14.02.2017

«ASL OYNA»: ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALI YANGI LINIYA ISHGA TUSHDI

150 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlandi

Tadbirkorlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarda Prezidentimizning 2016 yil 5 oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlantirishni ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Natijada yangi sanoat korxonalariga asos solinishi barobarida, mavjudlarining quvvati oshirilib, tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtirilmoqda. Xususan, turli xil sig‘imdagi shisha idishlari ishlab chiqarish ham respublikamizda tobora rivojlanib bormoqda. Natijada ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Kuni kecha ana shunday mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Sergeli tumanidagi «Asl Oyna» aksiyadorlik jamiyatida Italiyaning «Stara glass»» va «Battero» kompaniyalarining eng so‘nggi zamonaviy texnologiyasi bilan jihozlangan yangi liniyani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka juda keng imkoniyatlar berilayotgani amalda o‘zining samarasini ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu yangi liniyaning foydalanishga tushirilishi ko‘plab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi va oilalar farovonligiga xizmat qiladi, dedi. Shu bilan birga, ichki bozorda bu kabi mahsulotga bo‘lgan talabni qondiribgina qolmay, eksportga yo‘naltirilayotgani mamlakat iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

— Hozirga qadar Germaniyaning «Xayye-interneyshnl» kompaniyasi texnologiyasida 130 xil dizayndagi shisha mahsulotlari ishlab chiqarayotgan edik, — deydi «Asl Oyna» aksiyadorlik jamiyati direktori vazifasini bajaruvchi Husniddin Normuhamedov. — Endilikda bu yangi liniya ishga tushishi munosabati bilan xalqaro va yevropa sifat talablariga to‘la javob beradigan turfa xil dizayn hamda sig‘imdagi rangli va rangsiz qadoqlash shisha idishlari tayyorlash yanada kengayadi. Bundan tashqari, 150 nafar kishining bandligi ta’minlanadi. Mazkur texnologiyalarni boshqarish birmuncha murakkabligi bois ishga olingan yoshlar uch oy davomida o‘qitildi, bilimlari oshirildi. Endilikda qo‘shimcha ravishda bir kecha-kunduzda 120 tonna shisha mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur idishlar mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, konserva, yog‘-moy, vino va salqin ichimliklar sanoati mahsulotlarining xaridorgirligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bahosi 11,5 million yevroni tashkil etuvchi eng zamonaviy, 1450 daraja haroratda shishalarni pishiradigan mazkur texnologiya «Kapital bank»dan olingan sarmoya evaziga xarid qilindi. U o‘ziga o‘xshash zamonaviy texnologiyalarga nisbatan elektr energiyasini 10 foizdan ko‘proq tejaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda shisha ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan korxonalar sanoqli, bunday mahsulotlarga talab esa hamisha yuqori bo‘lib kelgan. Mazkur korxona hozirga qadar ichki bozorning shisha idishlarga bo‘lgan talabini 70 foizga qondirib kelayotgandi. Endilikda ushbu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lish bilan birga eksportga ko‘proq mahsulot chiqarish mo‘ljallanmoqda. O‘tgan yili tashqi bozorga 2,5 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu korxona mahsulotlari Qozog‘iston, Turkmaniston hamda Tojikiston singari davlatlarga eksport qilinishi yanada ko‘payadi.

— Yangi liniya ko‘magida ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xalqaro andozalarga mosligi hamda yuqori sifati ta’minlanadi, — deydi korxonaning bosh texnologi Farhod Ismatov. — Yangi liniya ko‘magida xomashyoni aralashtirish, kuydirish, qo‘yush, saralash, qadoqlash jarayonlari mukammal bajarilishi evaziga shaffof, tiniq rangli oq shisha idishlar tayyorlash imkoniyati yanada oshadi. Xususan, ignasimon rekuperatorli shisha pishirish qozoni ish unumdorligi yuqoriligi va kamxarjligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida, korxonamizda ikki smenali ish tashkil qilinib, 24 soat davomida mahsulot chiqariladi.

Eng asosiysi, shisha mahsulotlari yurtimizda mavjud qum, dolomit, ohak, kalsiy sodasi kabi mahalliy xomashyolardan foydalanilgan holda tayyorlanmoqda. Texnologik jarayonlarning avtomatik boshqarilishi esa mahsulotlarni bir maromda, sifatli tayyorlanishini kafolatlaydi. Qariyb 470 ish o‘rni yaratilgan mazkur korxonada yiliga 180 million dona turli sig‘imdagi shisha idishlar ishlab chiqariladi. Ilgari yurtimizdagi ko‘pgina korxonalar ana shunday shisha idishlarni chetdan valyutaga xarid qilar edi. Endilikda ushbu valyutalar o‘zimizda qolishiga erishilmoqda. Yangilik sifatida shuni aytish mumkinki, ushbu liniyani ishga tushishi munosabati bilan salqin ichimliklar uchun shisha idishlarni ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilmoqda.

— Biz uch yildan buyon mamlakatingiz bozorida faoliyat yuritayapmiz, — deydi Italiyaning «Stara glass» kompaniyasining tijorat masalalari bo‘yicha direktori Jorjio Zanforlin. — Shuni aytmoqchi edimki, davlatingizda ushbu ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab yuqori. Bundan bilish mumkinki, mamlakatingiz iqtisodiyoti yuqori ko‘rsatkichlarda rivojlanishda davom etmoqda. Yurtingizdagi «Asl Oyna» aksiyadorlik jamiyati bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. O‘ylaymanki, olib kelgan zamonaviy texnologiyamiz korxonaning yanada taraqqiy etishi va gullab yashnashiga xizmat qiladi.

Korxona tomonidan ishchi-xodimlarning ijtimoiy muhofazasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ishchilar alohida kiyim-bosh hamda tushlik va kechki ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, tibbiyot xonasi kerakli asbob-uskuna va dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

«Asl Oyna» mamlakatimizdagi barqaror ish o‘rinlariga ega, iqtisodiy jihatdan mustahkamlanib borayotgan, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarayotgan istiqbolli korxonalardan biriga aylanganini alohida e’tirof etish zarur.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.