Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
14.05.2019

TUHMAT VA XUSUMAT

tufayli necha yillardan buyon muqaddas bir dargoh rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilari ta’lim-tarbiya ishlaridan chalg‘ib, turli idoralarga tinimsiz yozilayotgan asossiz shikoyatlar bo‘yicha tushuntirish xatlari yozish bilan band bo‘lishmoqda

Tahririyatimizga har kuni turli-tuman masalalar bo‘yicha xatlar keladi. Bundan tashqari, fuqarolar turli shikoyat va ariza bilan murojaat qiladi. Bu albatta, aholining huquqiy savodxonligi oshayotganidan, haq-huquqini taniyotganidan dalolat. Fuqaro o‘z huquqini himoya etib, adolatsizlikka qarshi turib ariza yozsa, bundan mamnun bo‘lmoq kerak.

Ammo o‘zi nohaq bo‘lsa-da, haqiqatni tan olmay turli sud-huquq idoralari, ma’muriy idoralarga, ijtimoiy tarmoqlarga o‘zini jabrlangan ko‘rsatib, yillab shikoyat yozib, tinchgina ishlab yurgan insonlarga tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirayotgan kimsaning kirdikorlariga qanday baho berish mumkin?

Tahririyatimizga Toshkent moliya instituti ma’muriyatining institut sobiq huquqshunosi Mirg‘ani Akbarov bir necha yildan buyon mazkur ta’lim muassasasida ishlayotgan professor-o‘qituvchilar va rahbar xodimlar ustidan turli idoralarga tuhmat va fitnadan iborat shikoyatlar yozib kelayotgani, uning bunday xatti-harakatlariga huquqiy baho berilmayotgani hamda qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilmayotgani haqida murojaatnomasi kelib tushdi.

Qo‘shimcha tarzda, Mirg‘ani Akbarovning nojo‘ya xatti-harakatlari yuzasidan bir qator hujjatlar, Toshkent moliya instituti Kengashining 2019 yil 19 aprelda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilish bayonnomasi 48 nafar Kengash a’zosi imzo qo‘ygan holda ilova qilingan.

Murojaatnomada, jumladan, shunday deyiladi:

«M.Akbarov 2013-2019 yillar davomida institut rahbarlari, professor-o‘qituvchi va ishchi-xodimlari nomiga tuhmat uyushtirish, ularni shantaj qilish yo‘li bilan o‘z shaxsiy manfaatlarini qondirish maqsadida ochiqdan-ochiq tahdid qilib kelmoqda. Uning bunday yolg‘on ma’lumotlar bilan to‘lib-toshgan murojaatlarini o‘rganish uchun qanchadan-qancha davlat tashkilotlari xodimlarining vaqti ketayapti. Ularga davlat byudjetidan ish haqi to‘lab berilmoqda. M.Akbarovning o‘ta xudbinlik va mas’uliyatsizlik bilan tinimsiz ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Senati, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Xalqaro huquq himoyachilari jamiyati, «Ozodlik» va «Bi-bi-si» radiolari, «El.Tuz» nashri, O‘zbekiston Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati va boshqa tashkilotlarga yo‘llayotgan asossiz murojaatlari ilm va ziyo tarqatuvchi, tarbiya o‘chog‘i bo‘lgan Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchi va rahbarlarini ishdan qoldirmoqda, sha’ni va obro‘siga putur yetkazmoqda».

Xo‘sh, Mirg‘ani Akbarov kim va unga nisbatan kimlar tomonidan adolatsizlik qilingan? Bu g‘avg‘olar qachon va nimadan boshlangan?

Mirg‘ani Akbarov Toshkent moliya instituti rektorining 2004 yil 4 dekabrdagi buyrug‘i bilan huquqshunos lavozimiga ishga qabul qilingan. 2012 yildan 2015 yilgacha institut rahbariyatiga va kasaba uyushmasiga uning ustidan bir necha marotaba yozma ravishda shikoyatlar tushgan. M.Akbarov o‘zining xato va kamchiliklarini tan olgan hamda ularni qayta takrorlamasligini yozma ravishda bildirgan. Shundan keyin unga intizomiy jazo qo‘llanilmasdan, faqat ogohlantirish berilgan.

Lekin doimiy ravishda xodimlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani, bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, jamoadagi sog‘lom muhitni buzishga sababchi bo‘lib kelgani uchun M.Akbarovga institut rektori N.Haydarov tomonidan 2017 yil 4 sentabrda hayfsan berilgan. Shundan keyin ham o‘zgarish bo‘lmagach, 2017 yil 25 sentabrda M.Akbarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amaldagi qonunlar asosida bekor qilingan. Bor gap shu.

2016-2017 yillar davomida Toshkent moliya institutida B.Begalov rektorlik qilgan. Bu davrda M.Akbarovning nojo‘ya xatti-harakatlari ustidan jamoa a’zolaridan og‘zaki va yozma shikoyatlar kundan-kun ko‘payib borayotgani sababli, u alohida xizmat xonasidan 2-3 xodim ishlaydigan reja-moliya bo‘limiga ko‘chirilgan. Lekin M.Akbarov institutning ichki hujjatlari va buyruq loyihalariga imzo qo‘ymasdan, xodimlarni ovorai-sarson qilishni davom ettirgan.

2017 yil may oyidan boshlab institutga N.Haydarov rektor qilib tayinlangan. M.Akbarov bundan foydalanib, o‘ziga alohida xizmat xonasi ajratilishini so‘rab, Adliya vazirligiga ariza bilan murojaat qiladi. Ushbu murojaat bo‘yicha tegishli tashkilot mutaxassislari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, M.Akbarovga alohida xizmat xonasi, barcha zarur mebel va anjomlar ajratilib beriladi.

O‘z talabi qondirilganidan ruhlangan M.Akbarov institut faoliyatiga doir turli hujjatlarni imzo qo‘ydirish uchun olib kirgan xodimlarni haqoratlash va institutning ichki tartib-qoidalarini buzishga sabab bo‘luvchi xatti-harakatlarini davom ettiraveradi. Shundan so‘ng M.Akbarovga nisbatan ta’sirliroq intizomiy jazo sifatida hayfsan beriladi.

 Garchand M.Akbarov o‘z xatti-harakati tufayli institutning o‘sha paytdagi rektorlari B.Begalov va N.Haydarov bilan kelishaolmay qolgan bo‘lsa-da, sobiq huquqshunos har ikkala sobiq rektor va amaldagi rektor Ulug‘bek Azizov ustidan turli joylarga tinimsiz shikoyat yoza boshlaydi. Institut rektori tomonidan unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash haqida berilgan buyruqni bekor qilish va ishga tiklash haqida da’vo arizasi bilan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga murojaat qiladi.

Sudning 2017 yil 15 dekabr kunidagi hal qiluv qarori bilan fuqaro M.Akbarovning da’vo talablarini qanoatlantirish rad etiladi.

Sud qaroridan norozi bo‘lgan M.Akbarov fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga murojaat qiladi.

Toshkent shahar sudining 2018 yil 30 yanvardagi qarori bilan M.Akbarovning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etiladi.

Shundan so‘ng, M.Akbarov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018 yil 4 iyuldagi hal qiluv qarori bilan M.Akbarovning nazorat tartibidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldiriladi.

M.Akbarovning ishga tiklash haqidagi da’volari sudlarda ko‘rib chiqilib, mehnat shartnomasi bekor qilinganligi qonuniy deb topilgan bo‘lsa-da, u ko‘plab ommaviy axborot vositalariga o‘zining aybsiz ekanligini, ishdan nohaq bo‘shatilganligini dastak qilib, jamoatchilik, davlat xuquq-tartibot idoralariga turli ig‘volarni yozishda davom etadi va natijada ana shu holat institut jamoasining sabr kosasini to‘ldiradi. M.Akbarov institut rahbariyatiga yozma ravishda (shu jumladan, telefon SMS xabarlari orqali) uni ishga qayta tiklashni talab etadi. Aks holda, «institutda ro‘y berayotgan turli qing‘irliklar va qonunbuzarliklar» haqidagi ma’lumotlarni tarqatish bilan tahdid qiladi.

Shu paytgacha institut jamoasi M.Akbarovning murojaatlaridagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmasa-da, unga nisbatan hech qanday tashkilotlarga murojaat etmay kelayotgan edi. Bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan M.Akbarov andishaning otini qo‘rqoq, deb bilgan shekilli, institut rahbariyati va jamoasi sha’nini to‘kadigan gap-so‘zlarni tarqatishda davom etaverdi. Oxiri pichoq borib suyakka taqaldi. Uning bunday xurmacha qiliqlariga barham berish, M.Akbarovga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Toshkent moliya instituti Kengashi tomonidan 2019 yil 19 aprelda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi va 48 nafar Kengash a’zosi imzosi bilan sud-huquq idoralariga murojaat qilindi.

Mazkur yig‘ilishda sobiq xodim Mirg‘ani Akbarovning g‘arazli xatti-harakatlari yuzasidan ko‘pchilik o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan. Shulardan ayrimlarini keltiramiz.

Xodimlar bo‘limi boshlig‘i L.Haydarova:

– Mirg‘ani Akbarov institutda ishlab yurgan kezlarida, o‘z lavozimini suiiste’mol qilib, turli bo‘lim va kafedralarning ichki ishlariga aralashib yurgan. Oilali bo‘lishiga qaramasdan, institutda ishlayotgan xotin-qizlarga tegajoqlik qilib kelgan. Ijro intizomini ta’minlamagani, ichki buyruq, xat, xo‘jalik shartnomalari va boshqa hujjatlarni imzolash ishlarini ataylab cho‘zib kelgani uchun unga bir necha marotaba ogohlantirish berilgan. Lekin M.Akbarov bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib olmadi.

Devonxona va arxiv bo‘limi mudirasi F.Yaqubjonova:

– Institutning sobiq huquqshunosi M.Akbarov tomonidan turli davlat idoralariga yozilgan murojaatlar kundan-kunga ortib bormoqda. Xizmat vazifam taqozosi bilan men bu hujjatlarni bevosita o‘qib ko‘rib, rezolyutsiya qo‘yilishi uchun rahbarga taqdim etaman. Murojaatlarning matni deyarli bir xil, turli tashkilotlarda ro‘yxatga olingan raqami va sanasiga e’tibor berilsa, har xil. Bundan shunday xulosaga keldimki, M.Akbarov atayin bir xil mazmun va matndagi murojaatlarini ikki-uch kun oralig‘ida qayta-qayta jo‘natar ekan. O‘ylaymanki, bu odamlarni ovora qilishdan boshqa narsa emas.

U.Ortiqov, Byudjet hisobi va g‘aznachilik ishi fakulteti dekani:

– M.Akbarov nafaqat institutda ishlovchi oddiy professor-o‘qituvchi va ishchi-xodimlar, balki rahbariyatning murojaatlariga ham to‘liq va aniq bir huquqiy asoslangan xulosalar bera olmagan. Biz bunday huquqshunos bilan ishlashga mutlaqo qarshimiz. Ishdan bo‘shaganidan keyin ham uning bo‘hton va ig‘volaridan aziyat chekib kelayapmiz. Qachongacha bu holat davom etishi mumkin?..

R.Saidov, Bank ishi fakulteti dekani:

– M.Akbarov institutda ishlab yurgan paytida ham hammani ovora qilishni yaxshi ko‘rar edi. Fakultet dekanlari va dekan muovinlari buyruq loyihalariga, imzo qo‘ydirish uchun rosa qiynalardi. Shuning uchun men uning qayta ishga olinishiga qarshiman va M.Akbarovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini so‘rayman.

J.Karimqulov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor:

– Haqiqatan ham M.Akbarov turli davlat idoralariga murojaat qilib, nohaq tuhmat va bo‘htonlardan iborat bo‘lgan yolg‘on axborotlar tarqatish orqali ko‘pchilikni ovora qilib kelmoqda. Bir necha marotaba bo‘lib o‘tgan sud majlislari, turli tashkilotlardan kelayotgan ishchi guruhlarning ish faoliyati davomida M.Akbarovning muomalaga layoqatliligini o‘rnatilgan tartibda tekshirib ko‘rish kerak, degan xulosaga keldim. Kengash a’zolarining murojaatnomasida shunga alohida urg‘u berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

K.Karimova, Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti dekani:

– Haqiqatan ham institutning sobiq huquqshunosi M.Akbarov o‘zining bu xatti-harakatlari bilan institut sha’niga dog‘ tushirmoqda. Uning tomonidan hozirgacha turli joylarga tinimsiz yozilayotgan shikoyat va arizalar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganib chiqilgan va barchasi asossiz deb topilgan. M.Akbarov o‘z tasdig‘ini topmagan bunday murojaatlari bilan davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ovora qilishni qachongacha davom ettiradi?

 I.Qo‘ziyev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor:

– Hammamizga ma’lumki, M.Akbarov o‘zining aybsiz ekanligi, ishdan nohaq bo‘shatilganligini ko‘rsatib, turli tashkilotlarga davlat huquq-tartibot idoralari hamda ommaviy axborot vositalariga turli ig‘volar ko‘rinishidagi yozishmalari bilan institut jamoasi sha’nini yerga urib, obro‘sizlantirib kelmoqda. Hamma narsada chek-chegara va me’yor bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. M.Akbarovning bunday noo‘rin xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab huquqni muhofaza qilish organlariga Kengash a’zolari nomidan murojaat qilishni taklif etaman.

M.Akbarovning shikoyatlarini tekshirish uchun qanchadan-qancha ishchi guruhlari tuzildi, qancha-qancha mutaxassislar o‘z ishlarini tashlab, oylab, hatto yillab shu holatlarga aniqlik kiritish uchun sarson bo‘lishdi. Shulardan ba’zilarini keltiramiz.

M.Akbarov tomonidan 2017 yil iyul oyida yo‘llangan ariza bo‘yicha 2017 yil 2 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim prokurori A.Azimov, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Yuridik xizmat faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash bo‘limi yetakchi maslahatchisi O.Umarxodjayev va Yunusobod tumani «Buyuk Turon» mahallasi huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limi yetakchi maslahatchisi X.Turdanovlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda M.Akbarov arizada qayd etilgan kamchiliklar bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytgan va yozma ravishda tasdiqlagan.

Uning 2017 yil 15 sentabrda Yunusobod tuman prokuraturasiga yo‘llagan arizasi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 18 sentabrdagi 676-sonli buyrug‘i bilan maxsus ishchi guruhi tuzilib, 2017 yilning 21-22 sentabr kunlari institutda tekshiruv o‘tkazilgan. Mazkur ishchi guruhi tomonidan M.Akbarov ishtirokida arizadagi holatlar to‘liq o‘rganib chiqilgan va tasdiqlanmagan. U ishchi guruhi dalolatnomasiga «Ishchi guruhi xulosasi bilan tanishdim. E’tirozlarim yo‘q», deb imzo chekkan.

2017 yil 25 sentabrda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yo‘llangan ariza bo‘yicha 9 oktabrda yana maxsus ishchi guruhi tuzilib, institutda tekshiruv o‘tkazilgan va M.Akbarovning arizasidagi holatlar asossiz ekanligi aniqlangan.

2018 yil 30 noyabrda Bosh prokuraturaga yo‘llangan ariza Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilgan va M.Akbarovning da’volari isbotlanmagani aniqlangan va hokazo...

M.Akbarov tomonidan turli idoralarga yo‘llangan deyarli barcha ariza va shikoyatlarda institutda 2014-2016 yillarda bajarilgan grant loyihasi va unda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha bir necha marotaba ishchi guruhlari tuzilib, o‘rganilgan. Ularning barchasida shikoyatchining o‘zi ham shaxsan ishtirok etgan va ishchi guruhi xulosasida «ishchi guruhi xulosasi bilan tanishdim, e’tirozim yo‘q» deb imzo ham qo‘ygan.

Shuningdek, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan M.Akbarovning murojaatini o‘rganish jarayonida institut rektori U.Azizovga nisbatan keltirilgan ma’lumotlar yolg‘on va bo‘htonlardan iboratligi aniqlangan va o‘z tasdig‘ini topmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga 2018 yil 8 oktabrda yo‘llangan murojaatda keltirilgan holatlar ham tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganib chiqilgan va asossiz deb topilgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: M.Akbarov tuhmat uchun javob berish kerakligini bilmaydimi? Boshqa narsani bilmasa ham, buni bilishi kerak, har holda yurist, degan diplomi bor-ku. Institut jamoasi, rahbariyati ustidan bo‘htonlardan iborat arizalar yozib, yuzlab odamlarni ishdan chalg‘itayotgan, asabini yemirayotgan M.Akbarov xatti-harakatlariga yuridik baho berish vaqti kelmadimikan?

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: