14.05.2019

OQNI OQ, QORANI QORA DEYISH SHUNCHALIK QIYINMI?

Hurmatli Bosh muharrir! «O‘zbekiston ovozi» gazetasining 2018 yil 18 dekabr sonida «Bir fitna oqibati» sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi.

Yodingizda bo‘lsa, unda 2017 yilning 4 iyulida Urgut tumanidagi «Shahrizoda Sanam» fermer xo‘jaligi rahbari, Anvar Ziyoyev va ijarachi Asad Yo‘ldoshevga tegishli transformatorning so‘rg‘ichi buzilib, noma’lum shaxslar tomonidan hisoblagichlar almashtirib qo‘yilgani, o‘sha kunning o‘zidayoq qayoqdandir paydo bo‘lgan «Dehqonobod» elektr ta’minoti korxonasi xodimi Adham Iskandarov, tuman majburiy ijro byurosi xodimlari Ilhom Qurbonov va Shohimardon Qurbonov Anvar Ziyoyevga tegishli hisoblagichning so‘rg‘ichi buzilgani haqida dalolatnoma tuzishgani va Urgut tuman prokuraturasiga topshirgani va o‘g‘limga nisbatan asossiz ayblar qo‘yilgani misollar asosida bayon etilgan edi.

Shuningdek, maqolada Urgut tumanidagi tog‘ yon bag‘rida joylashgan «Shahrizoda Sanam» fermer xo‘jaligi rahbari, farzandim Anvar Ziyoyevga 2017 yilning 5 dekabrida Urgut tuman prokuraturasi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovchi vazifasida ish o‘rganuvchi Azamat Narziyev tomonidan «suv chiqaradigan nasos qurilmalari uchun «Dehqonobod» elektr ta’minoti korxonasi o‘rnatgan elektr hisoblagichni almashtirgani», «...elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelishi natijasida «Dehqonobod» elektr ta’minoti korxonasi manfaatlariga 25 million 674 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgani», «ko‘rsatilgan jinoyatni qasddan sodir qilgani» sababli O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasi bilan ayblov qo‘yilgani va Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan 2018 yil 26 martda o‘tkazilgan sud majlisida bu zarar fermer tomonidan qoplanishi haqida hukm chiqarilgani hamda unga bir yil muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlangani haqida so‘z boradi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining 2018 yil 5 avgustda o‘tkazilgan ochiq majlisida esa Urgut tuman «Dehqonobod» elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 2018 yil 7 avgustda tuzilgan solishtirma dalolatnoma asosida «Shahrizoda Sanam» fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan qarzi mavjud emas, degan qaror chiqarilgan. Ammo hozirgacha jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bekor qilinmagan va tuhmatga qolgan farzandim Anvar Ziyoyev qariyb ikki yildan buyon aybsizligini isbotlash uchun ishdan qolib, sud-huquq mahkamalariga qatnab sarson-sargardon bo‘lmoqda.

Men Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining 2018 yil 5 avgustda o‘tkazilgan ochiq majlisida «Shahrizoda Sanam» fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan qarzi mavjud emas, deb chiqargan qarori asosida 2018 yil 26 martda Anvar Ziyoyevga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan tayinlangan bir yil muddatga axloq tuzatish jazosini olib tashlash bo‘yicha yuqori sudlarga ariza bilan murojaat qilgan edim.

Oliy sud sudyasi T.Meliboyev tomonidan qabul qilingan ajrimga ko‘ra, sudlangan A.Ziyoyev ishi bo‘yicha sud qarorlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi ko‘rsatilgan va bir yil muddatga axloq tuzatish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Uning bu javobini umuman tushunmadim. U yo ishni chaqirib, masalaning ichiga kirib, o‘rganib ko‘rmagan yoki fuqarolik sudining qarorini tan olmayapti.

Ushbu tanqidiy maqola chop etilganidan keyin Siz tomoningizdan Oliy sud rahbariyatiga yuborilgan xatga 2019 yil 4 yanvarda olingan javobning oxirgi bandida: «Hozirda sudlangan A.Ziyoyev tomonidan sud qarorlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi ajrimi ustidan nazorat tartibida shikoyat berilmagan», deb yozilgan.

Shundan so‘ng men advokatim Sh.Qurbonov bilan birga Oliy sud sudyasi T.Meliboyev tomonidan qabul qilingan ajrimni noto‘g‘ri deb topishni so‘rab ariza yozdim va 2019 yil 14 yanvarda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari qabulida bo‘ldim. Natijada mening shikoyatim qanoatlantirilib, T.Meliboyevning ajrimi bekor qilindi, bu ish Samarqand viloyat sudida uch nafar sudyadan iborat sud kollegiyasida ko‘riladigan bo‘ldi. Lekin afsuski, oradan uch oydan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bugungacha bu ish na Oliy sudda, na viloyat sudida ko‘rilmayapti!

Bu aldovlarga chiday olmay, yana 3-4 marotaba rangimni sarg‘aytirib, Yuqori sud mutasaddilari qabuliga borib o‘tirishimga to‘g‘ri keldi. Oxiri 2019 yilning 11 aprelida bu ish bo‘yicha Oliy sudning hay’at raisi o‘rinbosari I.Muslimov imzosi bilan berilgan javob xati 2019 yil 6 fevralda Respublika Bosh prokuroriga, Urgut tuman prokuroriga va advokat Sh.Qurbonovga jo‘natilganini aniqladim. Lekin eng hayron qolarli joyi, bu javob xati nima uchun uch oy davomida bizning qo‘limizga yetib kelmadi?

Savol tug‘iladi: mayli, bir sud aybdor qildi, boshqasi oqladi. Nahotki shu oqlovga asosan tuhmatga qolgan bir insonni aybsiz, deb iqror bo‘lish shunchalik mushkul bo‘lsa?! Biz Yuqori sudga T.Meliboyevning ajrimidan norozilik shikoyati yozib, umid bilan kutdik, lekin bu ish yana aylanib, Urgut tuman prokuraturasiga yuborildi? Bu mantiqqa qanchalik to‘g‘ri keladi?

Hurmatli Bosh muharrir! Mening hech kimga hech qanday xusumatim yo‘q. Maqsadim – adolat qaror topib, tuhmat oqibatida rangi somon bo‘lgan o‘g‘limning farzandlari, yoru-birodarlari, qolaversa, el-yurt oldida yuzi yorug‘ bo‘lsa, deyman. Halol mehnat bilan topgan daromadidan Mehribonlik, Saxovat uylariga, bolalar bog‘chalariga doimiy ravishda xayriya qilib kelayotgan o‘g‘limning arzimagan pul uchun elektr hisoblagichning so‘rg‘ichini uzib, uni almashtirib qo‘yishiga har qanday aqli raso inson ishonmasligi tayin! Afsuski, kimlarningdir manfaati, tanish-bilishchiligi, o‘yinlari sud idoralarini ham chalg‘itayotgani kishini taajjubga soladi.

Axir, bunday holatlar qonun, adolat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib ish ko‘rayotgan sud-huquq idoralari xodimlari sha’niga, mamlakatimiz sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarga soya soladi-ku, sud obro‘siga putur yetkazadi-ku.

Tahririyat ham o‘z pozitsiyaisni himoya qilmasa, aytgan gapi havoga uchib ketsa, gazetaning ta’sir kuchi, nufuziga salbiy ta’sir qiladi, deb o‘ylayman.

Yoshim bir joyga borganda bunday sarsongarchilikni ko‘rish yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Bunday yozishmalarni o‘zimga ep ko‘raman, deb ham o‘ylamaganman. Ammo nachora, majbur bo‘ldim...

 

Sizga hurmat bilan,

Abduzohir ZIYOYEV,

mehnat faxriysi.

 

TAHRIRIYATDAN:

Abduzohir Ziyoyev Urgut tumanining Bahrin qishlog‘ida yashaydi. O‘ttiz yilga yaqin sobiq Navoiy jamoa xo‘jaligini boshqargan, Oliy Majlis, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputatligiga bir necha bor saylangan, tuman va viloyatda taniqli, obro‘li inson. Farzandi Anvar Ziyoyev 2007 yildan buyon «Navoiy» agrofirmasi qoshida tashkil etilgan «Shahrizoda Sanam» fermer xo‘jaligiga rahbarlik qiladi. Mahalladagi obodonchilik va xayriya ishlariga muntazam homiylik yordami ko‘rsatib keladi. Bu ochiq xatga alohida munosabat bildirishni lozim topmadik. Har bir mutasaddi idora bu borada o‘ziga xulosa chiqarib oladi, deb o‘ylaymiz.



DB query error.
Please try later.