahkamlashga, investitsion faollikni kuchaytirishga hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga bankning barcha moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishi ta’minlanganligi ta’kidlandi.
— Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida bank zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va ko‘lamini oshirish, ayniqsa, masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimlarini yangi imkoniyatlar bilan boyitish, amalda foydalanilayotgan dasturiy vositalarni yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda, — deydi «Turonbank» ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Risqulov. — Shuningdek, zamonaviy internet va mobil texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali yuridik shaxslar uchun yaratilgan «Korporativ internet-banking» va «Turon-mobayl» kabi tizimlar tamomila yangilandi hamda ularga bir qator qo‘shimcha xizmat turlari qo‘shildi. Xususan, ushbu tizimlar orqali valyuta ayriboshlash (konversiya) amaliyotlarini amalga oshirish yuzasidan OnLine buyurtmalarni shakllantirish, korporativ kartochkalarni kerakli hajmdagi mablag‘lar bilan to‘ldirish, plastik kartochka hisobvaraqlariga kirim qilish uchun o‘z xodimlarining ish xaqi reyestrini shakllantirib yuklash kabi xizmatlar joriy etildi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar uchun «MyTuron» masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimi qayta dasturlandi. Ushbu mobil ilova orqali jismoniy shaxslarga OnLine rejimda istalgan vaqtda konversiya amaliyotlarini o‘tkazish, bank omonatlariga mablag‘lar kiritish, kreditlarni so‘ndirish, kommunal, byudjet, soliq, aloqa, internet va boshqa ko‘plab xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘tkazish imkoniyatlari yaratildi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mobil ilova orqali bank mijozlariga 5 million 130 ming AQSh dollari sotildi va 1,5 milliard so‘m milliy valyutadagi pul mablag‘lari omonatlarga joylashtirildi. Shuningdek, joriy yil iyun oyida ushbu mobil ilovaga HUMO plastik kartalari orqali kartadan kartaga pul mablag‘larini o‘tkazish hamda to‘lovlarni amalga oshirish funksiyalari ham qo‘shildi.
Bugungi kunda «Korporativ internet-banking», «Mobil bankning» va jismoniy shaxslar uchun mo‘jallangan «MyTuron» mobil ilovalari foydalanuvchilari soni kundan-kunga ortib bormoqda. Joriy yilning 1 iyul holatiga «Korporativ internet-banking» va «Mobil banking» tizimlari xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik shaxslar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga, yil boshiga nisbatan esa 21 foizga ko‘paygan.
Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning ehtiyojlarini doimiy monitoring qilib borish maqsadida filiallarda elektron navbat tizimi, Call-centr va resepshn xizmati orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Matbuot anjumanida bank tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yaratilayotgan yangi qo‘layliklar, kelgusida belgilanayotgan vazifalar, bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Toshtemir XUDOYQULOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.