13.08.2019

TADBIRKOR O‘ZINING QONUNIY HAQ-HUQUQINI TALAB QILAYAPTI

Namangan shahar hokimligi nimani istayapti?

Tahririyatimizga Namangan shahar, Oromgoh ko‘chasi 5-uyda joylashgan «Yog‘och mahsulotlari savdosi» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan shikoyat arizasi kelib tushdi. Unda bayon qilinishicha, shahar hokimi va uning o‘rinbosari jamiyatga tegishli bo‘lgan, qonuniy hisoblangan 49 foiz ulushni, ya’ni 242 million 547 ming 363 so‘m pulni har xil yo‘llar bilan tan olmay, qonunga zid harakatlar qilmoqda, bu jamiyatni muassislikdan chetlashtirmoqchi...

Ushbu shikoyatda keltirilgan faktlarga ishonib-ishonmay Namangan shahriga yo‘l oldik. Axir, birinchi navbatda hokimlar tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashi kerak emasmi? Ish o‘rni yaratadiganlar aynan tadbirkorlar-ku. Yaqinda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tadbirkor va tuman hokimi o‘rinbosari o‘rtasida sodir bo‘lgan uyatli voqea boshqa hokimlarga saboq bo‘lishi kerak-ku.

Ko‘p bor ta’kidlanganidek, tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish o‘rni ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Tadbirkor o‘zini o‘zi eplashi uchun huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini sarflab, kecha-yu kunduz jonini jabborga berib ishlaydi, nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi.

Shu boisdan ham Prezidentimiz tomonidan ular mehnatiga yuqori baho berilmoqda: «Tadbirkor bu haqiqiy fidoyi inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina yangi ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman»;

«Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosati, Prezident siyosatiga qarshi chiqishdir».

Shu kabi o‘y-fikrlar bilan Namangan shahriga yetib keldik.

Shikoyat arizada keltirilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. «Yog‘och mahsulotlari savdosi» mas’uliyati cheklangan jamiyatining advokati Lazizxo‘ja Turg‘unov go‘shakni ko‘tardi. U avvalo, jamiyatni tashkil etgan va minglab odamlarni ish bilan band bo‘lishiga, qanchalab oilalarning faravon hayot kechirishiga xizmati singgan inson bilan suhbatlashib ko‘rishimni aytdi.

— Ancha yillardan beri qurilish materiallari sohasida tadbirkorlik qilib kelaman, — deydi Shamsiddin G‘ovsiddinov. — To‘qqiz-o‘n yil oldin qurilish materiallar do‘konlari shaharning bir qancha joylarida betartib joylashgani uchun odamlar o‘zlariga kerak bo‘lgan qurilish materiallarining birini shahar markazidan olsa, ikkinchisi uchun shaharning boshqa bir chetiga borishardi. Shunda men «Yog‘och mahsulotlari savdosi» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lgan bino va yer borligini hisobga olib qurilish materiallari bozorini tashkil etishni maqsad qilib, kerakli tashkilotlarga murojaat qildim.

2009 yil 6 avgustda qabul qilingan «Namangan shahrini 2009-2012 yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida»gi qaror tufayli ishlarim yurishib ketdi. Shaharda keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlanganligi sababli, qurilish materiallariga ehtiyoj keskin osha boshladi. Shuni hisobga olib, «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ shaklida bozorni tashkil etdik. Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq bozorning Nizom jamg‘armasidagi 51 foizlik ulush joylardagi mahalliy hokimiyat organlariga tegishli bo‘lishi lozim edi.

Shundan so‘ng «Yog‘och mahsulotlari savdosi» mas’uliyati cheklangan jamiyatimizga tegishli bo‘lgan 4.19 gektar yerni 2011 yilda Namangan shahar hokimligi zaxira yer fondiga bozor tashkil etish uchun topshirdim. Yerni topshirganimdan so‘ng Namangan shahar hokimligi va «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ tomonidan «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» savdo kompleksi MChJ tashkil etildi va uning ustav fondi quyidagicha taqsimlandi: Namangan shahar hokimligi — 4.19 gektar yer (252 million 447 ming 256 so‘m), ya’ni 51 foiz ulush bilan, «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ bo‘sh turgan bino, 14,6 kub metr yog‘och (qiymati 17 million 543 ming 363 so‘m) va 750 ming kilogramm sement (qiymati 242 million 547 ming 363 so‘m), ya’ni 49 foiz ulush bilan bozorning ustav fondi shakllantirildi.

Shu tariqa o‘zim orzu qilgan qurilish mollariga ixtisoslashtirilgan bozorni tashkil etdim. Bozorda joylashgan besh yuzdan ortiq savdo shoxobchalarini o‘zimning mablag‘im hisobiga qurib, tadbirkorlar savdo qilishi uchun ularga tekinga berdim. Ulardan faqat har oyda bir marta ijara haqini olib, davlat g‘aznasiga oyiga 500-540 million so‘m topshirardim. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, har bitta savdo shoxobchasida bittadan tadbirkor bo‘ladigan bo‘lsa, tadbirkor o‘ziga yordamlashish uchun yana ikki nafar ishchini yoniga olgan. Shunda o‘rta hisobda tadbirkorning o‘zi bilan uch nafar odam ishli bo‘lgan. Endi 3 nafar ishli odamni mingga ko‘paytirsak, uch ming nafarni tashkil etmoqda. Uch nafar ishli odamning oila a’zolari o‘rta hisobda o‘zi bilan 4-5 nafarni tashkil etsa, 10 mingdan ortiq oilaning bugun qora qozoni qaynab turibdi. Men nima demoqchiman, 4.19 gektar yerimni hokimiyat hisobiga o‘tkazib, bozor tashkil etganim, odamlarga foydam tekkanidan faxrlanaman...

Biroq shuncha qilgan mehnatimni Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazaqov va uning o‘rinbosari Ulug‘bek Xoliqov sarobga aylantirmoqchi bo‘layotgani alam qiladi. Ular meni qonuniy hisoblangan «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJdagi yillik 49 foiz ulushimni tan olmasdan bekor qilib, jamiyat ta’sischiligidan chiqarib yuborishmoqchi. Ular mansab vakolatidan foydalanib, bir qancha ishlarni amalga oshirishdi. Ikki yil oldin «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJga men rahbarlik qilgan bo‘lsam, hozir esa hokim va uning o‘rinbosarining odamlari rahbarlik qilmoqda. Ular meni o‘z aybini yashiribdi, deb o‘ylashmasin, ochiq aytaman, 2016 yilning dekabrida bozorlarga tekshiruvchilar keldi. Shunda kamomad chiqib qoldi. Kamomad qayerdan kelib chiqqanligini aniqlash va uni to‘lash bilan bog‘liq ishlar bilan ovora bo‘lib yurganimda Namangan shahar hokimi bo‘lib Shavkat Abdurazakov kelibdi. Chiqqan kamomadlarni to‘lab, ishni yopib kelsam, bozorda yangi rahbariyat shakllantirilibdi. Buning ustiga, jamiyatimizning qonuniy 49 foiz ulushini tan olmay, bizni ta’sischilikdan chiqarish bo‘yicha ancha ishlarni ham amalga oshirib qo‘yibdi. Shundan so‘ng men va o‘g‘lim, 2017 yilda «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJning rahbarligini o‘g‘lim Anasxon G‘ovsiddinovga topshirgandim, qonuniy ulushimiz tan olinishini so‘rab, Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qildik. Sud ishni adolatli ko‘rib chiqib, bizning foydamizga qaror chiqarib berdi.

Shunda ham hokim va uning o‘rinbosari, bozorning yangi rahbariyati har xil vajlarni keltirib, viloyat iqtisodiy sudiga murojaat qilishibdi. Sud ertaga o‘tkazilishi belgilangan. Kelishingiz sud bo‘lishiga to‘g‘ri kelibdi. Siz ham ushbu ochiq sudda qatnashsangiz. Kim haq, kim nohaq ekanligini sud jarayonida bilib olardingiz. Shundan so‘ng suhbatimizni davom ettirardik...

Ertasi kuni ertalab viloyat iqtisodiy sudiga yetib bordik. Namangan viloyat iqtisodiy sudining sudyasi Alisher Abdurahmonov raisligida da’vogar — «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJning — javobgar Namangan shahar hokimligi, qo‘shimcha javobgar — «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJlarning «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJning 28.06.2019 yildagi umumiy yig‘ilish qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasini hamda «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJni «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ ta’sischiligidan chiqarish to‘g‘risidagi shikoyatini ko‘rib chiqdi.

Ushbu ochiq sud majlisida quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

Aniqlanishicha, Namangan shahar «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ ustav fondi 494.994.619 so‘m miqdorida belgilangan bo‘lib, shundan Namangan shahar hokimligi 252.447.256 so‘m (51 foiz), «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ 242.547.363 so‘m (49 foiz) etib taqsimlangan. «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ 2019 yil 28 iyun kuni navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJni jamiyat ta’sischiligidan chiqarib yuborgan, «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» nomi «Namangan baraka qurilish mollari savdo kompleksi» MChJ deb o‘zgartirilgan. «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ mazkur qarordan norozi bo‘lib, suddan uni haqiqiy emas, deb topishni so‘rab, da’vo ariza kiritgan.

Javobgar — Namangan shahar hokimligi sudga qarshi da’vo ariza kiritib, «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ o‘zining xatti-harakati bilan «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJning faoliyatini qiyinlashtirib qo‘yganligi sababli uni ta’sischiligidan chiqarishni so‘ragan.

Sud tomonlarning vajlarini muhokama qilib, ish materiallarini o‘rganib chiqib, quyidagi asoslarga ko‘ra da’vo arizani qanoatlantirdi, qarshi da’vo arizani rad etdi.

Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, Namangan shahar hokimligi 2019 yil 17 may kuni «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJga jamiyat ustav fondi shakllantirilmaganligi sababli jamiyatni qaytadan tashkil etish, shakllanmagan ulushni uchinchi shaxslarga o‘tkazish tartibini belgilash, hokimiyat tomonidan kiritilgan ulushni qayta baholash va boshqa tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqish uchun jamiyatning navbatdan tashqari yig‘ilishini 20 iyunda o‘tkazish haqida talabnoma yuborgan.

«Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ 20 iyun kuni soat 17:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan ta’sischilarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishidan xabardor etilgan.

Belgilangan kuni yig‘ilishda «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJning ishtiroki ta’minlanmaganligi sababli yig‘ilish 28 iyunga qoldirilgan.

«Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ 2019 yil 17 iyun kuni 38-sonli xati bilan «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJning yig‘ilish kun tartibiga jamiyat ta’sischiligidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi masalasi noqonuniy va jamiyat manfaatlariga zid bo‘lganligi sababli bu masalada kelisha olmasligini ma’lum qilib, kun tartibiga g‘ayriqonuniy masalalar qo‘yilganligi sababli 2019 yil 28 iyun kuni jamiyatning navbatdan tashqari yig‘ilishiga bormagan.

Biroq yig‘ilish o‘tkazilib, «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ jamiyat ta’sischiligidan chiqarib yuboriladi, jamiyatning nomi «Namangan baraka qurilish mollari savdo kompleksi» MChJ deb o‘zgartiriladi. Hokimiyatning jamiyat ustavidagi 4.19 ga yer maydoni qayta baholanadi, «Namangan baraka qurilish mollari savdo kompleksi» MChJning balansi tasdiqlanib, ustav fondi 33.750.000.000 so‘m qilib belgilanadi.

Sudda «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJning navbatdan tashqari yig‘ilish qarori ta’sischi «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJning huquq va manfaatlarini jiddiy ravishda buzganligi, jamiyat Nizomi va amaldagi qonun talablariga zid ravishda qabul qilinganligi bois haqiqiy emas, deb topilgan.

Namangan shahar hokimligi qarshi da’vo arizasida «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ o‘zining 49 foiz ulushini «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ ustav fondiga kiritmaganligi, jamiyatning navbatdan tashqari o‘tkazilgan yig‘ilishlariga kelmaganligi, bundan tashqari, har xil idoralarga ariza va shikoyat bilan murojaat qilib, o‘zining ushbu xatti-harakati bilan «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJning faoliyatini qiyinlashtirayotganligi uchun uni jamiyat ta’sischiligidan chiqarishni so‘ragan.

«Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJning «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJdagi 49 foiz ulushi borligi ta’sischilarning 31.10.2011 yildagi 2-sonli qarori, Namangan viloyat adliya boshqarmasining xulosasi, jamiyatning guvohnomasi, qarori, Namangan shahar Davlat xizmatlari markazining ma’lumoti, Namangan viloyat DSBning xulosasi, Namangan shahar prokuraturasining xati va Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining qonuniy kuchda bo‘lgan hal qiluv qarori bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Namangan tumanlararo iqtisodiy sudi «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ ustav fondida 49 foiz ulush to‘liq shakllantirilganligi inkor etib bo‘lmaydigan asosli dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topganligi sababli Namangan shahar hokimligining da’vosini rad etgan. Mazkur hal qiluv qarori bekor qilinmagan va bugungi kunda qonuniy kuchda.

Shuningdek, viloyat iqtisodiy sudi Namangan shahar hokimligining «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJni «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdosi» MChJ ta’sischiligidan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanoatlantirishni ham rad etdi.

Sud yakunlanganidan so‘ng shahar hokimining fikri bilan qiziqdik.

U masaladan xabari borligi, hokimlik mas’ul xodimlari «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ o‘zining 49 foizlik ulushini shakllantirmaganini aytishgani va hokim bu masalani qonuniy yo‘l bilan hal qilinishini xodimlarga tushuntirgani, shu bois sudda da’vo ariza ko‘rilayotganini aytdi.

— Kecha bo‘lib o‘tgan sudda biz ham ishtirok edik. Sudda «Yog‘och mahsulotlari savdosi» MChJ «Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo» MChJ ustav fondidagi o‘zining 49 foiz ulushini to‘liq shakllantirganligini inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlab berdi va sud uning foydasiga qaror chiqardi. Bundan xabaringiz bormi?

— Bu haqda menga hech kim xabar bermadi. Sud oliy organ hisoblanadi. Sudning qarori kelsa, uning ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi.

— Agar ko‘nglingizga olmasangiz, yana bir savol bersak bo‘ladimi?

— Bemalol, qo‘ldan kelgancha javob berishga harakat qilaman.

— Sudning qarori kelsa, uning ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi, dedingiz. Viloyat iqtisodiy sudidan oldin bu ishni tumanlararo iqtisodiy sudi ham ko‘rib, MChJning foydasiga qaror chiqargan ekan. Uning ijrosi nima sababdan ta’minlanmay, viloyat iqtisodiy sudiga murojaat qilindi?

— Tumanlararo iqtisodiy sudidan so‘ng mas’ul xodimlarimiz bu ishni viloyatda ko‘rishimiz lozim, qo‘limizda bir-ikkita asosli faktlarimiz bor deyishdi. Shundan so‘ng viloyatda bu ish ko‘rildi.

— Viloyat iqtisodiy sudining qarori kelgan vaqtda yana mas’ul xodimlaringiz asosli faktlarimiz bor deyishsa, respublika iqtisodiy sudiga ham murojaat qilinadimi?

— Sizga suhbatimiz boshida ham aytdim, sudning qarori kelsa, uning ijrosi ta’minlanadi.

Shu kabi savol-javoblardan so‘ng hokim bilan suhbatimiz ham yakunlandi va safarimiz so‘ngida Shamsiddin aka bilan yana uchrashdik.

— Viloyat sudi qarorini tan olishsa, mayli edi, — dedi u xo‘rsinib. — Yoshim 70 dan oshayapti. Sudlashib, vaqtim, sog‘lig‘im ketayotganiga achinaman. Hokimlik tumanlararo iqtisodiy sudi qarorini tan olganida bu ovoragarchiliklar bo‘lmasdi. Lekin maqsad bizni chetga chiqarib, o‘zlari mulkka egalik qilishmoqchi. Endi qarigan chog‘imda bu tashvishlar odamga og‘irlik qilar ekan. Ko‘pchilik yaxshi biladi, bu bozorni qancha qiyinchilik bilan tashkil etganimni...

— Men bu bozorga birinchilardan bo‘lib kelganman, — deydi Sotvoldi Abdullayev. — O‘shanda Shamsiddin aka menga o‘zi qurgan do‘konlardan birini bergandi. Oldiniga bitta do‘konni olib ishlatdim. Sekin-asta boshqa do‘konlarga ham tadbirkorlarni jalb qila boshladik. Bora-bora do‘konlar soni ham, tadbirkorlarning soni ham ko‘paydi. Eng asosiysi, aholini o‘rgatdik. Ba’zi bir bozorlar bor, u yoqqa aholi bormaydi. Aholi bormagan joyda tadbirkorlik qilib bo‘ladimi? Shu boisdan ham bu bozorni bozor qilguncha Shamsiddin aka qancha yelib-yugurdi. Bo‘layotgan ishlardan xabarimiz bor. Biz bir narsa deya olmaymiz. Bu kattalarning ishi. Ammo Shamsiddin aka bozorga rahbarlik qilganida hamma joy toza-orasta edi. Endigi ahvolni qarang, qayga boqmang, chiqindiga ko‘zingiz tushadi. Savdo do‘konlari orasidagi betonlar ko‘chib qolgan, bozorning atrofidagi archa va boshqa manzarali daraxtlar suvsizlikdan quriy boshlagan. Hozirgi rahbarlar bunga e’tibor bermayapti. Chunki ular ekib, parvarish qilmaganda, joni achimaydi. Bozorni bozor bo‘lishida bir g‘isht qo‘ymagan ular...

Xizmat safaridan qaytib, ko‘p savollarga javob izladik.

Bu bozorni Shamsiddin aka tashkil etganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Uning ustav fondida 49 foiz ulushi borligi qator hujjatlar bilan tasdiqlanib turibdi. Bozor faoliyatini takomillashtirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga Namangan shahar hokimligi nimani istayapti? Nega yo‘q joydan muammo yasayapti? Shunchalik soddalik qilishyaptimi yoki boshqa niyati bormi?

Bu savollarga tegishli idoralar aniqlik kiritadi, deb o‘ylaymiz...

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: