Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
12.02.2019

«DAVLAT XIZMATCHISIGA AVVALO E’TIQOD KERAK»

Bu e’tiqod qayerda, qanday shakllanadi?

Bugun O‘zbekiston dunyodagi ilg‘or taraqqiyot darajasida fikrlaydigan, idora-tashkilotlarda yangicha muhit yarata oladigan, o‘zgarishlardan qo‘rqmaydigan, fidoyi rahbar-kadrlarga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori, siyosiy fanlar doktori, dotsent Aktam JALILOV bilan shu mavzu atrofida suhbatlashdik.

– Mamlakat rahbari Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llayotgan paytda o‘zini eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri kadrlar masalasi ekanini ta’kidladi. Butun bir davlatda bunday taqchillik sodir bo‘lishining asosiy sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?

– Rahbarni tayyorlash, rahbarni yetishtirish – ancha nozik va murakkab masala. Buning murakkabligini tushunish uchun sho‘ro davridagi kadrlar siyosatini biroz eslashimizga to‘g‘ri keladi. Azaldan kim ishbilarmon bo‘lsa, kim tadbirli bo‘lsa, bular o‘ziga to‘q odamlar bo‘lgan. Ular faqat o‘zinigina emas, balki muayyan hududni boshqargan, iqtisodiy hayotning jonlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ammo o‘sha biz aytayotgan zamonda tadbirli odamlarning aksariyati «quloq» qilingan. Biror-bir lavozimga rahbar qo‘yiladigan bo‘lsa, birinchi navbatda uning «biografiyasi»ga qaralgan. Ya’ni, lavozimga tayinlashda kelib-chiqishi ishchi-dehqon bo‘lgan kishilarga ustuvorlik berilgan.

Bu nimaga olib kelgan? Sho‘ro davrining dastlabki paytlarida mansabdorlar «qo‘lda» yetishtirilgan. Rahbarlik salohiyati, ko‘nikmasi bor, ammo ishchi-dehqon oilasidan chiqmagan bo‘lsa, bunday odamni lavozimga tayinlashda muammo tug‘ilgan.

Eng qizig‘i, sho‘ro davrining boshqaruv sirlari bilan tanish bo‘lganlar bunday siyosatning asoratlari hozirgacha saqlanib qolganligini osongina payqaydi. Ko‘plab rahbarlar bilan muloqot jarayonida sinchiklab kuzatadigan bo‘lsangiz, garchi o‘zi lavozimda bo‘lishiga qaramasdan, o‘zidan yuqorida turuvchi hokimiyatga nisbatan yashirin yoki oshkora qo‘rquvni sezasiz. Yoki bo‘lmasam, hududlarga chiqqanda mahallalar, qishloqlarga boring, har qanday mavzuda tashkil etilgan yig‘ilishda ishtirok etgan paytda kuzating, odamlarning ko‘ziga qarang, ularda ham qandaydir hadik alomatlarini sezasiz. Nazarimda, bu hadik o‘sha qatag‘on davridan qolib ketgan. Davlat nomidan gapirgan kishidan ko‘pchilik cho‘chib turadi. Sho‘ro zamonida amalga oshirilgan qatag‘on, quvg‘in, kuzatuv, chaquv, tuhmatlar vahshatidan odamlar, xalq tili bilan aytganda, «ko‘zlaridagi o‘tini oldirgan». O‘z fikrini erkin ifoda eta olmaydigan rahbarning xatti-harakatida, bajarayotgan ishida pala-partishlik ko‘rinadigan bo‘lsa, hayron bo‘lmang. Buning javobini o‘sha kadrning tarixidan izlang, uni kim, qayerda, qaysi metodlar bilan tayyorlaganiga qarang.

Kelib chiqishidan qat’i nazar, hatto genetik kodi zaif bo‘lsa ham, izchillik bilan o‘qitilsa, kerakli bilimlar berilsa, har qanday odamdan rahbar tayyorlash mumkin. Eski tizimda buning ma’nosiga yetishgan, lekin o‘z navbatida, salohiyati favqulodda yuqori, yetakchiligi yaqqol ko‘zga tashlangan kadrlar, ayniqsa, milliy tarixi, madaniyati, an’analarini chuqur bilgan kishilar tizim uchun xavfli hisoblangan va ular yo‘ldan olingan. Tadbirkorlar o‘sha davrda ham yaxshi yashashgan, ammo ularning ko‘pchiligi rasmiy idoralardan, siyosiy lavozimlardan chetda yurishga majbur bo‘lishgan. Bu – masalaning birinchi tarafi.

Ikkinchi tarafi – davlat boshqaruvi yo‘nalishida fundamental, professional ta’lim beradigan, bakalavr darajasi olinadigan oliy o‘quv yurti ilgari bo‘lmagan... hozir ham yo‘q. Bu yo‘nalishda maxsus fakultetlar yetakchi davlatlarda, jumladan, G‘arbdagi yetakchi universitetlarda mavjud. Davlat xizmati bo‘yicha Public Service yoki Public Management, Davlat siyosati bo‘yicha Public Policy, Ijtimoiy siyosat bo‘yicha Social Policy, deb nomlangan bakalavr va magistratura dasturlari bor.

Masalan, yosh talaba ijtimoiy sohada boshqaruv bo‘yicha to‘rt yillik bakalavr ta’limini oladi. U ta’lim yoki tibbiyotga mablag‘ qay tariqa ajratilishini, tizim moliyasi, hisob-kitobi, kadrlarni boshqarish sirlarini o‘qib-o‘rganadi. Bu narsalarni fundamental darajada o‘rgangani uchun u bakalavr yoki magistr darajasini oladi va o‘qishni bitirishi bilan tizimda ishlab keta oladi.

Bizda sho‘ro davrida ham bunday tizimlar yaratilmagan. U davrda rahbarga qo‘yiladigan asosiy talab mafkurani puxta bilish va unga sodiqlik bilan o‘lchangan. Xulosa shuki, biz bugunning talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak, davlat xizmatchilariga shu yo‘nalishda fundamental ta’lim berilishi kerak.

– Istiqbolli yosh kadrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish, ularning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha monitoring ­o‘rnatish hamda ushbu kadrlarni tavsiya etish siz rahbarlik qilayotgan institutning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu – ancha mas’uliyatli masala. Mazkur jarayon qanday tashkil etilyapti? Hozirdan natijalar haqida gapirish mumkinmi?

– Biz joylarda yoshlar masalalari bo‘yicha «to‘rtlik» bilan suhbatlar o‘tkazamiz. Ya’ni, hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ichki ishlar bo‘limi, mahalla raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari o‘rtasida so‘rov o‘tkaziladi. Bilasizmi, ushbu tashkilotlarda ishlayotgan yosh kadrlarning aksariyati milliy g‘oya, pedagogika, filologiya, tarix yo‘nalishlarini bitirgan bo‘lib chiqadi. Bunday kadrlarning asosiy xususiyati shundaki, ular ijtimoiy yo‘nalishda o‘qiganliklari tufayli ijtimoiy munosabatlarni yaxshiroq tushunishadi, ko‘pincha ular yaxshi ijrochi, hokimiyat qo‘yayotgan vazifalarni samarali bajaradi. Ma’lumki, ijro hokimiyatining kuchi ijroning samarasiga bog‘liq. Shunday qilib, tarix o‘qituvchisi yoki filolog yoxud jurnalist hokimiyat tizimiga kelib qoladi. Boshqa iloji yo‘q, davlat xizmati bo‘yicha fundamental ta’lim beradigan oliy o‘quv yurti yoki fakultetlar bo‘lmasa, mahalliy hokimiyatlar o‘ziga kerak kadrlarni turli sohalardan to‘plashga, qidirib topish, saralashga majbur.

Bir paytlar boshqaruv kadrlarining ko‘pchiligi Toshkent xalq xo‘jaligi instituti bitiruvchilari orasidan tanlangan. Xalq xo‘jaligi sertarmoq bo‘lganligi tufayli iqtisodiyotni tushungan kadr ko‘p sohada ishlab keta olishiga ishonch bo‘lgan. Lekin bugun davlat idoralari, soha va tarmoqlar ancha kengayib ketdi. Ularni kadrlar bilan ta’minlash uchun maxsus o‘quv dasturlar asosida ta’lim beradigan o‘quv yurtlari kerak.

Agar respublika bo‘yicha lavozimlarning sonini hisoblab, Prezident Akademiyasi yoki shu Akademiya qoshidagi bizning institut, ya’ni Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tay­yorlash institutiga kiradiganlarning soni bilan solishtirsangiz, o‘rtada juda katta tafovut kelib chiqadi. Aynan kadrlarni tayyorlash masalasini hal etish maqsadida joylarda Prezident Akademiyasining filiallari ochildi, davlat boshqaruvi borasida zamonaviy dasturlar viloyatlarga kirib bormoqda. Bizning institut bo‘yicha Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi qaror qabul qildi, beshta filial ochish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Davlat xizmatchisi davlatchilik tafakkuriga ega bo‘lishi kerak, ya’ni davlatning taraqqiyot strategiyasini, soddaroq aytganda, xalq ko‘zlagan manzilini aniq tasavvur qilishi kerak. Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifani fragmentar tarzda, ya’ni ko‘r-ko‘rona emas, balki mamlakat miqyosida talqin qila olishi, to‘laqonli tafakkur eta olishi juda muhim. Aks holda, davlatchilik tafakkuri nosog‘lom, tasodifiy rahbarlardan har doim xalq aziyat chekadi. Bunaqalar qayerdan kelib qoladi? Ularni mafkurasi buzuq odamlar olib keladi. To‘g‘rimi?.. Bu qanday bo‘ladi? Bitta nosog‘lom tafakkurli rahbar o‘z manfaati yo‘lida xizmat qiladigan odamni yoniga oladi. Bunaqa kishilar avvalo o‘zini davlat xizmatchisi sifatida his qilmagan bo‘ladi.

Davlat xizmatchisi mas’uliyatini his qilish degani – «men xalqning eng quyi qatlami turmush darajasida yashashga roziman», degani. Rahbar bo‘lgach, davlat unga ijtimoiy-siyosiy maqomni shundoq ham beradi va shunga mos ravishda moddiy hayoti ham yuqori bo‘ladi. Agar rahbarning moddiy hayoti oddiy xalqnikidan keskin farq qilsa-yu, u o‘z hududidagi oddiy xalq dasturxoni haqida qayg‘urmasa, u rahbarlik lavozimiga loyiq emas. Bunday xislat faqat tarbiya bilan, fundamental bilim bilan yetishtiriladi.

O‘ylashimcha, kadrlar yetishmasligi, degan tushunchaga kengroq qarash lozim. Kadrlar ko‘p, faqat ularni topish kerak. Bu esa muntazam izlanish talab etadi, saralanganlarni qisqa muddat bo‘lsayam o‘qitib, ularga ishonish, vazifa berish kerak va bir muddat yo‘naltirish kerak.

Bizning institutda bitiruvchilarni lavozimlarga tavsiya etish jarayoni qanday bo‘ladi? Turli tizimlar, vazirlik-idoralar, ijro hokimiyati tizimi, fuqarolik institutlariga istiqbolli yoshlar haqida ma’lumotlar aks etgan umumiy tavsiyalar beriladi.

Ba’zida shunday bo‘ladiki, ayrim yoshlar «biz kelajakda qayerda ishlaymiz, qayerga tavsiya qilasizlar», deb so‘raydi. Lavozimga intilishni to‘g‘ri qabul qilish kerak, yoshlarda yetakchilikka intilish, maksimalizm bo‘lishi tabiiy. Ba’zida tinglovchilarni o‘rgangan psixologlar bergan xulosaga ko‘ra, aynan lavozim so‘raganlar orasida rahbarlikka tayyor bo‘lmaganlari ko‘p uchraydi. Bunday paytda tinglovchilarga lavozimga intilishning sabablari va oqibatlari, «mansabdorlik shirasi», uning salbiy oqibatlarini, davlat xizmatchisining shaffofligi talablarini tushuntirishga harakat qilamiz. Bu juda murakkab masala, ammo u faqat va faqat yoshlarning shaxsiyatini shakllantirish bilan hal etilishi mumkin.

Mana, hozir «O‘zini o‘zi boshqarish», deb nomlangan qo‘llanma ustida ishlayapmiz. O‘zini o‘zi idora qilishda gap ko‘p. Bunga irodasi yetmagan odamdan rahbar chiqmaydi.

– Chet elda o‘qib, nufuzli tashkilotlarda ishlab yurgan mutaxassislar yurtimizga qaytib kelayotgani quvonarli, albatta. O‘zbekistonda sohalardagi holat, real vaziyat o‘ziga xos. Boshqa muhitda o‘qib, ishlashga o‘rgangan yoshlarning moslashish jarayoni ularga qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Emin-erkin ishlashga, o‘zini namoyon qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ko‘ngilni sovutishi mumkin bo‘lgan har xil holatlarni nazarda tutyapman...

– Xorijdan kelgan bu yerdagi me’yorlarni qabul qilishi yoki xalqaro me’yorlarga mos bo‘lgan tizimda ishlashi kerak. Masalan, Yevropa, Amerika yoxud rivojlangan Osiyo mamlakatlarida o‘qigan mutaxassis Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Xalqaro Vestminstr yoki Inha universitetiga kelib ishlasa, u qiynalmaydi. Rivojlangan mamlakatda o‘qib, tajriba orttirgan shifokor biror-bir ilg‘or xususiy klinikaga kelib ishlasa, u ham qiynalmaydi.

Demak, oldimizda sohalarga xalqaro me’yorlarni bosqichma-bosqich joriy qilish vazifasi turibdi. Birdaniga buni amalga oshirish qiyin, albatta, lekin asta-sekin shunga borishimiz kerak. Hozir Innovatsion rivojlanish vazirligida AQShda ilmiy faoliyat olib borgan olim vazir, u yerda dunyoning ko‘plab nufuzli o‘quv yurtlarida ilmiy daraja olgan yigitlar yaxshi ishlayapti. Boshlang‘ich bilimni O‘zbekistonda olib, xorijda uni mustahkamlagan yoshlar qaytib kelib moslashishga qiynalmaydi, chunki ularda milliy o‘zlik yoshligidan o‘z vatanida shakllangan bo‘ladi.

Albatta, bizda Yevropa yoki Amerikadagidek infratuzilma, xizmatlar va tushunchalar bo‘lmasligi mumkin. Masalan, bu yerda Starbucksga o‘xshagan tarmoqlar ko‘p emasdir, lekin O‘zbekistonda ularning o‘rnini bosa oladigan, dunyoning boshqa hududlarida topilmaydigan yaxshi narsalarni bemalol topsa bo‘ladi. Biroq qadriyatlar masalasi ancha nozik. Ular chet elda o‘rgangan ko‘nikmalarini bu yerda biroz o‘zgartirishga majbur bo‘ladi, chunki biz an’anaviy jamiyatmiz, sharqona maromimiz bor.

Xorijdan qaytib kelgan mutaxassislarning afzal, ustun xususiyatlari bo‘lishini esdan chiqarmaslik kerak. Nima uchun, deng. Chunki ularni vatan sog‘inchi ancha toblab qo‘yadi. Mana, yaqinda Prezidentimiz Germaniyada, o‘tgan yili Amerikada vatandoshlar bilan uchrashdilar. Chet eldagi hamyurtlarimiz bu voqealarni ijtimoiy tarmoqlarda xursandchilik bilan, qizg‘in muhokama qilyapti, o‘zgarish va yangiliklarni qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar bildiryapti. Shu ma’noda xorijdagi yurtdoshlarimizning mafkurasi e’tiborga loyiq. Shu xalq vakili dunyoning qayerida bo‘lmasin, uning genetik kodida yotgan an’ana va qadriyatlarimiz o‘zligini namoyon qiladi. Odam dunyoni ko‘rgani, anglagani sari ichki ma’naviyati ham yuksalib, ruhiyati tozarib boraveradi. Bunday kishilar O‘zbekistonga qaytib ishlasa, tahlil qilib, taqqoslab, xulosalar chiqara oladi.

Ehtimol, boshqa masalaga e’tiborliroq bo‘lishimiz, ya’ni o‘zimizdagi o‘quv muassasalarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni asrab qolish, ushbu o‘quv dargohlarining reytingini oshirish haqida o‘ylashimiz kerakdir.

Xorijda o‘qigan yoshlar bilan bunday muammo kamroq, chunki ular dunyo ko‘radi, qiyoslaydi. Qaysidir mutaxassis bu yerga ko‘nikolmay, orqaga qaytib ketibdi, degan xabarni men hali eshitmadim.

Ammo muhitdagi boshqa, ya’ni inson omili bilan bog‘liq holatlar salbiy ta’sir qilishi, masalan, xorijdan kelgan mutaxassis eski qoliplardan, yangilikka xushlamay qaraladigan munosabatdan, ko‘rolmaslikdan aziyat chekishi mumkin. Yoshlarni boshqa yurtlarga tortadigan asosiy omillar orasida erkin hayot va moddiylik ustuvorlik qiladi. Ularni ortga qaytarish uchun xorijdagidek bo‘lmasa ham, u yoqdagidan uncha kam bo‘lmagan sharoit qilib berishimiz kerak. Agar boshqa subyektiv, jumladan, inson omili bilan, eskicha qarashlar bilan bog‘liq omillar salbiy ta’sir qilmasa, xorijdan qaytib kelgan mutaxassislar baribir o‘zgartirish kiritadi.

Ammo xorijdan qaytayotganlarni ham bir to‘lqinga qiyoslasa bo‘ladi, bu to‘lqin mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan ruhlangan holda qaytmoqda – uni saqlab qolish albatta o‘zimizning qo‘limizda. Agar ularning xafsalasi pir bo‘ladigan bo‘lsa, qanaqa lavozim bersak ham «qaytmas muhojir»lar holida yana xorijga ketishlari hech gap emas.

– Turli sohalarda rahbarlarning almashgani yoki bir idoradan boshqa idoraga o‘tgani haqidagi axborotlarni kunda bo‘lmasayam, kunora eshitamiz. Buning sabablari nimada? Bu o‘zgarishlar ilojsizlikdan qilinadimi?

— Davlat boshqaruvi — butun dunyoda yopiq tizim. Bozor tizimi esa ochiq. Bu tizimda tasodifiy rahbar bo‘lmaydi. Bu nima degani?.. Masalan, xususiy to‘qimachilik korxonangiz bor. Siz u yerga menejerni yetti emas, yetmish marta o‘lchab, keyin qo‘yasiz. Har bir tasodifiy kadr ortiqcha xarajat, ortiqcha ovoragarchilik, degani. Davlatning ishiga, byudjetdan maosh olinadigan faoliyatga ham shunday munosabatda bo‘linishi zarur. Afsuski, har doim ham bunday bo‘lmaydi.

Lekin o‘tish davrida yoki kuchli islohotlar paytida kadrlar almashinuvi — tabiiy jarayon. Bu, shuningdek, davlatning oliy boshqaruvi o‘zgargan davrga ham xos hodisa. Hozir AQShda, Buyuk Britaniya yoki Fransiyada shunga o‘xshash holatni kuzatish mumkin bo‘lyapti.

An’anaviy boshqaruv usuli, ya’ni ma’muriy usul endi o‘tmaydi. Hozirgi paytda tashqi iqtisodiy aloqalar xom-ashyo yoki mahsulotlarni an’anaviy usulda oldi-sotdi bilan amalga oshirish tobora pasayib bormoqda. Xalqaro savdo ishlab chiqarish bilan moliyaviy hamda raqamlashgan amaliyotlarning murakkab uyg‘unlashuvi shaklida amalga oshmoqda. Bugungi kunda davlatning savdo aylanmasi raqamli iqtisodiyotni qanchalik qo‘llashi bilan belgilanmoqda. Bu jarayonni boshqarish uyoqda tursin, uni tushunish yoki tushuntirishning o‘zi murakkab. Rivojlangan mamlakatlarda barcha tizimlar raqamli tizimlarga o‘tkazilmoqda, savdo-sotiqdan tortib, ta’lim, turizm, sog‘liqni saqlash va hokazo. Barcha sohalar boshidan oxirigacha raqamlashtirilmoqda. Bunday vaziyatda ishlab chiqarishdan tortib, boshqaruvgacha global raqamli tizimlarga moslashishimiz talab etiladi.

Bu yo‘nalishda ortda qolgan davlatning rivojlangan mamlakatlar bilan aloqalarida jiddiy uzilishlar bo‘ladi. Hozir an’anaviy boshqaruv usuli bilan global boshqaruv usuli o‘rtasidagi masofa yil sayin, oy sayin emas, hafta, hatto soat sayin uzoqlashib boryapti. Bugun har bir rahbar bu masalaning naqadar dolzarb va jiddiy ekanini idrok qila olishi kerak. Nafaqat anglash, shu bilan birga, yangi ko‘nikmalarni tatbiq qila bilishi lozim. Kadrlarning tez-tez almashinuvi sohalar global o‘zgarishlarga hamohang tarzda yura olyaptimi-yo‘qmi, degan savolga javob bilan belgilanadi.

Kadrlar o‘zgarishining boshqa jihatlari ham bor, albatta. Ya’ni, davlat xizmatchisi davlat siyosatini to‘g‘ri talqin qila olishi, ishonch bildirishi o‘ta muhim. O‘n nafar kadrdan sakkiztasi islohotni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri talqin qilgan holda harakat qilsa, vazifani tortib keta oladi. Ikki nafar tasodifiy xodim jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, lekin to‘xtatib qololmaydi.

Shuning uchun jahondagi global rivojlanish qoidalarini ilg‘aydigan, yangilik qila oladigan xodimga imkoniyat va yaxshi sharoit yaratishdan cho‘chish kerak emas. Xorijda ilm olgan yoshlar yordamida global tajribadan foydalanishimiz zarur. Ularning aksariyati O‘zbekistonga qaytishga rozi bo‘layotganidan juda xursand bo‘lishimiz kerak.

Yaxshi maoshni shundoq ham minglab odamlar ishlaydigan, byudjet hisobidan faoliyat yuritadigan tizimlar olib yotibdi. Tasavvur qiling, shunday katta tizimlar borki, ularsiz ham iqtisodiyot o‘zgarishdan to‘xtamasligi mumkin. Balki, aksincha, byudjetga ko‘proq mablag‘ tushishi mumkin. Ishonasizmi, shunaqa tizimlar yo‘q emas...

Xitoy o‘tgan asrning ikkinchi yarmida 30 mingdan ortiq yoshlarni AQShga o‘qishga yuborgan. Keyinchalik o‘tgan asrning so‘nggi choragida o‘z viloyatlarini rivojlantirishni G‘arbda o‘qigan, tajriba va boylik orttirgan asli xitoylik bo‘lgan investorlar zimmasiga yuklagan. Ularning katta pul ishlashidan cho‘chigani yo‘q. Natija esa bu davlatning global miqyosdagi hozirgi iqtisodiy haybatidan ko‘rinib turibdi.

Yurtimizga investitsiyalar, innovatsiyalar kirib kelishi turli omillarga bog‘liq. Eng muhimi shuki, bizning xalq tafakkur qiladigan xalq, yangilikka moyil, yangilikni hazm qiladigan, texnologiyani tez o‘zlashtiradigan xalq. Shuning uchun ilg‘or taraqqiyot bilan xalqimiz o‘rtasida bog‘lovchi bo‘ladigan yetuk kadrlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Agar xorijdan qaytib kelgan mutaxassisga lavozim berib, keyin qo‘limiz bilan uning yo‘lini bo‘g‘sak, ertaga ular hech narsa qila olmasligi mumkin. Ularga imkon, vaqt berish kerak. Savolga xulosa shu – kadrlar almashinuvi tabiiy, bozor munosabatlarini erkinlashtira olsak, bir kun o‘zining yo‘liga tushadigan jarayon.

– Katta ishonch bildirilib, yuqori lavozimlarga tayinlangan ayrim rahbarlar o‘zini nomunosib tutayotgan, xususan, katta miqdordagi poralar bilan qo‘lga tushayotgan holatlar uchrab turibdi. Rahbar kishining, qo‘polroq aytganda, buzilishiga qanday omillar ta’sir qiladi?

– Tezlik bilan bozor munosabatlarini rivojlantirishimiz, davlat o‘z mas’uliyatidagi juda ko‘p vakolatlarni bozor tizimlariga berishi kerak. Ya’ni, davlat boshqaruvchilikdan ko‘ra ko‘proq muvofiqlashtiruvchilik vazifasini saqlab qolishi zarur. Boshqacha aytganda, davlatning mumtoz vazifalari bor, davlatga shularning o‘zi yetadi.

Iqtisodiyot bozor qonunlari asosida rivojlanishi zarur. Ko‘pincha tinglovchilarga aytamanki, hokimlar faqat ochilish marosimiga «lenta» qirqish uchun borishi kerak. Ya’ni, qurilish bo‘ladigan bo‘lsa, hokimiyatning o‘zi kechayu-kunduz boshida turib qurdirishi shart emas. «Otang bozor, onang bozor», degan gap bekorga aytilmagan. Buning tagida katta hikmat yotibdi.

O‘tgan asrning so‘nggi choragida Yevropa Itifoqining yetakchi davlatlarida pochta, temiryo‘l, havo yo‘llari kabi sohalarni xususiylashtirish borasida savol muhokama qilinganda, ba’zi parlament a’zolari bu sohalarni xususiy sektorga topshirish xato ekanligini ta’kidlashgan. Aslida dastlab qurilgan temir yo‘llar aynan xususiy kapital hisobiga barpo etilgan. Bunga nima sabab bo‘lgan? Bozorning, bozor munosabatlarining salohiyatini yetarli baholamaslik. Bugun Yevropaga borib, pochta, temir va havo yo‘llari singari sohalarni davlat tasarrufiga o‘tkazsak bo‘ladimi, deb so‘rasangiz, «bu odam aqldan ozibdi», deb aytishadi. Tushuntira oldimmi?.. Davlat faqat davlatgagina xos bo‘lgan vazifalarni o‘zida qoldirishi talab etiladi. Albatta, bu osonlik bilan bo‘ladigan ish emas. Erkin bozor munosabatlarini taqozo etadigan vazifalar rasmiy vakolatlar bilan hal etiladigan bo‘lsa, davlat tizimlari rahbarlari atrofida xususiy manfaatlar to‘planadi va o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Ammo boshqa omillarni ham esdan chiqarmaslik joiz. Ming afsuski, manfaatlar to‘qnashuvi oqibatida hali-hanuz turli bo‘g‘indagi kadrlarni uyushtirish bilan qarmoqqa tushirish kabi nopok yo‘llar orqali «sindirish» holatlari barham topgani yo‘q. Mana, yaqinda oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatgan bir o‘qituvchining sud zalidan ozod qilingani haqidagi xabarni eshitdik. Sudda da’vogarning yo‘qligi, soxta guvohlik berilgani bu o‘qituvchining murakkab sxema bilan tuzoqqa ilintirilganini anglatadi. Bu voqeada eng muhim jihat sudning odil qaror chiqarib, aybsiz kishini uyiga qaytara olgani bo‘ldi. O‘zbekiston huquqiy sohada adolatni amalga oshirayotgan mamlakatlar safiga chiqayotgani katta gap...

Bilasizmi, rahbar bo‘lish uchun Prezident ma’ruzasini tushunishning o‘zi yetmaydi, ma’ruza keng ommaga qaratilgan, uni barcha eshitadi va umummilliy strategiyani, yo‘nalishlarini anglaydi. Rahbarlar uchun esa talab jiddiy: davlat rahbarining siyosatini, uning yukini o‘z zimmasida, lavozimi taqozosiga ko‘ra his qilishga majbur. Tushunish boshqa, amalga oshirishda faol ishtirok etish butunlay boshqa narsa. Buning uchun tom ma’nodagi «davlat xizmatchisi» e’tiqodi zarur. Bunday e’tiqod qanday shakllanadi, uni kim va qayerda shakllantiradi? Bu murakkab savol va unga javob topa olsak, kadrlar sohasida muvaffaqiyatga erishamiz.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV

suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: