16.04.2019

Odamlar salomatligida iqtisodiyotning o‘rni

qay darajada muhimligini rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ham ko‘rish mumkin

Hayot darajasining inson salomatligiga, dunyoqarashiga, kayfiyatiga ta’siri haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Keling, ushbu omilni sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq jarayonlar misolida ko‘rib chiqaylik. Bu borada o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirilmokda. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar 11 trillion so‘mdan iborat bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan taxminan 20 foizga ko‘pdir. Shunga qaramasdan, joylardagi holat siyosiy partiyalar faollari va deputatlardan iborat ishchi guruhlar tomonidan monitoring qilinganda sohada yechilmagan muammolar borligi aniqlanmoqda. Shu o‘rinda aholi salomatligi darajasini belgilaydigan, og‘ir kasalliklarning paydo bo‘lishi va yoshlar o‘rtasida tarqalishiga sabab bo‘layotgan ba’zi bir omillarga iqtisodiy tahlil nuqtai nazaridan yondashib ko‘raylik. Nega deganda barcha mamlakatlardagi ijtimoiy holat iqtisodiy taraqqiyot darajasiga bog‘liq.

YuNISEF xalqaro tashkilotining xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan bir qismi o‘zining kundalik ehtiyojlarini past darajadagi daromad hisobiga qondirar ekan. Xo‘sh, bu mablag‘lar mavjud narxlar doirasida inson organizmini yetarli darajada oqsillar, uglevodlar, vitaminlar bilan ta’minlashga xizmat qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, dorivorlar va gigiyenik tovarlar sotib olishga yetadimi?

Yuqoridagi raqamlar mag‘zini chaqib ko‘rsangiz mamlakatimizda qon aylanish tizimi kasalliklaridan vafot etganlarning ko‘rsatgichi nima uchun yuqori ekanligini tushunib olasiz. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘limiga asosiy sabab perinatal davrida sodir bo‘lgan holatlardan, birinchi navbatda ayollarning kamqonligidan kelib chiqishini ham tushunish qiyin emas. 12 yil avval respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda respublika aholisining eng ko‘p va eng kam daromadlarga ega qatlamlarining farqi 9 baravarga yetganligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan va ayrim choralar belgilangan, bir necha yillar davomida muayyan darajada ijobiy natijalarga erishilgan ham edi. Ammo jahon moliyaviy inqirozining yangi silkinishi ta’sirida 2014 yildan boshlab mamlakatimizga mehnat muhojirlari tomonidan jo‘natiladigan pul o‘tkazmalari keskin kamaydi, bu esa daromadlardagi tabaqalanishni qaytadan kuchaytirib yubordi. Bugungi kun nuqtai nazaridan daromadlar o‘rtasidagi farqni bartaraf etishga qaratilgan e’tibor talab darajasidami yoki yo‘qmi degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Albatta, davlat tomonidan ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan aniq choralar belgilangan, faqat ular yetarli darajada ishlashi lozim.

G‘alla yetishtirish borasida yetakchi mamlakatlar olimlari bug‘doyning o‘rtacha hosildorligi 30-35 sentnerdan oshsa, uning tarkibi buzilishi va sifati pasayishini ta’kidlashadi. Bizlar esa hattoki eng past tabiiy unumdorlikka ega bo‘lgan yerlardan kimyoviy vositalar yordamida ikki baravar ko‘proq hosil olishga harakat qilamiz. ...Yonida yosh bolasi bor hasharchi ayol fermerdan ish haqi evaziga kartoshka bera qoling, deb iltimos qildi. Uning javobi bunday bo‘ldi: «Singlim, sizning yordamingiz tufayli hosilni o‘z vaqtida yig‘ib oldim, men sizdan minnatdorman, lekin pul evaziga kartoshka olishingizni ravo ko‘rmayman. Hosil yaxshi bo‘lishi uchun men bor pulimga kimyoviy vositalar sotib olib yerga soldim va men uning tarkibida kraxmaldan ko‘ra zaharli moddalar ko‘proqligini bilaman. Qarindoshlarim yoki qo‘shnilarim kasallikka uchramasligi uchun men bu kartoshkalarni iloji boricha uzoqroq joylarga jo‘natishim kerak...»

Dehqonchilik qilinadigan maydonlarda kimyoviy vositalardan foydalanish me’yorlari ilmiy jihatdan nechog‘lik asoslangan va ko‘pchilik holatlarda agronomsiz faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklarida agrotexnik qoidalarga rioya qilish talablari qay tarzda va kim tomonidan nazorat qilinadi? Modernizatsiyaga muhtoj kimyo zavodlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlar qay darajada standartlar talabiga mos keladi? Bunday holatlar nafas olish va ovqat hazm qilish organlari kasallanishi, allergik kasalliklarning tarqalishiga asosiy sabab bo‘lib xizmat qilmayaptimi?

 Tan olish kerak, bozorlarimizdga sanitariya-gigiyena nazorati kuchaytirilganligiga qaramasdan inson salomatligiga xavf tug‘diradigan chorvachilik mahsulotlarining kirib kelish ehtimoli katta. Chorvachilik komplekslari hududiga maxsus kiyimsiz kirish mumkin emasligini ko‘pchilik juda yaxshi biladi va ularda yetishtiriladigan mahsulotlarning sifatliligi shubha ostida bo‘lishi mumkin emas. Faqat 10 million boshdan ziyod qoramol 3 millionga yaqin oilada boqilayotganini inobatga olsak, ulardagi sharoit sanitariya-gigiyena talablariga to‘la mos kelishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Xususiy sektorda veterinariya xizmati mutaxassislar yetishmasligi tufayli talab darajasida yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi. Dehqonchilik mahsulotlarini intensiv kimyoviy yo‘l bilan ko‘paytirish faoliyatidan voz kechish va dunyoda yuz berayotgan tendensiyalar talablariga mos sharoitlar yaratish, yuqori ulushga ega bo‘lgan va yakka tartibda amalga oshirilayotgan chorvachilik sohasini intensiv texnologiyalarga asoslanib yangicha tashkil etish — jamiyatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. Aks holda davlat byudjetidan sog‘liqni saqlashga yunaltirilayotgan mablaglar miqdoridan qat’i nazar, sohada sezilarli o‘zgarishlar yuz berishi amri mahol bo‘lib qolaveradi. Turizm sohasini rivojlantirishda ham ushbu muammolarni hal etish muhim ahamiyatga ega, nega deganda yaponiyalik sayyohlar qo‘lidagi nazorat asbobi bilan meva va sabzavotlarni tekshirayotganiga ko‘pchiligimiz guvohi bo‘lganmiz.       

Lekin aholi salomatligini ifodalaydigan vazifa bu bilan cheklanmaydi, jamiyatimiz oldida o‘z yechimini kutayotgan boshqa muammolar ham bor bo‘lib, ulardan biri aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashdir.

Respublikamizning ayrim aholi zich joylashgan tumanlarida ushbu ko‘rsatgich 30-35 foizdan oshmaydi. Xalqimizni o‘tmishda ushbu birlamchi ehtiyojini to‘laqonli qondirish uchun chorak asrga teng muddat yetmagan bo‘lsa-da, hozirgi investitsion imkoniyatlardan kelib chiqib, ushbu dolzarb masala ko‘pi bilan to‘rt-besh yil ichida hal etilishi mumkin. Iqtisodiy til bilan aytganda, suv ta’minotini yaxshilashga qancha ko‘p mablag‘ sarflansa, sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar undan ham ko‘p miqdorda tejalishi muqarrar. Albatta, ushbu jarayon kompleks yondashuvni talab etadi. Buning uchun tejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bir qatorda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini joylashtirish tizimini marketing tadqiqotlari yordamida tubdan o‘zgartirish va toza ichimlik suvini dehqonchilik faoliyatida iloji boricha kamroq sarflashga to‘g‘ri keladi.

Shu o‘rinda uzoq yillar davomida kattaroq maydonlarda bog‘ va tokzorlar yaratishni inkor etib ulkan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yganimizga e’tibor qaratmoqchiman. Nega endi hozir ham yuqori talabga va narx nuqtai nazaridan yuqori rentabellikka ega bo‘lgan mahsulotlar yetishtirishni kengaytirishga jadallik bilan kirishmasdan ikkilanib qolyapmiz? Nahotki shu paytgacha aynan ho‘l va quruq mevalar, ho‘l va qayta ishlangan uzumning O‘zbekiston uchun raqobatbardoshligi boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan ko‘ra yuqoriroq darajada ekanligini tushunib yetmagan bo‘lsak? E’tiborga molik tomoni shundaki, aholimiz va davlat byudjeti yuqori daromadlarga erishishidan tashqari bunday yondashuv natijasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga tezroq yechim topiladi, bolalarimiz esa arzon va vitaminlarga boy bo‘lgan mahsulotlardan yetarli darajada bahramand bo‘ladi.         

O‘zbekistonda yaqin 10 yil ichida dunyoning 50 raqobatbardosh mamlakati qatoridan joy olish maqsadida amaliy ishlar boshlandi. Sir emaski iqtisodiy faoliyatda inson omili juda muhim rol o‘ynaydi. Shu o‘rinda mamlakatimiz real sektorining har bir sohasi jismonan baquvvat va aqlan yetuk malakali kadrlar bilan ta’minlanishi hozirgi zamonning eng muhim talabidir. Hech shubha yo‘qki, inson organizmi ratsional tarzda kerakli moddalar bilan to‘yintirilmasa, bu fiziologik jarayonlarga, jumladan, aqliy va jismoniy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Inflyatsiyani jilovlash yo‘li bilan aholini arzon va sifatli kundalik ehtiyoj mollari bilan ratsional tarzda ta’minlashga erishsak, yoshlarimiz mamlakatimizga tobora jadallik bilan kirib kelayotgan zamonaviy texnologiyalarni tezroq o‘zlashtirib, chet ellarda og‘ir jismoniy faoliyat o‘rniga tadbirkorlik, ijodkorlik va boshqaruv faoliyati bilan shug‘ullanadigan bo‘ladi.

Prezidentimiz aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan baliqchilik sohasini bejizga jadallik bilan rivojlantirishga kuchli e’tibor bermayotir. Boshlangan keng ko‘lamli ishlar mantiqiy yakunini topsa, baliqning narxi chorva go‘shti narxidan 4-5 baravar farq qiladigan va aholining barcha qatlamlari baliq sotib olishga qurbi yetadigan bo‘ladi. Nima sababdan intensiv texnologiyalar yordamida nafaqat baliq, balki boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning ijobiy natijalari yaqqol sezilmayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, mamlakat miqyosida savdo faoliyatini tartibga soladigan va muvofiqlashtiradigan boshqaruv organini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratish payti keldi. Shu yo‘l bilan ham chetdan import qilinadigan va mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladigan iste’mol tovarlarini aholiga tizimli tarzda yetkazib berishga, ham mahsulotlar sifatining nazorati va narx-navoni tartibga solishni tubdan yaxshilashga erishish mumkin.

Ta’kidlash joizki, mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish ishchi-xodimlar, ayniqsa, yoshlar va ayollar salomatligiga kuchli ta’sir etadigan omillardan biri. Oxirgi yillarda xususiy tadbirkorlikni amalga oshirish borasida davlat tomonidan katta erkinliklar berildi. Shu bilan birga, ish rejimiga, texnika va mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish jamiyat nazoratidan chetda qolib ketmoqda. Haftada 40 soat o‘rniga 50-55 soat, kechasi bilan 8 soat emas 12 soat eskirgan, shovqin va chang chiqarish me’yorlariga javob bermaydigan, ekologiyani buzadigan asbob-uskunalar bilan jihozlangan korxonalarda yosh qizlarimizning ishlashi ularning reproduktiv salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 Sobiq Ittifoq davrida bu ishlar kasaba uyushmalarining zimmasiga yuklangan edi, bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda ular hozirgacha ushbu jarayonlar nazorati borasida mas’ul bo‘lib kelmoqda. Bizda bu kamchiliklarning nazoratida vujudga kelgan bo‘shliqni qonunchilikni takomillashtirish yo‘li bilan tezda bartaraf etish maqsadga muvofiqdir.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish inson salomatligini yaxshilash borasida qanchalik muhim ekanligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Hammaga ayonki, nafaqat shaxsiy yengil avtomobillar, balki jamoat transportidan foydalanishdan ko‘ra velosipedda harakatlanish isbot talab etmaydigan afzalliklarga ega. Faqat ushbu harakatlanish vositasining narxi yuqori ekanligi sababli muayyan muammolar vujudga kelmoqda. Shunday ekan, velosipedlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini kengaytirish yordamida ushbu transport vositasidan foydalanish qamrovini kengaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.

 Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, aholi salomatligini yaxshilash uchun faqat sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun iqtisodiy faoliyat samaradorligini yaxshilash hisobiga aholining to‘lov qobiliyatini oshirish, daromadlar tabaqalanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, inflyatsiyani jilovlash yo‘li bilan aholining barcha qatlamlari uchun munosib hayot kechirishni ta’minlaydigan sharoitlar yaratish lozim. Mamlakatimizda xalq farovonligining real holatini aniqlash, birinchi navbatda, statistika faoliyatidagi shaffoflikka, tahliliy faoliyat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligiga bog‘liq. Buning uchun respublika aholisi soniga aniqlik kiritish, uning asosida ijtimoiy sohadagi mavjud muammolar yechimi ketma-ketligini aniqlash, davlat byudjeti imkoniyatlarini ularga moslashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi samaradorligini belgilaydigan asosiy omil — ilm-fanga tayangan holda ijtimoiy va iqtisodiy faoliyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik qurishga e’tiborni kuchaytirish lozim.

 

Ilhom VAFOYeV,

iqtisodiy sharhlovchi.



DB query error.
Please try later.