23.04.2019

Janubiy Koreya – O‘zbekiston: MUSHTARAK MAQSADLAR VA QADIMIY DO‘STLIK RISHTALARI

Bahrom OBIDJONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani tarixiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Qachonlardir taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan minglab koreys oilalari o‘zbek xalqi bilan do‘st-birodar bo‘lib yashab kelishadi, jamiyatimizning faol a’zolariga aylanib, xalqimiz bilan jipslashib ketishganligi hech kimga sir emas.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek va koreys millatlarining o‘xshashlik, umumiylik jihatlari bisyor. Bizlarni til jihatdan Oltoy tillar oilasi birlashtirib turgan bo‘lsa, hudud jihatdan bir qit’a, bir mintaqa – Yevroosiyo va Sharq umumiylashtirib turadi. Tarixiy, madaniy jihatdan ham ko‘plab uyg‘unliklarni ko‘rishimiz mumkin.

Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda yanada ravnaq topdi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda ko‘p sonli koreys diasporasi muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar 2006 yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2014 yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya va boshqa muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanib kelmoqda. 2017 yil 22-23 noyabr kunlari muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur mamlakatga tashrifi esa uzoq yillik siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida so‘z ketganida, madaniyat va ta’lim sohasidagi hamkorliklar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. 1992 yildan beri Toshkentda Koreys ta’lim markazi faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Bir nechta universitet va institutlarda koreys tili va madaniyati markazlari ochilgan. O‘zbekiston universitetlari Janubiy Koreyadagi o‘ttizdan ziyod oliy ta’lim muassasalari va ilmiy ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil qilinishi bilan davom ettirildi. Bu oliygohda o‘zbekistonlik yoshlar zamonaviy, xalqaro talablarga mos sharoitlarda kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishi bo‘yicha bilim olmoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda koreyslar o‘rtasida ham o‘zbek tili, milliy urf-odatlarimiz, madaniyatimiz va san’atimizga katta qiziqish bildirganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Janubiy Koreyaning Tegu va Pusan chet tillari universitetlarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.

Ildizlari do‘stlik, sherikchilik va sharqona qadriyatlardan kuch olayotgan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar kelgusida ham jadal taraqqiy etaveradi.

 

Mehrojiddin DARXONOV, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:

– Janubiy Koreya Prezidenti janob Mun Chje Inning mamlakatimizga davlat tashrifi bilan bog‘liq voqealarni katta qiziqish bilan kuzatdim.

Muloqot va marosimlarga oid tafsilotlarni ommaviy axborot vositalari orqali bilib borishga harakat qildim. Har bir loyiha ortida xalqimizning farovonligi bilan bog‘liq masalalar turganini his etib turdim.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning mintaqada yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarini kamaytirish, Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘zbekiston Koreya Respublikasining Koreya yarim orolida hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tinchliksevar siyosatini ma’qullaydi.

Oliy martabali mehmon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari oldida nutq so‘zlagani tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Janob Mun Chje In o‘z nutqida O‘zbekiston — Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar 1400 yil avval boshlanganini, qadimiy koreys davlati elchilari Samarqandga kelgani, mustahkam do‘stlik va ishonch Afrosiyobning g‘arbiy devoridagi suratda o‘z aksini topganligini e’tirof etdi.

Prezident Mun Chje In Seul shahri temiryo‘li orqali Yevroosiyo qit’asini bosib o‘tib, Toshkent temiryo‘l vokzalida tushishni orzu qilishini aytgani O‘zbekistonimizga bo‘lgan cheksiz hurmati ifodasi bo‘ldi. Qolaversa, bu niyat aloqalarimizning kelajakdagi maqsadlarini belgilab beradi, desak yangilishmagan bo‘lamiz.

Oliy martabali mehmon insoniyat hamkorlik va muloqot orqali rivojlanib taraqqiy etib kelganini, mamlakatimizda Sharq va G‘arb bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyat mavjudligini alohida ta’kidladi. Al Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi bobokalonlarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasiga to‘xtalgani, Mirzo Ulug‘bek yaratgan jadval Koreyaning Choson davlati davrida taqvim yaratilishiga asos bo‘lganini alohida e’tirof etdi. Bu biz uchun katta faxrdir.

Men shunday o‘ylaymanki, Prezident Mun Chje Inning milliy parlamentimizdagi nutqi xalqimizga ko‘rsatgan oliy ehtiromi namunasi bo‘lib qoladi.

 

Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— So‘nggi yillarda O‘zbekiston hayotining ko‘plab sohalarida, shu jumladan, milliy parlament hayotida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Strategik hamkor davlatlar rahbarlaring parlamentda nutq so‘zlashi an’anaga aylanayotgani tarixiy voqea bo‘lmoqda. Janubiy Koreya Prezidentining parlamentimizda mehmon bo‘lib, xalq vakillariga murojaat etishi zamirida ham chuqur ma’no-mazmun bor, albatta.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlar bugun faol mustahkamlanmoqda. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan. Ikki davlat tezkor yaqinlashuviga do‘stlik va ishonch asos bo‘lib xizmat qilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi almashuv turli sohalar, shu jumladan, energetika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, logistika, axborot texnologiyalari va moliya borasida kengaydi. O‘tgan yili ikki tomonlama savdo hajmi mamlakatlarimiz o‘zaro aloqalari tarixida eng yuqori darajaga — 2,1 milliard dollarga yetdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston — Janubiy Koreya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istagini ko‘rsatmoqda. Koreya O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlaridan biridir. Hozirgi bosqichda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida mustahkam shartnoma-huquqiy bazasi turli hamkorlik sohalarida yaratilgan.

Shuningdek, parlamentlararo munosabatlar ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 1995 yilda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida «Koreya Respublikasi — O‘zbekiston» parlament do‘stlik assotsiatsiyasi tuzildi. O‘z navbatida, Oliy Majlisda Janubiy Koreya bilan hamkorlik bo‘yicha guruh ta’sis etilgan.

Prezident Mun Chje In o‘z chiqishida O‘zbekiston taraqqiyoti Koreya taraqqiyoti ekanini ta’kidladi. Parlament a’zolari ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashda va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib, ushbu do‘stona aloqalarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishiga ishonch bildirildi. Har ikki mamlakat parlamenti vakillari bu jarayonda faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

 

Zulayho AKRAMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Qadimgi davrlardayoq odamlar yashagan hududdagi bugungi Koreya shaharlari ko‘z oldimizda qanchalik zamonaviy ko‘rinish kasb etsa, shunchalik uzoq tarixiy ildizlarga ham ega.

Zotan qariyb 14 asr avval mintaqadagi uch koreys qirolligi birlashuvi ortidan vujudga kelgan mamlakat buning yaqqol dalilidir.

Janubiy Koreya yetakchisining mamlakatimizga tashrifi ayni paytda eng ommaviy mavzulardan bo‘lib turibdi. Darhaqiqat, ushbu tashrifni yilning eng asosiy voqealaridan biri bo‘ldi, deyishga haqlimiz. Boisi, ushbu tarixiy uchrashuv natijasi o‘laroq ikki mamlakat o‘rtasida yirik hajmdagi kelishuvlarga erishildi. Ularning amalga oshirilishi, eng avvalo, ikki davlat xalqlarining farovonligiga xizmat qiladi.

Xalqimizda «do‘stingni ko‘rsat, kimligingni aytaman», degan naql bor. Shu ma’noda, Janubiy Koreya bilan endilikda strategik sheriklikka ko‘tarilgan aloqalar ulkan ahamiyat kasb etadi. Buning ikkita sababini alohida ko‘rsatish mumkin.

Birinchisi, 1948 yilda, o‘sha paytdagi mamlakat sharoiti va geografik joylashuvi noqulayligiga qaramasdan, Koreya davlatining chinakam mehnat, sabot va iroda bilan asr so‘nggida kuchli 20 talik davlatlar qatoridan o‘rin olgani;

Ikkinchidan, koreys xalqining mehnatga munosabatini alohida e’tirof etish joiz.

Tezlik – ushbu xalqning qon-qoniga singib ketgan. Ba’zi manbalarda koreyslarning tezkorlikka munosabati qadriyat sifatida e’tirof etilgandi. Ularning bu odati o‘z tillarida «palli-palli» iborasi bilan ifodalanadi.

Buni biz o‘zaro muloqotda ko‘p qo‘llaydigan «tez-tez» tushunchasiga qiyoslasak bo‘ladi. Demak, endi biz ham strategik sheriklar kabi «palli-palli» ishlashimiz kerak. Bir vaqtning o‘zida aniqlik bilan, albatta. Shundagina do‘stlarimiz bilan ko‘p jihatdan tenglasha olamiz.

Marra esa quyidagi ma’lumotlarda: 1953 yildan 2007 yilgacha Janubiy Koreya YaMM 2,3 mlrd.dan 1,2 trln. AQSh dollariga, aholi jon boshiga YaMM daromadi qiymati 67 dollardan 24600 dollarga o‘sdi.

Mana marra, mana «palli-palli»cha yo‘l...



DB query error.
Please try later.