Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
10.07.2018

QISHLOQ OBOD BO‘LSA, KO‘NGIL HAM OBOD BO‘LADI

Dilorom ABDURAHIMOVA, Namangan viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:

— «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi Prezident farmoni sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yangicha sur’at va sifat bag‘ishladi. Ayniqsa, dasturni 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror qishloqlarimizda aholi turmushini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

Ko‘z oldimizga keltirib ko‘raylik, bir paytlar qishloqda nima bor edi?.. Kolxozning idorasi, yana maktab, agar bo‘lsa, bolalar bog‘chasi bo‘lardi. Ular qishloqlardagi eng muhtasham bino hisoblanardi. Oziq-ovqat va sanoat mollari aralash sotiladigan «Selmag» ham ko‘zimizga mahobatli ko‘rinardi.

Bugunchi?.. Bugun eng olis qishloqlargacha zamonaviy sanoat korxonalari kirib borayapti. Ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shaharmonand dahalar, zamonaviy infratuzilmani mujassam etgan obod guzarlar barpo etilmoqda, aholining turmush madaniyati, farovonligi kun sayin o‘sayapti.

Namangan viloyatida ham «Obod qishloq» dasturi ijrosini ta’minlashga qizg‘in kirishildi. Viloyat hududidagi qishloqlardagi mahalla va xonadonlarga kirib borish orqali aholi bilan muloqotlar o‘tkazildi. Har bir tumandan ikkitadan infratuzilmalari eskirgan va yaroqsiz ahvolga kelib qolgan jami 22 qishloq dasturga kiritildi.

Joriy yilda Mingbuloq tumanining Mulkobod va Kichik Jomasho‘y, Kosonsoyning Shirinbuloq va Qorasuv, Namangan tumanining Shamsiko‘l va Sho‘rqo‘rg‘on, Norinning Qorateri va Qo‘shchek, Popning Kenagas va G‘urumsaroy, To‘raqo‘rg‘onning Oqtosh va Guliston, Uychining Mevazor va Xo‘jaobod, Uchqo‘rg‘onning Guliston va Qo‘g‘ay, Chortoqning Alixon va Oboddiyor, Chustning Laylakuya va Sherbuloq, Yangiqo‘rg‘on tumanining Bo‘ston va Qizilyozi kabi qishloqlari obod qishloqqa aylantiriladigan bo‘ldi.

Dasturga kiritilgan qishloqlarda ichki va xo‘jalik yo‘llarini, kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini ta’mirlash, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari olib boriladi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, bozor infratuzilma ob’ektlarini qurish va boshqa bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maqsadlarga 127 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

«Obod qishloq» dasturi doirasida viloyatda birinchi kirishilgan loyiha bugun yakunlanish arafasida. Uychi tumanining Mevazor mahallasi bir vaqtlar chindan ham obod edi. 1000 nafardan ziyod kishi istiqomat qiladigan bu mahallada sobiq parrandachilik fabrikasi ishchilari uchun 1980 yillarda qurilgan 5 ta ikki qavatli uy mavjud.

O‘tgan davr mobaynida ko‘p qavatli uylarga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimi izdan chiqdi. Negaki, xonadonlarning egasi bor, uylar esa hech kimniki emas. Bino nurab-to‘kilib, maishiy-kommunal, sanitariya tarmoqlari yo‘q bo‘lib ketgan. Bu yerda yashovchilarning kundalik turmush sharoiti nihoyatda og‘ir darajaga yetgandi. Ko‘pchilik o‘z holicha hovliga hojatxona, molxona va boshqa yordamchi xo‘jalik inshootlari qurib olgani ham rost. Natijada juda xunuk manzara va antisanitariya muhiti paydo bo‘lgandi. Eng yomoni, hududda yashovchilar shunga o‘rganib qolayotgandi. Dastur asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida bugun mahalla butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Maishiy shart-sharoitlar yaxshilandi. Bu, albatta, mahalla ahli ong-tafakkuriga ham ijobiy ta’sir qilishiga shubha yo‘q.

Bugungacha ko‘p qavatli uylarning tomi shiferlanib, kirish eshiklari almashtirildi. Hududga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Hovli atrofi devor bilan o‘raldi. Mahalliy ehtiyojdan kelib chiqib, hovlida tandirxona va boshqa umumfoydalanish uchun maishiy-xo‘jalik qurilmalari barpo etildi. Uylar o‘rtasidagi maydonlarga 200 tupdan ziyod manzarali va mevali ko‘chat, turli gullar ekilib, bog‘ va gulzorlar tashkil qilindi. Ayni paytda binolarning fasad qismida pardozlash ishlari davom etmoqda.

Prezidentimizning viloyatimizga tashriflaridan so‘ng loyiha ko‘lami yanada kengaydi. Umumiy ishlar hajmi 7 milliard so‘mdan ziyod bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Hududdagi 15-umumta’lim maktabi, 39-maktabgacha ta’lim muassasasi tubdan ta’mirlanadi. Kanalizatsiya tarmog‘i tortiladi, to‘rt kilometrdan ko‘proq yo‘lga asfalt bosiladi. Shu maqsadda bugun birgina qurilish-obodonlashtirish ishlarida 100 nafardan ortiq kishi ishlamoqda

Shunday ob’ektlardan yana biri — To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Oqtosh» qishlog‘ining «Oqtosh» mahallasidir. Mahallada dastur asosida yaqindagina boshlangan bunyodkorlik ishlari kun sayin yuqori sur’at kasb etmoqda. «Obod qishloq» dasturiga muvofiq Oqtoshda ham ishlar e’tiborga muhtoj uylarni ta’mirlashdan boshlandi. Ko‘p qavatli uylarning tomi va fasadini rekonstruksiya qilish, kanalizatsiya tarmog‘i tortish, yordamchi maishiy-xo‘jalik binolari va bolalar maydonchasi qurish, hovli atrofini 6,2 kilometrdan ziyod devor bilan ixotalash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mahalladagi Bobur, Osoyishta, Navoiy ko‘chalaridagi 549 hovli-xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda ushbu ob’ektda 4000 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda.

Dastur bo‘yicha qishloqda 250 o‘rinli bog‘cha qurib berilishi oqtoshliklarning quvonchiga quvonch qo‘shganini MFY raisi Valijon Sattorovdan eshitib, uni tabrikladik. Chunki bugun o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi eng dolzarb masaladir.

Dasturiy maqsadlardan kelib chiqib, biz, mahalliy Kengashlar deputatlari ham targ‘ibot ishlari olib bormoqdamiz. Qishloqlarning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etishdan maqsad — aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va ayni vaqtda dunyoqarashini kengaytirish. Bu xayrli ishlar qishloq kishilarini boqimandalik kayfiyatidan chiqarishi zarur. Bizga kimdir kelib qilib beradi, davlatimiz ijtimoiy yordamini ayamaydi, deb qarab turish yaramaydi. Endi har birimiz taraqqiyotga daxldorlik va mas’ullik hissi bilan yashashimiz, yaratuvchanlikni kasb etishimiz lozim, deb o‘ylayman.



DB query error.
Please try later.