08.04.2019

TURKISTON va TURKIYA baxshilik an’analari

Husayn BAYDEMIR, filologiya fanlari doktori, professor, Otaturk universiteti hozirgi turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi, o‘zbek-uyg‘ur tillari va adabiyotlari bo‘limi mudiri:

— Qadimgi Hun davridan beri dunyoning turli qismlariga ko‘chib borib, Sharqiy Sibirdan to Bolqonlargacha bo‘lgan hududlarda yangi-yangi madaniyat sohalari bunyod etgan turkiy xalqlar yuz yillardan beri bir-biridan uzoq yurtlarda yashaganiga qaramay, ularning orasidagi madaniyat, adabiyot va san’at bog‘lari saqlangandir. Turkiy xalqlarni bir-biriga mahkam bog‘lab turgan ma’naviy rishtalardan biri baxshilik an’anasidir. Mintaqaga qarab nomlanishda birmuncha farq qilishiga qaramay, baxshilik an’anasi har bir turkiy jamiyatda ming yillik madaniyat va xalq og‘zaki ijodining boqiy an’anasi sifatida yashab kelmoqda.

2016 yilda Turkiyadagi bir qancha universitetlarning xodimlari bilan birgalikda «Turk dunyosida baxshilik adabiyoti» mavzusida 800 sahifali bir kitob nashr etib, barcha turkiy xalqlardagi baxshilik an’analarini ayri-ayri boblarda bayon etdik. Turkiy dunyodagi har bir baxshilik an’anasini shu sohaning mutaxassisi yozgan bu kitobning men «O‘zbek baxshilik an’anasi va termalar» qismini yozish baxtiga muyassar bo‘lgan edim. Mazkur asarni o‘qib chiqqan kishi baxshilik butun turkiy dunyoning mushtarak ma’naviy-madaniy qadriyati ekanligiga amin bo‘ladi.

 Turkiy dunyo jo‘g‘rofiyasida Shimoliy-sharqdan Janubi-g‘arb tomonga borgan sari xalq og‘zaki ijodida islomning ta’siri ostida shamanlik va eski folklor unsurlarining ozayganligini ko‘ramiz. Baxshilik an’anasida ham ana shu vaziyat kuzatilmoqda. Ibtidoiy davrda shamanlik va baxshilikning birga taraqqiy etgani ko‘riladi. Islomdan ilgarigi eski ajdodlarimizda urug‘ va qabilaning diniy arbobi, tabibi, folchisi va baxshisiga «qam» yoki «o‘yin» deyilgan va bu shaxs bu ishlarning barchasini ayni bir vaqtda ijro etar edi.

Bundan keyingi davrlarda buddist uyg‘urlarda rohib ma’nosini tashigan «baxshi» so‘zi asta-sekin eski buddist rituallarni ijro etuvchining nomi bo‘lishdan chiqib, xalq og‘zaki ijodi namunalarining aytuvchisi ma’nosini o‘zida jamladi. Islomiy davrga kelgach, baxshi atamasi o‘zining eski ma’nolari o‘rniga «xalq og‘zaki ijodi namunalarini aytuvchi, yaratuvchi» anglamida keng xalq ommasi o‘rtasida yoyildi. Ammo bizning davrimizda ba’zi qipchoq qavmlari hamda o‘zbek va turkmanlarda xalq tabiblariga «baxshi» deyilishining ildizlari ham yuqoridagi holatga borib bog‘lanadi.

Keyingi asrlarda turkiylarning qipchoq, qarluq va o‘g‘uz tarmoqlarida baxshilik xalq dostonlarini kuylovchilar, yaratuvchilar va avloddan avlodga uzatuvchi ijodkor tabaqaning umumiy nomiga aylandi.

O‘zbeklar eng eski davrlardan beri qipchoq va o‘g‘uz xalqlari jo‘g‘rofiyasining o‘rtasida joylashgani uchun bu ta’sir bu sohada ham ko‘riladi. O‘zbek xalqi o‘rtasida baxshilarga «dostonchi» ham deyiladi.

Dostonchilik an’anasi IX-X-asrlardan e’tiboran Kaspiy dengizining g‘arbiy tarafidagi jo‘g‘rofiyalarga yoyilgan Turk-o‘g‘uzlarning orasida xalq og‘zaki ijodining lirik va epik janrlaridagi asarlarni kuylovchi dostonchilarga «o‘zon» atamasi qo‘llanila boshladi

 XVI asrda Usmonli davlati o‘z kuch-qudratining cho‘qqisiga ulashgan edi, xalqning turmush darajasi oshgan va adabiy-estetik yondashuvlar ham o‘zgargandi. Endi odamlar qahramon botirlar haqidagi dostonlar bilan bir qatorda, ishqiy-sarguzasht asarlarga rag‘bat ko‘rsata boshladilar. Shu tufayli ishqiy dostonlar aytish an’anasi paydo bo‘ldi va sevgi-muhabbat mavzusi old planga chiqa boshladi. Bir qancha o‘zonlar bunday she’riy hikoyalarni o‘zlarining boshlaridan o‘tgan savdolar sifatida ko‘rsata boshladilar va asarlarining bosh qahramonlari ham «o‘zon»ga sinonim bo‘lgan «oshiqlar» edi. XVI asrdan keyin «oshiqlar» sifatida xalq adabiyotiga kirib kelgan bu toifa ijodkorlar hozirda ham shu nom bilan yuritiladi. «O‘zon» atamasi ham yashab qoldi, ammo «oshiq» undan yanada ommaviyroq edi. O‘zbekiston va Turkmanistonda «baxshi» deb yuritilgan ijodkorlarga Turkiya va Ozarboyjonda «oshiq» deyilishining sababi ham shunda.

XVI asrdan keyin bu oshiqlar o‘zlaridan oldingi avlod baxshilar kuylagan epik dostonlarni, ibora joyiz bo‘lsa, «parchalab», ulardan yangi-yangi she’riy hikoyalar chiqardilar. «Dada Qo‘rqut» dostonsimon hikoyalarining paydo bo‘lishi ham ana shu an’ana bilan bog‘liq. Bugungi kunlarga «Kitobi Dadam Qo‘rqut ala lisoni Toifai o‘g‘uzon» nomi bilan yetib kelgan dostonsimon hikoyalar ichida 12 hikoya mavjud. Bu hikoyalar boshdan oxirigacha o‘qilganda buyuk bir dostonning bo‘limlari ekani anglashiladi. Faqat shu bo‘laklarga ayirish amaliyoti shunchalik ustalik bilan qilinganki, bugun ularni birlashtirganda eski yagona asarning o‘rtaga chiqishi gumon. Butun bir dostondan bir qancha she’riy hikoyatlar «yasagan» usta o‘zon o‘z ishini shunday mahorat bilan amalga oshirganki, hikoyatlar mustaqil bir go‘zal liro-epik asarlar tusini olgan.

Demak, Sharqdagi va G‘arbdagi turkiy tamaddunlarda XVI asrdan boshlab o‘ziga xos baxshilik, o‘zonlik, oshiqlik an’analari vujudga kela boshlagan va o‘tgan asrlar davomida har bir an’anada og‘zaki adabiyotimizning go‘zal asarlari maydonga kelgan. Turkiston mintaqasidagi baxshilik an’analarida uzoq asrlar davomida «Alpomish», «Kuntug‘mish», «Go‘ro‘g‘li» kabi epik asarlar yaratilib, boyitilib va ijro etilib keldi. Anado‘li jo‘g‘rofiyasida esa bunday uzun va epik asarlarga XVI-asrdan keyingi davrda shohid bo‘lmaymiz. Bizning oshiqlar ijodida «Karam va Asli», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Orzu va Qambar», «Tohir va Zuhra» kabi ishqiy dostonlar old planga chiqdi, ular O‘zbekistondagi baxshilar kuylagan qahramonlik eposi dostonlariga qaraganda qisqa hajmli asarlardir. Shu sababli bu turdagi asarlarga Turkiyada doston deyilmaydi, «xalq hikoyasi» deb nomlanadi. Oshiqlarimiz o‘rtasida so‘nggi chorak asrda xalq hikoyalarini kuylash tobora ozayib borayotganini ham afsus bilan qayd qilish lozim. Anado‘li jo‘g‘rofiyasidagi oshiqlar ijodi xalq hikoyachiligidan uzoqlashayotgani va badiha bilan she’r aytish (termachilik, «qo‘shma» nomi bilan yuritiladi) tobora yoyilayotgani ma’lum.

Turkiston jo‘g‘rofiyasida esa baxshilar eng eski davrlardan beri dostonchilik an’anasini davom ettirib kelmoqdalar, kichik janrlarda ijod qiladigan baxshilar hech bir zamonda dostonchi ijodkorlar kabi izzat-e’tiborga sazovor bo‘lmaganlar. Kaspiyning sharqidagi va g‘arbidagi xalq og‘zaki ijodimiz an’analarida oxirgi besh yuz yilda yuz bergan eng muhim o‘zgarish va farqlardan biri ham shudir.

Turkistondagi baxshilar va Anado‘lidagi oshiqlar chalgan musiqa asboblari orasida ham ma’lum bir farqlilik o‘rtaga chiqqan. Turkistonda baxshilar mohirona chalib doston kuylagan do‘mbira, dutor, qo‘biz kabi cholg‘u asboblarini Anado‘li oshiqlari bilmaydilar, bu hududda «soz» yoki «bog‘lama» mashhur bo‘lib, bu musiqa asbobining tor va pardalari birmuncha keng. Baxshilar dostonni bo‘g‘iz va orqa tomoq pardalari bilan kuylaydilar, Anado‘li oshiqlari esa xalq hikoyalarini ijro etganida bu usuldan foydalanmaydilar.

Turkiston va Anado‘li xalq og‘zaki ijodi an’analari, usullarida ming yillik tarix davomida farqliliklar o‘rtaga chiqqan bo‘lsa-da, baxshi va oshiqlarni yetishtirib chiqargan adabiy-folklor muhiti, ustoz-shogird munosabatlari, ustozga hurmat va shogirdga diqqat-e’tibor, jamiyatdagi xalq og‘zaki adabiyotiga nisbatan hurmat xususida umumiyat va o‘xshashliklar juda ko‘pdir, hatto baxshilar va oshiqlar o‘rtasida farq yo‘q, deya olamiz.

XX asr butun dunyo miqyosida an’anaviy qadriyatlarning asta-sekin yo‘qolib borayotgani qayd etilgan zamondir. Bu asrda radio va televideniyening, kinoning ommalashgani va keyinchalik Internetning rivojlanishi har bir kishining estetik didiga, dam olish usuliga ta’sir o‘tkazdi. 1950-yillargacha Turkiyaning shahar va qishloqlarida oshiqlik an’anasi birday mavjud edi, ammo so‘nggi 60-70 yilda shaharda bu an’ana hayotdan siqib chiqarildi. Turkiyaning sharqida, janubida, ichki Anado‘lida, Chuqurova mintaqasida bugunlarga qadar oshiqlik san’ati yashab kelmoqda. Ayniqsa, Arzirum, Qars kabi shimoli-sharqiy viloyatlarda bu an’ana juda jonli, ular mahalliy hokimiyatlar tarafidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekistonning ko‘pgina mintaqasida baxshilik an’analarining mavjud ekanligi va baxshilikni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, bu sohaning ravnaqi uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan g‘amxo‘rlik qilayotgani, uning shafeligida milliy va xalqaro festivallar bo‘lib o‘tayotgani meni bu soha mutaxassisi sifatida juda sevintirdi. Shu kunlarda Alpomish yurti Surxonda xalqaro Baxshilar festivalining bo‘lib o‘tayotgani buning isbotidir. Minglarcha kilometr uzoqda bo‘lsam-da, bu folklor bayramiga tayyorgarlik va o‘tkazilish jarayonini juda diqqat va hayajon bilan kuzatib borayapman. Bu festivalni o‘tkazish tashabbuskori muhtaram Prezident janoblariga, xalqlarimizning o‘lmas an’analarini bugunlargacha yetkazib kelgan olovqalb baxshilarimizga qardosh Turkiyadan turib alangali salom va eng yaxshi tilaklarimni yo‘llayman.

 

ARZIRUM, TURKIYA.



DB query error.
Please try later.