Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
08.05.2019

TARIX VA TAQDIRLAR

Tarix saboqlaridan ma’lumki, qaramlikdan qutulib, mustaqillikka erishgan har bir xalq kutilgan va kutilmagan sinovlarga duch keladi. Eskilik bilan yangilik o‘rtasida kurash ketadi, ziddiyatli holatlar yuzaga keladi. Turli o‘yinlar, mish-mishlar ko‘payadi, oq bilan qorani ajratish qiyin bo‘ladi. Odamlar kimga ishonishni bilmay qoladi. Asl qahramonlar bir chetda qolib, qo‘rqoq va sotqinlar qahramonga aylanadi. Adolatsizlikka yo‘l qo‘yiladi. Asossiz gaplar, yolg‘onlar o‘z vaqtida fosh etilmasa, tarix soxtalashtiriladi.

Yaqin o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar guvohlari, ishtirokchilari bugun oramizda ekan, haqiqatni joyiga qo‘yish imkoni bor. Aks holda, tarix taxminlar, bashoratlar hukmida qoladi.

Mamlakatimiz Mustaqilligining dastlabki yillaridagi murakkab voqealar, ziddiyatli holatlarning bevosita guvohi bo‘lgan, ichida yurgan inson, sobiq Ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon ALMATOV bilan sinovli yillarning ayrim voqealari haqida suhbatlashdik.

 

— Zokirjon aka, bu yil mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligini nishonlaymiz. Oradan shuncha yil o‘tib, ortga nazar tashlasangiz, avvalo, qanday voqea-hodisalar yodingizga tushadi?

— Avvalo, Mustaqilligimiz e’lon qilingan 1991 yil, 31 avgust yodimga tushadi. Bu tarixiy kun xalqimiz taqdirida tub burilish yasadi. Bilamiz, Mustaqillik ne-ne ajdodlarimiz uchun armon bo‘lib qolgan edi. Tog‘ning ulug‘vorligi undan uzoqlashganing sari ko‘proq namoyon bo‘ladi deganlaridek, yillar o‘tishi bilan Mustaqilligimiz e’lon qilingan kunning ahamiyati va qadrini chuqurroq anglaymiz. Bu kun bizdan keyingi avlodlar uchun ham aziz va muborak kun bo‘lib qolishi kerak. Shu haqda o‘ylaganda, xayolimga bir fikr kelaveradi: Ushbu ulug‘ sanaga haykal o‘rnatishimiz kerak emasmikin? Masalan, poytaxtimizning Mustaqillik maydoni darvozasi oldidami yoki maydonning boshqa bir ma’qul joyida ?991 YIL, 31 AVGUST» degan yozuv marmar toshdanmi, boshqa materialdanmi, katta qilib o‘rnatilsa, kechasi yonib turadigan bo‘lsa...

Bu yozuv har bir yurtdoshimiz yuragiga ko‘chadi, kishida g‘urur uyg‘otadi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi uchun muhim, deb o‘ylayman. Chet eldan kelgan mehmonlar «Bu yozuv nimani anglatadi?», deb so‘raganda, Mustaqilligimiz e’lon qilingan kun ekanini faxr bilan tushuntiramiz...

— Taklifingiz, fikrimcha, ko‘pchilikka ma’qul bo‘ladi. Bu ish amalga oshsa, Mustaqillik e’lon qilingan kunga xalqimizning yana bir hurmati, e’tiqodi, minnatdorligi timsoli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Endi Mustaqillik e’lon qilingan dastlabki kunlardagi voqealarga qaytsak.

— Hozirgi yoshlar u kunlarni tasavvur qilishi ham qiyin. Vaziyat juda og‘ir va murakkab edi. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ahvol tobora taranglashib borayotgandi. Yoshi ulug‘larning xabari bor, o‘shanda bir-ikki haftaga yetadigan un zaxirasi qolgan edi. Sobiq ittifoq hududidagi respublikalar o‘rtasidagi aloqalar uzilib, sanoat korxonalari birin-ketin faoliyatini to‘xtatishi oqibatida ishsizlar soni kun sayin oshib borardi. Turli mish-mishlar odamlarni sarosimaga sola boshlagandi. Mustaqilligimizni tan olishni istamagan kuchlar jamoatchilikni chalg‘itishga urinardi. To‘g‘risi, O‘zbekistonda xalq noroziligi kuchayib, to‘s-to‘polon yuzaga kelishini, fuqarolik urushi boshlanib, Mustaqillik barbod bo‘lishini xohlovchilar bor edi. Eng alam qiladigani, o‘zimizdan chiqqan ayrim kimsalar mustaqil davlatimizni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, dushmanlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, buzg‘unchilik bilan shug‘ullanishdi. O‘sha paytda yurtimizda tinchlikni saqlash bosh vazifa edi. Chunki tinchlik bo‘lmasa, hamma narsa barbod bo‘lardi.

Vatan tinchligi, osoyishtaligi hamma zamonlarda ham eng muhim, eng jiddiy masala hisoblangan. Yurt tinchligiga raxna solishga urinishlar, tahdidlar har doim bo‘lgan. Bu balo-qazolar faqat hamjihatlik, ahillik bilan yengib o‘tilgan.

Men hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, o‘tmishga bugungi kun nuqtai nazaridan qarab baho berib bo‘lmaydi. O‘sha og‘ir vaziyatlarda ba’zan to‘g‘ri, ba’zida murakkab qarorlar ham qabul qilingan. Lekin maqsad bitta bo‘lgan — O‘zbekiston mustaqilligi va tinchligini saqlab qolish. Mana shu muqaddas maqsad yo‘lida kerak bo‘lsa qon to‘kilgan, jon berilgan.

E’tibor qarataylik, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardan tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga birinchi vazifa sifatida qarab kelmoqda. Aslida mamlakat taraqqiyoti mana shu omillarga bog‘liq. Tinch yurtda yuksalish bo‘ladi. Tinch yurtga investor keladi. Men mutaxassis sifatida shuni alohida ta’kidlamoqchiman, davlatimiz rahbari tomonidan bugun jinoyatchilikka qarshi kurash, huquq-tartibot idoralari faoliyatini keskin isloh qilish, mazkur tizimlarda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, har bir jinoyatning tub ildiziga yetib borish masalalariga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Bu keng miqyosdagi ishlar natijasida jinoyatchilik kamayib bormoqda.

— Bir paytlar soxta shuhrat ketidan ot qo‘yganlar, shovqin-suron bilan nimagadir erishishni o‘ylaganlarning ishi yurishmadi, buzg‘unchilik bilan shug‘ullanganlar uzoqqa bormadi. Xalqimiz oq bilan qorani vaqtida ajratib oldi. Lekin baribir bir savol kishini o‘ylantiradi. Mustaqillikdek buyuk ne’mat qo‘lga kiritilgan bir paytda odamlar mitinglarga chiqishiga nima sabab bo‘lgandi?

— Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratish kerak. Birovga qaramlik paytlarimizda odamlar dardini ichiga yutib yurgan edi. Bir og‘iz norozi gap aytsa, boshiga nima tushishini bilgan. O‘sha zamon siyosati hech kimni ayab o‘tirmasdi. Mustaqillik arafasida, Mustaqillikning dastlabki kunlarida odamlar mitinglarga chiqishining sabablaridan biri yillar davomida to‘planib qolgan o‘tkir muammolar bilan bog‘liq edi.

Bu vaziyatdan buzg‘unchi kuchlar, jinoyatchi to‘dalar foydalanib qolishga harakat qildi. Uyushgan jinoyatchilik, og‘ir turdagi jinoyatlar oshdi, fitna ko‘paydi. Masalan, diniy erkinlikni sui’istemol qilib, yoshlarni ekstremistik oqimlarga tortish hollari kuchayib bordi. Chet ellardan dindor niqobida yurtimizga terrorchi tashkilotlar vakillari kirib kela boshladi. Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent, keyinchalik Namangan, Andijon voqealari aynan tashqaridagi yovuz kuchlar tomonidan uyushtirildi. Ular o‘zlarining qora niyatlariga yetish uchun alamzada bo‘lib yurganlar, irodasi mo‘rt kishilar, mustaqil fikri shakllanmagan yoshlardan foydalanishdi. Birinchi Prezidentimiz hushyorligi, oqilona siyosati bilan ko‘plab xavf-xatarlar bartaraf etildi. Xalqimiz balo-qazolardan asrab qolindi.

O‘tgan kunlarni eslaganda, avvalo, ana shu voqealar, fojialar yodimga tushadi. Bugungi yoshlarimizga Mustaqillikka osonlikcha erishilmagani, qattiq kurashlar bo‘lgani, ko‘p sinovlardan o‘tilganini tushuntirib berishimiz kerak, deb o‘ylayman. Bugun Prezidentimiz ham shuni talab qilayapti. Yoshlarimiz tariximizni chuqurroq bilishi kerakligini ta’kidlayapti. Kechagi kunni, o‘tmishni yoshlarimiz qancha yaxshi bilsa, Mustaqillik, umuman, hayotning qadriga shuncha ko‘proq yetadi.

— Siz o‘sha og‘ir davrdagi voqealar ichida yurgan insonsiz. Shuni hisobga olib, yana bir masalada fikringizni bilmoqchimiz. Mustaqillikkacha ekstremizm degan gap bizda yo‘q edi. Bu balo-qazo qayerdan paydo bo‘ldi?

— Mustaqillikka erishilgandan keyin yurtimizda dinga erkinlik berildi. Islomning barcha amallarini bekamu ko‘st ado etish imkoni yaratildi. Masjidlar soni oshdi, haj amallarini bajaruvchilarga qo‘shimcha o‘rinlar berildi.

Afsuski, bu jarayonlardan g‘arazli kuchlar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, hali oqu qorani bilmagan yoshlarimizga islomdan «saboq» berish bahonasida o‘zlarining yovuz g‘oyalarini ular ongiga singdirishga urinishdi. Diniy ekstremistlar aldoviga uchib, qanchalab yoshlarimiz yo‘ldan adashdi, juvonmarg bo‘lib ketdi. Keyinchlik davlatimiz qo‘li qon bo‘lmagan, chin yurakdan tavba qilib, xalqdan kechirim so‘raganlarning gunohidan o‘tdi, bilib-bilmay yo‘ldan adashganlar oilasi bag‘riga qaytdi.

— Biroq o‘sha paytlarda g‘arbning ko‘pgina ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda dindorlarga tazyiq o‘tkazilmoqda, nomoz o‘qiganlar qamoqqa olinmoqda, degan shov-shuvlar ko‘targandi...

— Bu tuhmatlar dushmanlarning ishi edi. O‘zimizdan chiqqan sotqinlar ularga malaylik qilishgandi. Qolaversa, ekstremizm bilan islom dinining, ekstremistlar bilan dindorlarning farqiga bormasdan jahonga jar solganlar ham bo‘ldi. Bir o‘ylab ko‘raylik, aziz-avliyolar xotirasiga hurmat ko‘rsatib, maqbaralari obod qilinayotgan, yangi masjidlar qurilayotgan, haj ziyoratiga borayotganlar qo‘llab-quvvatlanayotgan O‘zbekistonda, Imom Buxoriy yurtida tinch namoz o‘qib, ibodat qilayotgan odamni kim jinoyatchiga chiqaradi. Hukumat qarori bilan Hayit bayramlari erkin nishonlanayotgan yurtda dindorlarga tazyiq ko‘rsatilyapti, deyish mantiqqa to‘g‘ri keladimi?

Bu fitnalar g‘oyasining egalari, uni amalga oshiruvchi ijrochilari bo‘lgan. 1999 yil fevral voqealari, 2004 yilda yuz bergan terrorchilik harakatlarini esga olaylik. Bu yurtimizdagi tinchlikka, mustaqillikka qaratilgan hujumlar edi. Oqibatda qancha begunoh insonlarning qoni to‘kildi...

— Yana bir masalaga aniqlik kiritsak, o‘sha paytlarda qator xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda taniqli ulamolarga nisbatan ham tazyiqlar o‘tkazilmoqda, masalan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xorijga chiqib ketishiga rahbariyat bilan kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi, degan mish-mishlar tarqalgandi.

O‘sha davrda Ichki ishlar vaziri sifatida, tabiiyki, ko‘p voqealardan xabardor bo‘lgansiz. Shu sababli ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan davlat oliy rahbariyati, aniqrog‘i, birinchi rahbar o‘rtasida ziddiyat bo‘lgan edi, degan gap qay darajada haqiqatga yaqinligi to‘g‘risida fikringizni bilmoqchi edik.

— Yurtdoshlarimizga ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etilgan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi.

Bir misolni aytay, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham muftiy, ham sobiq Ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida sovet hukumati rahbariyatiga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ko‘tarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan. Aynan shu misolning o‘zi ham u kishining vatanparvarligi, jasoratini ko‘rsatib turibdi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bir umr Islom dini haqiqatlarini fidoyi bo‘lib targ‘ib etib kelgan, bu mavzuda ko‘plab kitoblar yozgan, yuksak ma’naviyatli inson edilar. Bunday ma’rifatparvar, dili pok zot xotirasi oldida faqat haqiqatni aytish lozim, albatta. Asossiz, ayniqsa, yolg‘on aralashgan gap-so‘zlar u kishining ruhini bezovta qiladi, deb o‘ylayman.

Yana takror aytaman: bu ulug‘ zot nafaqat g‘oyat ma’rifatli, ayni chog‘da jur’atli inson bo‘lgan. 1990-yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi sifatida mintaqada musulmonlarning birdamligini saqlash, turli fitna va guruhbozliklar kelib chiqishining oldini olishda o‘tkir zehn, jasorat bilan xizmat qilganlar.

1991-1993 yillarda mamlakatda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan edi. Toshkent shahrida, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida muqaddas dinimizni niqob qilib olgan g‘alamislar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni hukumatga qarshi qo‘yishga intilib, turli tartibsizliklarni tashkil qilishga urindilar. «Adolatchilar», «Islom lashkarlari» degan to‘dalarni tuzishga harakatlar bo‘ldi. Chalasavod, johil kimsalar to‘planib olib, jinoyatchilikka qarshi kurashyapmiz, degan niqob bilan odamlarni o‘zlari «sud» qilib, jismoniy jazo qo‘llash holatlarini sodir etishdi. Ana shu qiyin vaziyatlarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari hududlarga shaxsan o‘zlari borib, aholi bilan gaplashib, vaziyatni o‘nglash, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatish masalasida juda katta ishlarni amalga oshirganlar. Shu insonning bevosita harakatlari bilan ko‘p g‘alayonlarning oldi olindi. U kishining Islom olamidagi katta obro‘si, mamlakatda tinchlik osoyishtalik o‘rnatishdagi beqiyos xizmatlari yuksak e’tirofga loyiqdir.

O‘sha davrda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘rtasida ziddiyatlar bor, shayxga nisbatan tazyiq o‘tkazilayapti, degan ig‘vo va bo‘htonlar tarqalgan edi. Shu yillarda Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan inson sifatida bir narsani aytmoqchiman. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan.

Ko‘pchilikka noma’lum bir voqeani aytay, 1992 yilning oxirlarida ayrim davlatlarning maxsus xizmatlaridan bizga ketma-ket tezkor xabarlar kelib tushdi. Ma’lum qilinishicha, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Farg‘ona vodiysining qaysidir tuman yoki shahriga borgan vaqtlarida, u kishiga nisbatan terrorchi guruhlar tomonidan suiqasd uyushtirilishi rejalashtirilayotgan ekan.

O‘sha paytda Birinchi Prezidentimiz topshirig‘iga binoan ana shu terroristik harakatlarning oldini olish maqsadida tezkor qidiruv ishlari amalga oshirildi va tabiiyki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari davlat himoyasiga olindi. Ammo g‘alamislar o‘z o‘yinlarini davom ettirdi. Ularning niyati Shayxga suiqasd uyushtirib, bu jinoyatni Respublika rahbariyatiga to‘nkash edi. Shu tariqa jamoatchilikni amaldagi rahbariyatga qarshi qo‘yish, g‘avg‘o chiqarish, urush olovini yoqish edi.

Terrorchilarning ayyorligini, pastkashligini qarang, ular Shayxga suiqasd uyushtirishdan oldin mamlakat rahbari bilan shayx o‘rtasida nizo chiqqan, degan gap tarqatishdi. Shundan so‘ng shayxni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Agar ularning qora niyati amalga oshsa, «ana, biz ogohlantirgandik, bu jinoyatni hukumat qildi», deb dunyoga jar solmoqchi bo‘lishgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Men tufayli mamlakatda notinchlik bo‘lmasin», degan niyatda musulmon mamlakatlaridan birida vaqtincha yashab turishga qaror qildilar, o‘zlarining bu fikrlarini shaxsan menga bir necha marotaba aytganlar...

Shayx hazratlarining suyukli ukalari Muhammadamin aka 1999 yilda menga akalari Vatanga qaytmoqchi ekanliklarini aytdilar. Men Shayx hazratlarining niyatlarini Islom Abdug‘aniyevichga yetkazdim. U kishi bu xabarni mamnuniyat bilan qabul qildilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tez orada O‘zbekistonga qaytdilar va umrlarining oxrigacha ilm-ma’rifat bilan shug‘ullandilar.

Xalqimiz, barcha mo‘min-musulmonlar uchun u kishining vafotlari ulkan yo‘qotish bo‘ldi. Minglab yurtdoshlarimiz Shayx bilan vidolashuvga keldi, o‘zining cheksiz mehr-muhabbatini, hurmatini bildirdi. Hozirgi kunda ham Shayxning kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilmoqda, insonlarni to‘g‘ri yo‘ldan boshlashga xizmat qilmoqda. Xalqimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan to abad faxrlanadi va u kishini hech qachon yoddan chiqarmaydi, bunga ishonchimiz komil.

— Ma’lumki, tarix eng odil va xolis tarbiyachi. O‘z tarixini yaxshi bilgan xalq adashmaydi, yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarib yashaydi. Yaqinda davlatimiz rahbari tarixni o‘rgatishning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, tarixiy shaxslar, voqealar haqida yoshlarga ko‘proq ma’lumot berish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshida Tarix kanalini tashkil etishga qaror qilindi. Shulardan kelib chiqib fikrlaydigan bo‘lsak, nima deb o‘ylaysiz, mustaqillikning dastlabki yillarida bo‘lgan voqea-hodisalardan yoshlarimizni ko‘proq xabardor qilish uchun qanday yo‘l tutmoq kerak?

— Albatta, tarixni o‘qib-o‘rganib, undan saboq chiqarib yashash, insonni bugungi kunni qadrlashga, shukronalikka o‘rgatadi. Suhbatimiz davomida Mustaqillik arafasida va Mustaqillikning dastlabki yillaridagi ayrim voqealarni yodga oldik, xolos. Mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlikni asrash yo‘lida jonini fido qilgan, o‘zini ayamay mehnat qilgan insonlarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bilishi kerak. Tarixiy shaxslar hayoti va jasoratini ibrat qilib ko‘rsatishdan charchamaslik kerak.

Bugun Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadiga diqqat bilan e’tibor qaratsak, ko‘p narsani anglaymiz.

Birinchidan, ochiq jamiyat uchun kurash borayapti. Ochiq jamiyat degani avvalo xalqdan hech narsani yashirmaslik, odamlarni aldamaslik, shirinmi, achchiqmi, haqiqatni gapirish, degani. Ikkinchidan, inson huquqi, qadri hamma narsadan ustun qo‘yilmoqda. Insonni ulug‘lash barcha soha rahbarlari uchun bosh vazifa qilib qo‘yilmoqda. Bu jarayonda adolatli bo‘lish, tarixga to‘g‘ri ko‘z bilan qarash kerak. Zero bugungi yoshlarimiz asl haqiqatni bilsin, o‘zimizning tariximizga tegishli nimanidir chetdan, boshqalardan o‘rganishga ehtiyoji qolmasin.

 Bugun oramizda yaqin o‘tmishdagi voqealar ishtirokchisi, guvohi bo‘lgan kishilar oz emas. Ulardan foydalanish kerak, deb o‘ylayman. Yurtga xizmati singgan qanchalab faxriylarimiz uyida zerikib o‘tirishibdi. Ular bilan uchrashuvlar izchil yo‘lga qo‘yilsa, xotiralari yozib olinsa, ulug‘ ish bo‘lardi, deb o‘ylayman. Xalqimiz, yoshlarimiz asl haqiqatni o‘zimizdan eshitsin, bilsin, xulosa qilsin.

— Suhbat uchun, qimmatli fikrlar, ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildiramiz.

 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Safar OSTONOV suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: