Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
12.07.2018

ODAMLAR QALBIDAN ANIQ AMALIY ISHLAR BILAN JOY OLISH KERAK

Parlament va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bir yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida nimalar o‘zgardi? Qat’iyat va tashabbuskorlik o‘sdimi? Oldinda yana qanday vazifalar turibdi?..

Xabaringiz bor, 2017 yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. O‘sha uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasida siyosiy partiyalar va ularning parlamentdagi fraksiyalarida tashabbus yetishmayotgani, joylardagi partiya tashkilotlari faoliyati talab darajasida emasligi, partiyalar va deputatlar saylovchilar ishonchini oqlashga astoydil harakat qilmayotgani, qonun ijodkorligini takomillashtirish hamda parlament ta’sirchanligini oshirish jarayonlarida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqidiy tahlil etilgandi.

Oradan bir yil o‘tdi. Shu davr ichida siyosiy partiyalar faoliyatida jonlanish kuzatildimi, bildirilgan tanqidiy fikrlardan tegishli xulosalar qilindimi? Umuman, odamlar ishonchini oqlash yo‘lida qanday amaliy ishlarga qo‘l urildi?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Hotamjon Ketmonov quyi palata rasmiy saytidagi chiqishida ana shu masalalar xususida fikr yuritdi.

Aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan deputatlar faolligini yanada oshirish, parlament va parlamentdagi fraksiyalar hamda siyosiy partiyalar faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf qilish, saylovchilar ishonchini qozonish yuzasidan aniq takliflar bildirilgani har birimizga katta mas’uliyat yukladi, deydi quyi palata Spikeri o‘rinbosari.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi siyosiy mafkurasining ustuvor yo‘nalishlari va partiyaning dasturiy maqsadlari qaytadan ko‘rib chiqildi, «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» bilan bog‘liqligi aks ettirildi, partiya doimiy elektorati tarkibiga kiruvchi asosiy ijtimoiy guruhlarga aniqliklar kiritilib, partiyaning mafkuraviy g‘oya hamda maqsadlari yanada boyitildi.

O‘tgan davr mobaynida fraksiyamiz a’zolari Saylovoldi dasturimizdan kelib chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikning huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid 13 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatdi. Shuningdek, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan 97 ta Qonunga fraksiya tomonidan 205 ta taklif tayyorlandi.

Qolaversa, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, partiyaning fraksiyasi hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining tegishli vazirliklar faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Deputatlik birlashmalarimiz tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarining hududiy boshqarma hamda bo‘limlarining hisobot va axborotlari 51 marotaba partiya guruhlarida, 42 marotaba tegishli doimiy komissiyalarda va 29 marotaba sessiyalarda eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Videoselektor yig‘ilishida deputatlarning qonun ijodkorligi bo‘yicha faoliyati ham tahlil qilingan, bu borada tashabbuskorlik yetishmayotgani alohida ta’kidlangan edi. Fraksiya rahbari o‘z chiqishida bu masalaga bir necha bor e’tibor qaratgan:

Partiyamiz tomonidan «Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi va «Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihalarida foydalanish uchun takliflar kiritildi.

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, Ko‘zi ojizlar, Karlar jamiyatlari, Nogironlar assotsiatsiyasi bilan tuzilgan memorandumlar doirasida mehnat va urush faxriylari pansionatlari, «Saxovat», «Muruvvat» va «Mehribonlik» uylari, nogiron bolalar uchun maktab-internatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmatlarni olish uchun sharoitlar yaratish va yolg‘iz qariyalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish masalalari tegishli ishchi guruh a’zolari hamda joylardagi partiya guruhlari tomonidan doimiy o‘rganib borildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan 77 muammo partiyaning vakolatli organlari tomonidan hal etilishiga erishildi. Shuningdek, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ishlab chiqilgan 50 dan ortiq takliflar umumlashtirilib, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tayyorlayotgan respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.

Fraksiya a’zolarining joylarda aholi bilan muloqotlari davomida fuqarolarning ruhiy sog‘lig‘ini tekshiruvdan o‘tkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, davolash masalalarida muammolar borligi aniqlangan edi. Ushbu muammolar davlatimiz rahbarining «Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida o‘z aksini topib, sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etishda muhim omil bo‘ldi. Shuningdek, 2000 yili qabul qilingan «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha fraksiya tashabbusi ishlab chiqildi.

Videoselektor yig‘ilishida siyosiy partiyalarning markaziy idoralari bilan birga, hududiy tashkilotlari faoliyati ham atroflicha tahlil etilib, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor berilgan edi. Bu boradagi vaziyatni o‘zgartirish uchun qanday choralar amalga oshirildi?..

Faoliyatimiz samaradorligini oshirishda, partiyamizda joriy etilgan «markaz — viloyat — tuman» tartibida ishlaydigan yangi tizim muhim o‘rin tutmoqda, deydi H.Ketmonov. Aynan shu tizim orqali parlament a’zolarining ish uslubi partiyaning viloyat, tuman, shahar kengashlariga yetkazilyapti. Bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengashlarni fraksiyada ko‘rib chiqilayotgan masalalardan yetarlicha xabardor qilib borish tizimi ishlayotgani natijasida partiya tashkilotlaridan qonun loyihalariga kelib tushgan 60 ga yaqin takliflar umumlashtirilib, fraksiya muhokamasiga kiritildi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart. Shundan kelib chiqib, har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr hamda takliflarni quyidan — fuqarolardan, saylovchilardan, joylardagi deputatlardan olish tartibi joriy etildi. Natijada ulardan 70 ga yaqin yaxshi takliflar olinib, fraksiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.

Parlament nazorati institutidan foydalanishda ham fraksiyamiz faolligi oshganini e’tirof etish lozim. «Hududlarda aholi bandligi masalasida yo‘l qo‘yilayotgan rasmiyatchiliklarni bartaraf etish, aholini ish bilan ta’minlash hamda mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirishga olib keladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti fraksiya tashabbusi bilan «Hukumat soati»ga olib chiqildi. Qolaversa, parlament eshituvi doirasida sog‘liqni saqlash vazirining «Mamlakatimizda nogironlikni belgilash amaliyoti va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.

O‘tgan davr mobaynida partiyamiz o‘zining har bir yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqib, «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, asosiy e’tibor xalq bilan muloqotga qaratildi. Xonadonma-xonadon yurish, Jamoatchilik qabulxonalari ishini yangi zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil qilish, joylarda reja-grafik asosida partiya rahbarlari va deputatlarimizning sayyor qabullarga chiqishlari birinchi vazifa qilib belgilandi. Natijada o‘tgan olti oylik vaqt davomida 18 ming nafar fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi, 16 mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Ularning 11360 tasi yoki 71 foizi ijobiy hal qilindi.

Fraksiya a’zolarining tizimli ravishda 10 kunlik joylarga chiqishi, odamlar bilan muloqotlar o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rganishi bugungi kunda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. 7112 xonadonga kirilib, 34 ming 305 nafar aholi bilan, jumladan, 7 ming 446 nafar tadbirkorlik sub’ekti vakili bilan suhbatlashildi. Uchrashuvlarda jami 4 ming 391 masala ko‘tarilib, ularning aksariyati joyida hal etildi. 81 masala fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishlarida muhokama qilinib, qabul qilingan qarorlar ijrosi ta’minlandi.

Erishilgan natijalardan ko‘ngil to‘lyaptimi? Galdagi muhim vazifalar nimalardan iborat?.. H.Ketmonov o‘z chiqishida bu masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tgan:

...Yuqoridagi ishlar partiya o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini to‘laqonli amalga oshiryapti, degani emas. Hali oldimizda amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan tadbirlar, qolaversa, faoliyatimizda ham qator kamchiliklar mavjud.

Tan olish kerak, joylarda aholi, xususan, elektoratimizni bezovta qilayotgan muammolar o‘z yechimini kutmoqda. Kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, bandlik masalalari, pensionerlar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘iz qariyalar bilan olib borayotgan ishlarimiz talab darajasida emas. Ijtimoiy dorixonalar faoliyati ham aholini qoniqtirmayapti.

Shunday ekan, elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatimizni yanada jonlantirishni zamonning o‘zi taqozo qilyapti. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish barobarida, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni ham chuqur o‘rganish va oldini olish muhim o‘rin tutadi. Buning uchun esa barcha bo‘g‘indagi deputatlik birlashmalari ishini yanada faollashtirish, parlament hamda deputatlik nazorati, deputatlik so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlardan samarali foydalanish zarur.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan odamlarimiz, saylovchilarimiz ishonchini qozonishimiz, ularning qalbidan joy olishimiz kerak. O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari o‘z fikrini shunday yakunlagan.



DB query error.
Please try later.