Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
05.07.2018

DEPUTATNING ISHIGA HAQIQIY BAHONI XALQ BERADI

Tahririyatimizda deputatlik mas’uliyati haqida davra suhbati o‘tkazilgan edi. Unda Toshkent shahar tuman Kengashlari tashkil etilganiga yarim yil bo‘layotgani, shu vaqt davomida deputatlarimiz ishni qanday yo‘lga qo‘ygani, qanday tashabbuslar bilan chiqayotgani, bugun xalq vakillari zimmasida ulkan mas’uliyat turgani xususida so‘z yuritilgandi. Gazetamizning 19 iyun sonida «Eng katta vazifa ishonchni oqlashdir» sarlavhasi ostida bir guruh deputatlarning shu masalalardagi fikr-mulohazalari berilgan edi. Ushbu mavzu yuzasidan tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Ularning orasida Toshkent shahar tuman Kengashlari deputatlari fikr-mulohazalari bitilgan elektron xatlar ham bor. Deputatlar hududlardagi muammolar va ularning yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishmoqda.

 

Feruza HAYDAROVA, xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari — bosh shifokori:

— O‘tgan yil 24 dekabr kuni Toshkent shahar tuman Kengashlariga o‘tkazilgan saylovda partiyamiz jami 50 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi. Shular qatorida men ham borligimdan faxrlanaman. Tabiiyki, mas’uliyatim ming karra oshganini ham bilaman. Deputatlik faoliyatimning ilk kunlarida ishni nimadan boshlashni bilmay yurdim. Shu vaqtda qabulimga kelgan bir bemor istiqomat qilayotgan hududidagi o‘zini o‘ylantirayotgan ijtimoiy muammo xususida gapirib qoldi. Undan hududingizdan saylangan deputatga murojaat qilmadingizmi, deb so‘radim. U esa bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganini bildirdi. Rosti, juda xafa bo‘ldim. Go‘yo saylovchim bilan suhbatlashayotgandek his etdim o‘zimni. Shu kuni 10-Alpomish okrugi tomon yo‘l oldim. Xayolimda deputat aslida kim, deb takrorlardim. Uchrashuvdan so‘ng esa deputat xalqning xizmatidagi shaxsligiga yana bir marta amin bo‘ldim. Shundan buyon har bir fuqaro bilan suhbatlashishdan erinmayman. Muammoni hal etmaguncha tinchimni topolmayman. Bu jarayonlardan huzurlanadigan bo‘ldim.

Deputat bo‘lib saylanganimda hududimiz tinch va osoyishta, aytarli muammo ham yo‘q, deb o‘ylagandim. Yanglishgan ekanman. Aholi orasida ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni o‘ylantirayotgan masalalar yetarlicha topilar ekan. Har oy deputatlik hisobotini yozarkanman, amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda kelajak uchun rejalar ham tuzib boraman. Murojaatlar bilan tanishaman. Masalan, 171-maktab o‘qituvchilari tomonidan yozma murojaat kelib tushdi. Uning mazmuni bilan tanishib, ochiq muloqot o‘tkazishga ahd qildik. Aholiga qanchalik yaqin bo‘lsak, ularning ishonchini qozonishimiz shunchalar oson bo‘lishini bildik.

Men bosh shifokor lavozimida ishlayman. Tabiiyki, har kuni ko‘pchilik bilan muloqotda bo‘laman. Bundan tashqari, shifoxonamizda ishlayotgan xodimlar hayot tarzi bilan yaqindan tanishib borishim, muammolarini o‘rganib, yechim topishda ko‘maklashishim ham lozim. Hali qiladigan ishlarimiz talaygina. Deputat sifatida faoliyatimdan to‘la qoniqqanim yo‘q.

Oilalarga kirib borganimizda ishsizlik yoki uy-joy, sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq muammolar uchraydi. Ko‘p qavatli uylarda kommunal to‘lovlarning oshib borishidan aholida norozi kayfiyat shakllanmoqda. Bularning barini birdaniga hal etib bo‘lmaydi, albatta. Shuni hisobga olib, saylovchilarga har bir vaziyat yuzasidan atroflicha huquqiy va iqtisodiy tushuncha berishga harakat qilamiz. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz. Ularga muammo birdaniga hal bo‘ladi, deb ayta olmaymiz. Ba’zi masalalarning yechim topishi mutasaddi tashkilot rahbarlariga ham bog‘liq. Ular deputat so‘roviga befarqlik qilmasa, deputatning ham saylovchilar oldida yuzi shuvut bo‘lmaydi.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasida chop etilgan Toshkent shahar tuman Kengashlari deputatlarining fikr-mulohazalari bilan tanishdim. MENDA HAM BIR TAKLIF BOR. Viloyatlarda, tuman va chekka qishloqlarda tibbiy xodimlar yetishmaydi. Shu bois tibbiyot oliygohlarida viloyatlar kesimida barcha tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha kvotalarni oshirish lozim, deb o‘ylayman. Kvota asosida o‘qishga kirgan talabalarning o‘z hududlarida faoliyat olib borishini ta’minlash zarur. Chekka qishloq va xududlarda kichik poliklinikalar joriy etish kerak. Albatta, bu masalalarda respublikamizda muayyan ishlar amalga oshirilyapti, lekin bu jarayonni yanada jadallashtirish kerak.

 

Akmal YO‘LDOSHEV, xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, Qibray tumanidagi «Gulshan» sanatoriysi direktori:

— 2-Islomobod saylov okrugidan deputatlikka saylanganman. «Tiklanish» mahallasi ham bizning saylov okrugimiz hududida joylashgan. Hududimizda ko‘p qavatli uylar yo‘q. Shu boisdanmi, shirkatlar faoliyati borasida hech kim shikoyat qilmaydi. Bizda ishsiz odam deyarli topilmaydi. Biror fuqaro ishsizligini bilganimiz zahoti mahalladoshlar ko‘magida uning bandligi ta’minlanadi. Bularning barchasi mahalla ahlining ahilligidan, deb bilaman.

Oyda ikki-uch marta saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazamiz. Ularni o‘ylantirayotgan masalalarni aniqlab, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuboramiz. Bunday vaziyatlarda mutasaddi tashkilot va mas’ullar yordamiga muhtoj bo‘lamiz. Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchiman, har qanday masalaning hal bo‘lishi deputat shaxsiyatiga, qat’iyatiga bog‘liq. Ya’ni, deputat ruhan kuchli inson bo‘lsa, muammoni hal etmaguncha tinchimaydi. Boshqalarga ham tinchlik bermaydi. Boshida qiynalishi, yugur-yugurlardan toliqishi mumkin. Ammo uning amaliy ishlari aholi orasida e’tirof etila boshlagach, har qanday tashkilot, har qanday mutasaddi rahbar deputat bilan hisoblashadi. Bunga o‘z faoliyatim misolida amin bo‘lganman.

Rosti, Toshkent shahar tuman Kengashlariga saylov bo‘lishini eshitganimda, deputat sifatida nomzodimni qo‘yish xayolimga ham kelmagan edi. Yunusobod tuman partiya kengashi raisi Nigora Eshmatova bu haqda aytganida, mas’uliyatdan biroz cho‘chidim ham. Ammo uning aholiga foydangiz tegsin, deyman-da, degan gaplaridan so‘ng ishtiyoq paydo bo‘ldi. Mana, saylovdan keyin olti oy o‘tdi. Shukrki, deputat sifatida muayyan ishlarni amalga oshirishga ulgurdim. Bir nechta nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand oila vakillariga bepul davolanish uchun order olishida ko‘maklashdim. O‘zim faoliyat olib borayotgan sanatoriyda ham ehtiyojmand kishilar uchun imtiyozli tarzda dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratdik. Hududdagi muammolar yuzasidan sessiyaga masala olib chiqdik. Bu bo‘yicha sessiya qarori qabul qilingan bo‘lib, ayni vaqtda uning ijrosini nazorat qilyapmiz.

«Tinchlik» mahallasi hududidagi «Gulyor» 6-tor ko‘chasi Toshkent shahri hududiga qo‘shilgandan buyon asfalt qilinmagan. Ko‘chaning 40 foizi kanalizatsiya tizimiga ulangan, xolos. Elektr sim yog‘ochlarini almashtirish, tungi yoritkichlar o‘rnatish lozim. Bu masalalarni chuqur o‘rganib, keyingi yil Davlat dasturiga kiritish bo‘yicha tuman hokimiga deputatlik so‘rovi yubordik. So‘rovga o‘z vaqtida ijobiy javob ham oldik. Amalga oshirgan sa’y-harakatlarimizdan aholi mamnun. Harakatni susaytirmaslik kerakligini biz, deputatlar yaxshi anglab yetyapmiz. Zero, Toshkent shahar tuman Kengashlariga saylov bejizga o‘tkazilmadi. Joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish, ijro hokimiyatiga aniqlangan muammolar yuzasidan takliflar berish maqsad qilingandi. Bir so‘z bilan aytganda, katta yukni zimmamizga olganmiz. Vaqti kelib, saylovchilar bizdan hisob so‘raydi, ishimizga haqiqiy bahoni jamoatchilik beradi. Biz bunga tayyor turishimiz lozim, deb o‘ylayman.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Mahliyo ALIQULOVA yozib oldi.



DB query error.
Please try later.