30.04.2019

ONA TILI DARSLIKLARIDAGI XATOLAR,

chalkashliklar va murakkabliklar haqida

Men maktabda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi sifatida har kuni o‘quvchilar bilan yuzlashaman, ularga saboq beraman. Lekin ba’zan ular shunday savollar berishadiki, unga javobni na darsliklardan, na boshqa joydan topib bo‘ladi.Chunki bu darsliklarni tuzgan mualliflarning o‘zida ham javob yo‘q...

 

Darsliklar — ta’lim samaradorligini ta’minlovchi eng asosiy vositalardan biri. Lekin bugun ona tili ta’limi SO‘Z atalmish ilohiy tushunchadan uzoqlashib, tilshunoslik faniga aylanib ketdi.

Bugun qaysidir sohaga (til faniga butunlay begona soha bo‘lsa ham) o‘qishga kirishni xohlagan abituriyentlar ona tili fanining murakkab ilmiy jihatlarini ham manaman, degan tilshunoslar bilan bemalol munozara qila oladigan darajada o‘zlashtirib qo‘ydi.

Gap shundaki, ona tili fanini zo‘raki murakkablashtirish jarayoni shiddat bilan davom etyapti. Buning «mevasi» sifatida abituriyentlar uchun biryo‘la 4-5 topshiriqni o‘z ichiga olgan o‘ta murakkab testlar tuzildi. Menga shunday tuyuladiki, go‘yo bu testlar o‘quvchi qoqilsin degan maqsadda tuzilganday.

Xo‘sh, ona tili fani maktablarda qay ahvolda o‘qitilmoqda? Afsuski, ona tili darsliklariga nazar tashlagan kishi yuqoridagi salbiy illatlar ildizi maktab darsliklarida ekanligini sezib olishi qiyin emas. 5-9- sinflarni-ku qo‘yib turaylik, hatto boshlang‘ich sinflar darsliklarida ham til grammatikasiga katta e’tibor qaratilgan. Kichik hajmdagi mashqlarda ham «belgi bildiruvchi so‘zni toping, harakat bildiruvchi so‘zni toping», tarzidagi grammatik topshiriqlar qo‘yilgan.

Bu bilan ona tili atalmish sirli mamlakatga endigina sayohatga otlangan jajji sayohatchilarning ixlosini qaytarib qo‘ymayapmizmi? Sayohatning ko‘tarinki ruhda davom etishi uchun o‘quvchini so‘zning sehrli olamiga yetaklashimiz, uning jozibasidan, ma’no tovlanishlaridan zavqlantira olishimiz kerak emasmi?!.

Shuning uchun nafaqat boshlang‘ich sinflarda, hatto 5-6 sinflarda ham til grammatikasidan butunlay voz kechib, o‘quvchi yoshiga mos, badiiy jihatdan pishiq, so‘zni his qilish ko‘nikmasini shakllantiradigan badiiy namunalar — xoh she’r bo‘lsin, xoh nasr ko‘rinishida bo‘lsin — tavsiya etilishi kerak. Turli manbalardan olingan, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan turli gaplardan tashkil etilgan mashqlar o‘rniga bog‘lanishli matnlar olinsa, o‘quvchilarda matn tuzish, so‘zlash, munosabat bildirish, xulosa chiqarish kabi ko‘plab ko‘nikmalar shakllanadi. Agar bu matnlar imlosi kitobning o‘zida to‘g‘ri berilsa, o‘quvchi hech qanday grammatik qoidalarsiz ham savodxonlikka erisha oladi. Bu davrda o‘quvchida 3 jihat shakllanishi lozim deb hisoblayman:

Birinchidan, so‘z boyligini oshirish va ravon nutq. Ikkinchidan, imloviy savodxonlik. Uchinchisi, mustaqil fikrlash va bayon etish.

Kattaroq hajmdagi she’rlarni yodlash, nasriy matnlardagi yangi so‘zlar ma’nosini chaqish bilan o‘quvchining lug‘at boyligi oshsa, matn voqealariga munosabat bildirish, muammoli vaziyatlarda xulosa chiqarishga da’vat etish orqali mustaqil fikrlashga o‘rganadi. She’riy matnlarni ko‘proq yodlatish, matnlarni chiroyli husnixatda xatosiz yozishga o‘rgatish bilan ham savodxonlikni ta’minlash mumkin.

N.Mahmudov, A. Nurmonov, A. Sobirov, V. Qodirov va Z. Jo‘raboyevalar hammuallifligida tuzilgan 5-sinf darsligida, afsuski, murakkab grammatik tushunchalarga keng o‘rin berilgan. Avval 8-sinfda o‘rgatiladigan «Gapda so‘zlarning bog‘lanishi», «So‘z birikmasi» va hokazo mavzular hozir 5-sinf dasturiga kiritilgan va bu o‘quvchi uchun og‘irlik tug‘diradi. O‘quvchi ularni yodlab o‘zlashtirsa-da, baribir tushunib yetmaydi.

Fonetikaga oid nazariy fikrlarda ham g‘alizlik bor. Nutq tovushlarini biyron til bilan talaffuz qila oladigan bolajonlarimizni bu tovushlarning qayerda va qanday hosil bo‘lishi kabi murakkab ilmiy fikrlar bilan qiynashimiz shartmi? O‘quvchilar bularsiz ham to‘g‘ri talaffuz qila olyapti-ku! 5-sinf ona tili darsligining 46-betida holga, 47-betida to‘ldiruvchiga ilmiy ta’rif berilgan bo‘lib, har ikkala ta’rif ham «fe’lga bog‘lanib», deb boshlanadi. Bu albatta o‘quvchini chalg‘itadi va agar shu qoida asosida ishlaydigan bo‘lsak, sintaktik tahlil jarayonida ortiqcha muammolar kelib chiqadi. Agar shu qoida «fe’lga bog‘lanib emas, kesimga bog‘lanib», deb o‘zgartirilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi, shu bilan birga, tahlildagi chigallik va bahslarga barham berilishi mumkin. Darslikdan bunday chigalliklarni yana keltirish mumkin.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab o‘zgartirilgan DTS asosida tuzilgan va amalda qo‘llanayotgan taqvim ish rejalariga metafora, metonemiya, sinekdoxa, vazifadoshlik singari murakkab tushunchalarning kirib kelganini qanday izohlash mumkin?! Bilamizki, bevosita til bilan bog‘liq oliy ta’lim muassasalarida bu mavzular ustida so‘z borsa, katta munozaralarga duch kelinadi. Unutmaylik, tinglovchilarimiz hali 5-sinf o‘quvchilari.

N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, D.Nabiyevalar hammuallifligida yaratilgan 6-sinf darsligida izohga muhtoj, o‘zgartirish lozim o‘rinlar bor. Masalan, «Asliy va nisbiy sifatlar» mavzusi «Sifat darajalari» mavzusidan oldin o‘tiladi. Holbuki, sifatlarning asliy yoki nisbiyligini aniqlash uchun aynan o‘zini bilish shart bo‘ladi. Daraja nimaligini bilmagan o‘quvchiga asliy sifat qanday tushuntiriladi?! Darslikda 6-sinf o‘quvchilari uchun tavsiya etilgan 287- va 288-mashqlardagi o‘rin-joy nomlarini manaman, degan tilshunos ham besh bahoga yozib bera olmasa kerak.

Darslikda yozilishicha, «roq» qo‘shimchasi qiyosiy daraja hosil qiladi, «biroz, sal, picha» so‘zlari ozaytirma daraja hosil qiladi. Qiyoslab ko‘raylik: balandroq – sal baland (biroz baland, picha baland). Menimcha, ikkala birikma mazmunida katta farq yo‘q, ammo biri qiyosiy daraja, ikkinchisi ozaytirma daraja deb tushuntirilmoqda. Qolaversa, biroz baland birikmasida belgi ozaymayapti, balki ortyapti. Bunday misollarni darslikdan yana keltirish mumkin.

N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, D.Nabiyeva, A. Mirzaahmedovlar hammuallifligida tuzilgan 7-sinf darsligida ilmiy bahstalab o‘rinlar nihoyatda ko‘p. Yordamchi so‘z turkumlari doirasida o‘rgatilayotgan sof va vazifadosh atamalari ham o‘quvchini chalg‘itishdan boshqa narsa emas. Masalan, «bilan» so‘zi kitobning 78-sahifasida sof ko‘makchi qatorida sanab o‘tilgan. Holbuki, bu so‘z bog‘lovchilarni o‘rganish darslarida biriktiruv bog‘lovchisi (94-sahifa) sifatida misollar asosida tushuntirilgan. Modomiki, darslikdagi ilmiy fikrlar bu tarzda bir-birini rad etib tursa, o‘qituvchi uni qay qudratli til bilan o‘quvchilarga tushuntirsin? Demak, uni sof emas, vazifadosh yordamchi so‘z sifatida olishimiz kerak. Ko‘ryapmizki, ularni, kezi kelganda, mutaxassis yoki dars o‘tayotgan o‘qituvchining o‘zi ham farqlay olmaydi.

Darslikdagi «Inkor bog‘lovchisi va inkor yuklamasi» haqida. Avvalo, ikkala tushunchaga berilgan ilmiy ta’rifning o‘zi nihoyatda g‘aliz. Diqqatimizni ikki tushunchani farqlashga xizmat qiluvchi asosiy belgiga qaratamiz. Inkor bog‘lovchisi qo‘llanganda, gapning kesimi tasdiq shaklida, inkor yuklamasi qo‘llanganda, kesim inkor shaklida kelar ekan. Mayli, shunday bo‘lsin ham. Shu fikrni dalillovchi gaplarga nazar tashlaylik. Darslikda yuklama sifatida berilgan misolni keltiraman. «Ko‘nglimni tutolmas na ov, na o‘yin» (darslikning 121-sahifasidagi 252-mashqning 9-gapi). Xo‘sh, gapdagi inkor shaklidagi kesimni tasdiqqa aylantiraylik-chi, ma’noda o‘zgarish bo‘larmikan? Ko‘nglimni na ov, na o‘yin tuta oladi. Menimcha, hech narsa o‘zgarmadi. Gapda «na» yordamchisi uyushiq egalarni bog‘lab kelmoqda, xolos. Axir uyushiq bo‘laklarni bog‘lovchi bog‘lab keladi-ku. Demak, bu so‘z yuklama emas, bog‘lovchi. Qolaversa, yuklama so‘zlarni bog‘lash uchun emas, so‘z va gaplarga qo‘shimcha ma’no yuklash uchun xizmat qiladi.

Darslikda 6 ta kelishik 6 ta mavzu sifatida 6 soat bo‘lib berilgan va shunday o‘tiladi. Agar ularni bitta jadvalga joylab bir soatda o‘tsak, o‘quvchi tezroq o‘zlashtiradi. Iqtisod qilinayotgan 5 soat vaqtda tarbiyaviy mazmundagi kichik matnlar tanlab, bayon yozdirish yoki so‘zlab berish mashg‘ulotlari tashkil etish mumkin. «Matnda qo‘llangan kelishik shakllarini toping», tarzida topshiriq berish bilan o‘quvchilarda kelishiklarni mustaqil holda taniy olish ko‘nikmasi shakllanadi.

«Olmosh so‘z turkumi va uning tasnifi» mavzusi ichida berilgan olmoshlar jadvalida (darslikning 18-sahifasi) «shuncha» so‘zi belgilash olmoshi sifatida berilgan. Holbuki, bu so‘zning asosi shu ko‘rsatish olmoshi bo‘lib, «-cha» miqdor bildiruvchi qo‘shimcha qo‘shilishi bilan «n» tovushining ortishi kuzatilgan. Demak, bu belgilash olmoshi emas, ko‘rsatish olmoshi sifatida berilishi kerak edi.

Olmoshlar mavzusida so‘z yasalishi haqida hech qanday fikr uchramaydi. Aslida ikki asosni qo‘shish orqali yasalgan «ana shu», «mana bu», «har bir» kabi olmosh so‘zlar mavjud. Shu o‘rinda «kimdir», «nimadir» olmoshlari tarkibi ham bahstalab. Kitobning 32-sahifasiga «So‘roq olmoshlariga «alla», «-dir» qo‘shimchalarini qo‘shish bilan gumon olmoshlari hosil qilinadi, degan qoida kiritilgan. Savol tug‘iladi: 6-sinfda «Qo‘shimchalar tasnifi» mavzusi o‘tilganda, bu qo‘shimchalarni uchratmagan edik. Xo‘sh, ularni qo‘shimchaning qaysi turiga kiritamiz? So‘z yasovchimi, lug‘aviy shaklmi yo munosabat shakli? Men bu holatni so‘roq olmoshiga gumon yuklamasi qo‘shish bilan gumon olmoshi yasalgan, deb baholagan bo‘lardim (masalan, «kim + dir). Demak, olmoshlarda ham har ikkala turdagi: ikki asosni qo‘shib so‘z yasash va qo‘shimcha qo‘shib so‘z yasash hodisasi mavjud va u yasalish xususiyatiga ega bo‘lgan mustaqil so‘z sifatida sanalishi kerak.

Darslikdagi «Ismlar» mavzusi ham juda tushunarsiz. So‘zlarni ismlar deb jamlash shartmikan?!

M.Qodirov, H.Ne’matov, M.Abduraimova va boshqalar hammuallifligida tuzilgan 8-sinf darsligida «So‘z birikmasi» mavzusi «Teng va tobe bog‘lanish» mavzusidan oldin o‘tiladi. Holbuki, teskarisi bo‘lishi kerak. Chunki tobe bog‘lanish tufayli so‘z birikmasi hosil bo‘ladi.

Ot kesim va ega orasida tirening ishlatilish qoidalarida ham tushunarsiz holatga duch kelamiz (darslikning 65-sahifasi). Shuning uchun kesim bog‘lamasiz ishlatilganda, tire qo‘yiladi, degan qoidani qabul qilish va shu asosda imlodagi murakkablikka nuqta qo‘yish kerak.

Egali va egasiz gaplar mavzusini o‘tishda qanaqa ilmiy fikrga suyanishni bilmaysan kishi. Bunday gaplarning tasniflanishidan tushuntirishgacha bo‘lgan jarayonning o‘zida aniq bir prinsip yo‘q. Bu mavzuni butunlay qayta ko‘rib chiqish kerak.

«Uyushiq kesim» (darslikning 110-sahifasi) mavzusida «Siz a’lochi va jamoatchisiz», «Siz a’lochisiz va jamoatchisiz» ko‘rinishida 2 ta gap berilgan va birinchisi uyushiq bo‘lakli gap, ikkinchisi qo‘shma gap deb talqin etilgan. Bu umuman tushunarsiz holat. Darslik o‘zining 51-sahifasida aytgan ilmiy fikriga o‘zi qarshi chiqmoqda (Qo‘shma gap ta’rifi). Axir ikki gapning grammatik asosi bitta-ku. Faqat kesimlar uyushyapti, xolos. Harakat bir kishi tomonidan bajarilyapti. Agar gapda harakat ham, bajaruvchi ham kamida ikkita bo‘lsa, bunday gap qo‘shma gap sifatida qabul qilinishi kerak. Darslikdagi yana ko‘plab mavzularni qayta ko‘rib chiqish va ixchamlashtirish kerak.

Endi diqqatimizni N.Mahmudov A.Nurmonov, A.Sobirovlar hammuallifligida yaratilgan 9-sinf ona tili darsligiga qarataylik. «Sodda va qo‘shma gaplar» mavzusida shunday qoida berilgan. «Kesimning nechtaligi gaplarni sodda va qo‘shma gaplarga ajratishga asos bo‘ladi». Savol tug‘iladi: uyushiq kesimlar mavjud gaplarni ham qo‘shma gaplar sirasiga kiritamizmi?

Bu qoida tarkibida nechta grammatik asos bo‘lishiga qarab gaplar sodda va qo‘shma gaplarga ajratiladi, deb o‘zgartirilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Darslikda keltirilgan ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ergash gaplarning kesim, ega, to‘ldiruvchi, aniqlovchi kabi turlari bosh gapga «-ki» yuklamasi yordamida bog‘lanadi. Savol tug‘iladi: o‘zi «-ki» degan yuklama bormi? 7-sinfda yuklamani yordamchi so‘z turkumi sifatida o‘quvchiga keng o‘rgatamiz. Afsuski, «-ki» ushbu darslikda yuklamalar orasiga kiritilmagan. Qolaversa, yuklama gaplarni bog‘lash uchun xizmat qilmaydi. O‘quvchi: «Ustoz, «-ki» degan yuklama yo‘q-ku?» deganda unga qanday javob berishimiz kerak?!

Shuning uchun «-ki» yordamchisini ergashtiruvchi bog‘lovchi sifatida o‘quvchiga tushuntirsak to‘g‘ri bo‘ladi, chunki gap «-ki» qo‘shilgan so‘z bilan tugasa, har doim fikr davom etadi, demak, u ergashgan qo‘shma gapning qismlarini bog‘lashga xizmat qiladi. Qo‘shma gaplar mavzusi hajman qisqartirilib tushunarli holatga keltirilishi kerak.

Yuqorida darsliklarda uchragan chalkash fikrlar shunchaki fikr isboti uchun keltirildi, xolos. .Aytmoqchimanki, bu hali hammasi emas, darsliklar bilan har kuni yuzlashadigan o‘qituvchi yana o‘nlab shunday holatlarni kuzatishi mumkin.

Darsliklarni xatolardan xoli qilish, ona tili ta’limining maqsadini o‘z vazifasidan kelib chiqib belgilash uchun, qolaversa, mukammallashtirish uchun amaliyotchi o‘qituvchilar bilan tilshunos olimlar hamkorligida ilmiy anjumanlar, munozaralar tashkil etilishi va bir to‘xtamga kelinishi lozim, deb hisoblayman. Bu — bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifasi.

 

Gavhar USMONOVA,

Narpay tumanidagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.

 

TAHRIRIYATDAN:

Ushbu maqolada muallif amaliyotchi o‘qituvchi sifatida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgan va kuyunchaklik bilan aytilgan bu fikrlar, albatta, gazetxonni e’tiborsiz qoldirmaydi. To‘g‘ri, izlanishlar bor joyda xato-kamchiliklar bo‘lishi tabiiy, lekin kelajagimiz bo‘lgan yoshlar ta’lim-tarbiyasida xato qilishga haqqimiz yo‘q. Qolaversa, darsliklar tayyorlashda ham bu mas’uliyatni faqat nazariyachi olimlarga yuklab qo‘ymasdan, unga amaliyotchi pedagoglarni ham jalb etish, bu borada tanlovlar tashkil qilish orqali har bir darslikning pishiq-puxta bo‘lishiga erishishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Ana shu masalada pedagog-olimlarimizni bahs-munozaraga chorlab qolamiz.



DB query error.
Please try later.