08.04.2019

XALQ BORKI, DAVLAT BOR

Huquqni cheklaydigan, yo‘l ochish o‘rniga to‘siq qo‘yadigan hujjatlarni endi zamon ham, xalq ham qabul qilmaydi

Yaqin-yaqingacha «parlament qonun loyihasini qabul qilmasdan orqaga qaytaribdi», degan gaplarni deyarli eshitmasdik. Ayrim murosa qilib bo‘lmaydigan masalalarda fikri, qat’iy nuqtai-nazarini bildirgan deputatlar xushlanmas yoki bo‘lmasa, qo‘llab-quvvatlanmasdi. Bunday muhitning salbiy ta’siri butun mamlakatda sezilardi.

Fikr bildirishdan iymanish, biron voqeaga ko‘pning oldida munosabat bildirishdan tortinish, davlat mulozimlariga qarshi fikr aytishdan cho‘chish xalq va millat sifatida yuksalishimizga xalaqit qilayotgan illatlarning eng kattasi, desak, haqqimiz ketmasa kerak. Erta-indin taraqqiyotimiz, hayotimiz qanday darajada bo‘lishi fikrlar erkinligi va xilma-xilligi masalasi bilan uzviy bog‘liq. Fikr yo‘q joyda o‘sish ham bo‘lmaydi. Bu murakkab mavzu, bitta maqola doirasida uning ayrim jihatlarini tahlil qilish mumkin, xolos.

O‘tgan yili aprel oyida parlamentda yer osti suvlaridan ruxsatsiz suv olganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlanmagani haqida maqola bergan edik. Loyihaga ko‘ra, suv quduqlarini ruxsatsiz qazganlik uchun fuqarolarga jarima jazosi belgilanishi kerak edi. Parlament vakillari bu hujjatga qarshi chiqdi. Nimaga? Chunki bu hujjat hayotiy vaziyatni bilmasdan tayyorlangan edi.

Tasavvur qilaylik, bir qishloqda yoz va kuz oylarida oqava suv umuman uziladi. U yerda odamlarning bor umidi tomorqadagi yemishlik ekin va 4-5 tuyoq mol-holga bog‘lanib qolgan. Nima qilish kerak? «Suv yo‘q!», deb dod-voy solgan bilan muammo qisqa muddatda hal bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Bunday vaziyatda aholi bir-ikki mol-polini sotib, tezlik bilan quduq qazishga majbur bo‘ladi. Xudo berib, suv tezroq chiqsa chiqdi, bo‘lmasa, quduq chuqurlashgan sari narxi ham oshib ketaveradi... Amal-taqal qilib odamlarning endi og‘zi suvga yetganida qishloqda suv yo‘q paytlarda qorasini ham ko‘rsatmagan mulozim qovoqlari solingan o‘ta jiddiy qiyofada darrov yetib keladi, «mana bu qonunning mana bu moddasiga ko‘ra javobgarsiz», deb turib oladi, go‘yo odamlarning ustidan kulganday bo‘ladi...

Xullas, o‘shanda deputatlar aholini barqaror va doimiy suv bilan ta’minlamasdan javobgarlik belgilanishi noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini to‘g‘ri tushuntirishga urinishgan, bu masalada qonun qabul qilishdan oldin targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarur, degan qat’iy xulosa bergan edi.

Mana shunday holatlarda qonunlarning hayotdagi vaziyatga mos bo‘lishi juda zarur ekani oydinlashadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qonunlarning bevosita ijodkori xalq bo‘lishi kerakligi haqida aytgani bejiz emas, albatta. Bu o‘rinda masalaning ahamiyati va yuqorida keltirilgani kabi nozik jihatlari hisobga olingan.

Qonunlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish jarayonida parlament a’zolarining xalq manfaatlarini ko‘zlab fikr yuritishi, munosabat bildirishi xalq fikrining qudrati oshishida katta ahamiyatga ega.

Ma’lum hudud yoki jamiyat miqyosidagi muhim masalalar bo‘yicha fikr bildirmoqchi, taklif bermoqchi bo‘lgan kishilarga yo‘l ochilishi o‘ta muhim masala. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar, sayyor qabullar, sayyor uchrashuvlar, ijtimoiy tarmoqlar fikr aytish, munosabat bildirishga qulay sharoit yarata boshladi. Jamiyatda faollik oshgani kimlargadir yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo xalqning xalq, millatning millat bo‘lishi uchun fikrlay olish, gapira olish qobiliyati hamma narsadan ko‘proq zarur. Bu haqda uzoq va’zxonlik qilishga zarurat yo‘q, dunyo ulug‘lari kerakli gaplarni aytib ketgan.

«Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar». Konstitutsiyamizdagi ana shu yuksak qoidaga muvofiq davlat idoralarining qaror qabul qilish, tartib-taomillarni belgilash jarayonida mas’uliyati oshyapti. Jamoatchilik fikri mulozimlarni shunga undab turibdi. Hukumat, mahalliy hokimliklar ishlab chiqqan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi katta samara bera boshladi.

Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan hujjat loyihasi haqida tezkor fikrlar bildirilyapti. Davlat idoralari, olimlar, turli soha mutaxassislari va amaliyotchilar o‘rtasida muloqot muhiti yuzaga kela boshlagani mamlakatda har tomonlama ijobiy muhitni yuzaga chiqarmoqda. Avvaliga jamoatchilik fikriga deyarli e’tibor qaratilmagan bo‘lsa, endilikda bu jarayon ham ijobiy tomonga siljishni boshladi.

Garchi ko‘p bo‘lmasa-da, bunga aniq misollar bor. O‘tgan oyning boshida regulation.gov.uz saytiga O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot hamda tekstil mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish to‘g‘risida nizom loyihasi joylashtirildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov va boshqa ko‘plab yurtdoshlarimiz ushbu hujjat loyihasiga ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirib chiqdi.

Zafar Hoshimov, jumladan, shunday degandi: «...Davlatimiz qat’iy ravishda eksportga narxlarni belgilash g‘oyasiga muntazam qaytayotgani ko‘pchilik qatori meni ham hayratlantirmasdan qo‘ymayapti, rosti... O‘tgan yili juda yaxshi gilos hosili bo‘ldi. Bog‘bonlar to‘kin-sochin mavsum ilinjida juda xursand edi. Biroq davlat gilosning 1 kg. ni 4 dollardan past narxda eksport qilishni taqiqlab qo‘ydi. Ammo gilosga belgilangan narxning tashqi konyunkturasi mutlaqo boshqacha bo‘lgan. Men o‘zim shaxsan Rossiyadagi supermarketda 1 kg. gilos uchun 190 rubl (3$) to‘lagandim. Shundan kelib chiqadiki, Moskvadagi chakana savdoda gilosning kilosi 3$ edi, mansabdorlarimiz esa uni 4$ dan past narxda eksport qilishni ma’n qilishgan...»

O‘sha hujjat loyihasiga ko‘ra, eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, meva-sabzavotlar va to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha «tavsiya etiladigan» eksport narxlarini belgilash taklif qilindi. Bu bog‘bonlar, dehqonu fermerlar, tadbirkorlar hamda ekspertlarning keskin norozilik va e’tirozlarini keltirib chiqardi. Mart oyining oxirgi kunlaridan birida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri ishbilarmonlar va ekspertlar bilan muloqotdan so‘ng, hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan olish, ya’ni uni qabul qilmaslik haqida xulosaga keldi.

Bu voqea davlat tashkilotlariga hamma narsani nazorat qilishga urinish bilan obro‘ topib bo‘lmasligi, to‘siq qo‘yish emas, sharoit yaratish kerakligi, «bilganimcha ish tutaman», degan o‘y bilan yurish katta xato ekani haqida o‘ziga xos «signal» bo‘lishi kerak. O‘tgan yili yurtimizning juda ko‘plab qishlog‘u mahallalarida yetishtirilgan oltinga teng mo‘l hosil noto‘g‘ri qarorlar oqibatida sotilmay uvol bo‘lgani, bundan xalqimiz katta jabr ko‘rganidan saboq chiqarilmagani ko‘rinib turibdi. Vazirlik va davlat idoralarida ishlayotgan mutaxassislar haliyam hududlardagi real hayotni to‘g‘ri tasavvur qila olmayotgani, hujjatlar xalqni qiynashi emas, unga yordam berishi lozimligini anglab yetmayotgani sezilib qolyapti. Bo‘lmasa, bitta masalada ketma-ket byurokratik hujjatlar tayyorlanayotganini qanday izohlash mumkin?..

Yaqinda Adliya vazirligi saytida shunday xabar chiqdi: «Davlat boji stavkalarining 4-bandiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Hukumat qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga ... qo‘yilgan edi. Loyihada Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olinganda undiriladigan davlat boji bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilgan edi. Davlat boji stavkalarini kompleks ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib hamda propiska masalasida qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasi qo‘shimcha o‘rganilayotganligi sababli loyiha jamoatchilik muhokamasidan olib tashlandi».

Nega birdaniga bunday bo‘ldi? Hujjat loyihasi tayyorlab jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganidan keyin nimaga qo‘qqisdan fikr o‘zgarib qoldi?..

Bu savollarga javobni faol huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Xushnudbek.uz» guruhida (76 mingga yaqin o‘quvchisi bor) yozgan ayrim fikrlardan topish mumkin. Gap shundaki, huquqshunos hujjat loyihasi e’lon qilingach tezkor va keskin munosabat bildirgan edi:

«... loyihadagi keyingi taklif bevosita O‘zbekiston fuqarolari uchun taalluqli. Aniqrog‘i O‘zbekiston fuqarolariga yanada qiyinroq, yanada og‘irroq shartlar haqida gap ketyapti. Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan umumiy mulk huquqi asosida sotib olingan taqdirda, ularning har biri belgilangan stavkada davlat boji to‘lashi taklif qilinmoqda. Belgilangan stavka esa uy narxining 5 foizi...

...Tepadagilar mundoq qarashsa, xalqqa yengil bo‘lib ketyapti. «Nimaga 3-4 kishi pul qo‘shib, uy sotib olib, osongina propiska olishi kerak?» degan savolni berishgan. Va bunga javob sifatida ushbu loyihani ishlab chiqishgan, menimcha. Lekin ularning birortasi «Nimaga O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtida propiskani «sotib olishi» kerak?» degan savolni o‘ylab ko‘rdimikin, qiziq?..»

Vazirlik bir kishining fikri yoki munosabati bilan hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan olib tashlashi qiyin bo‘lsa kerak, albatta. Ammo «propiska sotilishi» Konstitutsiyaga zid ekani haqida o‘zimizda ham, dunyoda ham fikrlar ko‘p. Men shunday fikrlovchilar tomonidaman. Chunki Prezident Farmoni bilan 2018 yilgi davlat dasturida propiskasi yo‘q fuqarolar ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishiga ruxsat berilishi belgilangan bo‘lsada, bu talab haligacha bajarilmagan. Vazirlik bu masalaga munosabat bildirmagan...

Xalq fikri – qudratli kuch. Xalq borki, davlat bor, muhr va lavozimlarning ma’nosi bor.

Taskin beradigan holat shundaki, ayrim davlat tashkilotlari jamoatchilik fikri bilan hisoblasha boshladi, tanqidiy fikr asosida ishlashni o‘rganayapti. Bu bizning jamiyat uchun muhim va xarakterli yangilik.

Xalqning fikrini eshitmagan, orzu-intilishlarini ilg‘amagan davlat mo‘rt bo‘ladi, oynalari qoraytirilgan ulovlarda yuradigan mulozimlar hayotdan uzoqlashadi, davlatning birdan-bir manbai xalq ekanini unutib qo‘yadi, oqibatda oyog‘i yerdan uziladi. Bu masalada uzoq va yaqin o‘tmishdan misollar oz emas.

Fikr ko‘p, qarashlar xilma-xil bo‘lgan jamiyat tom ma’noda yuksalib, rivojlanadi. Xalq va millat fikridan ibrat va quvvat olib yashagan davlatgina qudratli bo‘ladi.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV.



DB query error.
Please try later.