Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
15.01.2019

FAOL INVESTITSIYALAR VA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz iqtisodiyotida asosan davlat mulki hukmronlik qilishi natijasida ulkan imkoniyatlardan foydalana olmay kelingani va buning oqibatida jiddiy iqtisodiy-ijtimoiy nomutanosibliklar paydo bo‘lgani bugun ko‘pchilikka ma’lum. To‘g‘ri, nomarkazlashtirish va xususiylashtirish uzoq yillar davomida amalga oshiriladigan jarayon.

Xo‘sh, qanday yo‘l tutsak yo‘qotilgan imkoniyatlarni tiklab, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlaymiz?

Mutaxassis sifatida aytamanki, Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini chuqur tahlil qilsangiz, aynan shu savolga javob topasiz.

2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning 5 ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar Strategiyasida raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etish iqtisodiy faoliyatdagi eng muhim vazifa etib belgilangan. Savol tug‘iladi: mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardosh bo‘lishi uchun qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

Bu mavzu mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va davriy nashrlarida deyarli uchramaydi. Shuning uchun ushbu tizimga biroz ta’rif berishga to‘g‘ri keladi.

Raqobatbardosh iqtisodiyot deganda, maqbul sur’atlar va mutanosiblik bilan doimiy o‘sib boruvchi, aholi turmush darajasi izchil yaxshilanib borishini ta’minlaydigan, bozor iqtisodiyoti qonunlari asosida ishlab chiqilgan xo‘jalik mexanizmiga ega milliy iqtisodiyot tushuniladi. Bunda davlatning iqtisodiy faoliyatdagi roli maksimal darajada cheklangan bo‘lib, iqtisodiy resurslarning erkin harakatlanishiga bozor dastaklari — talab va taklif, erkin raqobat va narx-navo ta’sirida erishiladi.

Buning uchun O‘zbekistonimizda asosli imkoniyatlar mavjudmi? Dunyo tajribasidan andoza oladigan bo‘lsak, barcha mamlakatlar yuqorida ta’kidlab o‘tilgan iqtisodiy tizimni tanlagan. Nega deganda, globallashuv sharoitida yopiq iqtisodiy tizim bilan rivojlanishga erishishni kutish xom xayoldan boshqa narsa emas.

Tan olish kerak, O‘zbekiston mustaqillik yillari davomida o‘ziga xos yo‘llar bilan iqtisodiy rivojlanishga erishishga harakat qilib keldi. Faqat davlat mulki hukmronlik qiladigan iqtisodiy munosabatlardan voz kechmasdan turib, jahon xo‘jaligi bilan integratsiyalashishga qaratilgan harakatlar kutilgan natijani bermadi. Chunki rivojlangan mamlakatlar, ya’ni potensial investorlarning iqtisodiyoti xususiy mulkchilikka tayanadi va bunday tizim davlat mulkiga asoslangan, markazlashgan iqtisodiy tizimga zid hisoblanadi. Buning isbotini strategik hamkor mamlakatlar tomonidan tavsiya etilayotgan investitsiyalarni o‘zlashtirish holatidan ham ko‘rish mumkin.

 Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi an’ana bo‘lib qolgan uslubda bir million kishini ish bilan ta’minlaydigan bandlik dasturini ishlab chiqsa, ahvol chatoq deyavering. Buni anglash uchun bir masalaga aniqlik kiritaylik. Oxirgi ikki yil davomida jalb etilgan investitsiyalar hajmi misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganiga qaramasdan, mehnatga layoqatli yoshga yetgan kishilarning uchdan bir qismi nima sababdan yana ishsizlar qatoriga qo‘shildi?

Statistik raqamlar o‘yiniga kirishib ketgan va bundan aslo charchamaydigan iqtisodchilar bitta oddiy haqiqatni tushunishga harakat qilishsa yaxshi bo‘lar edi. Ya’ni, mehnat bozoridagi keskinlikning asl sababi shundaki, mamlakatimiz iqtisodiyotining mavjud tarkibiy tuzilishi va erishilgan YaIM hajmi doirasida yiliga ko‘pi bilan 300 ming kishini ish joyi va munosib ish haqi bilan ta’minlash mumkin xolos. Bunday holat 27 yildan beri davom etmoqda va buni isbotlash uchun hech qanday xalqaro ekspertning yordami kerak emas.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti jahon xo‘jaligining tarkibiy qismi ekanligi va jahon bozori bilan chambarchas bog‘langanligini tushunish uchun iqtisodchi olim bo‘lish ham shart emas. Global moliyaviy inqiroz jahon bozorida shakllangan muvozanatni buzdi, uning kon’yunkturasida yuz bergan o‘zgarishlar O‘zbekiston eksport qiladigan strategik tovarlarga bo‘lgan talab hajmini kamaytirdi va ular narxlarining pasayib ketishiga sabab bo‘ldi. Bunga tabiiy gaz, rangli metallar, yengil avtomobillar, paxta tolasi va mineral o‘g‘itlarni misol keltirish mumkin.

Natijada mamlakatimizga kirib kelayotgan valyuta tushumlari kamayib, oltin-valyuta zaxiralarining qisqarishi davom etmoqda. Tashqi savdodagi salbiy natijalarni ichki bozor uchun zarur bo‘lgan tovarlarni eksport qilish hisobiga bartaraf etish yo‘lidagi urinishlar inflyatsiyaning kuchayishiga sabab bo‘ladi, bu o‘z navbatida, mehnat bozorida vujudga kelgan keskinlikni bartaraf etishga to‘sqinlik qildi.

Biz yana bir masala ustida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Mehnat muhojirlari tomonidan jo‘natiladigan pul o‘tkazmalari ko‘paymoqdami yoki kamaydimi? Bu holatlar ichki bozorga, xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Tomorqalarda ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan, go‘sht va sut mahsulotlari miqdori ko‘paymoqdami? Yoki... Bu savollarga o‘z vaqtida javob topilmasa, nomutanosibliklar vujudga keladi, bu esa iqtisodiy-ijtimoiy masalalar yechimini murakkablashtiradi.

Bunga quyidagilarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, oila daromadlarining asosiy qismi (65 foizdan ko‘prog‘i) oziq-ovqat mahsulotlari sotib olishga sarflanmoqda. Tan olish kerak, bu milliy iqtisodiyotni boshqarishda ilmiylik tamoyilidan umuman voz kechilganini bildiradigan eng tushunarsiz nomutanosiblikdir. Agar 2019 yildan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylashtirishda marketingga tayanadigan yangi yondashuvlarga o‘tilsa, mavjud 4 million gektar sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanib, nafaqat aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki 12 millionga yaqin bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish ham qiyin bo‘lmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, fermer xo‘jaliklari qaramog‘idagi 600 ming bosh qoramol me’yorlarga nisbatan uch baravar past darajada ozuqa bilan ta’minlangan ekan. Mantiqan olganda, individual sektor tasarrufidagi 11 million bosh qoramolning ozuqa bilan ta’minlanishi bundan yaxshiroq bo‘lishi mumkin emas va ushbu muammo parallel tarzda hal etilmasa, aholining go‘sht ta’minotiga doir e’tirozlarini yaqin yillarda bartaraf etish amri mahol bo‘lib qolaveradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholini go‘sht bilan ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o‘tishi bejiz emas va buni quyidagi raqamlar bilan izohlash mumkin. Mamlakatimiz aholisining yillik pul daromadlari 18 milliard dollar atrofida bo‘lib, shuning taxminan 5 milliard dollari go‘sht va sut mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi. Mavjud muammolarga qaramasdan, mol go‘shtining tannarxi jahon bozori narxlaridan ko‘ra 2 baravar past. Bundan xulosa shuki, agar ilmiy asoslangan ozuqa bazasi yaratilsa, ushbu mahsulotlar tannarxi yanada pasayadi va O‘zbekiston ikki-uch yil ichida ularning eksportchisiga aylanishi mumkin. Bu esa sabzavot sotishdan ko‘ra anchagina manfaatli ish.

An’anaviy tarzda qoramol boqish bilan 3 millionga yaqin qishloq oilasi shug‘ullanib keladi. Taxminiy hisob-kitoblar va ijrochilarning so‘zlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, hozirgi sharoitda bir bosh molni go‘sht yetishtirish maqsadida boqayotgan dehqonning yillik sarf-xarajatlari 5 million so‘mdan kam emas. Buning oqibatida qoramol sonining kamayib borishi ehtimoli juda katta va tezroq buning oldini olish kerak.

Qizig‘i shundaki, mamlakatimiz iqtisodiyotida vujudga kelgan eng murakkab chalkashlikni bartaraf etish uchun katta sarmoya ham talab etilmaydi. Paxta va g‘alladan bo‘shayotgan maydonlarda yetarli darajada ozuqabop ekinlar joylashtirishning o‘zi kifoya.

Ozuqa balansi buzilganligidan dalolat beradigan oddiy misol. Bundan 30 yil ilgari O‘zbekistonda chorva va parranda soni 2-3 baravar kam bo‘lgan, ammo makkajo‘xori 5 baravar ko‘p yetishtirilgan. Xo‘sh, bu masalani ijobiy hal qilish shunchalik qiyinmi?

Tabiiy savol tug‘iladi: qishloq xo‘jaligi yoki iqtisodiyot vazirliklarining mutasaddi xodimlari chorvachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi takliflarni, innovatsion yondashuvlarni ilgari surmasa, bu sohada o‘zgarishlar qayerdan yuz berishi mumkin?

Hisobot yilida g‘alla va paxta davlat tomonidan jahon bozoriga yaqinlashtirilgan narxlarda xarid qilindi va shunga qaramasdan, ushbu sanoat xom ashyolari yetishtirish miqdori 2017 yilga nisbatan mos tarzda 2 million va 600 ming tonnaga kamaydi. Xo‘sh, gap faqat suv zaxiralaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan tizim yaratilmaganligidami, yoki davlat buyurtmasi asosini tashkil etuvchi xo‘jalik mexanizmining batamom eskirganligidami?

Oddiy misol keltiraman. Mening bir tanishim qishloq maktabida qorovul bo‘lib ishlaydi. U maktabning bo‘sh turgan yeri va o‘z tomorqasida sarimsoq piyoz yetishtiradi. Uch-to‘rt yil ilgari ushbu faoliyat foydasi hisobidan «Matiz» sotib olganini bilaman. Uning fermer qo‘shnisi necha yillardan beri 50 gektar maydonda paxta va g‘alla yetishtirish bilan band. Lekin eski traktoriga ikkita ballon ham sotib ololmay yuradi. Xulosa shuki, agar bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgan klaster tizimi bo‘lmaganida agrar sohadagi natijalar bundan ham achinarli ahvolga tushib qolishi turgan gap edi.

Bugun samarasiz ishlatilayotgan yerlar ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga ham, go‘sht va sut yetishtirayotganlarga ham yetadi. Biroq qishloq xo‘jaligidagi islohotlar qishloqdagi rahbarlarning iqtisodiyot, menejment va marketing asoslarini qay darajada bilishiga ham bog‘liqligini unutmaslik kerak. Bugun fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi agronomsiz ishlayotgani, sohaning ilm-fandan uzilganligi sir emas.

Yana bir dolzarb vazifa bu — asosiy kapitalga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar birligidan imkon qadar samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishdir. Yirik loyihalar shak-shubhasiz davlat tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Ammo muhim bir masala ayrim hollarda inobatga olinmasdan qolayotganga o‘xshaydi. Gap investitsion resurslarning o‘zlashtirish muddatlari to‘g‘risida.

Misol uchun, agar Buloqboshi tumanidagi sement zavodi va shunga o‘xshagan loyihalarga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hisob-kitobi 20 yildan keyin ham o‘zini oqlamasligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu eskirgan korxonalarning qatori bundan keyin ham kengayaveradi degani emasmi? Dunyo sanoati to‘rtinchi inqilobni boshdan kechirmoqda va unga ko‘ra, har qanday korxona 6-7 yil ichida texnologik jarayonni yangilashga majbur.

Biz ham shu yo‘l bilan qadam bosmasak, ko‘p vaqt o‘tmay nafaqat yengil avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatish, balki butun mamlakat iqtisodiyotini ham temir parda bilan yopishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, investitsiyalarni jalb qilishdagi jarayonda e’tiborga molik boshqa jiddiy masalalar ham ko‘p.

Misol uchun, oltinga teng meva va uzumlarimizni eksport qilishdagi qiyinchiliklarni ko‘ra bilib turib, sun’iy pomidor yetishtirishga mo‘ljallangan bir gektarlik issiqxonaga yarim million dollargacha sarmoya sarflash oqibatlari to‘g‘risida biron mutasaddi shaxs bosh qotiryaptimi? Axir importyor mamlakatlar gidroponika usulini yoqlab sabzavot yetishtirmoqda, bizga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

Yuqoridagi misollardan xulosa shuki, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi tashqi qarzning o‘sishiga mos kelishi kerak, aks holda bu holat jiddiy muammolarni tug‘dirishi mumkin.

 Shundan kelib chiqib, xalkaro ekspertlardan faqat bitta masalada yordam kutish mumkin — bu ham bo‘lsa, mavjud ichki va tashqi sharoitlarni inobatga olgan holda yaqin 10-15 yilda O‘zbekistonning xalqaro mehnat taqsimotidagi o‘rni nimadan iborat bo‘lishi va shundan kelib chiqqan holda qanday qilib real iqtisodiy rivojlanishga erishishning ustuvor yo‘nalishlarini yoritib berishdir. Nega deganda, eng qiyin masalalardan biri bu — yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish masalasi. Hattoki biron bir viloyat o‘z hududida mustaqil tarzda yangi yirik zavod va fabrikani joylashtirishni boshlasa, ikki-uch yil o‘tmasdan ular ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘laqonli foydalana olmasdan, birin-ketin to‘xtashni boshlaydi. Buni o‘tgan asrning 90-yillarida mamlakatimizda to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish amaliyotidan ko‘rish mumkin. O‘sha paytdagi sharoitni hozirgi zamon nuqtai nazaridan tahlil qilsak, yaqin yillarda bunday holat sement sanoatida yuz berishi ehtimoli juda katta. Asosiy sabab shundaki, energiyani arzon narxda ishlab chiqaradigan mamlakatlar bu borada O‘zbekistonga nisbatan ustunlikka ega. Shundan kelib chiqib, eksport potensialiga ega bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini qisqa muddat ichida ikki baravarga ko‘paytirish uchun yetarli darajada marketing tadqiqotlari o‘tkazilganmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Shunday ekan, nimani, qachon va kim uchun ishlab chiqarish kerak, degan savollarga javobni faqat markazlashgan holda tashkil etiladigan, ilmiy asoslangan marketing tadqiqotlari yordamida topish mumkin.

Albatta, qaysi xorijiy mamlakat eksperti bo‘lmasin, bizga takliflarini o‘z mamlakati manfaati nuqtai nazaridan kelib chiqib, taqdim etadi. Shu sababdan iloji boricha tezroq xalqaro marketing faoliyati bo‘yicha mutaxassislarimizga ega bo‘lishimiz kerak. Iqtidorli yoshlarni chet mamlakatlarga yuborib, ushbu faoliyatni yuqori darajada o‘rganishi uchun qancha mablag‘ sarflansa arziydi, nega deganda, bunday yondashuv kelajakda boshqaruv apparatini ixchamlashtirishning asosiy yo‘lidir. Hozircha esa biz xorijiy ekspertlarning maslahati bilan ishlashga majburmiz va ushbu jarayon qanchalik kafolatlanganligini hech kim ayta olmaydi.

Hozirgi sharoitda ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashga qaratilgan jozibador investitsion muhitni qanday tashkil etish kerakligini tushunadigan va javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan mahalliy iqtisodchi-olimlar xorijiy mutaxassislar bilan birga Respublika ekspert kengashiga jalb etilishi kerak.

E’tibor beraylik, inflyatsiyaning o‘sish sur’ati 2017 yilda 19, 2 foizni, 2018 yilda 14,3 foizni tashkil etdi, 2019 yilda esa 15,3 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Xo‘sh, bunday sharoitda iqtisodiyotning tashkiliy sektori bilan qamrab olinmagan kishilar, 6 sotixli tomorqa hisobiga yashaydiganlar, ko‘p bolali va boshqa kam daromadli oilalarning ijtimoiy holati qaysi tomonga qarab o‘zgarmoqda?

Shundan kelib chiqib, 33 million kishilik aholining ertangi kuniga oydinlik kiritadigan o‘ta muhim bir jumboqning yechimiga e’tibor qaratmoqchiman. Gap ijtimoiy himoyaning qay tarzda amalga oshirilishi to‘g‘risida. Mamlakatimiz oldida uni amalga oshirish jarayonida ikkita yo‘l: birinchisi — byudjet xodimlarining ish haqi va nafaqalarni inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiya qilish. Buning nozik tomoni shundaki, har bir indeksatsiyadan keyin qashshoqlik toifasiga kiradigan aholining qatlami kengayib boraveradi va bunday yondashuv qanday oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.

Ikkinchisi — barcha imkoniyatlarni inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan yo‘l. Bu yo‘lga o‘tish uchun, aslini olganda, hech qanday to‘sqinlik yo‘q, shu bilan birga, katta sarf-xarajatlar ham talab etilmaydi. Buni 2018 yilning birinchi yarmidagi inflyatsiya natijalaridan ko‘rish mumkin. Deflyatsiyaga qanday qilib erishilganini tahlil qilib bo‘lgandan keyin hukumat darajasida yana bir inqilobiy investitsion oqimlarni ichki bozordagi holatga mos keltirish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish kerak.

G‘alla mustaqilligi g‘oyasi doirasidan chiqa olmayotgan, eskicha fikrlash hisobiga vaqtinchalik otga minib olgan ayrim «daho»lar ikkinchi yo‘l YaIM o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib keladi, deb aytishi mumkin. Bunga javob shunday bo‘ladi: Dunyoning ko‘plab mamlakatlari iqtisodiy o‘sishning 1-2 foiz darajasida nafaqat aholining real, balki byudjet daromadlarini ham ko‘paytirishga erishmoqda.

Oddiy qilib aytganda, korxona ko‘p daromad olgani foydadan yoki ish haqining ko‘pligidan dalolat bermaydi. Buni iqtisodiy bilim asoslarini o‘zlashtirgan 9-sinf o‘quvchisi ham yaxshi tushunadi.

Mamlakatimizda to‘plangan iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni bartaraf etishdagi eng samarali yo‘llardan biri — marketingni biznes falsafasi sifatida tushunadigan yuksak ilmiy va amaliy potensialga ega bo‘lgan mahalliy mutaxassislarni bir maqsad yo‘lida jipslashtirish. Bir guruh ekspertlar yaqin ikki-uch yil ichida mamlakatimiz iqtisodiyotida vujudga kelgan nomutanosibliklarni bartaraf etish dasturi ustida ishlasa, ikkinchi guruh bozor munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi, bu esa xorijiy ekspertlarning qimmatli maslahatlaridan voz kechmagan holda ko‘zlangan maqsadlarga tezroq erishishga xizmat qiladi.

 

Ilhom VAFOYEV,

iqtisodchi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: