Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
20.02.2018

O‘Z UYIDAN HAYDALGAN OILA

uch yildan ko‘proq vaqt mobaynida uyga egalik huquqini tiklash uchun kurashib kelmoqda

U olti oy davomida to‘rtinchi marta tahririyatimizga keldi. «Yana yordam so‘rab keldim», dedi horg‘in kayfiyatda. Keyin 200 varaqcha keladigan qog‘ozlarni stolga qo‘ydi. Bu gal suhbatimiz ikki soatcha davom etdi...

Xoh ishoning, xoh ishonmang, bu bo‘lgan voqea. Uzoq o‘tmishda emas, bundan uch yilcha ilgari Andijon tumanida ro‘y bergan voqea.

Odiljon Ahmedov Andijon tumani «Oq yor» QFY Qo‘shariq mahallasida yashaydi. 2012 yilda uning hovlisi yonidan o‘tgan katta yo‘l chetida namunaviy loyihalar asosida uylar quriladigan bo‘ladi. U ukasi va onasi bilan birga yashab kelgan 51-uy(hovli joy)ning yo‘l tomondagi katta qismini buzishga to‘g‘ri keladi. Andijon viloyat hokimligi bilan kelishuvga ko‘ra, hovli joyning buzilgan qismi o‘rnida quriladigan yangi uy O.Ahmedovga berilishi aytiladi. O‘zaro kelishuvning asosiy shartlaridan biri shu edi.

Xullas, otameros uy ikki qismga bo‘linadi, yo‘l yuzida namunali loyiha asosida yangi uy quriladi. 2012 yil 20 iyul kuni «Qishloq qurilish bank» Andijon hududiy filiali bilan O.Ahmedov o‘rtasida 62 million 920 ming so‘m (15 yil muddatga) ipoteka krediti berish to‘g‘risida 1/273-sonli shartnoma tuziladi. O.Ahmedovlar oilasi yangi uy (11-uy)ga ko‘chib o‘tib, yashay boshlaydi.

2013 yilning ikkinchi yarmi va 2014 yilda uning oilasida ro‘y bergan vaqtinchalik muammolar sababli kredit bo‘yicha belgilangan to‘lovlarni jami olti oycha amalga oshirolmay qoladi. U keyingi oylarda qarzdorlikni ham qoplab, to‘lovni davom ettirishni o‘ylagandi. Biroq bu qarzdorlik uchun yashab kelgan uyidan ajralib qolishi xayoliga ham kelmagandi.

«Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filiali bilan ipoteka krediti bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra, qarz oluvchi (O.Ahmedov) to‘lov majburiyatlarini bajarmagan holda, ya’ni to‘lov muddatlari o‘n ikki oy mobaynida 3 martadan ko‘p buzilganda, qarzni undirishni ipoteka predmeti hisoblanadigan mol-mulkka qaratish nazarda tutilgan. Shunga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga «kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, undiruvni javobgarning ipoteka krediti evaziga qurilgan uy-joyga va boshqa mol-mulklariga qaratish haqida»gi da’vo arizasi kiritiladi.

Sud ushbu da’voni 2014 yil 6 iyun kuni ko‘rib chiqadi. Unda O.Ahmedov shartnoma talablarini bajarmagani, 2014 yil 1 mart holatiga ko‘ra, asosiy kredit qarzi va kreditga hisoblangan foizdan, e’tibor bering, jami 6 million 708 ming 316 so‘m muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelgani qayd etiladi. Sud ishni muhokama qilib, «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filiali va O.Ahmedov o‘rtasida 15 yil muddatga tuzilgan shartnomani muddatidan oldin bekor qilish, O.Ahmedovdan jami 66 million 632 ming 648 so‘m qarzni undirish, undiruvni esa javobgarning mol-mulkiga qaratish haqida qaror qabul qiladi.

Sudning bu qarori sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limi tomonidan ijro etilishi kerak edi. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi tegishli farmoni bilan Sud departamentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan).

Qonunga muvofiq, qarzdorlikni undirish mol-mulkka qaratilganda, mol-mulk xatlanadi, qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilish (sotish) esa shartnoma-vositachilik asoslarida yoxud elektron onlayn-auksionlarda amalga oshiriladi. Qarzdorning xatlangan mol-mulkini realizatsiya qilish xatlangan kundan boshlab ikki oy ichida uni sotish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Agar mulk kim oshdi savdosida sotilmasa, arzonlashtirilgan holda qayta savdoga qo‘yilishi, shunda ham sotilmagan taqdirda mulk qarzni undiruvchiga qaytarilishi lozim.

Ya’ni, qonun talablariga asosan O.Ahmedovning uyi sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limi tomonidan kim oshdi savdosiga qo‘yilishi zarur edi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 2014 yil 6 iyundagi qarorini ijro etish bo‘yicha sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limi 2016 yil 15 sentabrda (ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgandan keyin) qaror chiqaradi. Ushbu qarorda uy kim oshdi savdosiga qo‘yilgani, lekin sotilmagani, shuning uchun «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filialiga topshirilishi qayd etiladi.

 Masalaning hayratlanadigan tomoni shundaki, bu voqealardan O.Ahmedov bexabar bo‘lgan. U uyidan ayrilgani, uy bank tomonidan boshqa shaxs — Andijon yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Ergashev Ozodbekka sotib yuborilgani, shuning uchun uyni bo‘shatib qo‘yishi kerakligi, bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi qaror chiqargani to‘g‘risida 2017 yil iyul oyida xabar topadi. Bu haqda unga sud ijrochilari chaqirib ma’lum qiladi.

O.Ahmedov sudning uydan ko‘chirish haqidagi qaroridan norozi bo‘lib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati beradi. Mazkur sudning 2017 yil 11 iyuldagi ajrimi bilan bu shikoyat qanoatlantirilmaydi. O.Ahmedov o‘z advokati orqali 2017 yil 27 iyul kuni bankdan 11-uyga oid ma’lumotlarni olganida, otameros hovli-joy o‘rnida qurilgan yangi uydan, uy uchun to‘langan 68 million so‘m puldan mahrum bo‘lganini biladi.

Shundan keyin O.Ahmedov uy qachon kim oshdi savdosiga qo‘yilganini bilishga urinadi. Sud ijrochilari bu haqdagi ma’lumotlarni taqdim etmagandan so‘ng, advokat orqali «Ko‘chmas mulk savdo» MChJ hududiy filialiga so‘rov xati yuboriladi. Ushbu tashkilotdan 2017 yil 8 avgust kuni olingan javob xatida Ahmedov Odiljon Saidali o‘g‘liga tegishli bo‘lgan uy-joyni kim oshdi savdosida sotish bo‘yicha sud ijrochilari tomonidan buyurtma tushmagani, bu uy savdoga qo‘yilmagani ma’lum qilinadi. Demak, sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limining uy kim oshdi savdosida sotilmagani uchun «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filialiga topshirilsin, degan qarori shubhali bo‘lib chiqadi.

Shunga asosan O.Ahmedov turmush o‘rtog‘i Z.Saidova bilan birga sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limining sotilmagan ko‘chmas mulkni undiruvchiga topshirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi (2016 yil 15 sentabr) qarorini g‘ayriqonuniy deb topish to‘g‘risida Izboskan tuman ma’muriy sudiga shikoyat qiladi. Mazkur sud ishni 2017 yil 7 sentabr kuni ko‘rib chiqib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etadi.

Nachora, endi Farg‘ona viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilinadi. 2017 yil 15 noyabr kuni apellyatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida bu ish Farg‘ona viloyat sudining sudyasi O‘.Po‘latov raisligida atroflicha ko‘rib chiqiladi. Ushbu sudda sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limi O.Ahmedovga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkni undiruvchi, ya’ni «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filialiga topshirish haqida g‘ayriqonuniy qaror qabul qilgani, bu jarayonda qonun talablariga rioya etilmagani qayd qilinadi. Xususan, uy-joyning auksion savdolariga qo‘yilgan yoki qo‘yilmagani, ko‘chmas mulkni sotish bo‘yicha kim oshdi savdo tashkilotiga buyurtma berilgan-berilmagani bilan bog‘liq holatlar aniqlanmagani, ijro ishiga oid ma’lumotlar ish hujjatlariga qo‘shilmaganiga e’tibor qaratiladi.

«Ko‘chmas mulk savdo xizmati» MChJ Andijon viloyat filiali tomonidan 11-uy bo‘yicha buyurtma berilmagani va u auksion savdosiga qo‘yilmagani haqida ma’lum qilingani, shuningdek, «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filiali hisobotida o‘sha ipoteka krediti bo‘yicha to‘lovlar O.Ahmedovdan 2015 yilda ham qabul qilingani ma’lum bo‘ladi. Qiziq, sud qarorida bank bilan O.Ahmedov o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinadi-yu, lekin uy uchun to‘lovlarni bank qabul qilib keladi.

Shularga asosan Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi Izboskan tuman sudining (2017 yil 7 sentabrdagi) hal qiluv qarorini bekor qilish, sud ijrochilari Andijon tuman bo‘limining (2016 yil 15 sentabrdagi) sotilmagan ko‘chmas mulkni undiruvchiga topshirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini g‘ayriqonuniy deb topish haqidagi apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish bo‘yicha ajrim chiqaradi...

Bu ajrim 2017 yil 15 noyabr kuni chiqarilgan.

Ushbu ajrimga asosan O.Ahmedov fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga O.Ergashev bilan «Qishloq qurilish bank» Andijon mintaqaviy filiali o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha da’vo arizasi kiritgan. Lekin mazkur da’voni ko‘rib chiqish sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan...

Xullas, bo‘lib o‘tgan voqea shundan iborat. O.Ahmedov da’vosi qachon ko‘rib chiqilishini kutib, hozirgacha yugurib yuribdi. Bizga ham shu masalada yordam so‘rab kelgan ekan...

Yana bir g‘alati holat kishini o‘ylantiradi. O.Ahmedovning oilasi 2017 yilning oktabr oyida uyidan chiqarib yuborilgan. Ular qayerga ketdi, deb o‘ylaysiz?.. Ular haliyam shu uyning hovli darvozasidan kirib chiqyapti. Chunki, 11-uy katta yo‘l bo‘yida joylashgan. Eski hovli joyning buzilmay qolgan qismidagi uyga faqat yangi uy darvozasi orqali kirib chiqiladi. Boshqa chorasi yo‘q: eski hovli(cha)ning har ikki yoni va orqa tomonida qo‘shnilarning imoratlari joylashgan.

O.Ahmedovning 4 nafar farzandi bor. U bilan birga yashab kelgan ukasi Yuldashev Rustambekning turmush o‘rtog‘i, 3 nafar farzandi bor, lekin kelin joy yo‘qligi uchun bolalari bilan hozir ota-onasinikida yashayapti. Bir yoqda opa 3 farzandi bilan sarson. Bitta uy mojarosini deb uch oilaning tinchi buzilgan, halovati yo‘qolgan. Endi o‘zimizni ular o‘rnida bir tasavvur qilib ko‘raylik... Uysiz yil, oylar u yoqda tursin, bir kun, bir soatni o‘tkazish amri mahol emasmi?.. Uch oilaning boshida duogo‘y bo‘lib turgan 75 yashar onaxon tortgan ruhiy azobga izoh shart bo‘lmasa kerak.

Uy bilan bog‘liq mojarolar kuchayishidan oldin O.Ahmedov qurilish materiallari sotish bilan shug‘ullangan, yaxshimi-yomonmi 10 nafardan ortiq mahalla yoshlarini ish bilan band qilgan ekan. Lekin idorama-idora, sudma-sud yugurishlar asablarini tamom qilgan, natijada ish to‘xtab qolgan. Buning uvol-savobi, savol-javobi kimning gardaniga tushishi kerak?..

O.Ahmedov tahririyatimizga kelgan (2018 yil 9 fevral) kuni Oliy sud qabulida ham bo‘lgan. Shundan keyin, 12 fevral kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi O.Ahmedovning da’vo arizasi bo‘yicha ish yuritishni tiklagan. Voqeaning oxiri nima bo‘ladi?.. Oila uch yildan ko‘proq vaqt kurashib, uyga egalik huquqini tiklay oladimi yoki...

 

To‘lqin TO‘RAXONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.