16.04.2019

IJTIMOIY SO‘ROVNING MAMLAKAT TARAQQIYoTIDAGI ROLI QANDAY?

Bozor iqtisodiyoti sharoitida barcha demokratik mamlakatlarda aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha muntazam ravishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib boriladi. Bu orqali jamiyatdagi turli toifalarning voqea-hodisalarga munosabati aniqlanib, tegishli xulosalar chiqariladi, muhim chora-tadbirlar belgilab olinadi. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2019 yil 22 fevraldagi «Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni O‘zbekistonda sotsiologik fanlar rivojini, ijtimoiy tadqiqotlar darajasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Birinchidan, ushbu hujjat asosida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tashkil etilib, uning zimmasiga fuqarolar dunyoqarashini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlarini, ularning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongi darajasini belgilash, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning holati va dinamikasi to‘g‘risida, aholining ijtimoiy fikri haqida ishonchli axborotni tarqatish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, bu hujjatda xorijiy tadqiqotchilik amaliyotida faol foydalaniladigan va zamonaviy axborot yondashuvlariga tayanadigan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish texnikasi va texnologiyalarini ishlab chiqish, moslashtirish, tatbiq etish va ularning keng usullarini qo‘llash, jamoatchilik fikrini o‘rganishning metodologik asoslarini tahlil qilish va takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini ham ta’kidlash lozim.

Ikkinchidan, farmonda «Ijtimoiy fikr» markazining moddiy-texnik bazasini, sohaning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlar mehnatini rag‘batlantirish masalalarini hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, Markazning rahbar va ilmiy xodimlariga byudjet mablag‘lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlar, ilmiy-texnik dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish miqdori hamda shartlarini, Markazning boshqa xodimlariga esa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga idoraviy mansub muassasalar uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini tatbiq etish belgilangan. Shuningdek, Markazni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ta’minlash tartibini joriy etish zarurligi qayd etilgan.

Markazga telefon va Internet tarmog‘i orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mamlakatimiz hayotining boshqa yo‘nalishlariga doir dolzarb joriy masalalar yuzasidan aholi o‘rtasida blits-so‘rov o‘tkazish uchun call-markazini tashkil etishda amaliy va texnik yordam ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni monitoring va tahlil qilish maqsadida Markazning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi»,«Qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash markazi» va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining axborot tizimlari faoliyatiga doir statistik va boshqa axborotlardan foydalanishi belgilangani ham Markaz faoliyati uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Uchinchidan, «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o‘tkaziladigan sotsiologik so‘rov va tadqiqotlar natijalaridan amaliyotda foydalanish yo‘llari va usullari belgilab berilgan. Jumladan, bu natijalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida muntazam muhokama qilish va ular bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishni amaliyotga joriy etishga e’tibor qaratilgan. Bundan buyon Markaz tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari ommaviy axborot vositalari, markaziy davlat telekanallari, bosma nashrlar va Markazning veb-saytida doimiy ravishda yoritib boriladi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida «Ijtimoiy fikr» ruknida ko‘rsatuvlar berib boriladi. Bu esa nafaqat rahbar va mas’ul xodimlar, balki har bir O‘zbekiston fuqarosi xalqning ijtimoiy kayfiyatidagi o‘zgarishlardan vaqtida xabardor bo‘lib borishini ta’minlaydi. Natijada odamlarning siyosiy ongi va tafakkuri, fuqarolik pozitsiyasi yanada ortib boradi.

To‘rtinchidan, farmonda O‘zbekiston sotsiologiya fani rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, bu borada kadrlar tayyorlash sifati va darajasini oshirish bo‘yicha aniq va samarali tadbirlar belgilangan.

Shuningdek, tegishli oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilidan boshlab sotsiologiya va sotsiologik tadqiqotlar kafedralarini ochish ko‘zda tutilayotgani ham ushbu ilm-fan yo‘nalishida yangi tarixiy qadam bo‘ladi.

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab «Ijtimoiy fikr» markazining buyurtmanomalariga ko‘ra, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, shu jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi» ta’lim yo‘nalishi va «Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti» magistratura mutaxassisligida tahsil oluvchi talabalarni 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Markazga muntazam yuborilishi nazarda tutilayotgani bo‘lg‘usi sotsiolog kadrlar va olimlarda amaliy bilim va ko‘nikmalarni, hayotiy tajribani oshirishda g‘oyat muhim ahamiyatga egadir.

Yurtimizda sotsiologiya sohasida yangi tuzilma – O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi tashkil etilayotgani ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi muhim voqeadir. Chunki bu soha rivoji va ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan olim va mutaxassislar faoliyatiga hech qachon bunchalik katta e’tibor berilmagan. Farmonda ushbu tashkilotning faoliyat yo‘nalishlari ham aniq belgilab berilgan. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga sotsiologiya fanidagi eng yangi yutuqlarni va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishning innovatsion yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha ular bilan hamkorlik qilish, xalqaro va xorijiy sotsiologlar assotsiatsiyalari bilan hamkorlik qilish, sifatli sotsiologik ishlarni, jumladan, xorijda o‘tkazish maqsadida konsorsium tashkil etish, Xalqaro sotsiologlar assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish, butun jahon sotsiologik kongresslar va forumlarda ishtirok etish kabi vazifalar belgilangani kelgusida O‘zbekiston sotsiologiya fani ham jahon miqyosiga ko‘tarilishiga qaratilgan g‘oyat dadil va istiqbolli rejalardir.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasida o‘qitiladigan «Mehnat sotsiologiyasi», «Mehnat bozori iqtisodiyoti» va «Demografiya» fanlarining o‘quv dasturlariga sotsiologiya fanidagi eng yangi yutuqlarni va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishning innovatsion yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha tashkil etiladigan O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik qilish rejalashtirildi.

Ma’lumki, sotsiologik fan yutuqlari boshqa ijtimoiy fanlar, jumladan, iqtisodiy bilimlar rivojida ham muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda, Prezidentimizning mazkur farmoni mamlakatimizda ijtimoiy fikr rivojini o‘rganish, sotsiologik yo‘nalishdagi fanlar rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga doimo ana shu ilm-fan tarmoqlari bilan yaqin hamkorlik qilib keladigan iqtisodiyot fanlari yuksalishiga ham turtki beradi. Shuning uchun mazkur farmonda belgilab berilgan barcha muhim topshiriq va ko‘rsatmalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish – barchamiz uchun dolzarb vazifa, deb o‘ylayman.

 Gulnora ABDURAHMONOVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisod fanlari doktori.



DB query error.
Please try later.