Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
22.02.2018

PARTIYA TASHKILOTLARI VA DEPUTATLAR

yaxlit tizim sifatida ishlashi talab etiladi

Boymurod YuSUPOV, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

— Siyosiy partiyalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tashabbuskor bo‘lishi zarur. Bugungi zamon shiddati bizdan shuni qat’iy talab etmoqda.

Buning uchun nima qilish kerak? Avvalo, partiyaning markaziy organi ishini tizimlilik asosida qayta ko‘rib chiqish, quyi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish kerak bo‘ladi.

O‘tgan yili O‘zbekiston XDP kengashlari qoshidagi 206 ta Jamoatchilik qabulxonasiga 10244 murojaat tushgan bo‘lib, ularning 7490 tasi, ya’ni 73 foiziga yechim topilgan, qolganlari esa nazoratga olingan. Murojaatlar soha va yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganida, ularning asosiy qismi ish bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy masalalarga doir ekani ma’lum bo‘ldi. Bu hududiy partiya tashkilotlarimiz, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi guruhlarimiz ishini tubdan kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Nimaga desangiz, joylardagi ijtimoiy masalalarni hal qilish bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatiga qachon va nimaga asosan baho berish mumkin?.. Hududdagi umumiy vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarsa, byudjet ijrosi to‘liq ta’minlansa, jinoyatchilik kamaysa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, aholining turmush darajasi yaxshilansa, shunda mahalliy Kengashlar faoliyatiga ijobiy baho bersa bo‘ladi. Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi chog‘ida, faollar bilan yig‘ilishlarda bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. Demak, hali kamchiliklar oz emas.

Misol uchun, ko‘plab mahalliy partiya kengashlari qoshidagi Jamoatchilik qabulxonalari faoliyati tegishli nizom talablari asosida olib borilmayapti. Sayyor qabullar kutilganidek tashkil etilmayotir. Aholi tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalar yechimini topish deganda, ko‘pchilik tashkilotlarga xat orqali murojaat etishni yoki mahalliy Kengashlar sessiyasiga nomiga masala kiritishni tushunmoqda.

Achchiq bo‘lsa-da, tan olishimiz kerak, partiya Markaziy Kengashi faoliyati hududiy kengashlarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar tuman, shahar kengashlariga yetib bormayapti.

O‘z navbatida, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining ta’siri sezilmayapti, ular tomonidan qilinayotgan ishlar, tashabbuslar juda kam. Joylardagi muammolarni hal etishda partiya guruhlari tomonidan sessiyalar kun tartibiga imkoniyat darajasidan kam miqdorda masala kiritilmokda. Bir so‘z bilan aytganda, markaz va quyi tizim bir-birini yetarlicha tushunmayotganligi natijasida qator kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Masalan, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlarining tashabbusi dasturiy maqsadlarni amalga oshirishga emas, ko‘proq deputatlarning o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari davomida ko‘tariladigan alohida masalalarni hal etishga qaratilmoqda. Bu esa deputatlik nazorati vositalari, jumladan, deputat so‘rovidan yetarlicha foydalanilmasligiga olib kelyapti. Aksariyat hollarda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari – deputatlar mazkur huquqdan qonunlar va muhim qarorlarning ijro etilishini nazorat qilish emas, balki shaxsiy masalalar yuzasidan yo‘llangan murojaatlarni hal qilishga ko‘maklashish ilinjida foydalanmoqda.

Siyosiy partiyalar tashkilotlari va deputatlarning ish uslubini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida joylarda «markaz-viloyat-tuman» tartibida ishlaydigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Yuqoridan pastga tushib, ham deputatlarni, ham turli aholi qatlamlarini Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar faoliyati, qonun ijodkorligi, qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari haqida xabardor qilib borishni yo‘lga qo‘yish muhim vazifa.

Yana bir ahamiyatli tomoni, shu orqali Oliy Majlis ish uslubini viloyat kengashlariga, viloyat kengashlari ish uslubini esa tuman va shahar kengashlariga o‘rgatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hayotga, odamlar ichiga kirmasdan, ular bilan muloqot qilmasdan, faqat yuqoridan turib topshiriq berishdek nomaqbul amaliyot endi ish bermasligini, undan butunlay voz kechish vaqti kelganini hammamiz tushunishimiz kerak.

Buning uchun, birinchi navbatda, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida elektorat manfaatlari amalda himoya qilinishiga erishish zarur. Jumladan, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda partiya elektoratini o‘ylantirayotgan muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda umumiy yechim yo‘llarini topishga e’tibor qaratish talab etiladi. 2017 yilning dekabr oyida «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bunga imkon beradi.

Ma’lumki, mazkur qonun bilan belgilangan yangi me’yorlar siyosiy partiyalar deputatlik birlashmalarining sessiyalarda davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari mutasaddi shaxslari hisobotlarini eshitish tashabbusini ilgari surish bilan bog‘liq masalalardagi huquq va vakolatlarini kengaytirdi. Shuningdek, partiya guruhlarining Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladigan masalalarga doir takliflari ko‘rib chiqilishi shartligi belgilandi.

Lekin bitta savol ochiq qolmasligi kerak. Ya’ni, mahalliy Kengashlar deputatlari kimdan va qayerdan tajriba o‘rganadi? Yangicha huquqiy sharoitda ishlash uchun ularga yaqindan ko‘maklashish lozim bo‘ladi. O‘ylashimizcha, bu o‘rinda ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.

Birinchidan, qonun loyihalari ustida ishlash bo‘yicha Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolarining 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan ish rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash kerak.

Ya’ni, O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturi asosida qonun loyihalarini tayyorlash maqsadida O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruhlarini shakllantirish hamda belgilangan muddatlarda qonun loyihalarini ishlab chiqish va muhokamaga kiritish amaliyotini joriy etish.

Ikkinchidan, ijtimoiy yo‘nalishda qabul qilingan qonunlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, bir-birini takrorlovchi, bir-biriga zid me’yorlarni aniqlash, qonunosti hujjatlarini ajratish va yaxlit tizimga keltirish, qonun va qonunosti hujjatlarining bir-biriga mos kelishini tahlil qilish, shularning natijalaridan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqish lozim.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilgan qonun hujjatlari bo‘yicha O‘zbekiston XDP pozitsiyasining boshqa siyosiy partiyalar pozitsiyasidan farq qilishini ta’minlash. Partiyalararo bahslarni olib borish uchun tegishli va aniq takliflarni ishlab chiqish.

To‘rtinchidan, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilgan qonun loyihalari yuzasidan tayyorlangan fraksiya takliflarini keng jamoatchilik bilan muhokama qilish.

Beshinchidan, har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan, ya’ni fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar tashkil qilish. Shu maqsadda qonun loyihalari bo‘yicha davra suhbatlari, jamoatchilik bahslari, jumladan, partiyalararo bahslarni tashkil etish.

Oltinchidan, fraksiya majlislarida partiya faollari va mahalliy Kengashlar deputatlarining ishtirokini ta’minlash, muhokama etilayotgan qonun loyihasi yuzasidan ularning ham fikrlarini inobatga olishni amaliyotga joriy qilish.

Yettinchidan, Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi qaroriga mazkur loyihani jamoatchilik muhokamasiga chiqarish haqidagi me’yor kiritilishini ko‘zda tutish muhim, deb o‘ylayman.

Shular orqali qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, bu jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalarini bosqichma-bosqich hal etib borish mumkin bo‘ladi.



DB query error.
Please try later.