Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
10.07.2018

YOSHLARDAN QARZIMIZ KO‘P

Hotamjon KETMONOV, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari:

— Yoshlar — bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi. Hozirda mamlakatimiz aholisining 64 foizini barkamol avlod egalari tashkil etishini hisobga olsak, yurt taraqqiyoti ko‘p jihatdan navqiron o‘g‘il-qizlarga bog‘liq ekanini yanada teranroq tasavvur etamiz. Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar etib belgilangan.

Davlatimiz rahbarining har bir ma’ruzasida yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni komil inson etib tarbiyalash masalalari qamrab olinmoqda. Xususan, Muhtaram Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish taklif qilingani chuqur hayotiy ahamiyatga egadir.

Shuningdek, yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTning navbatdagi sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilingani ham yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati milliy qonun hujjatlari va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan talablariga asoslanadi. O‘zbekiston bevosita yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlarning ishtirokchisi hisoblanadi.

Joriy yilning 4 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy faolligini yuksaltirish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda bu boradagi kamchiliklar qattiq tanqid ostiga olindi.

Jumladan, keyingi bir yilda yangi tizim va yondashuvlar amaliyotga joriy etilgan bo‘lsa-da, yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning bandligini ta’minlash hamda muammolarini hal etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi. Buning oqibatida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelishi, ayniqsa, mamlakat bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning 11 ming nafarini yoshlar tashkil etayotgani achinarlidir. Vaholanki, mamlakatimizda hokimlar va IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari joriy qilingan.

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlarni yuragidan o‘tkazib tinglagan har bir vijdoni bor rahbar uyg‘onishi, o‘z faoliyatini qayta tahlil qilib chiqishi va vijdonan yondashishi talab etiladi.

Yig‘ilishdan so‘ng partiyamizda yoshlar yo‘nalishida olib borayotgan faoliyatimizni tahlil qildik. Judayam ko‘p savollar birma-bir ko‘z oldimizdan o‘tdi. Mamlakatimiz aholisining salmoqli qismini tashkil etadigan, o‘ziga xos ijtimoiy-demografik xususiyatga ega qatlam — yoshlarning bugungi kayfiyati, qiziqishu intilishlari, ma’naviy-ruhiy olami qanday? Ular uchun hayotda nimalar qadriyat darajasiga ko‘tarilgan? O‘z navbatida, ularni nima o‘ylantiradi va tashvishga soladi? O‘zi bugun yoshlar nimalar bilan band? Ularni ko‘proq nimalar qiziqtiradi? Nima uchun yoshlar muammosi davlat siyosati darajasiga olib chiqilmoqda?.. Ushbu savollar hammamizni chuqur o‘ylab, xulosalar chiqarishga undaydi. Chunki bu savollarning tagida bugungi kundagi eng o‘tkir masala — yoshlarning bandligi yotibdi. Ular biror ish bilan band emas ekan, ya’ni yoshlarning bandligi raqamlarda emas, amalda ta’minlanmas ekan, kamchiliklar yana takrorlanaveradi.

Harakatlar strategiyasida ham mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurti muassasalarining bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida ham mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta birinchi ish o‘rinlariga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan. Endi o‘zimizga savol beraylik, yoshlarning muammolariga yechim topish, ularning bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash kabi vazifalarni qay darajada bajara oldik? Yoshlarning orzu-istak va g‘oyalarini amalga oshirishda qanday tashabbuslar bilan chiqdik? Afsuski, ushbu savollarga umumiy ish faoliyatimizdan javob topishga qiynalamiz...

Agar yoshlarning muammolarini chuqur o‘rganib, ularning yonida yurganimizda yig‘ilishda keltirilgan raqamlar bu qadar katta va xavotirli bo‘lmasdi.

Aholi bandligini ta’minlash orqali jamiyatda sog‘lom va farovon turmush yaratiladi. Shu ma’noda, bandlik sohasidagi muammolar samarali hal qilinmas ekan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhit ta’minlanmaydi. Afsuski, haligacha mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatish hollari saqlanib qolmoqda. Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yuzaki yondashuvlar uchramoqda. Prezidentimiz yig‘ilishda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar borligini tanqid ostiga olib, o‘tgan davr mobaynida 1 ming 700 dan ziyod mehnat yarmarkasi o‘tkazilganiga qaramay, ularda ishtirok etgan yoshlarning atigi 5 foizigina ishga joylashgani, keyingi bir yilda 509 ming nafar yoshlar chet ellarga chiqib ketganini qayd etdi.

Yuqoridagi raqamlarga e’tibor beraylik, mehnat yarmarkalarida qatnashgan yoshlarning atigi besh foizi ish bilan ta’minlangan. Ushbu raqamning o‘zi ham minglab yoshlarimizning ko‘cha-ko‘yda sarson bo‘lib, ishsiz yurganini isbotlaydi. Bekor qolgan yoshlarning fikri o‘zgaradi. Jinoyat sodir etishga moyilligi kuchayadi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi qabul qilingani ta’kidlandi. Mazkur dastur yoshlarimizga amaliy yordam berishda katta hayotiy ahamiyatga ega ekanini barchamiz yaxshi his etib turibmiz.

Dasturda hokimlarga yoshlar orasidagi vaziyatni chuqur tahlil qilish, uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan har hafta uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish, tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Prezidentimiz ushbu dolzarb masalalar haqida bosh qotirish mamlakatimizda nafaqat Yoshlar ittifoqi yoki hokimlarning ishi, balki butun jamoatchiligimiz zimmasidagi vazifa ekanini, buning uchun butun jamiyat uyg‘onishi kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shunday ekan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham ushbu tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlab, yoshlarning muammolarini hal qilish, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish ishlariga barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Partiyaning yoshlarga murojaatini ishlab chiqib, «Yoshlar — kelajagimiz» dasturining faol ijrochilari qatoriga kiradi.



DB query error.
Please try later.