Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
25.11.2020

HURMATLI MAS’ULLAR

hech bo‘lmasa, ikki o‘smir bola tarbiyasi, taqdiriga achininglar. Achinish niyati bo‘lmasa, bu maqolani o‘qimanglar.

Turmushidan rohat ko‘rmagan ayol vafot etdi, lekin undan o‘z nomida bo‘lgan uy, ikki farzandi, sobiq turmush o‘rtog‘iga o‘limidan oldin yozgan so‘nggi maktubi qoldi...

Quyida keltirilayotgan dardli satrlar tuzalmas kasallikka chalinib, 2014 yil 4 oktabrda guldek yoshida bevaqt xazon bo‘lgan, ehtimol, qabrda ham ruhi chirqirayotgan Nargiza Ibragimovaning so‘nggi xati, balki, ko‘ngil faryodi edi.

«Siz bilan tanishgan kunimga la’natlar bo‘lsin. Sizning yolg‘onlaringizga uchgan menga ham la’natlar bo‘lsin. Chiroyli hayotimni aldoqchi, xiyonatchi, yolg‘onchi hayotga almashibman, yolg‘on sevgingizga uchibman. Hamma sizni yomonlaganida, ular bilan janjallashganimga pushaymonman, hayotim pushaymonlar bilan to‘lib ketdi.

Bitta xursandchiligim – ikkita o‘g‘lim. Sizni sevganimga afsusdaman, qayerdanam bilibman, pul uchun yurganingizni... Sevgidan ko‘zim ko‘r bo‘libdi, sizni tanishtirganlar baxtimga zomin bo‘ldi. Pul uchun hamma narsaga tayyorsiz, undan ko‘ra bittada uxlatgan (o‘ldirgan demoqchi – izoh bizniki) yaxshiroq edi, bunchalik azoblanmasdim, sog‘lig‘imni ketkizmasdim, kasal orttirmasdim.

Menga birinchi marta qo‘l ko‘targaningizda sizni kechirganimdan ming afsusdaman. Birinchi kundanoq mendan foydalanganingizdan ko‘zimni yumdim, yolg‘onchi sevgiga ishonib, o‘yinlaringizga aralashib qoldim. Mendan oldingi birinchi turmush o‘rtog‘ingiz xiyonat qilgan deb o‘ylabman, sizga achinibman. Lekin keyin nima bo‘lishini o‘ylamabman. Xudodan so‘rab, yaxshi bo‘lib ketar hammasi, shu ahvolda tashlab ketmay, giyohvandlikdan davolatay, deb ortingizdan qolmabman.

Kechalari yo‘lingizga qarab, uxlamasdan kutganimga arzimas ekansiz. Xudo menga bergan boylik bilan oyoqqa turib, odam bo‘lib qoldingizmi? Ertaga oldingi ahvolga tushib qolmasligingizga kim kafil? Jamshidning to‘yida meni Turkiyaga jo‘natib, sobiq xotiningiz bilan to‘yga bordingiz. Bolalarimga kasal yuqmasligi uchun Xudoga iltijo qildim... Bolalarimning to‘rt muchasi sog‘ bo‘lgani uchun shukrlar bo‘lsin.

Siz bilan o‘tkazgan baxtli kunimni eslolmayman. Sevgimning uvoli tutsin sizni. Xudoga topshirdim, o‘zi jazo bersin. Menga bermagan baxtni bolalarimga bersin. Menga o‘xshab hayotda adashishmasin, umridan faxrlanib yashashsin. Sizni izlab ko‘chama-ko‘cha yurganlarimni, og‘zi-burnimni qon qilib urib, qaynab turgan suvga tiqqaningni, boshimni stul bilan urib yorganingizni, ko‘chalarda sudrab urganingizni eslasam, yomon bo‘lib ketaman, nafratlanaman, pushaymon qilaman. Turkiyada ishlab topgan pulimga «Matiz» olib, rohatini ko‘rib yurdingiz...

Sizga bolalar uvol, dunyoga kelib na mehrni, na chiroyli o‘yinchoqlarni va na yaxshi hayotni ko‘rdi. Bog‘chaga, sport to‘garaklariga, qo‘shimcha darslarga bormadi. Faqat urush-janjal, to‘polondan boshqani ko‘rmadi. Boshqa otalar bolasiga eng yaxshi narsani ravo ko‘radi, yaxshi yedirib-ichiradi, kiyintiradi.

Bir kun kelar, vijdoningiz bo‘lsa, vijdon azobida qolarsiz. Bularning hammasi menga dars bo‘ldi, boshimni devorga urmasam, ko‘zim ochilmasdi. Shuncha yuk bilan u dunyoga qanaqa qilib ketasiz? Sizning arosatli hayotingizga hech qachon havas qilmayman. Men sizdan oldin ham yashaganman, sizdan keyin ham yashayman»...

Biroq u uzoq yashamadi.

Xo‘sh, o‘zi nima voqea bo‘lgan edi?

...Nargiza Ibragimova va Suhrob Obidxo‘jayev 2004 yil 9 oktabrda qonuniy nikohdan o‘tib, yaxshi niyatlar bilan turmush qurishadi. Yunusobod tumanidagi xonadon Nargizaga onasi Zevara Ibragimova tomonidan olib berilgan edi. Ular ana shu xonadonda yashay boshlashadi. O‘tgan yillar mobaynida ikki farzand dunyoga keladi. Lekin vaqt o‘tgani sayin Nargizaning hayoti azobga aylanib boradi. Nargizaning onasi Zevara Ibragimovaning aytishicha, Suhrob giyohvandlikka ruju qo‘yadi, ichkilikbozlikka beriladi. Bu ham yetmaganiday, har kuni yarim kechasi kelib, bolalarni qo‘rqitib, Nargiza bilan urush-janjal qiladi, uni ko‘chaga haydab, haqoratlaydi.

– Qizimning turmushi yaxshi bo‘lmadi, – deydi tahririyatga shikoyat bilan kelgan Zevara Ibragimova. – Er-xotin o‘rtasidagi surunkali janjal va kelishmovchiliklar oqibatida qizim dardga chalindi. Kuyovim qizimni yomon xo‘rladi. O‘zining ichkuyov bo‘lib yashayotganini unutib, yomon ishlar bilan shug‘ullangan, uyda bolalar va xotini ustiga begona ayollarni keltirishni odat qilib, oxiri o‘zi tuzalmas dardga chalingan. Buning ustiga, yana giyohvand moddalar qabul qilib kelgan. Aslida ilgari uning oilasi va undan to‘rt nafar farzandi bo‘lgan. Birinchi xotini bilan ajrashgach, qizimga uylangan, ya’ni FHDYo organida nikohdan o‘tgan.

Qizim Nargiza o‘limi oldidan o‘zi bilgancha vasiyatnoma yozib, yashab turgan uy va bolalarini hamda “Matiz” yengil mashinasini mening qaramog‘imga o‘tkazishga harakat qildi. Lekin bevaqt o‘lim uning yozganlarini qonuniy hujjatlashtirib qo‘yishga imkon bermadi. Eri bundan foydalandi. Garchi u qizim yashab turgan uyda ro‘yxatdan o‘tmagan, qizim o‘limidan oldin u bilan ajrashgan bo‘lishiga qaramay, tanish-bilishlar orqali niyatiga yetdi...

2015 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga qizimga hadya qilgan uyimni va nevaralarimni o‘zimga qaytarish uchun da’vo arizasi kiritdim. Sudning 2015 yil 14 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan voyaga yetmagan nevaralarimning yashash joyi Yunusobod tumani, 2-mavze, 5-uy, 51-xonadon belgilandi. Lekin kuyovim ustasi farang ekan. Hammamizni dog‘da qoldirdi. U fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellatsiya instansiyasiga ariza bilan murojaat qilib, uyga va nevaralarimga egalik huquqini qo‘lga kiritdi. Apellatsiya instansiyasining 2015 yil 25 dekabrdagi ajrimi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, mening da’vo arizamni rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilindi. Suhrobning da’vosi qanoatlantirildi.

Eng ajablanarlisi, qizim bilan kuyovimning nikohi 2011 yil 31 oktabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra bekor qilingan. Suhrob Obidxo‘jayev 2010 yildan buyon bu uyda yashamagan. Men qizim vafot etgunga qadar shu uyda yashab, bolalarini oq yuvib-oq tarab, kommunal to‘lovlarni, soliqlarni to‘lab turganman...

S.Obidxo‘jayev kasalligi bois, har yili belgilangan paytda bir marotaba Yunusobod tumanidagi respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida davolanishi zarur. Toshkent shahar narkologiya dispanserining 2015 yil 3 iyuldagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, S.Obidxo‘jayev dispanser ro‘yxatida turmaydi. Ammo Zevara Ibragimova uni giyohvandlik bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kerakligini qayta-qayta aytmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazining 2015 yil 20 avgustdagi xatida qayd etilishicha, Suhrob Obidxo‘jayev mazkur muassasada ro‘yxatda turadi. Markaz xulosasiga ko‘ra: «voyaga yetmagan bolalar OIV infeksiyali shaxs bilan qolganda, agar ularga OIV infeksiyali shaxs tomonidan tibbiy muolajalar o‘tkazilmasa, maishiy muloqot davrida sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda hayot kechirsa, shaxsiy vositalardan faqat individual holda foydalansa va bemor qoni bilan bola terisining butunligi buzilgan joy chegaralanganda salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi», ekan...

Tahririyatga Zevara Ibragimova taqdim qilgan, 2018 yil 1 fevral sanasi bilan Oliy sud tomonidan unga jo‘natilgan javob xatida shunday deyiladi: «Birinchi instansiya sudi voyaga yetmagan bolalarning doimiy parvarishga muhtoj ekanligi, kelgusida sog‘lom voyaga yetishini va ­­S. Abidxadjayevning «OITS» kasalligiga chalinganligini inobatga olgan holda sizning da’vo talabingizni qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan...

...Apellatsiya instansiyasi ...birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilish va sizning da’vo talabingizni rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilish haqida asosli xulosaga kelgan. Yuqoridagilarga asosan, shikoyatingiz qanoatlantirilmasdan qoldirildi».

Ehtimol, shundaydir, bu javob to‘g‘ridir. Biroq boshqa ko‘p masalalar kishini uyga toldiradi.

Masalan, voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish tartibi qanday va vasiylikni belgilashda nimalarga e’tibor beriladi? Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish Oila Kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 171-son qarori bilan tasdiqlangan Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida nizom asosida amalga oshiriladi. Nizomda keltirilishicha, farzandlikka olish faqat ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalarga nisbatan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yo‘l qo‘yiladi.

Farzandlikka olinishi lozim bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni va farzandlikka olinuvchilarni joylashtirish bo‘yicha tuman, shahar fuqarolik sudlariga tavsiyalar tayyorlash tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga bir qator hujjatlarni, shu jumladan, sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri ma’lumotnomalarini taqdim etadi.

Keyin tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuzadi va xulosa tayyorlaydi. Nizomga ko‘ra, asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar, farzandlikka olish bo‘yicha zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlaganliklari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilganliklari, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lganliklari, shuningdek, surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslar vasiylik huquqiga ega emas, deb ko‘rsatilgan.

Yuqoridagi holatlardan shunday mantiqiy xulosa va savollar kelib chiqadi:

1. Yunusobod tumani, 2-mavze, 5-uydagi nizoli 51-xonadon Zevara ­Ibragimova tomonidan qizi Nargiza Ibragimovaga sotib olib berilgan va albatta, o‘z-o‘zidan nevaralarining mulki hisoblanadi.

2.Suhrob Obidxo‘jayev Yunusobod tumani, 2-mavze, 5-uy, 51-xonadonga rasman ro‘yxatga qo‘yilmagan va 2010 yilda turmush o‘rtog‘i Nargiza Ibragimova hamda ikki farzandini tashlab, uydan chiqib ketgan.

3. 2011 yil 31 oktabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, Nargiza Ibragimova va Suhrob Obidxo‘jayevlarning nikohi bekor qilingan. O‘shandan buyon Zevara Ibragimova Yunusobod tumani, 2-mavze, 5-uy, 51-xonadonda qizi va nevaralari bilan yashab kelgan.

4. Apellatsiya instansiyasining 2015 yil 25 dekabrdagi ajrimi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining hal qiluv qarori bekor qilinganidan keyin Suhrob Obidxo‘jayev garchand Yunusobod tumani, 2-mavze, 5-uy, 51-xonadonga rasman ro‘yxatga qo‘yilmagan bo‘lsa-da, uyni egallab olib, ikki farzandi hamda shar’iy nikohida bo‘lgan ayol va uning ikki qizi bilan birgalikda yashay boshlaydi.

4. Apellatsiya instansiyasi Suhrob Obidxo‘jayevni farzandlarining otasi va ularning qonuniy vakili ekanini, qo‘ni-qo‘shnilari va mahalla faollari u haqda ijobiy tavsiflar berganini, ishga joylashib farzandlarini moddiy ta’minlay olishi vajlarini keltirgan holda birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilgan.

Qiziq, Suhrob Obidxo‘jayev oilasidan ajrashgan bo‘lsa, OITSga qarshi kurashish markazida ro‘yxatda tursa, buning ustiga, giyohvandlikda gumon qilinayotgan bo‘lsa, sobiq qaynonasi Zevara Ibragimova yetim nevaralariga qarab turgan bo‘lsa, uning bu nizoli uyni egallab olishiga qanchalik haqqi bor? Ota vasiy sifatida o‘z burchini bajarayaptimi?

2018 yil 25 dekabr kuni Yunus­obod tuman hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi sobiq raisi N.Mirboboyeva Zevara Ibragimova bilan suhbat o‘tkazib, unga oilaviy kelishmovchiliklar yechimini topish uchun Fuqarolik sudiga murojaat qilish kerakligini tushuntirgan.

 – Qizim vafot etganidan keyin Yunusoboddagi uyda nevaralarim bilan 2018 yil sentabr oyigacha yashadim, – deydi Zevara Ibragimova. – Suhrob Obidxo‘jayev bir ayolni shar’iy nikohiga olib, ikki qizi bilan uyga ko‘chirib kelganidan keyin chiqib ketishga majbur bo‘ldim. Qanday majbur bo‘lmay, qizimga sovg‘a qilgan nikoh karavotida nevaralarimning, mening ko‘z o‘ngimda kuyov bolaning yangi uylangan xotiniga qilgan behayoliklariga chiday olmay, chiqib ketdim. Bu haqda uchastka profilaktika noziriga shikoyat qilsam, u: «Bu ayol Suhrob Obidxo‘jayevning shar’iy xotini, shuning uchun men hech narsa qilolmayman», dedi. Litseyda o‘qiydigan katta nevaram Sarvarjon shu yil fevral oyida kiyim-kechaklarini olib, mening uyimga ko‘chib kelgan edi. Hozir yana otasinikiga ketdi. Na ota nazorati, na buvi nazoratida bo‘lmagan bola ertaga qanday inson bo‘lib voyaga yetadi? Meni ana shu narsalar qiynaydi...

Garchand Suhrob Obidxo‘jayevga «Husniobod» MFY raisi va mutaxassislari tomonidan: «yaxshi inson, ishga joylashib, farzandlarini boqadi», degan ijobiy tavsif berilgan bo‘lsa-da, aytishlaricha, u 1,5 yildan buyon ishsiz yuribdi. Onasi pensiya to‘g‘rilab bergan emish. Kuyovning o‘zi Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida davolanayotgan bo‘lsa, qaysi mablag‘iga nevaralarimni boqadi?

Hozir kichkina nevaram men bilan yashayapti. Yunusoboddagi uyga bormayman, deydi, har kuni urush-janjal bo‘laverganidan yuragi zada bo‘lib qolgan. Kuyov katta nevaramni pul topib kelish uchun ko‘chaga chiqarib yuborgan ekan. Uning aytishicha, Yunusobod tumanidagi «Malika» savdo majmuasida qo‘l telefoni oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan ekan. Kunora uyga kelib, ukasidan xabar olib ketadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 169-moddasiga muvofiq farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishda o‘n yoshga to‘lgan bolaning fikri hisobga olinadi.

– Men bu yil 6-sinfni bitirib, 7-sinfga o‘tdim, – deydi Zevara ­Ibragimovaning kichkina nevarasi Sardor. – Hozir buvimnikida yashayapman. Uyimizda yegulik, oziq-ovqat yetarli. Lekin dadam kamdan-kam hollarda kiyim-kechak olib beradi. O‘gay onam menga doim ish buyuradi, ishlamayapsan, deb urishadi. Sarvar akamni «Pul topib kel», deb chiqarib yuboradi.

– Suhrob Obidxo‘jayev ota sifatida bolalariga vasiy qilib tayinlangan deyishadi, lekin ularning yurish-turishi quvonarli emas, – deydi «Vatanparvar-kommunal» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati ijrochi direktori Yevgeniya Galeyeva. – Nargiza Ibragimova uydagi gapni, urush-janjallarni ko‘chaga tashib chiqarmasdi, mendan yosh bo‘lsa ham ko‘z o‘ngimda so‘nib borardi. Unga necha martalab: «Bunday azob chekkandan ko‘ra, ering bilan ajrash», deganman. Bu sabr-toqat uni go‘rga tiqdi... Suhrobni hozir ham ba’zida uchratib qolaman, shundayam hushyor ko‘rmayman. O‘tgan yili yozda hamma bolalar oromgohda dam olgan bo‘lsa, u katta o‘g‘lini do‘konda ishlashga majbur qildi. Uyda yashab tursa ham, kommunal xizmatlar haqqini to‘lamaydi...

«Husniobod» MFY profilaktika katta inspektori Akmal Mavlonov bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, u Suhrob Obidxo‘jayev ustidan qo‘ni-qo‘shni yoki oilasi tomonidan hech qanday shikoyat tushmaganini, agar yanada to‘liqroq ma’lumot kerak bo‘lsa, uchrashish kerakligini bildirdi.

Vaholanki, Zevara Ibragimova nevaralari tarbiyasi, taqdiri haqida tashvish chekib, kuyovi bu uyda ro‘yxatda turmasligi, buning ustiga, begona ayolni ikki bolasi bilan olib kelib, yashayotgani to‘g‘risida uchastka nozirlariga ko‘p bor aytgan.

Zevara Ibragimovaning tahririyatimizga yozgan arizasi bo‘yicha o‘tgan yili Yunusoboddagi “Husniobod” mahallasiga, taqdiri xavf ostida qolgan ikki bola o‘qiydigan maktabga borib, noxush kayfiyat bilan qaytganmiz. Ikki o‘smir tarbiyasi, sog‘lig‘i va taqdiridan tashvishga tushganmiz. O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga, Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilganmiz. Afsuski, yozgan xatimiz instansiyama-instansiya aylanib, eng quyi tashkilotlardan biriga yetib borgan va undan: "Bu borada shikoyatchi bilan uchrashildi va u bilan tegishli tushuntirish ishlari o‘tkazildi", qabilida o‘ta yuzaki javob xati olingan...

O‘ylab qolasan kishi. Shumi voyaga yetib kelayotgan inson taqdiriga munosabat?! Suhrob Obidxo‘jayev vasiyligidagi Sarvar yaqinda darslarni o‘zlashtirish darajasi pastligi uchun litseydan chetlashtirilibdi. Ikkinchi farzand – Sardorning ham darsga qatnash holati qoniqarli emas. Xo‘sh, ertaga ularning taqdiri nima bo‘ladi? Biz ko‘rib-bilib turib, ularning ertaga jinoyat yo‘liga kirib ketishiga yo‘l ochib bermayapmizmi? Qachongacha bunday holatlarga tomoshabin bo‘lib o‘tiramiz? Vijdonimiz qiynalmaydimi?

Shu o‘rinda yana bir muhim masalani e’tiborga olish lozim, deb hisoblaymiz. Ma’lumki, voyaga yetmaganlarga nisbatan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan vasiylik va homiylik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur faoliyatga jalb etilgan mutasaddilar har yili kamida ikki marotaba vasiylik va homiylikka berilgan voyaga yetmaganlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, o‘z xulosalarini berishlari kerak. Amalda esa ular zimmasiga berilgan boshqa yuklamalar tufayli bu vazifani deyarli bajarishmaydi.

Bizning asosiy qonunimiz — Konstitutsiyamizda, Oila kodeksida, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari bilan farzandlarimiz, ya’ni voyaga yetmagan bolalar manfaatlarining to‘laqonli himoyasi kafolatlangan.

Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida voyaga yetmagan, shuningdek, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, yoshlarni jismoniy va ma’naviy yetuk inson qilib tarbiyalash borasida bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi. Har qanday sud muhokamasi davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqli ekanligi, qarorlar qabul qilinishida vakolatli organlar (shaxslar) bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustuvor manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shartligi belgilandi. Afsuski, bu talablar bajarilayotganiga kafolat berib bo‘lmaydi. Buni yuqoridagi misol ham ko‘rsatib turibdi. Ikki yildan buyon Zevara Ibragimova yig‘lab borgan idoralar, jumladan, tahririyatimiz ham bu muammoni hal etolmayapti. Chunki, mas’ullar bag‘ritoshga o‘xshaydi yoki loqaydlik botqog‘iga botib qolishgan.

"...bola e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi», deb yozgan edi bundan bir necha asrlar muqaddam yashab o‘tgan ulug‘ allomalardan biri Abdulhomid G‘azzoliy. Suhrob Obidxo‘jayev qaramog‘ida tashvishli bir sharoitda yashayotgan ikki bolaning ta’lim-tarbiyasi, ularning ertangi kuni muammoligicha qolmoqda. Hozirgi muhit ularning tarbiyasiga, ruhiyatiga, taqdiriga salbiy ta’sir qilmaydimi? Bolalar huquqlari himoyasiga mas’ul tashkilotlar, xususan, sud-huquq idoralarining bu masalaga qat’iy munosabatini kutamiz.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: