30.04.2019

DAVLAT MARD KELSA, DEHQON HAM KAM KELMAYDI

Andijonlik fermerlar qishloq xo‘jaligini majlisbozlik, ma’muriy buyruqbozlik bilan rivojlantirib bo‘lmasligini aytishmoqda

Qishloq xo‘jaligi — millionlab yurtdoshlarimizni band qilib turgan eng ulkan tarmoq. Bu sohada har qanday qaror, har bir tadbirni dehqon bilan bamaslahat qilmasdan yaxshi natijaga erishish mumkin emas. Lekin, afsuski, yerning qalbi, sohaning dardini biladigan zahmatkash insonlar bilan kam gaplashyapmiz, yig‘ilishlarga chaqirib, ko‘p aql o‘rgatyapmizu, ularni ham eshitish kerakligini esdan chiqarib qo‘yapmiz.

Muxbirimiz Andijon viloyatiga xizmat safari chog‘ida fermerlar, qishloq xo‘jaligida «eti qotgan» dehqonlar bilan suhbatlashdi.

 

Bahodirjon RAHIMOV, Andijon tuman «Nafosatli dala ravnaqi» fermer xo‘jaligi rahbari, Andijon tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:

— Olti yildan beri fermer xo‘jaligi rahbariman. Bugunga kelib, anglaganim shuki, fermer mehnatdan qo‘rqmasligi kerak. Ha, aynan qo‘rqmaslik. Chunki mehnatdan qochish boshqa, mehnatdan qo‘rqish boshqa. Yer egasi mehnatdan qo‘rqmasa, yaratadi, yashnatadi, boyiydi, boyitadi. Chunki yer hammani, olamdagi barcha jonzotni boqadi. Osmonda uchib yurgan qushlarni, qurt-qumursqani, hattoki okeandagi baliqlarni ham yer to‘ydiradi. Shuning uchun yerni e’zozlashimiz, u bilan tillashish kerak, desam balandparvoz gapdek eshitilishi mumkin. Lekin yerni sevmasak, qadrlamasak, qanday olamshumul rejalar haqida o‘ylamaylik, birimiz ikki bo‘lishi qiyin.

Aytish kerakki, oramizda sohaga adashib kirib qolganlar ham yo‘q emas. Masalan, bir kemani tasavvur qiling. Unda turli odamlar bor. Kimdir u qirg‘oqqa, kimdir bu tarafga nimadir olib o‘tadi. Kemaga chiqishdan hammaning bir maqsadi bor. Lekin bular nima qilar ekan, degan qiziqish bilan kuzatib turganlar ham uchrab turadi. Ular maqsadsiz kishilar. Dehqonchilikda buni kechirib bo‘lmaydi. Ana shunday shaxslardan yerni olib, haqiqiy rejasi, tashabbusi, asosiysi, maqsadli harakati bor insonlarga berish kerak. Chunki yerdan foydalanishning o‘z tartib-qoidalari bor, qonun bor. Ularga amal qilmaganlarni kechirib bo‘lmaydi. Fikrimcha, bunday shaxslar uchun davlat, xalq manfaati ahamiyatsiz. U o‘g‘rilikni biladi. Ana shundaylarning maqsadi bo‘lmaydi. Bilasizmi, ayrim toifa insonlar bor: ular biror ishni qilsam, uddalab ketaman, deb o‘ylaydi. Vaholanki, o‘sha vazifani qanday bajarishni bilmaydi.

Qonun, qaror va farmonlar ishimizga mas’uliyatni oshiradi, imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Lekin aslida qishloq ho‘jaligi ishlari hammasi tavakkalchilik. Chunki uning qolipi, dalaning esa devori ham, tomi ham yo‘q. Puxta o‘ylab, ishning ko‘zini bilgan kishi, muhimi, yer ilmidan xabari bor inson daromad qiladi, undan boshqalar ham manfaat ko‘radi. Masalan, bozorda bir kilo olma 1,5 ming so‘m, behi esa 20 ming bo‘lyapti. Nega? Sababi, behi kam. Talab darajasida yetishtirilmayapti. Demak, bozor ehtiyojidan kelib chiqib mahsulot yetishtirish dehqonning, fermerning vazifasi.

O‘ylashimizcha, davlatning talabi ham, istagi ham shu: xalqimiz dasturxonini arzon, sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish. Fermerning boshqalarga ham nafi tegishini ta’minlash. Shuning uchun ko‘p tarmoqli fermer ho‘jaliklari ko‘payishi, ularga ishlash uchun erkin sharoit yaratilishi lozim. Ana shunda fermer ham, uning ishchilari ham davlatning cho‘ntagiga ko‘z tikmaydi. Har xil qing‘ir ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, davlat nomidan ish tutadigan rahbarlar mard kelsa, dehqon ham kam kelmaydi.

 

Ikromjon QALANDAROV, Jalaquduq tumanidagi «Dadaboy» fermer xo‘jaligi rahbari:

— Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib, avvalo shuni aytmoqchimanki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun birinchi navbatda majlisbozlikni to‘xtatish kerak. Bu — davlat rahbarining ham talabi. Afsuski, fermerlarning 20-30 foiz vaqti yig‘ilishlarda o‘tadi. Bir soatmi, besh soatmi, farqi yo‘q. O‘sha kuni tuman markaziga borib kelish kerak. Bu fermer qimmatli bir kunini yo‘qotdi, degani. Dalada endi ish boshlamoqchi bo‘lsangiz, o‘n ikkiga, birga yoki yana qaysidir vaqtga majlisga chaqirishadi. Axir fermer bir necha yillardan beri bajarib kelayotgan ishini o‘zi qilaveradi. Hammani bir joyga to‘plab, kimgadir tanbeh berib yoki kimnidir maqtash bilan vaziyat o‘zgarib qolmaydi. Ish dalada bo‘ladi, xonada emas.

Ba’zida rahbariyatdan «menga tilla olib berarmiding?» degan gaplarni ham eshitamiz. Maqsad nima? Yerdan nimadir olish, yaratish emasmi? Axir yerdan olingan mo‘l hosil chinakam boylik-ku? Nega endi shartnoma rejasini 100-120 foiz bajargan fermer dalasidagi g‘o‘za poyalarini yig‘ishtirib ololmaydi? Odamlar biz beradigan 15-20 ming so‘m uchun ishlamaydi. Ularga kuzda yig‘ib olinadigan o‘tin kerak. G‘o‘zapoyalari berilmasa, yollanma ishchilar ishlashga kelmaydi. O‘tgan yili xuddi shu holat kuzatildi. Agar ruxsatsiz poyalar yig‘ishtirilsa, darhol javobgarlik uchun chaqirilamiz.

Bundan tashqari, bug‘doy ekishdan oldin dalani g‘o‘zadan tozalab, yerga yaxshilab ishlov berish kerak. G‘o‘zapoyalar ichiga sepilgan urug‘ yovvoyi o‘tlarga aralashib ketadi. Agrotexnika to‘g‘ri olib borilmagach, bahorda 50-60 o‘rniga 40 sentnerdan bug‘doyga ham rozi bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Prezidentimiz tomonidan imzolanayotgan qaror va farmonlar quyida yaxshi ishlamaydi. Agar ular amaliyotga to‘liq tatbiq etilsa, rivojlanish, yuksalish sur’ati qanchalar ortib ketishini bilasizmi?

Misol uchun, hujjatlarga ko‘ra, fermerning 10 foiz yerini erkin holatda qo‘yish belgilangan. U yerga qo‘shimcha daromad uchun istalgan ekinni ekish mumkin. Birinchi navbatda, almashtirib ekish orqali hosildorlik, tabiiyki, dehqon manfaatdorligi ortadi. Bu yerga bo‘lgan mehrni yanada kuchaytiradi.

O‘zim fermer bo‘lganim uchun aytmayapman. Lekin insonning ishi rahmatga arziydigan bo‘lsa, uni rag‘batlantirish, masalan, ortiqcha topshirilgan hosil uchun balandroq narx to‘lash kerak, nazarimda. Bir kishiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va uning ishiga nisbatan yaxshi munosabat boshqalarni ham ana shunga chorlaydi. Hosilni ortig‘i bilan yetishtirishga, davlatni aldamaslikka bor kuchi bilan harakat qiladi.

Yana bir gap. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini ko‘paytirish, ishini rivojlantirish dolzarb sanaladi. Ushbu masalada bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qildim. Chorvachilik uchun qo‘shimcha yer so‘radim. Zotdor, ko‘p sut beruvchi qoramollar sotib oldim. Ammo ularni boqishga joy yo‘qligi bois, ayrimlarini sotishimga to‘g‘ri keldi. Arizam, murojaatim negadir e’tiborga olinmayapti. Sababi esa menga qorong‘i.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining ko‘payishi juda ham yaxshi. Chunki ish o‘rni yaratiladi. Bozorlarimiz arzonlashadi. Xalqimizning dasturxoni to‘kin-sochin bo‘ladi. Biroq buning uchun sharoit yaratilmasa, yer-joy ajratilmasa, qaror va farmonlar qog‘ozda qolib ketaversa, o‘sish bo‘lmaydi. Ko‘p tarmoqli xo‘jalik tashkil etildi, deb ma’lumot tayyorlagan bilan amalda o‘zgarish bo‘lmasa, kimni aldaymiz? Kimga nima naf bundan?..

 

Hamidillo ORTIQOV, Jalaquduq tumanidagi «Habibillo» fermer xo‘jaligi rahbari:

— Fermerning o‘zi dalaning boshida turmas ekan, 10 kishi bo‘ladimi yoki undan ko‘pmi ko‘ngildagidek ish tashkil qilinmaydi. Bemahal majlisbozlik oqibatida fermerning umri dalada emas, yo‘lda, xonalarda o‘tadi. Agar rasmiyatchiliklar kamaysa, ishimizda ancha unum bo‘ladi. Eng qizig‘i, o‘sha yig‘ilishlarda fermerning fikri hech kimga qiziq emas.

Masalan, tunov kuni yig‘ilish bo‘ldi. Bir fermerning g‘o‘zalari 90 foiz chiqqan. Lekin undan suv quyish talab qilindi. Aslida bunga hojat yo‘q edi, ozgina yomg‘ir bilan urug‘ning qolgan qismi unib chiqadi. 10 foizni deb 90 foiz paxtani dangasa qilib qo‘yish mumkin. Unib chiqqan g‘o‘zaga hozir suv quyilsa, ildizi yer ostiga emas, ustiga o‘sadi. Keyin uni tez-tez sug‘orib turish talab etiladi. Aks holda, salbiy holatlar yuzaga keladi. Fermer shularni tushuntirdi, biroq mutasaddilar eshitishni istamadi. Oqibatda tushunmovchilik kelib chiqdi. Tepaga tushunib-tushunmay yetkazilayotgan axborot bilan xulosa berish ham to‘g‘ri emas, nazarimda. Kimningdir ishiga baho bermoqchi bo‘lgan shaxs fermer dalasiga borib, ahvolni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi, xatosi bo‘lsa, o‘sha yerning o‘zida to‘g‘ri maslahat berishi yoki uni to‘g‘rilash uchun zarur choralar ko‘rilishi lozim. Quruq gap bilan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Bir masalani aytish vazifam, deb bilaman. Qishloq xo‘jaligida hammaga birdek majburiyat, talab yuklab bo‘lmaydi. Sababi — olinadigan hosilning hajmi, sifati bevosita yerning tarkibi, joylashuvi, iqlimiga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun, bizning qishloq sharoitida 4 xil yer bor. Qaysi navni eksa, qanday natija bo‘lishini dehqon o‘zi yaxshi biladi. Shuning uchun tanlash imkoniyatini uning o‘ziga qo‘yish kerak. Fermer so‘ragan urug‘ berilishi lozim. Yil davomida oftobning tig‘ida mehnat qilgan odam daromad qilishni istaydi. Negadir urug‘lar tumanlashtirilgan. Bir tuman belgilangan navni ekishi aytiladi. Masalan, bizning yerimizda hamma nav ham hosil beravermaydi. O‘tgan yilning oktabr-noyabr oylarida urug‘ uchun bergan buyurtmamiz e’tiborsiz qolgani uchun boshqa tumandan sotib olishga majbur bo‘ldik. Bu ortiqcha chiqim, ovoragarchilik degani.

O‘tgan yili yangi navdan ekkandik, natija yomon bo‘lmadi. Bu yil ham ana shu urug‘dan qadadik. Bor mahoratimiz, mehnatimizni ishga soldik. Ob-havo yaxshi kelsa, rejani ortig‘i bilan bajarish maqsadidamiz.

 

Olloberdi YULDASHEV, Jalaquduq tumanidagi «Istiqlol karvoni» fermer xo‘jaligi rahbari:

— Paxta 80-90 foiz ochilgach, terimga tushilyapti. Bu juda ham yaxshi. Chunki paxta yaxshi yetilgach, terilsa, sifati oshadi, birinchi navga qabul qilinadi. Biroq ayrim hollarda shoshqoloqlik bilan paxta 50-60 foiz ochilgan maydonlarga ham terimchilar yuborilyapti. Bu fermerlarga zarar. Nimaga deysizmi, ikkinchi, uchinchi terim paxtalari past navlarda, arzon narxda qabul qilinadi. Bu dehqonning daromadiga va kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Keyin esa o‘z-o‘zidan u davlatni aldashni boshlaydi. O‘zboshimchalik bilan paxta yoki bug‘doy o‘rniga boshqa ekin ekadi. Chiqimni qoplash, kasod bo‘lib qolmaslik uchun chora izlaydi.

80-90 foiz ochilgan dalada ikkinchi terimdan keyin paxta tugaydi. Shunga qaramay, uchinchi, to‘rtinchi terimga majburiy chiqariladi. Vaholanki, arzimagan 100-200 kilo sifatsiz paxtani deb yer ham, odamlar ham sarson. Unga to‘lanadigan puldan bir necha barobar ortiq chiqim bilan ozgina paxta teriladi. Mana shularning o‘rniga paxta tugagan dalalarni tezroq poyalardan bo‘shatish, shudgorlash ishlarini olib borish kerak. Bu kelgusi yil mo‘l hosil olish kafolati bo‘ladi.

Agar fermer shartnoma shartini bajarib qo‘ysa, keyingi bosqich ishlariga o‘tish uchun sun’iy to‘siqlarga nima hojat bor? Dalalarni qancha tez bo‘shatsak, ishlov berib bug‘doy uchun hozirlasak, yer shuncha dam oladi, hosildorlik ortadi. Agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri bajarilmasligi oqibatida ko‘pchilik jabr ko‘radi.

Fikrimcha, yana takrorlayman, fermer shartnoma asosida ishlashi kerak. Shartnoma shartlari bajarilmasa, muddati kelganda qonuniy choralar ko‘rilsin. Unga qadar fermerni, dehqonni biroz o‘z holiga qo‘yish lozim. Chunki olinadigan hosildan u ham manfaatdor, unga ko‘z tikib turgan ishchilar ham. Hech kim yerga yomon niyatda urug‘ qadamaydi. Afsuski, bizda shartnoma istalgan paytda o‘zgarib turadi. Bu qaysi mantiqqa, qaysi tartibga asosan qilinishi noma’lum.

Shuningdek, hosilni qabul qilish maskanlaridagi laborator tekshiruvlar ham kimgadir bo‘ysunmaydigan bo‘lishi lozim. Shunday bir tizim topish kerakki, u xolis baho bersin. Fermerga ham, tashkilotga ham yonbosmasin. Negadir laboratoriyalarda doim hosildan kamchilik topiladi, namligi yuqori, ifloslangan, navi past va yana boshqa sabablar bilan yaroqsiz, deb baholanib, bug‘doy hamda paxtaning kilosi kamayib ketadi. O‘ylashimcha, ushbu masalada ham yangilik joriy qilinishi lozim. Laboratoriya ishi hech qaysi tarafga og‘ishmaydigan usulda tashkil etilsa, odamlar, ayniqsa, qadoq qo‘lli dehqonlar rozi bo‘ladi...

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA

yozib oldi.

 

TAHRIRIYATDAN:

Fermer-dehqonlarning yuqoridagi fikrlarini eshitib, turli mulohazalar tug‘iladi. Eng avval xayolga keladigan xulosa shuki, ma’muriy buyruqbozlik bilan qishloq xo‘jaligida katta o‘zgarishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Hamma hokim yoki hududlardagi boshqa rahbarlar ham paxta yoxud bug‘doy dalasidan chiqmagan, dehqonchilikning sir-sinoatini yaxshi bilmaydi. Qurilish sohasi yoki bo‘lmasa huquq-tartibot tizimidan bugun hokimlikka o‘tgan amaldor ertaga bir tumanga borib, qirq yillik dehqonlarga dalani ko‘rmay, ekinning holatini bilmay «hozir borib paxtani sug‘orasan», «men bilmayman, shu bugunoq g‘allangga dori sepasan», deb buyruqbozlik qilib o‘tirsa, qishloq xo‘jaligida ahvol o‘nglanishi qiyin. Aksincha, vaqt-bemahal o‘tkaziladigan majlislar ko‘pni ko‘rgan dehqonu fermerlarning hafsalasini pir qilishi, davlatga nisbatan ishonchini susaytirishi, shashtini so‘ndirib qo‘yishi mumkin. Aslida bu ancha nozik va chuqur masala.

To‘g‘ri, har xil qing‘ir ishlarni ko‘zlab, yerdan g‘ayri maqsadlarda foydalanish payida yuradigan fermerlar bilan qattiqroq gaplashish, ularni doim tergab turish to‘g‘ridir. Lekin bu yerda boshqa savol ham kelib chiqadi. Yerga mehri, halol mehnatga e’tiqodi yo‘q kimsalarga qaror bilan yer berib, fermer qilganlar kim? O‘ylasak, muammolarning sabablari ochilib boraveradi.

Ishini biladigan, o‘zini hurmat qiladigan fermerlar faqat shartnomada belgilangan shartlar asosida ishlashni istashini, asabbuzar gap-so‘zlar, uzoq cho‘ziladigan majlislar faqat ziyon ekanini aytishmoqda. Ular haq. Chunki hujjat ustuvor bo‘lmagan, qonun-qoida qadrlanmagan joyda buyruqbozlik avj olaveradi.



DB query error.
Please try later.