28.05.2019

INNOVATSION FANNI RIVOJLANTIRMASDAN MAMLAKATNI TARAQQIY ETTIRIB BO‘LMAYDI

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi. Jumladan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar, belgilab berilgan vazifalar qizg‘in o‘rganilmoqda, xulosalar chiqarib olinmoqda.

Kadrlar tayyorlash sohalari tarkibiy tuzilishi loyihasida yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga yanada ko‘proq qamrab olish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. 2018-2019 o‘quv yilida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga 96 ming 950 talaba qabul qilingan bo‘lsa, 2019-2020 o‘quv yilida 123 ming 170 nafar yigit-qiz o‘qishga jalb etiladi. Bu ko‘rsatkichni 2022-2023 o‘quv yilida 180 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Keyingi yillarda ilm-fan va ta’lim sohasi xodimlari izchil rag‘batlantirib kelinmoqda. Ilmiy xodimlarning maoshi o‘tgan yil 1 sentabrdan o‘rtacha 25 foiz joriy yil 1 yanvardan 20 foiz oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foiz ko‘tariladigan bo‘ldi.

Joriy yil 1 sentabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ta’lim va ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan fan nomzodlarining maoshiga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilash rejalashtirilmoqda.

 

Rustam XOLMURODOV, Samarqand davlat universiteti rektori:

— Jamiyatning barqarorligi, xususan inson hayotining sifat ko‘rsatkichi ko‘p jihatdan fan yutuqlariga bog‘liq ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Fanning va birinchi navbatda innovatsion fanning jamiyatlar iqtisodiy rivojlanishidagi hissasi tobora o‘sib bormoqda. Jahondagi bir qator davlatlar tabiiy va iqlim sharoiti noqulayligiga qaramasdan, yer osti va yer usti boyliklari bo‘lmasa ham, ilm-fan yutuqlari hisobiga tobora taraqqiy etib, har jihatdan qudratli mamlakatlar ro‘yxatidan o‘rin egallamoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy tomondan rivojlangan mamlakatlar bosib o‘tgan tarixiy yo‘lni tahlil qilsangiz, ular qo‘lga kiritgan olamshumul muvaffaqiyatlar negizida eng avvalo sifatli, keng qamrovli oliy ta’lim va innovatsion fanning taraqqiyoti mujassamlangan. Yangilanayotgan, o‘zgarayotgan, isloh etilayotgan O‘zbekiston ham innovatsion faoliyatni jiddiy rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida yaqin kelajakda O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yo‘lda oldimizda ancha murakkab vazifalar turganligi ham ro‘y-rost aytilgan edi. Bu — qisqa muddatda fan yutuqlari innovatsion darajaga ko‘tarilishi kerakligini ko‘rsatadi.

Shu maqsadda, mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshlilik darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil inson kapitalini rivojlantirish bosh maqsad sifatida belgilangan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi.

Fanning va birinchi navbatda innovatsion fanning uzoq muddatli barqaror rivojini ta’minlaydigan, uni harakatga keltiradigan manba-kuch bo‘lishi kerak. Bunday manba, eng avvalo, o‘ta bilimli, barcha talablarga javob beradigan oliy ma’lumotli mutaxassis-kadrlardir. Ular tayyorlanadigan, yetishtiriladigan muhit va manzil ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalaridir. Tegishli poydevor yaratmay innovatsion fanni va mamlakatimiz iqtisodiyotini ko‘tarish amri mahol.

Men aytayotgan bu fikrlar yangilik emas. Xorijda, oliy ta’lim muassasalari tayyorlayotgan mutaxassislar ko‘lami va sifati, innovatsion fan sifati va samaradorligini belgilovchi asosiy omilligi allaqachonlar o‘z tasdig‘ini topgan.

Xulosa shundan iboratki, jamiyatning iqtisodiy ravnaqida oliy ta’lim sifati hal qiluvchi rolga ega. Shunday ekan, mo‘ljallangan maqsadga erishish uchun ilmiy asoslangan, ob’ektiv tahlil asosida innovatsion fanni yuqori samara bilan rivojlantirishni kafolatlaydigan asosiy omillarga murojaat qilaylik.

Birinchidan, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish saviyasi ancha yuqori bo‘lishi shart. Ya’ni, fanda «portlash», «rezonans» bo‘lishi uchun ilm, ijod bilan shug‘ullanadiganlarning muayyan kritik massasi shakllangan bo‘lishi kerak. Masalan, o‘tgan yili maktab bitiruvchilarining taxminan 15 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilgan bo‘lsak, undan oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan ham oshmagan. Agarda, o‘tgan davrlarda, o‘qishga qabul qilinganlarning sifat ko‘rsatkichini ham inobatga olsak, ming afsuski bu holat jamiyat taraqqiyotining keskin o‘sishiga jiddiy ta’sir qilmasligiga amin bo‘lamiz.

Bundan tashqari, magistratura ta’lim turi bilan qamrab olinish darajasini bir necha karra oshirish kerak. Chunki iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 50 - 80 foizdan kam emas. Bizda ham maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi ulushini bosqichma-bosqich ko‘tarish jarayoni boshlandi, lekin bu ikki-uch yilda natija beradigan jarayon emas. Buning uchun maktab bitiruvchilarining saviyasi ancha yuqori bo‘lishi, oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasi (birinchi navbatda o‘quv maydonlari) bir-necha karra kengayishi, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar soni va sifati talabalar kontengentiga mos ravishda oshishi kerak.

Bugun maktabni, maktabgacha ta’lim muassasalarini talab qilinadigan darajaga ko‘tarish borasida davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan beqiyos, keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, shu jumladan katta mablag‘ ajratilmoqda, investitsiyalar kiritilmoqda. Lekin maktablardagi katta kamchiliklardan biri, yuqori saviyadagi muallimlar ozchilikni tashkil qiilishidir. Bundan tashqari, ayrim maktablarda umuman o‘qituvchilar yetishmasligi ham bor gap. Bu muammo yechimi ham oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq.

Jamiyatning eng muhim strategik vazifasi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning lokomotivi bo‘lgan milliy elitani tizimli tayyorlashdan iborat bo‘lishi kerak. Milliy elita roli, ayniqsa, dunyoda globallashuv nafaqat moddiy va axborot, balkim intellektual resurslar sohasini ham qamrab olayotganligi sababli oshib bormoqda.

Elita kadrlarni tayyorlash, milliy boylik sifatida, Prezidentimizning shaxsiy e’tiborida bo‘lib, to‘liq, yakunlangan tizim shakliga keltirildi: maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’limdagi islohotlar, 11 yillik maktab ta’limini qayta tiklanishi, iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish tizimining yaratilishi, Prezident maktablarining tashkil etilishi, oliy ta’lim muassasalarida iqtidorli talabalarga qaratilayotgan e’tibor va boshqa bir qator bevosita va bilvosita imkoniyatlar. Elita ta’limi sifati, uni kafolatlaydigan davlat tizimi va Prezident siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Ikkinchidan, oliy ma’lumotlilar sifati, saviyasining yuqori bo‘lishini ta’minlash. Balkim, eng og‘ir masala aynan shudir. Talabaning bilim olishiga talabni kuchaytirish, o‘qish jarayonida tabiiy tanlov muhitini shakllantirib, uni saqlab turishdan qo‘rqmaslikka to‘g‘ri keladi.

Uchinchidan, professor-o‘qituvchilar sifati, tarkibi muayyan darajada talabalar o‘zlashtirish darajasiga ta’sir qiladi. Ya’ni, talabaning o‘zlashtirish sifati va bilimining iste’molchi talabiga javob berish darajasi ko‘p jihatdan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq. Shunday ekan, muayyan fan o‘qituvchisining o‘quvchilari bilimi darajasiga qarab, uning faoliyatiga baho bersa bo‘ladi. Asta-sekinlik bilan oliy ta’lim muassasalarida nisbiylik, muqobillik asosida shunday baholash mezonlari shakllanadiki, saviyasi talabga javob bermaydigan o‘qituvchilarni saralash mexanizmi o‘z kuchini ko‘rsata boshlaydi.

To‘rtinchidan, hozir o‘rtacha kafedraning tarkibini tahlil qiladigan bo‘lsangiz, uning a’zolari orasida innovatsion fan bilan shug‘ullanishga qobiliyatlilar oz ekanligini ko‘rasiz. Ilmiy tadqiqotlar o‘z-o‘zidan rivojlanmaydi, uni bajarishga qodir ilmiy kadrlar bo‘lishi kerak va ularda ilmiy natijalarni tijoratlashtirish mahorati, ko‘nikmasi shakllanishi zarur. Kafedrada faoliyat ko‘rsatayotgan katta yoshdagi domlalarimizda fanga tijorat vositasi sifatida qarash ko‘nikmasi yo‘q. Ular umuman, kapitalistik iqtisodiy munosabatlar sharoitida tarbiyalanmagan. Bir so‘z bilan aytganda, ilmiy xodimlarda fan yutuqlarini tijoratlashtirish tushunchasi yo‘q. Aksariyat hollarda professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning ilm-fani maqola va monografiyalar chop etish, dissertatsiya himoyasi bilan kifoyalangan. Kafedralarning bu toifa vakillari qanchalik ilmli, iqtidorli, diyonatli, ziyoli insonlar bo‘lishlariga qaramasdan bugun ulardan, jiddiy, keng qamrovli innovatsion fan natijalarini kutish amri mahol.

Kafedra a’zolarining ikkinchi qismi (ular 40-60 foizni tashkil qiladi) oxirgi 10-15 yil ichida o‘zimizning magistraturani bitirganlar. Magistraturamizning qabul qoidalaridan tortib, o‘quv rejalari, o‘qishning tashkil qilinishi va dissertatsiya ishlarining bajarilishidan tortib himoyasigacha tahlil qilinsa, bitiruvchilar sifati masalasida jiddiy shubha tug‘iladi. O‘zbekistonda haqiqiy, maqsadli, sifatli magistratura hali shakllanib ulgurmadi. Shunday ekan, kafedraning bu toifa a’zolarining innovatsion ilmiy-tadqiqotlar bilan shug‘ullanish imkoniyatlari juda chegaralangan.

Yuqorida tahlil qilingan omillar, mavjud sharoitda, tez orada innovatsion fanni biz istagandek ildamlab yurgizish mushkul ekanligini ko‘rsatadi.

Prezidentimizning O‘zbekiston Milliy universitetida va oliy ta’lim muassasalari rektorlari, iqtidorli yoshlar vakillari bilan ushrashuvida aynan mana shu dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur muammolar yechimini, ya’ni fundamental va innovatsion fanni rivojlantirishni hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni rag‘batlantirishga qaratilgan tarixiy qadamlar tashlandi. Qariyb 50 yildan buyon oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlardan xabardor bir inson sifatida davlat rahbarining ilmiy-pedagogik kadrlarga ko‘rsatgan bu darajadagi himmatini, g‘amxo‘rligini, iltifotini eslolmayman. Ko‘rmaganman. Fanlar akademiyasini moliyalashtirishni byudjetga o‘tkazish, qator ilmiy tadqiqot institutlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mablag‘ ajratish, shtatlarini ko‘paytirish, Oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari maoshlarini birinchi iyuldan yana bir karra 25 foizga oshira turib, sentabrdan fan nomzodlari(PHD) va fan doktorlari maoshlarini mos ravishda 30 foiz, 60 foizga oshirish, professor-o‘qituvchilarga xorijiy ta’lim markazlarida har uch yilda malaka oshirish imkoniyatini yaratish, bularning barchasi albatta ilm ahlini munosib rag‘batlantirish orqali ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga tayyorlanayotgan oliy ma’lumotli kadrlar sifatini jiddiy ko‘tarishga xizmat qilishiga ishonaman.

 

***

Talabalar shaharchasi mamlakatimizdagi yirik ta’lim va ilm-fan maskanidir. Bu yerda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, kollej va litseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, «Beruniy» metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu yerga ko‘chirilib, atrofi obod qilindi. Allomaning buyuk merosi haqida ma’lumot beruvchi tosh lavhalar o‘rnatildi. Bular o‘ziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi bo‘ldi.

 

Avazjon MARAHIMOV, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori:

— Uchrashuv davomida oliy ta’lim tizimi, ilm-fan taraqqiyotini ta’minlash, bu borada tub o‘zgarishlarni amalga oshirish borasida ko‘plab takliflar, tashabbuslar ilgari surildi. Taraqqiyot, innovatsion rivojlanishni ta’minlaydigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Shuningdek, raqamli tibbiyot, nano, bio texnologiyalar, tabiiy resurslardan samarali foydalanish borasidagi eng ilg‘or bilimlarni egallash va shu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borishga mas’ul bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Milliy universitet haqida asosli tahliliy-tanqidiy fikrlar bildirildi. Haqiqatan ham, bu borada olib borayotgan ishlarimizni yetarli, deb bo‘lmaydi. Ochiq tan olish kerak, tayyorlayotgan kadrlarimizning malakasidan, sifati hamda amaliy ko‘nikmalaridan ish beruvchilar, hatto o‘zimiz ham qoniqmas edik. Bizga yig‘ilish davomida muammolarning yechimi bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi. Qisqa qilib aytganda, Prezidentimiz oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha tamal toshini qo‘ydi.

Qariyb qirq yildan buyon oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelyapman. Ammo biz ziyolilarni o‘ylantirayotgan muammolar yechimiga qaratilgan bunday yig‘ilishni eslay olmayman. Ishonamanki, soha rivojida qabul qilingan qaror ham universitetimizning yangi 100 yillik rivojlanish bosqichiga asos soladi.

O‘rni kelganda aytish lozim. Biz shu vaqtga qadar mening ishim dars berish, ilmiy izlanishlarimni davom ettirish, kitob yozish, ilmiy-texnik muammolar yechimini topishdangina iborat, deb o‘ylagan ekanmiz. Ijtimoiy sohadagi, jamiyatdagi ta’lim-tarbiyadan tortib, fuqarolarning fikrlash tarzini o‘zgartirish bilan bog‘liq vazifalar ham borligini unutib qo‘ygandekmiz. Barchamiz o‘zgarishimiz, zamonga mos tarzda o‘ylashimiz lozim. Bu hokimiyatning, vazirlik yoki rektoratning ishi, deb emas, bu mening burchim, deb qarashimiz kerak. Shunda har qanday loyihalar natija beradi. Eng asosiysi, yoshlar hammamizniki ekanini unutmasligimiz shart.

 

Sadriddin TUROBJONOV, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, texnika fanlari doktori:

      O‘tgan yili oktabr oyida ham Prezidentimiz ilm ahli bilan uchrashib, o‘quv jarayonini sifat jihatdan yuqoriga ko‘tarish, moddiy-texnik bazani yaxshilash, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash borasida juda ko‘p kamchiliklarimiz borligini aytgan edilar. Shuning bilan birga, oldimizda turgan muhim vazifalar ham belgilab berilgan edi. Qisqa vaqt davomida yurtimizda xorijdagi nufuzli oliygohlarning filiallari ochildi, 832 nafar xorijiy mutaxassis jalb etildi. Qo‘shma dasturlar bo‘yicha 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarida ikki yoqlama diplom berish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimizning bu galgi uchrashuvdagi nutqlaridan angladikki, amalga oshirilgan ishlar yetarli emas ekan.

O‘tgan yilgi ma’ruzalaridan ruhlangan universitetimiz jamoasi bir taklif bildirmoqchi edik. Buni qarangki, davlatimiz rahbarining o‘zlari bizdan oldin ko‘nglimizdagini topib aytdilar. Texnika sohasidagi oliy ta’lim muassasalari uchun yangilik — texnopark joriy etish masalasini ko‘tardilar. Yuragimizga tugib qo‘ygan niyatimiz amalga oshadigan bo‘ldi. AQShdagi Kremniy vodiysi, Rossiya Federatsiyasidagi Skolkovo ilmiy-tajriba maydonlariga o‘xshagan texnopark O‘zbekistonda ham tashkil etilishi bo‘yicha ko‘rsatma berdilar. Uchrashuv davomida vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assotsiatsiyasi — NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan texnoparkning taqdimoti ham o‘tkazildi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi texnopark milliy universitet hududida barpo etiladigan bo‘ldi. Bu istaklarimizni ro‘yobga chiqarishda katta imkoniyat yaratadi, deb o‘ylayman. Texnoparkda Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda turli tadqiqotlar olib borib, sanoatda ishlatiladigan tajriba qurilmalarini sinovdan o‘tkazamiz.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: