08.04.2019

MARD ELNING BAXSHILARI KO‘P BO‘LADI

Firdavs SHARIPOV, xalqaro festival ishchi guruhi a’zosi, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:

— Mazkur festival YuNESKO shafeligidagi Termiz shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas, albatta. Negaki, baxshichilik san’atiga oshnolik, mehr har bir surxon farzandining qon-qoniga singib ketgan. Shu boisdan ham bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun hududda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlarida barcha birdek jonbozlik ko‘rsatdi. Termiz shahri markazida Alpomish haykali o‘rnatilgan bo‘lsa, aeroportda yangi bino foydalanishga topshirildi. Vohadagi 40 ga yaqin turistik maskanlar bukletlari, shahar xaritasi, baxshichilik san’atiga oid risolalar o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etildi. Tarix va madaniyatimizdan so‘zlovchi kitob va fotoalbomlar chiqarildi. Fayoztepa, Kampirtepa, Sulton Saodat, Al Hakim at Termiziy kabi tarixiy obidalar ta’mirlandi. San’at saroyi hududida tomoshabinlar uchun amfiteatr barpo etildi. Ko‘cha va xiyobonlar, ko‘pqavatli uylar obodonlashtirilib, yo‘l va yo‘laklar barpo qilindi. Mehmonlar va ishtirokchilar uchun turli madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari barchaga manzur bo‘lishi muqarrar.

Xalqaro baxshichilik festivalida baxshi-shoir, oqin va jirovlarning chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab boriladi.

Tanlov g‘oliblariga diplom, maxsus statuyetka va pul mukofotlari beriladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin sohiblari 10 ming dollarni qo‘lga kiritsa, 2- hamda 3-o‘rinni egallaganlar mos ravishda 7-5 ming dollar sohiblari bo‘lishadi. Shuningdek, «Eng yosh baxshichilik san’ati ishtirokchisi», «Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi», «Eng yaxshi cholg‘u ijrochisi» kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham rag‘batlantiruvchi mukofot va diplomlar topshiriladi.

 

Rayhon RAHIMOVA, xalqaro festival ishchi guruhi a’zosi, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:

— Surxondaryo insoniyat tamaddunida o‘ziga xos o‘rin tutgan zamin hisoblanadi. Xalqimizning urf-odat va an’anlarini keng targ‘ib qilish borasida bugungi kunda xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepa, Termizdagi Fayoztepa, Denovning shimoliy hududida joylashgan Qorabog‘tepa, Sariosiyodagi Sangardak sharsharasi va boshqa o‘nlab makonlar ro‘yi-zamin sayyohlari, olimlari va arxeologlarni o‘ziga maftun etmoqda.

Ikki daryo oralig‘ida joylashgan qadim va navqiron Termizda Xalqaro baxshichlik san’ati festivalini o‘tkazilishi esa bu boradagi xayrli ishlarning davomi bo‘ldi. Dunyoning turli qit’alaridan tashrif buyurgan mehmonlar qariyb bir hafta davomida xalqimizning noyob durdonalaridan bahramand bo‘lishadi. Ilk bor tashkil qilingan anjuman sayyohlik, ma’naviyat va ma’rifiy sohalar rivojida ham o‘ziga xos mustahkam ko‘prik bo‘lishiga ishonaman. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlarga qadriyatlar mujassam maskanga xush kelibsiz, deymiz!

 

Shoberdi BOLTAYEV, O‘zbekiston Xalq baxshisi:

— Yurtimizda Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand, qoraqalpoq baxshichilik maktablari bor. Bulung‘ur, Shahrisabz, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun va boshqa tumanlarda ham bu borada xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Hudud baxshilarining ijro usullari va repertuarlari bir-biridan farq qiladi. Bulung‘ur baxshichiligida qahramonlik dostonlari mashhur bo‘lsa, aksariyat manzillarda ishqiy qissalar kuylanadi.

Xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalarini targ‘ib qilishda Sherobod-Boysun maktabining alohida o‘rni bor. An’analar avloddan-avlodga o‘tishida O‘zbekiston xalq baxshilari Bola baxshi Abdullayev, Abdunazar baxshi Poyonov, Boborayim baxshi Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Abduqahhor baxshi Rahimov, Shomurod baxshi Tog‘ayev, Ziyodulla baxshi Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Qodir baxshi Rahimovlar munosib hissa qo‘shganlar.

Surxon to‘ylarini baxshilarning betakror dostonlari, ajoyib termayu o‘ziga xos aytishuvlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ming yillardan so‘zlaguvchi san’at o‘lmas qadriyatlar, urf-odat va an’analarni tarannum qiladi. Ellarni birlashtirib, millatlarni yaxshilik, mehr-oqibat, do‘stlik va birodarlikka chorlaydi. Shu bois milliy udumlarimiz uyg‘unlashgan alyoru laparlar kishilarni maftun qiladi. Soz sehrining betakor ohanglariga mahliyo bo‘lish tabiiy.

Prezidentimizning o‘tgan yil yanvar oyidagi viloyatimizga tashrifi davomida dildan suhbatlashgandik. Davlatimiz rahbari baxshichilik san’atini rivojlantirish borasida ajoyib taklif bildirganlari hamon yodimda. O‘shanda yurakdan quvongan edim. Buni qarangki, ko‘p o‘tmay Termiz shahrida baxshilar maktabi tashkil qilindi.

Yaxshi elning baxshilari ko‘p bo‘ladi, deydilar. Qirq besh yil davomida o‘nlab shogird tayyorlagan bo‘lsam, kelajakda ularning safi yanada kengayishi muqarrar. O‘zaro fikr almashish, ijodiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish albatta o‘zining ijobiy natijalarini berishiga ishonaman.

 

Ravshan baxshi MAMATMURODOV, Xalqaro festival ishtirokchisi:

— O‘zbekiston Xalq baxshisi Boborayim baxshi Mamatmurodovning farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Padaru buzrukvorimiz kuy ustasi, mohir dostonchi, ichki (bo‘g‘iq) ovoz sohibi edilar. Uch yuzdan ortiq doston va termalarni yoddan bilganlar.

Umrboqiy qadriyatlarimizni tarannum qiluvchi baxshilar xalqning turmushi, madaniyati va yurt tarixini yaxshi bilishlari kerak. So‘z o‘yinlari, qochirimlar, maqol va iboralardan unumli foydalanish lozim. Ohang topa bilish dostonu termalarni yanada jozibali va qiziqarli bo‘lishida muhim o‘rin tutadi. Shu bois baxshilardan yuksak iste’dod, o‘tkir idrok, teran nigoh va mustahkam sabot talab qilinadi.

Baxshichlik Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa davlatlarda ham rivojlangan. Baxshiyu oqinlar asosan rubob, doira, qo‘biz, dutor, do‘mbira jo‘rligida terma va dostonlar aytishadi. Aytimlarda kuy va ovoz mutanosibligi muhim o‘rin tutadi. Shu bilan bir qatorda, so‘z boyligiga ham alohida e’tibor berish kerak. Shundagina do‘mbiraning sehrli ovozi kishini maftun qiladi.

Bilasizmi, o‘tgan asrning oxirlarida to‘ylarimiz baxshilarsiz o‘tmagan. Tunni tonga ulab aytilgan terma va dostonlar davralarga fayz kiritgan. Ammo keyingi yillarda ularning soni biroz kamaygandi. Prezidentimizning tarixiy qarorlari esa bu borada o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Bundan keyin ko‘plab yosh baxshilar yetishib chiqadi, deb ishonaman.

 

 «O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Abdumalik HAYDAROV

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.