05.03.2019

MILLATNING QALBI

Ona tilini yaxshi bilmaslik uyat, davlat tilini qadrlamaslik ma’naviyatsizlik emasmi?..

Ona tili mo‘jizaga o‘xshaydi. Quyoshning quyoshligini, osmonning osmonligini, odamning odamligini va olamdagi minglab, millionlab boshqa narsalarning nomi, mohiyatini eng avval shu tilda anglaymiz, idrok etamiz.

Insonning ismidan keyin qaysi millatga mansubligi aytiladi. Fuqarolik hujjatimizda «millati», degan band ismimiz ortidan alohida ko‘rsatib yozilishi – taqdir in’omi. Hatto keyinchalik ismni o‘zgartirish mumkin, lekin millatga mansublikni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Iosif Brodskiy xalqda bor narsalarning eng yaxshisi uning tili ekani haqida aytgan. Shu fikrdan xulosa qilsak, ona tilimiz millatimizning eng katta boyligi bo‘lib chiqyapti.

Ehtimol shuning uchun ona tili haqida, uni ardoqlash, qadrlash va sevish haqida ko‘p aytilgan, bundan keyin ham aytilaveradi. Bu – keng, chuqur va ayni paytda murakkab mavzu. Bugun ushbu mavzuning bir qirrasi, ya’ni davlat idoralarida ona tili – davlat tiliga kuzatilayotgan munosabat haqida fikrlashishni lozim topdik.

Chunki bu masala oxirgi paytlarda tez-tez kun tartibiga chiqyapti. Ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tili davlatning yuqori idoralarida keng qo‘llanilmasligi, ayrim «elitnûy» rahbarlar o‘z ona tilida ish yuritish va muloqot qilishni uncha xushlamasligi, to‘g‘rirog‘i, eplolmasligi haqida fikrlar ko‘payib boryapti. Shunday maqolalardan biri yaqinda analytics.cabar.asia saytida e’lon qilindi. Mazkur maqolada nima uchun o‘zbek tili siyosat va fan tiliga aylanmagani haqida ayrim tahliliy mulohazalar bildirildi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

«So‘nggi 28 yil ichida o‘zbek tili hokimiyat tiliga aylanmadi. Yuqori lavozimdagi davlat amaldorlari davlat tilida juda yomon gapirishadi... Amaldorlarning o‘rta va quyi qatlamlari ko‘plab dialektizm va yevropizmlarni qo‘llagan holda o‘zbek tilida qanoatlansa bo‘ladigan tarzda so‘zlashishadi»...

Albatta, maqolada keltirilgan shu va boshqa fikrlarni qo‘llash yoki ular bilan bahslashish nuqtai-nazaridan xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola. Lekin bunday mavzudagi munosabatlarning ko‘payishi o‘ziga xos ogohlantirish belgisidir. Nima uchun?..

Birinchidan, davlat tilida erkin muloqot qila olmaydigan yuqori davlat idoralari rahbarlari tom ma’noda xalqdan, hayotdan uzoqlashadi. Buning oqibatida xalq va hokimiyat o‘rtasidagi masofa ham uzoqlashib boradi. Bunday ko‘ngilsiz holat qabul qilinayotgan qarorlar hayotiyligi va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Ikkinchidan, xalqning tilini, issiq-sovug‘i, ya’ni turmush tarzini chuqur bilmaydigan, muammolarni his qilmaydigan rahbarlarda ichki mas’uliyat, davlatga e’tiqod sustlashib ketaveradi. Mulozimlar davlat vazifasini el-yurtga xizmat deb emas, shunchaki shaxsiy farovonlikni oshiradigan oddiy bir ish darajasida qabul qilishga o‘tadi.

Uchinchidan, til va idrok etishdagi muammoli holatlar davlat xizmatchilari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro tushunib harakat qilish muhitini buzadi. Buning ortidan rahbarlarga ishonch susayadi.

Oliy Majlis Senati majlisida davlat tili haqidagi qonunni hurmat qilish, o‘zbek tilini e’zozlash kerakligi haqida aniq va qat’iy fikrlar bildirilgan edi. Senat raisining so‘zlariga ko‘ra, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda so‘zlasa, fikrlasa, o‘sha tildagi mafkuraga moyil bo‘lishiga ahamiyat qaratilmagan.

Senatning 2018 yil dekabr oyida o‘tgan yig‘ilishida ayrim raqamlar ham keltirilgan edi. Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 ta me’yoriy-huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan. Shuningdek, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 2018 yilda qabul qilingan 34 ta qo‘shma qarori ham davlat tilida emas... Bu raqamlar kishini chuqur o‘yga toldirib qo‘yadi. Javob berish qiyin bo‘lgan savollarni hosil qiladi: Davlat nima uchun qaror chiqaradi? Kim uchun hujjat qabul qiladi?..

Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat tashkilotlarining rahbar xodimlari nomidan fuqarolarga, turli idoralarga yuborilayotgan xatlar ancha mashhur bo‘lib ketyapti, muhokamalarga, achchiq kulgu va noroziliklarga ham sabab bo‘lyapti. Bunday xatlarni umumlashtirib turadigan «xususiyat» shuki, ularning hammasi davlat tilida o‘ta qo‘pol xatolar bilan yozilganidir.

«...Respublikasi Prezidentining» jumlasi «Respublmkasi Prezidetining», «organlar» so‘zi «o‘rganlar», «muassasa» so‘zi «muassa», «muvofiq» so‘zi esa «muofiq» tarzida yozilgan xatlarga imzo qo‘yayotgan rahbarlar orasida faoliyati bevosita ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan vazirliklarning mutasaddilari borligi til masalasiga befarqlik ortib borayotganiga yana bir dalil bo‘la oladi. Chunki bunday xatolar bilmaslikdan ko‘ra, ko‘proq e’tiborsizlik va beparvolikdan kelib chiqadi.

 

Xalqimiz «rahbar» deganda avvalo o‘qimishli, ziyoli, qolaversa, madaniyatli kishilarni tushunadi, yoshlarimiz esa har jabhada ulardan o‘rnak olishga intiladi. Demak, rahbarlarning ibrat bo‘la olish mas’uliyati alohida ajralib turadi. Bu davlat tilini risoladagidek bilish, uni hurmat qilish masalasiga ham taalluqli, albatta. Lekin shunday toifa rahbarlar borki, ota-onasi o‘zbek bo‘la turib, yig‘ilishlarda, ko‘cha-ko‘yda o‘zbek tilida gapirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Shu yo‘l bilan go‘yo o‘zini «madaniyatli» sanamoqchi bo‘ladi.

 

O‘zbekiston bag‘rini dunyoga keng ochmoqda, ilg‘or davlatlar, yetuk va ulkan madaniyat vakillari bilan faol muloqotga kirishmoqda. Shubhasiz, bu juda katta yutuq. Ammo ana shunday muloqotlarda mulozimlar o‘zlarini qanday namoyon etayotgani dolzarb ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Bundan bir oycha oldin  «Facebook»da bir yurtdoshimizning kuyunib yozgan fikrlarini o‘qib qoldim. U Germaniyada O‘zbekiston madaniyati targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan nufuzli marosimda qatnashib, o‘zbek tilida biron-bir so‘z eshitmagani, vazirlik darajasidagi tashkilotlarimiz rahbarlari boshqa bir uchinchi tilda gapirgani, tadbirni esa o‘zbek madaniyatidan bexabar kishi olib borgani, shuning uchun unda go‘yo boshqa mamlakatning ma’naviy tadbiriga kelib qolganday tasavvur uyg‘ongani haqida afsus bilan yozgan edi.

 

Ona tilimiz – davlat tiliga bunday munosabat yurtimizda turli mavzularda o‘tkaziladigan davra suhbati va anjumanlarda ham tez-tez kuzatiladigan holat bo‘lib qolayotgani afsuslanarli. Ma’lumki, xalqaro anjumanlar tarjimonlarsiz o‘tmaydi. Shuning uchun qatnashchilar fikri, munosabatini aniq va ravon bayon eta oladigan tilda, asosan o‘z tilida gapirishni ma’qul ko‘radi. Tarjimonlar shuni hisobga olib taklif etiladi, kim qaysi tilda gapirsa ham hamma bir-birini oson tushunadi.

Ammo ko‘p kuzatganmizki, o‘zbekistonlik vakillar garchi barcha qatnashchilarga birdek tushunarli bo‘lmasa ham boshqa tilda gapirishni o‘ziga o‘ng‘ayroq, deb biladi. Ba’zi anjumanlarda «o‘zbek tilida emas, ... bu tilda gapirasiz», degan talab qo‘yiladi. Yana shunday rahbarlarimiz borki, ona tilida, davlat tilida so‘zlashni o‘ziga ep ko‘rmaydi, go‘yo uyaladi, istihola qiladi. Mana shu nuqtada asosiy kamchiligimizning sababi ochilib qoladi.

Ya’ni, biz aksar hollarda xalqaro tillarni puxta bilganimiz yoki mehmonlarning hurmatini joyiga qo‘yish uchun emas, ko‘proq o‘z ona tilimizda boshqa millatlar vakillari oldida, xalqaro davralarda gapirishdan qandaydir tortinganimizdan boshqa tilda so‘zlashni lozim topamiz.

Afsuski, vaziyat shunday: ayrim rahbarlar xalqaro tillarni bilish xislati orqali o‘z tilini yaxshi bilmaslik, ona tilimiz bilan o‘zga xalqlar vakillari oldida faxrlana olmaslik kabi o‘ta xunuk nuqsonni yashirmoqchi bo‘ladi. Bu kamchilik shaxsiyatimiz, ichki ma’naviyatimiz, ruhiyatimizda hamon saqlanib qolayotgan kemtiklar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib qolayotgani xavotir uyg‘otadi.

Ayrim tashkilotchilar xalqaro anjumanlarda davlat tilida gapirib bo‘lmasligini tarjimonlar yo‘qligi yoki yetishmasligi bilan bog‘lashar ekan. Yoshlarimiz yoppasiga chet tillarini o‘rganayotgan, oliy o‘quv yurtlarimizda qancha yillardan beri o‘nlab xorijiy tillar bo‘yicha kafedralar ishlab turgan zamonda bunday gaplar quloqqa bahonaday eshitiladi. O‘zbek tilidan boshqa tillarga tezkor tarjima qila oladigan bir-ikki nafar yaxshi tarjimon topishga qancha vaqt va mablag‘ ketadiyu, davlat tiliga hurmatning bahosi qancha bo‘ladi? Xalqaro davralarda davlat tilimiz, necha ming yillik ma’naviyatimiz, ota-bobolarimizning ruhi jo bo‘lgan xazinamiz nufuzini oshirish haqida o‘ylamasak, millat va mamlakatning obro‘sini boshqa qanday yo‘l bilan ko‘taramiz?..

Rahbar, ilg‘or mutaxassis bir necha chet tilida gapirsa, binoyidek yozsayu o‘z ona tilida ravon gapira olmasa, xatosiz yoza olmasa, bunday «intelligent»ni kim, qanday hurmat qiladi? Bunday kishining qalbi qanday bo‘ladi? Uning muayyan tillarga dasturlashtirilgan robot-kompyuterdan nima farqi qoladi?..

Chet tillarini bilish katta imkoniyat albatta, bu masalada bahsga hojat yo‘q. Lekin shunday rahbarlaru mutaxassislar toifasi ham borki, o‘zbek tilida yaxshi gapira olmasligi, yoza bilmasligidan maqtanganday, shu bilan go‘yo o‘zining «intelligent» ekaniga urg‘u bermoqchiday bo‘ladi. Onang alla aytib uxlatgan, erkalab uyg‘otgan tilni bilmaslik, bundan uyalmaslik... bu qanday fazilat bo‘ldi? Aslida bu inson uchun mudhish fojia, baxtsizlik emasmi?..

O‘zbek tilini bilmagan, bobo-buvisi gapirgan tilni hurmatlab qadrlamagan olimning olimligida, mutaxassisning mutaxassisligida, rahbarlarning rahbarligida qanday ma’no qoladi?

Oilada, ko‘cha-ko‘yda, bozoru guzarda o‘zbekcha gaplashilgani, bolaligimizdan tanish so‘zlar hamrohimiz bo‘lgani uchun ona tilimizni yaxshi bilamiz, deb o‘ylar ekanmiz. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, aslida unday emas. Maishiy muloqot jarayonlarida tilni maishiy darajada o‘zlashtiramiz, xolos. Lug‘at boyligimiz, fikrlash doiramiz va darajamiz ham maishiy pog‘onada qolib ketgan bo‘ladi. Ya’ni, ona tilini kitoblardan o‘qib o‘rganish shart emas, degan xulosa mutlaqo noo‘rin ekan. Maishiy sharoitda biz nari borsa hududimizga xos shevani o‘zlashtirar, adabiy o‘zbek tili, o‘zbek akademik tili kabi juda keng tushunchalar borligi haqida o‘ylamas ekanmiz.

O‘zbek adabiy tili asrlar, ming yillar mobaynida sayqallangan buyuk til. Dunyodagi istalgan tushuncha yoki murakkab fikrlarni bu tilda ifodalash mumkin. Muammo o‘zbek tilida emas, qonunlar va turli me’yoriy hujjatlarni boshqa tilda tayyorlayotgan mutaxassislarning davlat tilini mukammal bilmasligida, desak, to‘g‘ri xulosa bo‘ladi.

Kelgusi qabul yilidan boshlab, Toshkent davlat yuridik universitetiga kirishni istovchi abituriyentlar uchun ona tili va adabiyoti asosiy fan sifatida belgilangani, ya’ni shu yo‘nalishdagi har bir savolga to‘g‘ri javob uchun eng yuqori ball berilishi haqida xabar tarqaldi. Boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham shunday o‘zgarishlar kutilyapti. Biroq yuqori davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish, hujjatlarni shu tilda mukammal tayyorlash masalasi hamon dolzarbligicha qolyapti. Sir emas, aksariyat qonunlar, xalq va davlat uchun muhim bo‘lgan me’yoriy hujjatlar avval boshqa tilda yozilib, keyin davlat tiliga tarjima qilinishi haliyam sezilib turibdi.

O‘tgan yili Adliya vazirligi respublikaning barcha tashkilotlarini hujjatlar loyihalari davlat tilida tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerakligi haqida xatlar orqali rasman ogohlantirdi. Lekin uzoq yillar davomida qotib kelgan muammoga yechim topish, davlat tilining hurmatini joyiga qo‘yish, xalqimizga tushunarli tilda ish yuritish masalasi mamlakat miqyosida tizimli va jiddiy yondashuvni talab qilishi kun sayin oydinlashmoqda.

O‘zbekistonda «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganiga yaqinda o‘ttiz yil to‘ladi.

Ona tili millatning qalbiga qiyoslanadi. Ruhi va qalbini asragan, ardoqlagan xalqgina ertangi dunyoda munosib martabada bo‘ladi.

 

To‘lqin To‘raxonov



DB query error.
Please try later.