14.05.2019

O‘ZBEKISTON — IQTIDORLI YOSHLAR MAMLAKATI

O‘zbek tilining izohli lug‘atida iqtidor so‘zining ma’nosi kuch-qudrat va qodirlikdir. Bugun taraqqiyot yo‘lidagi O‘zbekistonga bilim kuchi, bilim qudrati, bilim qodirligi suv bilan havodek zarur.

Ta’lim tizimi sifati jamiyatning yetuklik darajasidan dalolat bersa, iqtidorlilar ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, uni kafolatlaydigan davlat rahbari va mamlakat milliy elitasining yetuklik darajasini ko‘rsatadi. Prezidentimizning Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori mazkur yo‘nalishdagi islohotlar uzluksiz davom ettirilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar tarbiyasi va ta’limini to‘g‘ri, milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish jiddiy strategik masala hisoblanadi. Ta’lim-tarbiya tizimi sifati va tarkibi har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini belgilaydigan eng asosiy omillardan biridir.

XX asrning ikkinchi yarmida yoshlarning ta’lim-tarbiyasini maqsadli isloh qilish natijasida ijtimoiy-iqtisodiy barqaror jamiyat qurgan davlatlarga bir e’tibor beraylik: Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Norvegiya... Ular islohni bog‘chadan boshlab, 2-3 o‘n yillikda o‘ziga xos, samarali ta’lim-tarbiya tizimini yaratish hisobiga iqtisodiy barqaror, rivojlangan mamlakatlarga aylandi.

O‘zbekistonda olib borilayotgan bu sohadagi islohotlar xronologiyasini tahlil qilaylik. Ishni deyarli tugagan maktabgacha ta’lim tizimini tiklashdan boshladik. O‘zbekistonda ilgari bo‘lmagan, har jihatdan qulay, yaxshi jihozlangan bog‘chalar qura boshladik. Eng avvalo, uzluksiz ta’limning o‘ta zaif halqasi va shu bilan birga, eng muhim sohasi bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari mazmunan va tashkiliy jihatdan yangi shakllarda namoyon bo‘lmoqda. Yangi shakldagi maktabgacha ta’lim nafaqat mamlakatimizda bog‘cha yoshidagi bolalarning qamrab olish ko‘lamini keskin oshirishga, shuningdek, bolalarni 3-6 yoshidanoq qiziqishi, erkin muloqot qila olish qobiliyatiga qarab alohida guruhlarga bo‘lib ta’lim-tarbiya berish mexanizmlarini joriy etish imkoniyatlarini bermoqda.

Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun tarbiyachilarni tayyorlash tizimi ham deyarli yo‘q darajaga kelgan edi. Oliy ta’lim dargohlarida maktabgacha ta’lim muassasalari uchun mutaxassislar, tarbiyachilar, murabbiylar tayyorlashning son va sifat jihatidan yangi davri boshlandi. Turmushimizga maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta umumta’lim maktablari xususiy shakllarining kirib kelishi ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratmoqda. Jamiyatda ta’lim muassasasini tanlash, shu bilan birga, innovatsion ta’lim beruvchi murabbiylar, o‘qituvchilarga bo‘lgan yangicha talab, shunga munosib haq to‘lash tizimi ham amaliyotga kirib kelmoqda.

Xalqimiz ko‘pdan buyon kutgan 11 yillik maktab ta’limiga qaytilishi bolalarimizning ta’lim olish sifatini ham, tarbiyasini ham yanada yuksaltirish imkoniyatini berdi. Umumiy o‘rta ta’limda tizimli o‘zgarishlar jarayoni tezkorlik bilan davom etmoqda. Fanlardan yangi dasturlar, darsliklar, o‘qituvchi maoshi va qadrining oshishi shular jumlasidandir.

Kasb-hunar ta’limi — kollejlar borasida ham yangi tizim yaratilmoqda. Bu tizim ish beruvchilarning real talabidan kelib chiqqan holda, aniq va optimal bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan milliy elita yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha davlat siyosatining yuritilishi va ta’limga konseptual yondashish yaqin yillarda iqtisodiyotimizning barcha jabhalarini innovatsion fikrlaydigan mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Bu maqsadga erishish uchun ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omillar belgilandi va ularni mamlakat miqyosida bajarish bo‘yicha qator manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu omillarning ichida akademik litseylarning qaytadan isloh qilinishi, maktabgacha ta’lim tizimining rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida tubdan o‘zgartirilishi, ta’lim sohasida raqobat muhitini yaratishga olib keluvchi xususiy ta’lim muassasalarining ochilishi, innovatsion bilim va fanni egallash uchun xorijiy universitetlarda yoshlarning tahsil olishi, Prezident maktablarining tashkil qilinishi ta’lim islohotlarini izchil davom ettirish va yanada yuksaltirishga xizmat qilishi tabiiy.

Prezidentimiz Konstitutsiya bayramidagi ma’ruzasida oliy ta’lim islohotlariga alohida to‘xtaldi.Qanday og‘ir bo‘lmasin, tan olishimiz kerak, yurtimiz ravnaqi uchun eng zarur yo‘nalishlar bo‘yicha izlanuvchan, iste’dodli yosh kadrlarni chetda, rivojlangan davlatlarda o‘qitishga majburmiz. Shuning uchun ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizdagi ilmiy markazlar «El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlikda samarali ish olib borishi kerak.

Prezidentimizning «O‘zbekistonga jadal islohotlar sur’atiga mos ilg‘or kadrlar kerak» nomli ma’ruzasida zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilib, «Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz» deb alohida ta’kidlangan.

Albatta, O‘zbekistonimizning dunyo mamlakatlari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi so‘zsiz innovatsion bilimlarni egallagan, inson kapitali sohibi bo‘lgan bugungi yoshlarning qo‘lida. Shu sababli yoshlar tarbiyasidagi eng muhim navbatdagi qadamlardan biri — bu Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risidagi tarixiy va strategik qarordir. Mazkur hujjatda 2019-2021 yillarda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda Prezident maktablarini qurish belgilangan. Bu maktablarda tahsil oladigan o‘quvchilarni tanlash Kembridj universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshiriladi. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi maxsus memorandum imzoladi. Prezident maktablariga umumta’lim maktablarining 4-sinf bitiruvchilari mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijasida tanlab olinadi. Shuningdek, xalqaro «STEAM» — ta’lim (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) dasturi asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. 9-11-sinflarda o‘quvchilar o‘zlarining qiziqishlariga qarab ayrim fanlarni tanlash orqali individual bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Prezident maktablarining bosh vazifalaridan biri — tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘qitish, o‘quvchilarning innovatsion bilimlarni o‘zlashtirishlarini, ularning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatlarini ochib berish va rivojlantirishdan iboratdir. Prezidentimiz haqli ravishda ta’kidlaganidek, farzandlarimizning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga bolalikdan e’tibor berib, ularning kamoloti uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etsak, yurtimizda yana ko‘plab Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar yetishib chiqadi.

Prezidentimizning Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori bu sohada tashlangan yana bir o‘ta muhim qadam bo‘ldi. Bu hujjat yoshlarimizni ilm-fan bobida yanada g‘ayrat-shijoat ko‘rsatishlariga katta turtki bo‘ladi.

Ta’lim sifati jamiyatning ravnaqini ta’minlaydigan asosiy va birlamchi omil ekanligi hukumatning doimiy e’tibor markazida turadi. Iqtisodiyotning real sektorlari talablaridan kelib chiqib milliy elita kadrlarni tayyorlash va ularni dunyo bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash mintaqa (viloyat)lar strategik maqsadiga aylanib bormokda. Bu o‘ta muhim siyosatning muvaffaqiyati mamlakatning har bir fuqarosi ta’lim islohotlarida faol ishtirok etishini taqozo qiladi. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlab o‘tilganidek, ... islohot — bu yangilanish, o‘zgarish degani. Islohotlarning ijobiy natija berishi uchun, avvalo, rahbarlarimiz va odamlarimiz o‘zgarishi kerak. Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi.

 Haqiqatan ham ta’lim sifati har bir o‘qituvchining malakasi va o‘z kasbiga fidoyiligidan tashqari, jamiyatning ta’limga bo‘lgan munosabatiga ham bevosita bog‘liqdir. Bugun biz yangi avlod o‘qituvchisini xorijda yoki o‘zimizda tarbiyalash bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 25-45 yoshdagi pedagoglarning malakasini oshirishning tubdan yangi, mukammal va iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlarga moslashuvchan tizimini ishlab chiqishimiz lozim. Axir bugun yangi tipdagi bog‘chada tarbiyalanayotgan bolalar oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kelgunicha kamida 12-15 yil o‘tadi. Vaholanki, shu vaqt ichida hozirgi professor-o‘qituvchilarning 75-85 foizini yangilashni davr shiddati taqozo etadi. Kutishga va loqaydlikka berilishga hech ham haqqimiz yo‘q.

Prezidentimiz Murojaatnomasida keltirilgan Najmiddin Kubroning «Muvaffaqiyatni — sa’y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa — loqaydlik va dangasalikda ko‘rdim», degan hikmatli so‘zlarining ma’nosini hammamiz chuqur anglashimiz kerak. Jamiyatning har bir kishisida mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg‘otish, milliy fidoyilik tuyg‘usini shakllantirish va rivojlantirish vaqti keldi, bu jarayonni kundalik turmush tarziga aylantirish kun tartibimizdagi bosh masaladir. O‘shanda jonajon O‘zbekistonimiz iqtidorli yoshlar mamlakatiga aylanadi.

 

Rustam XOLMURODOV,

 Samarqand davlat universiteti rektori.



DB query error.
Please try later.