Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
14.03.2017

O‘ZBEKISTON BERLINDAGI TURIZM YARMARKASIDA

Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan «ITB Berlin — 2017» xalqaro turizm ko‘rgazmasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyati keng namoyish etildi.

Bu ko‘rgazma eng yirik xalqaro sayyohlik anjumanlaridan biri bo‘lib, bu yil unda 187 mamlakatdan o‘n mingdan ziyod firma va kompaniya vakillari ishtirok etgan. Ko‘rgazmaga ikki yuz mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan. Mazkur tadbir sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, unda sayohat, faol turizm, sport turizmi va sport mahsulotlari, sayyohlik va axborot texnologiyalari, yoshlar turizmi, ekoturizm, madaniy sayyohlik, sayyohlik biznesi, kruiz kabi yo‘nalishlarga oid o‘nlab bo‘limlar ishladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, «Messe Berlin» ko‘rgazma majmuasida o‘tkazilgan an’anaviy anjumanda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati, mamlakatimizning «Asia Adventures», «Havas Tour», «Compass Tour», «Registon Travel», «Sitara International», «Sarbon Tour», «Olympic Tour Service», «Azimut Samarkand Travel», «Dolores Travel Services», «Euroasia Travel», «Bella Asia», «Oriental Tales» kabi qator sayyohlik kompaniyalari o‘z xizmatlarini namoyish etdi. Yarmarka ishtirokchilari mamlakatimizda turizm sohasida yaratilgan shart-sharoitlar, taklif etilayotgan xizmatlar, mehmonxonalar, sayyohlik operatorlari va agentlari faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishdi.

Ushbu nufuzli turizm forumidan o‘rin olgan «O‘zbekiston» milliy stendi o‘ziga xos dizayni, milliy bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. Mamlakatimizning qadimiy shaharlari, diqqatga sazovor joylari haqidagi ma’lumotlar va suratlarni o‘z ichiga olgan albomlar, buklet va nashrlar, xalq amaliy san’ati namunalari barchada katta taassurot qoldirdi. Milliy kuy-qo‘shiqlarimiz va rang-barang raqslarimiz ijrosi, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar hamda milliy taomlarimiz yig‘ilganlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.

«ITB Berlin — 2017» xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimizdagi sayyohlik xizmatlarini xalqaro turizm bozorlariga taklif etish, ushbu soha vakillarining chet ellik hamkasblari bilan hamkorligini kengaytirish imkonini berdi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov rahbarligidagi delegatsiya Germaniya Bundestagining turizm va sport bo‘yicha qo‘mitasi, Germaniya sayyohlik uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi kabi qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida sayyohlik sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Sayyohlik sohasi vakillari ishtirok etgan tadbirda turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Mamlakatimizning tabiiy, tarixiy va madaniy merosi, diqqatga sazovor joylari, sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

 

Nodira MANZUROVA,

O‘zA muxbiri.



DB query error.
Please try later.