05.03.2019

KO‘P AYTILDI VA ... TEZ QAYTILDI

Yoxud to‘ylarimizda dabdababozlik tugamayotgani haqida

O‘tgan yilning bahori adog‘i va butun yoz davomida barcha ommaviy axborot vositalari to‘ylarimizdagi ortiqcha chiqimlarga, dabdababozlikka chek qo‘yish, to‘ylarni kamchiqim va tartibli o‘tkazish haqida tinmay yozishdi. Oynai jahonning barcha kanallari bu haqda kunaro ko‘rsatuvlar namoyish qildi, fuqarolarning fikrlari, takliflari o‘rtaga tashlandi...

Ko‘plab ziyolilar, oqsoqollar bildirgan fikrlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati tomonidan 2018 yilning 29 iyunida «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Unda to‘ylarda ishtirokchilar sonini kamaytirish, ayrim to‘yoldi va to‘yorti tadbirlarini qisqartirish va bu borada mahallalarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borish orqali to‘y va boshqa marosimlardagi dabdababozliklarga chek qo‘yish belgilangandi.

Qaror qabul qilingach, barcha hududlarda hokimliklar tomonidan «namunali to‘ylar» tashkillashtirildi. Bu to‘ylarda ko‘pi bilan ikki yuz ellik kishi ishtirok etdi, ortiqcha chiqimlar to‘xtatildi. Kelin va kuyovni kuzatib boradigan mashinalar soni ham keskin kamaytirildi.

Hazorasp tuman hokimligi tashabbusi bilan Pitnak shahrida o‘tkazilgan ana shunday «namunali to‘y»ni matbuotda yoritdik. Shu to‘yga bosh bo‘lgan mahalla faollari endilikda barcha to‘ylar shu zaylda, ya’ni ko‘pi bilan ikki yuz ellik kishi ishtirokida o‘tishi haqida qat’iy fikrlarni aytishdi. To‘y egalari bundan mamnunligini yashirib o‘tirishmadi. Mazkur to‘y targ‘ibot sifatida ommaviy axborot vositalarida rosa yoritildi.

 Yoshlar ittifoqining viloyat bo‘limi ham bu ishda tashabbuskorlardan biri bo‘ldi. Aynan ushbu tashkilotda ishlaydigan yosh xodimning «baxt to‘yi» shu taxlit namunali tashkil qilindi. Bu to‘y ham viloyatdagi oynai jahon»larda rosa targ‘ib qilindi.

 Bundan ko‘pchilik, ayniqsa, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami xursand bo‘lgandi. Namuna tarzida o‘tkazilgan to‘ylarga havas qilgan ayrim fuqarolar shu taxlit to‘ylarni tashkillashtirdilar. Bu ishlarga o‘z vaqtida mahallalar faollari bosh bo‘lishdi va albatta yuqoriga shunday to‘ylar o‘tkazilayotgani haqida ma’lumotlarni ham yuborishdi. Bu bilan yuqori organ qarori ijrosi ta’minlanayotgani go‘yo ko‘z-ko‘z qilindi.

 Keyin asta-sekin hammasi yana eski o‘zanga ko‘chdi – to‘ylardagi dabdababozlik qayta avj ola boshladi.

 Bugun Hazoraspdagi tadbirkorlar bir-birlariga bahslashib qurgan sakkiz yuz, ming va hatto undan ko‘proq mehmon sig‘adigan to‘yxonalar gullab-yashnamoqda. Negaki, elimizda kuzning oxiri va deyarli butun qish to‘ylar mavsumiga aylangan. Dehqonlar ekinlarini yig‘ib olishadi, to‘y uchun bozorga solishadi. Yana xorij davlatlarida ishlayotganlar odatda qishda qaytishadi. To‘plagan mablag‘larini esa to‘yga sarflashadi.

 To‘y mavsumida ko‘rdikki, shuncha targ‘ibot, shuncha tashviqot havoga uchgan. Yana sakkiz yuz, ming kishiga mo‘ljallangan to‘yxonalarga navbat tirband. Yana dasturxonlarni bezashda bir-birovdan o‘zish poygasi. Yana to‘ylarda bir emas, ikki va hatto uch xonandani taklif qilish «tajribasi». Yana va yana shu eski «kimo‘zarlik».

Ishxonaga kelayotib, xiyobonda kelin-kuyov va ularni kuzatib kelgan yoshlarga ko‘zimiz tushdi. Kuzatuvchilar soni ellik nafardan kam emas. O‘tayotib, beixtiyor nimadir qarsillab singanidan ortga qaraymiz. Ma’lum bo‘lishicha, yoshlar kelin va kuyov baxtli hayoti uchun shampan vinosi ichib, qadahlarni yerga urib sindirishayotgan ekan...

 Bunday maskanlarga yondosh ko‘cha boshidan esa bemalol o‘tishga qiynalasiz. Kelin-kuyovlarni kuzatib kelgan mashinalar turnaqator. Tushga yaqin xiyobonga bir yo‘la olti-etti kelin-kuyov bir vaqtda kelishganida esa yo‘lda mashinada yurishga emas, oyoq bosishga joy qolmaydi.

Bu dabdababozliklar shundoq markazlarda, hokimlik binolari oldida bo‘layotgani ajablanarli.

Ishxonamizga ro‘para tomonda restoran joylashgan. Ayrim kunlari bu yerda turnaqator turgan bir xil marka, bir xil rangdagi qimmatbaho mashinalarni uchratamiz. Aynan bir xil rusum va rangdagi 12 ta mashina. Ularda kelin-kuyov tengqurlari kelgan va shu yerda yoshlarning FHDYo bo‘limida nikohdan o‘tgani munosabati bilan banket uyushtirishadi. Bu dabdababozlikning chiqimi esa qishloq joylardagi bundayroq to‘y xarajatidan ko‘proq. Mas’ullar esa hammasiga allaqachon ko‘z yumishgan.

 Kunda, kunora shahar ko‘chalarida son-sanoqsiz mashina kortejlariga ko‘zimiz tushadi. Eng kamida o‘ttizta mashina kelin-kuyovni kuzatib kelayotgan bo‘ladi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari esa bu kortejlarni ko‘rganda teskari qarab turishadi.

 Bir vaqtlar, aniqrog‘i, 1999 yilda to‘ylarimizni tartibli o‘tkazish haqida qaror chiqqanida mahallaga kelin-kuyovni kuzatib boradigan mashinalarga alohida muhr bosilgan ruxsatnoma berish tartibi joriy qilingandi. Eng ko‘pi bilan beshta mashinaga. Qaysi haydovchi shunday ruxsatnomaga ega bo‘lmasa, yo‘l-patrul xizmati xodimlari chora ko‘rardi. Odatda bunday to‘ylarda kirakashlik qilib, mo‘may pul ishlashni orzu qilgan haydovchilar ruxsatnomasiz mashinada to‘y kortejida yurgani uchun mo‘maygina jarima to‘lagach, boshqa bu ishga jazm qilmasdi. O‘z vaqtida bu tartib yaxshi samara bergandi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu amaliyot ham chok-chokidan so‘kilib ketdi.

Navbatdagi to‘y mavsumi boshlandi-yu, ommaviy axborot vositalari to‘ylar haqidagi mavzuni yopishdi. Negaki, ular nazdida qaror chiqdi, endi hammasi o‘rniga tushadi. Qaror ijrosi uchun mas’ullar bu yog‘ini nazoratga olishadi.

 Afsuski, to‘ylarimizni kamchiqim, tartibli, dabdabasiz o‘tkazish haqida aytganlarimiz besamar ketgani ma’lum bo‘lyapti.

Qaror ijrosi bilan kuchli, degan eski hikmat bor. Xo‘sh, qaror ijrosiga mas’ullar nega jim? Mahalla oqsoqollari, faollar qayerda? Ular har kuni to‘yda. Masalan, to‘ylarni ochib berishni odatga ko‘ra, aynan mahalla raisi, faoli, ko‘chaboshilarga ishonilmoqda. Oqsoqol to‘yni ochib berayotganidan mamnun ekanini baralla e’lon qiladi. Tinchlik, serobchilik haqida gapiradi. Ammo Senat qarori yodiga kelmaydi, ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik haqida gapirmaydi. Mashhur bir qo‘shiqdagi «Ham aytadi, ham qaytadi» iborasi, afsuski, yana bir karra hayot haqiqati bo‘lib chiqyapti. Kecha to‘ylarni kamchiqim qilib o‘tkazish haqida ma’ruza qilganlar bugungi dabdabali to‘ylarga bosh-qosh.

 Nima ham deymiz? Maqolani yozayotganimizda navbatdagi to‘yga taklif qilib qolishdi. Mahalladoshimiz kelin tushiryapti, to‘y katta to‘yxonada bo‘larkan.

 Elatchilik, bormasak, mezbon xafa bo‘ladi.

Maqolani tugatiboq, tezda kiyindik. To‘yga borishimiz kerak, axir!

 

Ro‘zimboy HASAN,

jurnalist.



DB query error.
Please try later.