Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
26.06.2018

ILM MO‘JIZASI XALQNI BUYUK MAQSADLAR SARI BOSHLAYDI

Ibrohim YO‘LDOSHEV, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat  instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor:

— Ilm yuksalgan yurtda fan yutuqlari barcha sohalarga kirib boradi. Ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar, kashfiyotlar mamlakatni, millatni dunyoga tanitadi. Islohotlar jadallashadi. Bu tamoyillarga tayangan millat jahon sahnasida o‘zining mustahkam o‘rniga, so‘ziga ega bo‘ladi. Ilmning oshishi, ilmning kirib borishi, ilm mo‘jizasi xalqni buyuk maqsadlar sari boshlaydi.

Hech mubolag‘asiz aytish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash to‘g‘risidagi qarori oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlar, keng jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Qaror matbuotda e’lon qilinganidan so‘ng o‘tgan qisqa vaqt ichida oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, akademiklar tomonidan ko‘plab munosabatlar bildirilmoqda.

Prezidentimizning ushbu qarori haqida «O‘zbekiston ovozi» gazetasida Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov, akademik Qalandar Abdurahmonov, professor Damin To‘rayevlarning mulohazalarini o‘qib, oliy ta’lim sohasining taniqli mutaxassislari fikrlaridan ta’sirlanib qo‘limga qalam oldim.

Hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Bugun sodir bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarishlar, islohotlar insoniyat oldiga bir qator dolzarb vazifalar qo‘ymoqda. Muammolarni bartaraf etish, davr bilan birga qadam tashlash uchun avvalo, jamiyatda fikrlar xilma-xilligiga erishish zarur. Dunyoga tiyran nigoh tashlash, fan va texnologiyalar sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlardan doimiy xabardor bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, jahon fani erishayotgan yutuqlardan orqada qolmasdan, aksincha, ularga integratsiyalashish kerak, deb o‘ylayman.

Bilim qudrati bugun butun dunyoni boshqarmoqda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ma’lumki, qayerda ilm-fan rivojlansa, o‘sha davlat taraqqiy etadi. Xalq farovon yashaydi. Shaharu qishloqlar obod bo‘ladi. Bilim kuchi cheksizdir.

Mamlakatimizdagi islohotlar taqdiri kimga bog‘liq? Savodli, saviyali kadrlarga bog‘liq. Bunday mutaxassislar qayerda tayyorlanadi? Oliy o‘quv yurtlarida. Bugun oliy o‘quv yurtlarimiz ushbu talablarga javob beradigan kadrlar yetishtirishga qodirmi? Bu yo‘lda qanday muammolar bor? Ming afsuski, bu borada hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini Prezidentimiz qarori bizga yana bir bor anglatdi. Qarorda muammolar ro‘y-rost aytilgan, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilangan. Oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar mas’uliyatini yanada oshirish, befarqlik, ko‘nikish illatlaridan qutulish kerakligi uqtirilgan.

Qarorda professor-o‘qituvchilar faoliyatini, bilimi va pedagogik ko‘nikmasini baholash tizimining mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlangan. Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli bugun oliy ta’limda faoliyat yuritayotgan pedagoglar ish natijasini tahlil qilish imkoniyati yo‘q. Mazkur holat birinchi navbatda kadrlar tayyorlash sifatiga putur yetkazadi. Buning oqibatida yillar davomida yaxshi ishlagan, ko‘rsatkichi yuqori yoki aksincha nomiga ishlayotgan, biron yutuqqa erishmagan professor-o‘qituvchilarga bir xil qarab kelingan. Rag‘bat va jazo choralarining yetarli darajada qo‘llanmasligi tufayli yaxshi ishlayotganlarning ishga bo‘lgan munosabati salbiy tomonga o‘zgaradi.

Qarorda aytilganidek, o‘qitishni tashkil qilish, talabalar bilimini baholash borasida ham bugungi mavjud holat mutlaqo talabga javob bermaydi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi test savollari abituriyentning fikrlash qobiliyatini aniqlash imkoniyatini bermasligi, iqtidorli yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda bir qator muammolarni keltirib chiqarayotgani ayni haqiqat. Mazkur holat yillar davomida ota-onalar va jamoatchilikda haqli e’tiroz uyg‘otib kelayotgan edi.

Dunyoda qotib qolgan, isloh etilmaydigan jarayonning o‘zi yo‘q. Barchasini tuzatish, to‘g‘rilash mumkin, albatta. Test savollari na ota-onada, na abituriyentda, na unga maktabda dars bergan o‘qituvchida norozilik tug‘dirmasligi kerak.

Qarorda o‘quv jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratining yo‘qligi ham keskin tanqid qilingan. Buning natijasida muammolar paydo bo‘lmoqda. Tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Bu oliy o‘quv yurtlari nufuzi tushishiga olib keladi.

Prezidentimiz qarorida oliy ta’lim muassasalarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki, tashabbuskorligi sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Bu achchiq haqiqatni tan olishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Chunki biz olimlar barcha sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlarga o‘z vaqtida munosabat bildirishimiz, ilmimiz bilan yordam berishimiz, turli loyiha va takliflarni o‘rtaga tashlashimiz kerak. Chunki biror-bir soha ilm-fansiz taraqqiy etmaydi, rivojlanmaydi.

Bugun biz XXI asrda yashayapmiz. Asrimiz axborot asri, texnologiyalar asri, deb nomlangan. Dunyoning rivojlangan davlatlari universitetlarining rasmiy veb-saytlari talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik bilan tom ma’noda fikr almashish va o‘zaro muloqot maydoniga aylangan. Afsuski, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining bu boradagi intilishlarini yetarli, deb bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda olimlarimiz OAV, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa turli axborot tarqatuvchi manbalarda faol bo‘lishlari, fan-texnika yutuqlarini muntazam targ‘ib etib borishlari lozim. Mazkur muammo ham Prezident qarorida keltirilgan. Uni bartaraf etish barchamizning vazifamizdir.

Oliy ta’lim muassasalari innovatsiya va texnologik g‘oyalar, fikr va muloqotlar markaziga aylanmagani, xalq xo‘jaligining turli sohalarida mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tahlil va taklifning yo‘qligi, yosh olim va talabalarda tashabbus yetishmasligi ham qarorda ko‘rsatib o‘tilgan.

Qadim-qadimdan sharqda ilmiy muloqotlar, bahslar, uchrashuvlar, suhbatlar madrasalarda bo‘lib o‘tgan. Bu borada o‘sha zamonning zabardast olimlari barchaga o‘rnak bo‘lgan, yo‘l ko‘rsatgan. Muammolar yechimini topgan. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz ilm ahlini qadrlashgan, e’zozlashgan, davralarning to‘riga o‘tqazishgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, fan ishlab chiqarishsiz, ishlab chiqarish fansiz taraqqiy etmaydi. Bu ikki muhim masala birlashgandagina yuksaladi. Insoniyatga foyda keltiradi.

Bir donishmand aytgan ekan: «Yoshlarga bilim bering, Vatanni sevishni o‘rgating». Bugungi kunda olimlarimiz ushbu muhim haqiqatni anglab yetsa, yoshlarimizni ushbu g‘oya atrofida birlashtira olsak, qudratimiz oshadi, mamlakatimiz yuksaladi.



DB query error.
Please try later.