16.08.2018

BILIMSIZLIK VA TARBIYASIZLIK JINOYATNING IKKI ILDIZI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 27 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jinoyatchilikning oldini olish borasida ichki ishlar organlari va davlat idoralari, shuningdek, jamoatchilikning mas’uliyatini yanada oshirish, ayniqsa, yoshlar orasida jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Shu kunlarda videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan dolzarb muammolar yuzasidan joylarda qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Kuni kecha tahririyatimizda ham «Jinoyatchilikning sabablari va unga qarshi kurash yo‘llari» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda turli kasb egalari va deputatlar ishtirok etdi.

Davra suhbatini «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri Safar Ostonov olib bordi.

Bugungi «Davra stolida» jamiyatimiz uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan masala bo‘yicha fikrlashib olishga yig‘ilganmiz. Hech kim onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaganidek, hech bir jinoyat o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Har bir jinoyatdan esa odamlar va jamiyat ziyon-zahmat ko‘radi, qonun buziladi.

Bugun jamoatchilikni qiynayotgan, tashvishga solayotgan savol bitta: jinoyatchilik sodir etilishining sabablari nimada, jinoyatchilikning oldini olish kimlarga va nimalarga bog‘liq?

Ushbu masalalarga javob axtarsak, jinoyatchilikning oldini olishga o‘z munosabatimizni bildirsak, tinchlik-osoyishtaligimiz, farzandlarimiz tarbiyasi, taqdiri haqida qayg‘urgan bo‘lamiz, deb o‘ylaymiz.



Asror REJAMATOV, Toshkent shahri, Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, kapitan:

To‘g‘risini aytganda, jinoyatchilik asosan beparvolik, loqaydlik oqibatida kelib chiqadi. Bolalar tarbiyasiga beparvolik, yon-atrofimizdagi voqealarga loqaydlik ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda. Oddiy misol: qo‘shnimizni mast holda tez-tez ko‘ramiz, menga nima, deb o‘ylaymiz. Ichkilik oqibatida ikki kishi urishib, bir-biriga tan jarohati yetkazadi, ya’ni jinoyat sodir bo‘ladi. Bu mening muammom emas, deymiz. Spirtli ichimlik sotishi mumkin bo‘lmagan savdo do‘konlarini ham bilamiz, lekin hech kimga aytmaymiz. Jim yuramiz. Chunki o‘sha do‘kondan zarurat yuzasidan o‘zimiz ham spirtli ichimliklar xarid qilamiz.

Ichkilik sababli arzimagan narsa ustida tortishib, yo‘q joydan janjal chiqarganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Olgan maoshining yarmini ichkilikka sarflab, oilasidagi yetishmovchilikni unutgan erkak uyiga mast holatda kelib, ayolini do‘pposlaydi, demak jinoyat sodir bo‘ladi.

Bugun ichki ishlar xodimlarining jinoyatchilikning oldini olishga munosabati o‘zgardi. Biz ishni yangicha tashkil etyapmiz. Ya’ni mast holatda uyga kelib janjal chiqargan erning masalasini mahalla faollari bilan muhokama qilmoqdamiz. Bundan maqsad boshqa oilalarda ham shu kabi voqealar bo‘lmasligining oldini olish, falonchining oilasida ichkilik oqibatida janjal chiqib, uning masalasi mahallada muhokama qilinibdi, degan gap-so‘zlardan boshqa oilalar xulosa chiqarib oladi.

Videoselektor yig‘ilishida jinoyatlarning 30 foizi yoshlar tomonidan sodir etilishi aytildi. Bu masala hammamizni tashvishga solishi kerak. Farzandlarimizga ota-onaning, oilaning va mamlakatning kelajagi, deb qaraydigan bo‘lsak, yoshlar tomonidan qilingan har bir jinoyatga favqulotda voqea sifatida qarashimiz kerak bo‘ladi. Oldinlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ertalabdan «razvodga» borgan bo‘lsak, endilikda maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalariga borib, o‘quvchi hamda talabalarning davomadini tekshirishdan ishimizni boshlamoqdamiz. Agarda o‘quvchi yoki talaba biron sababga ko‘ra darsga kelmagan bo‘lsa, bunga aniqlik kiritamiz. Ota-onalari chaqirtirilib, suhbatlar o‘tkazilmoqda. Bu kabi ishlarning yo‘lga qo‘yilishi davomadning keskin oshishiga hamda dars vaqtida yoshlar ko‘chada nazoratsiz qolib, qonun buzish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlari, milliy gvardiya hamda post patrul xizmati bilan hamkorlikda kechki soat 22:00-23:00 larda ko‘chada yurgan yoshlarni xizmat xonasiga chaqirib, kech bo‘lganda nima qilib yurgani va bundan ota-onasining xabari bor-yo‘qligini so‘rab, ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshini chaqiramiz. Mana shunday surishtiruvlarda ularning ko‘pchiligi har xil bahonalar bilan ota-onasini aldab, ko‘chaga chiqib ketganligi ma’lum bo‘lmoqda.



Ulug‘bek RAJABOV, xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, Mirzo Ulug‘bek kasb-hunar kolleji direktori:

Bolaning jinoyat sodir etishida, eng avvalo, ota-ona aybdor bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi farzandini moddiy tomondan ta’minlasam bo‘ldi, qolganini maktabda o‘rganib oladi, deb o‘ylashadi. Bu juda xato fikr. Tarbiyada maktabning ham, ota-onaning ham o‘z o‘rni, mavqei va mas’uliyati bo‘lishi lozim.

Bugun milliy qadriyatlarimiz ikkinchi o‘ringa tushib qolayotgandek tuyulyapti. Bolaligimizni bir yodga olaylik. Salomlashish odobi, kattalarga, ustozlarga hurmat boshqacha edi. Bularni bolaga o‘rgatish avvalo ota-onaning vazifasiga kiradi. Afsuski, farzandidagi salbiy holatlarga o‘qituvchini aybdor, deb biladigan ota-onalar oz emas. To‘g‘ri, oramizda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashadigan, tajribasiz o‘qituvchilar ham bor. Ammo «zamonaviy» ota-onalar orasida «falonchami, xafa bo‘lma, o‘sha o‘qituvching bilan o‘zim gaplashib qo‘yaman», deguvchilari ham topiladi. Bunday ota-onalar o‘quvchi oldida o‘qituvchiga do‘q urib, uni obro‘sizlantirayotgan holatlari ham uchrayotgani juda achinarlidir.

Ota-ona bo‘lib, ta’lim muassasasi, o‘qituvchi bilan bog‘lanib, farzandimiz to‘g‘risida, uning o‘quv dargohida o‘zini tutishi, darslardagi o‘zlashtirishiga oid ma’lumotlarni so‘ramaymiz. Biz uchun bolamizning berayotgan axboroti yetarli. Bu qanchalik to‘g‘ri ekani haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Farzandimiz 5-7 sinfga chiqqanda yosh, yuqori sinfga o‘tganda esa, endi katta bo‘lyapti, mening davrimda yayrab qolsin, desak o‘z qo‘llarimiz bilan bolamizning kelajagiga bolta urgan bo‘lmaymizmi?.. Bolamizga haddan tashqari mehribonlik qilib, vaqtni boy berayotganimizni, bolamiz tarbiyasiga putur yetkazayotganimizni bilamizmi? Bugun ota-onalar o‘zlariga mana shu savollarni berib ko‘rsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

«Ota-ona-mahalla-maktab» konsepsiyasi ishlab chiqilganidan barchangizning xabaringiz bor. Ammo mazkur konsepsiya to‘laqonli ishlayapti, deya olmaymiz. Qog‘ozda barchasi a’lo darajada. Bayonnomalar, hisobotlar o‘z o‘rnida, belgilangan me’yorlar asosida to‘kis yozilgan. Amalda esa bu hujjat ijrosi ko‘p joyda ta’minlanmayapti. Aks holda bugun jinoyatchilikning 30 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmagan bo‘lardi.

Bolani nazorat qilish ham tarbiyaning muhim mezoni hisoblanadi. Lekin bunga amal qiluvchilar kamayib bormoqda. Masalan, Yunusobod tumanidagi bir maktab o‘quvchilari uyida turib, internet orqali o‘yin o‘ynashar ekan. Eng yomoni, o‘rtaga pul tikiladi. Ota-ona xotirjam. Farzandi uyda, o‘z xonasida dars qilyapti, deb o‘ylaydi. Unga xalaqit bermaslik, bezovta qilmaslik uchun bolaning xonasiga kirmaydi. Aslida esa biz qaysi fandan, qaysi mavzu o‘tilganini so‘rashimiz, kerak bo‘lsa, uy vazifalarni birga bajarishimiz lozim.



Qobiljon MIRNIG‘MATOV, mehnat faxriysi, O‘zXDP a’zosi:

Erkak oilaning moddiy ta’minoti uchun javobgar shaxs hisoblanadi. U oilasining farovonligi, bolalarining hech narsaga zoriqmasligi uchun og‘ir mehnatdan ham qochmaydi. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, ota ish izlab, boshqa viloyatga yoki xorijga yo‘l oladi. Farzand tarbiyasi esa onaning zimmasiga tushadi. Bugun mana shunday oilalarda farzandlar tarbiyasida otaning roli yo‘qligi sezilib qolmoqda. Muammoni erkaklarga xos bosiqlik bilan hal etish o‘rniga, onalar tezda hissiyotga berilib, bolasi yonini olayotgan holatlar kuzatilmoqda.

Jinoyatga qo‘l urgan ko‘p yoshlar bilan suhbatlashganimizda, ularning ko‘zlarida afsusni ko‘ramiz. O‘sha vaqtda o‘zi istamagan holda jinoyatga qo‘l urganini aytishadi. Bu ichki salbiy kuchga erk berilganini anglatadi. Uni jilovlash esa ta’lim-tarbiya orqali bo‘ladi. Oilada ayol hissiyotga berilganida, ota bosiqlik bilan tushuntirish berishini, o‘n muammoni bir og‘iz so‘z bilan hal etishini farzand ko‘rishi lozim. Unga birgina jonli misol, namuna — ota kerak. Shunda o‘ylamay qadam bosuvchilar soni kamaygan bo‘lardi.

Jinoyatchilikning oldini olishda har bir mahallada kutubxona tashkil etish ham anchayin samarali vosita hisoblanadi. Negaki, kitob insonni ezgulikka chorlaydi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Darxon» mahallasida ko‘p yillar mobaynida raislik qilganman. Mahallamizda Yesenin nomidagi kutubxona bor edi. Kitob fondi ham ancha boy bo‘lib, undan besh mahalla aholisi foydalanardi. U yer doimo o‘quvchilar bilan gavjum bo‘lardi. Kutubxona binosi Adliya vazirligi tasarrufiga berildi. Biz ko‘p mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Hozir uning o‘rnida notarius ishlab turibdi. Mahallalarda kutubxonalar faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish kerak, deb o‘ylayman.

Jinoyatchilikning oldini olishda yana bir muhim jihatni yoddan chiqarmasak yaxshi bo‘lardi. Jinoyat qilganni jazolash har doim ham ko‘zlangan maqsadga yetkazmaydi. Ularning barchasi ham qamoqxonadan butunlay qaytadan tarbiyalanib kelmaydi. Jinoyat sodir etgan shaxslarni jamiyatdan to‘rt-besh yil ajratamizda, yana jamiyatga qo‘sholmay ovora bo‘lamiz. Qamalib chiqqanlarning aksariyati har zamonda bir-ikkita deputat yoki yozuvchi, shoir bilan uchrashuv o‘tkazilganini aytishadi. Faqat shu bilan ularning ma’naviyatini boyita olmaymizku. Qamoqxonalarda ham tarbiyaviy ishlarni zamon talabiga mos ravishda olib borish vaqti kelmadimikan?..

Jazo muddatini o‘tab qaytgan shaxsni atrofdagi odamlar qabul qilishi qiyin kechadi. Unga shubha bilan qaraladi. Sobiq mahbus ish qidirganda ham shu holatga duch keladi. Amallab mahalla yordamida ishga joylashdi ham deylik, olayotgan maoshi ro‘zg‘orini tebratishga yetish-etmasligi bilan hech birimizning ishimiz yo‘q. Ishga joylashtirish bilan vazifamiz nihoyasiga yetdi, deb hisoblaymiz. Aslida, jazo muddatini o‘tab kelganlarga o‘z hayotini yo‘lga qo‘yib olgunlaricha, mahalla, qo‘ni-qo‘shni, ichki ishlar bo‘limlari hamkorlikda ko‘maklashishi zarur. Qamalib kelib ham aqli kirmadi, yana jinoyatga qo‘l uribdi, degan noxush gaplarni eshitib turamiz. Ammo nega bunday bo‘lgani bilan qiziqmaymiz. Prezidentimiz har bir jinoyat sababini, ildizini bilish kerakligini bekorga aytmadi. Jinoyat sababini bilmay turib, unga qarshi kurashish samara bermaydi.



Nigora BOBONAZAROVA, Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanidagi 51-maktab direktori:

Mening fikrim shunday: avvalambor farzand tarbiyasida ota-onaning rolini kuchaytirish lozim. Bunday deyishimga sabab, ba’zi bir ota-onalar qachon maktab boshlanadi, farzandlarimizning injiqliklaridan qutilardek, deb ochiqdan-ochiq gapirishadi. Bu gaplarni kimlardir oddiy qabul qilishi mumkindir, ammo o‘z farzandining tarbiyasiga shu darajada e’tiborsizlik qilayotgan ota-onani oldinda nimalar kutyapti? Farzandi ertaga egri yo‘lga kirib, jinoyatchiga aylanmasligiga kim kafolat beradi? Ota-ona o‘z o‘y-tashvishlaridan ortmasa, farzandi nima bilan bandligiga qiziqmasa, ularning tarbiyasini yaxshi tomonga o‘zgartiradigan kitoblar olib bermasa yoki farzandini biron bir sport yoki fan to‘garaklariga bermasa, ertaga kimni ayblaydi? O‘qituvchinimi?.. O‘zlari vaqtida farzandini nimaga qiziqishini, qaysi sohaga qobiliyati borligini vaqt topib o‘rganmagan bo‘lsa, ertaga kimni aybdor qiladi? Vaqtida o‘zlarini huzur-halovatini o‘ylab, farzandlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan ota-onalar bilishi kerak, uning bolasini birov kelib tarbiyalab bermaydi.

Bilamiz, ota-onalar tug‘ilgan kunga, to‘yga, choyxonaga, gapga borinki, ko‘ngli tusagan tadbirlarning barchasiga borishga vaqt topadi. Ammo, o‘zlari dunyoga keltirgan farzandining tarbiyasiga bir minut ham vaqt topa olmaydi. Bu haqda so‘rasangiz, ishlari ko‘pligini ro‘kach qilishadi. Hatto, shanba va yakshanba kunlari ham bolalariga vaqt ajratishmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘z vaqtida farzandini qiziqishini inobatga olib, qo‘lidan yetaklab, sport yoki fan to‘garaklariga olib borgan, ularga ta’lim-tarbiya bergan ota-onalar o‘z mehnati rohatini ko‘rib, el-yurt oldida yuzlari yorug‘ bo‘lib, hurmat-izzatda yurishibdi. Vaqtida farzandlariga e’tibor qaratmasdan ulfatchiliklardan bo‘shamagan ota-onalar esa bugun tinchini yo‘qotib, e’tiborsizligining azobini tortmoqda, el-yurt orasida bosh ko‘tara olmay qolmoqda. Xalqimizda ibratli naql yuradi, «nimani eksang, shuni o‘rasan».



Zulfiya YUNUSOVA, xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, 155-maktab direktori:

Barchamizga ma’lum, o‘tgan yili maktablarda 10-11-sinflar qaytadan tashkil etildi. O‘quvchilarning aksariyati ota-onasining istagi bilan maktabda o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldi. Dastlab, ular o‘zlarini katta bo‘lgan, endi maktabda emas kollej, litseylarda o‘qishi kerakdek tuta boshlashdi. Bu holat ularning o‘qish sifatiga, yurish-turishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. To‘rt-besh o‘quvchimda mana shunday holat yuz berdi. Ular darsga na kitob-daftar olib kelar va na darsga quloq solardi. O‘quvchilarning ota-onasini chaqirtirganimizda, faqat onalar keldi. Biz otalar ham kelishini iltimos qildik. Ichki ishlar xodimlarini o‘quv muassasasiga taklif etdik. Ular xulqida o‘zgarish kuzatilgan o‘quvchilar bilan suhbatlashishdi. Natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Oxiri mahalla guzarida maktab-mahalla-ichki ishlar bo‘limi hamkorligida yig‘ilish o‘tkazdik. Otalar ham keldi. O‘quvchilar ko‘pchilik oldida ota-onasi izza bo‘lganidan xijolat tortishdi. Bu ularning yuz qiyofasidan ko‘rinib turardi. Ertasi kuni o‘sha o‘quvchilarimiz maktab libosida, darsga tayyor holda keldi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, onalar ota farzandini koyimasligi uchun vaziyatni yashirib kelishgan.

Ota-ona ta’lim muassasasiga chaqirtirildimi, demak, farzandim biror ishni boshlagan, deb tushunadiganlar ko‘paydi. Sinf majlisiga chaqirganimizda, telefon qilishib, farzandim muammo chiqarmayaptimi, bo‘ldida, degan javobni olyapmiz. Men tushuna olmaydigan jihat shundaki, ota-ona o‘quv dargohiga kelib, farzandining yurish-turishi, darslarni o‘zlashtirishi bilan qiziqishi uchun bola albatta biror ayb ish qilishi kerakmikan?!

Shu o‘rinda yana bir og‘riqli masalaga to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Dars jarayonini buzishga hech kimning haqqi yo‘q, deb o‘ylayman. Lekin dars boshlanganda inspektor keladi, davomatni tekshirib ketadi. 5-10 daqiqa o‘tgach, mahalladan yoki yoshlar ittifoqidan ham vakillar kelishadi va yana shuncha daqiqa isrof bo‘ladi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, o‘qituvchida dars o‘tish uchun qancha vaqt qoladi?!

Mana shu jihatlarga ham e’tibor qaratsak, nazoratning ma’qul yo‘llarini izlab topsak maqsadga muvofiq bo‘lardi.



Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim» axborot kutubxonasi direktori, O‘zXDP faoli:

Oilaviy nizolar ham jinoyatchilikning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Bugun kelin qaynonasini, bola otasini, hatto ona o‘z bolasining qotiliga aylanayotganini eshitib yoqangni ushlaysan kishi. Inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Oiladagi nosog‘lom muhit, atrofdagilarning bee’tiborligi oqibatida mana shunday mudhish voqealar sodir bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yilning olti oyida esa 2017 yilning shu davriga nisbatan 39 foizga kamaygan. Ammo qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarining soni yuqoriligicha qolmoqda. Bu vaziyatda Prezidentimiz aytganidek, hamma birdek yeng shimarib, muammolardan to‘liq xabardor bo‘lib, ularni hal etishga ko‘maklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olgan va uning tub mohiyatini tushuntirganida edi, bugungi ahvol va raqamlar boshqacha bo‘lardi.

Kuzatishlar ko‘rsatadiki, bolalarni o‘z holiga tashlab qo‘yish ularni jinoyatchilikka moyillikka olib boradi. Bola tarbiyasiga mas’ul ota-ona uning kunlik dars jadvalini yaxshi bilishi lozim. Yana bir masalaga otalar e’tiborini qaratmoqchiman. Dam olish kunlari ko‘p otalar ulfatlari bilan tog‘da, bog‘da birga bo‘lishni yoqtirishadi. Ammo uyda oila a’zolari zerikib o‘tirganini o‘ylashmaydi. Dam olish kunlari uchun har bir oilaning o‘z an’anasi bo‘lgani ma’qul. Kimdir tabiat qo‘yniga sayohat uyushtirishi, madaniy dam olish markazlari yoki teatrga borishi mumkin. Bularning barchasi kishiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Ota bilan bolalar o‘rtasidagi mehrni mustahkamlaydi. Bolalar dunyoqarashini kengaytiradi, ularni tartib-intizomga o‘rgatadi.

Mening fikrimcha, kitob sovg‘a qilishni odat tusiga kiritishimiz lozim. Bugungi kunda har bir oilaning o‘z kutubxonasi bo‘lishi kerak. Oila davrasida kichik kitobxonlik kechalari tashkil etish bola tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Bu ham bolada ijobiy xislatlarning o‘sishiga olib keladi. U ezguliklar ortidan borishni o‘rganadi.

Insondagi eng yaxshi fazilatlar kitobdan ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Kitob o‘qiydigan boladan yomonlik chiqmaydi. Kitob ko‘plab jinoyatlarning oldini oladigan qudratli kuchligini unutmasligimiz kerak.



Abror QURBONOV, O‘zXDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari:

Har bir ota-onaning eng katta orzusi farzandlarining kamolotini ko‘rish. Hech bir inson zurriyoti jinoyat yo‘liga kirishini istamaydi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Unda jinoyatchilar qayerdan paydo bo‘ladi?..

Farzandlar oldidagi burchimiz ularni faqat moddiy ta’minlashdan iborat emas. Birinchi galdagi vazifamiz ma’naviyatli, ma’rifatli, zamon talablariga javob beradigan barkamol avlodni tarbiyalashdir. Buning uchun eng avvalo biz, ota-onalar o‘rnak ko‘rsatishimiz shart. Zero, xalqimiz qush uyasida ko‘rganini qiladi, deb bejizga aytmagan.

Ikkinchi masala. Aksariyat oilalarda ota ham, ona ham ertadan kechgacha ishda bo‘ladi. Pul topish ilinjida yoki boshqa turli sabablarga ko‘ra, uyga kech qaytadi. Bu vaqt mobaynida bola uyda yolg‘iz qoladi. Yuzaga kelgan bo‘shliq esa farzand tarbiyasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Yosh avlod tarbiyasi bilan butun jamiyat shug‘ullanishi, mas’ul tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak, deb o‘ylayman. Bu masalada siyosiy partiyalar zimmasiga ham katta vazifalar yuklatilgan. Xo‘sh, jinoyatchilikning oldini olish borasida siyosiy partiyalarning roli qanday bo‘lishi kerak? Barchangizning xabaringiz bor, o‘tgan yili iyul oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida siyosiy partiyalar qattiq tanqid qilindi. Yoshlar masalasi bo‘yicha tayinli ishlar amalga oshirilmayotgani ta’kidlandi. To‘g‘risi, siyosiy partiyalar saylovoldi dasturlarida yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq yaxshi gaplar aytilgan. Ammo, o‘ylaysan kishi, qaniydi shu ishlar amalga oshirilsa edi...

Videoselektordagi tanqidiy fikrlardan so‘ng xususan, O‘zXDP «Yoshlar qanoti» faoliyati tubdan o‘zgartirildi. Yangi loyihalar, yangi «yo‘l xaritasi», strategiya ishlab chiqildi. Toshkent shahar partiya kengashi o‘tgan olti oy oralig‘ida 120 mahalladagi qariyb ikki mingga yaqin xonadonda bo‘ldi. Uyushmagan yoshlar bilan ishladi. Partiyamiz bu borada hamkor tashkilotlar bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘ydi. Lekin bu bilan maqtanib bo‘lmaydi. Negaki, oldimizda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yetarlicha. Bunda bandlik masalasi ustuvor hisoblanadi. Bir yilda 600 mingdan ortiq yigit-qiz maktab, kollej, litseylarni bitiradi. Oliy o‘quv yurtlari ularning 10-15 foizini qabul qiladi. Biz partiya vakillari qolganlarining taqdiri bilan qiziqishimiz lozim. «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda deputatlik va jamoatchilik nazoratini samarali tashkillashtirish kerak bo‘ladi. Uyma-uy yurib, yoshlarni o‘ylantirayotgan muammolarni shunchaki o‘rganmasdan, tegishli tashkilotlarga masalaning asosli yechimlari aks etgan takliflar bilan murojaat etishimiz muhim vazifalardan hisoblanadi.



Sirojiddin SHONAZAROV, O‘zXDP Toshkent shahar kengashi bo‘lim mudiri:

Bugungi kunda biz bolalar va o‘smirlar, yoshlar uchun zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratib bera olmayapmiz. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning kelib chiqish omillaridan biri shu bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Hozirgi kunda yoshlarimiz turli xorij filmlaridagi qahramonlarga o‘xshashga intilishadi. Bu filmlarda esa shu kunlarda ham ko‘rayapmiz, uyushgan jinoiy guruhlar harakatlari — otish, pichoq sanchish va boshqa johillik, shafqatsizliklar namoyish qilinmoqda. Bunday filmlar yoshlarda jinoyatga moyillikni uyg‘otmasligiga kim kafolat bera oladi?

Yurtimizda dunyo tan olayotgan sportchilarimiz, san’at ustalari, mashhur olimlar yetarlicha topiladi. Ularni yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish uchun targ‘ibot-tashviqot vositalaridan unumli foydalanishimiz kerak.

Jinoyatchilikning oldini olish borasida O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi tomonidan «Deputat soati» loyihasi tayyorlanib, amaliyotga tatbiq qilindi. Unda maktab, kollejlardagi ma’naviyat, ma’rifat darslarida partiyaning tuman, shahar deputatlari ishtirok etyapti. Dars mobaynida deputatlik faoliyati, mas’uliyati, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mana shu jarayonlarda ishtirok etishning sharafi kabi mavzularda davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Shu o‘rinda mazkur loyiha kutilganidek samara berayotganini aytish o‘rinli. Darslardan so‘ng yoshlarning orzu-o‘ylari, kelajakdagi rejalari xususida suhbatlashilmoqda. Ta’lim muassasalari tomonidan bunday darslarni muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirilayotgani kishini quvontiradi.

Turli soha va kasblarda yuksak yutuqlarga erishgan shaxslar ishtirokida mahallalarda uchrashuvlar tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bunday uchrashuvlarda ota-onalar, yoshlar ishtirok etib, ulardan ibrat oladi.

Shuningdek, partiya xodimlari va deputatlardan iborat ishchi guruh tashkil etish rejalashtirilgan. Ishchi guruhning vazifasi hududlardagi jinoyatga moyilligi bor yoshlarni aniqlab, ularning ro‘yxatini shakllantirish hamda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni nihoyatda chuqur o‘ylab ishlab chiqish lozim. Bunda jinoyat sodir etgan insonlarning qayta bu yo‘lga kirmasliklari uchun ham ma’lum bir loyihalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Har bir tumanda ehtiyojmand oila bolalari uchun bepul sport to‘garaklari tashkillashtirish mexanizmlarini yaratishni ham rejalashtirganmiz. Bolalar darsdan bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib bersak, katta ish qilgan bo‘lamiz. Sport bola tarbiyasida g‘oyat muhim ahamiyatga ega.



Maftuna MIRZAXO‘JAYEVA, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi talabasi:

Men yuqoridagi fikrlarni eshitib, juda ko‘plab xulosalarga keldim va shu jumladan o‘zimda ham jinoyatchilikning oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida fikrlar paydo bo‘ldi.

Birinchidan, yomon xulq-atvorga ega bo‘lgan o‘quvchi ustozini haqorat qildi yoki tartibni buzdi. Uning ota-onasi esa farzandining aybini tan olmay, o‘qituvchilar yoki qo‘shnilar bilan janjal keltirib chiqaradi. Farzandiga ta’lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchisining dilini xira qiladi. Bunday holatda ana shu otaning yoki onaning ham ota-onasiga, agar ular vafot etgan bo‘lsa, akasiga yoki opasiga, yoki biron-bir qarindoshiga murojaat qilib, tartibga chaqirish yo‘llarini topish zarur. Chunki ota-onalar ham o‘z qarindoshlaridan hayiqadi, ularning oldida izza bo‘lishni istamaydi.

Shuningdek, maktabda ota-onalar majlisi o‘tkaziladi-yu lekin unga hamma ham kelavermaydi, ayniqsa o‘quvchining otasi. Men maktabda o‘qiganimda ota-onam o‘qituvchilarim bilan doim uchrashib turishardi. Men birorta xato qilsam yoki nomunosib baho olsam, ota-onam o‘qituvchilarimiz oldida uyalib, xijolatda qolishmasin, degan hadik bilan yurardim. Xuddiki, ota-onamni xursand qilish uchun o‘qiyotgandek edim.

O‘rni kelganda yana bir mulohazani bildirmoqchiman. Bugungi kunda televideniye, ayniqsa, xususiy kanallar orqali efirga uzatilayotgan ba’zi bir seriallarning yoshlar tarbiyasiga qanchalik foyda yoki zarar keltirishi to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Men o‘zimdan qiyos qilib bir gapni aytmoqchiman. O‘smir yoshimizda juda ham taqlidchi edik. Goh o‘qituvchiga, goh shifokorga o‘xshagimiz kelardi. Gohida mahalladagi obro‘li otaxon va onaxonga hurmat bilan qarardik. Demak, yoshlarga ibrat bo‘ladigan obro‘li kishilar hayot yo‘li ko‘proq targ‘ibot qilinishi kerak. Ayrim xorij seriallarida salbiy qahramon juda kuchli, qo‘lidan hamma narsa keladigan qilib tasvirlanadi. Achinarli tomoni, yoshlar orasida ularga taqlid qilib, serialdagi bosh qahramonning ismini faxr bilan aytib yuradiganlari bor.

Yoki ayrim seriallarda kelin qaynonasiga, xotin eriga, bola otasiga gap qaytarib, dag‘dag‘a qilishini ko‘ramiz. Bu holatlar milliy qadriyatlarimizga mos keladimi? Milliy urf-odatlar yo‘qolib borgani sari yoshlar tarbiyasiga darz ketadi, jinoyatlarga yo‘l ochiladi, deb o‘ylayman.



TAHRIRIYATDAN:

Davra suhbatida bildirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, jinoyatchilik sabablarini aniqroq, kengroq bilmoqchi bo‘lsak, chuqurroq fikrlashimiz, masalaga har tomonlama yondashib, tahlil etib, xulosalar chiqarishimiz kerak bo‘ladi. Har bir jinoyat, u xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, o‘sha jamiyatning mahsuli, xatosi.

Shuningdek, jinoyatning turi ko‘p, sababi ko‘p. Kimdir bilib-bilmay, kimdir qasddan jinoyat qiladi. Qaysi bir jinoyatga ijtimoiy muammo, qaysi biriga oiladagi nosog‘lom muhit, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlar sabab bo‘ladi. Qanday jinoyat bo‘lmasin, bosh sababi aylanib-aylanib baribir bir masalaga — tarbiyaga borib taqaladi.

Birgina davra suhbatida jinoyat haqiqatining barcha qirralari haqida fikr yuritish imkoni yo‘q, albatta. Gazetxonlarda, o‘qituvchi, murabbiylar, yoshlar, ota-onalar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, olimlarimizning ushbu masala bo‘yicha aytadigan gaplari bo‘lsa, marhamat, munosabatlarini kutamiz va ularni chop etishga tayyormiz.



«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari

Mahliyo ALIQULOVA,

Toshtemir XUDOYQULOV

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.