Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
13.02.2018

ERKIN INSON MO‘JIZA YARATADI

«Agar odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qo‘ymasak, biz xato qilaveramiz...»

Keyingi bir-ikki yil ichida O‘zbekistonda, qishlog‘u mahallalarimizda ro‘y bergan eng katta o‘zgarish nima deb so‘rasangiz, «odamlar boshini ko‘tarib yashashni o‘rgana boshladi» mazmunidagi javoblarni ham eshitasiz.

Ulkan-ulkan konlaru korxonalarimiz, bir cho‘p suqsak, gul unadigan tuprog‘imiz, bepoyon dalalarimiz borligi haq gap. Lekin eng katta boyligimiz shu yurtda yashayotgan odamlar, ularning ishtiyoqi, yaratuvchanlik salohiyati bilan bog‘liq. Bu cheksiz xazina xuddi mo‘jizaga o‘xshaydi, hech qachon tugamaydi. Uni uvol qilishga esa hech kimning haqqi yo‘q.

Hozirgi dunyoda muvaffaqiyat kim tomonda?.. Inson salohiyatiga, erkinligiga, taklif-tashabbuslariga, innovatsiyaga yo‘l ochilgan mamlakatlar tomonda. Zamonning oltin qoidasi shunday: inson omilini eng balandga olib chiqmagan davlat faqat yutqazadi.

Davlat organlari rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari aholi bilan yuzma-yuz muloqot qila boshlagandan beri nafaqat murojaatlar, balki takliflar, erkin fikrlar ham ko‘paya boshladi. Ko‘cha-ko‘ydagi gurunglarga e’tibor bergan kishi ham buni darrov sezadi.

2018 yil uchun mo‘ljallab qabul qilingan Davlat dasturida belgilangan vazifalar haqida bildirilayotgan fikr-mulohazalar mahalla-ko‘yda, to‘y-tomoshalarda, oila davrasidagi suhbatlarda qizigandan qiziyapti.

Munosabat turlicha, fikrlar xilma-xil, ularning orasida asoslilari ham bor, asossizlar ham... gap bu haqda emas. Asosiy gap odamlar fikrini erkin bildira boshlaganida, ro‘zg‘orining, bola-chaqasining tashvishidan ortib, qonun haqida, huquq haqida, davlat miqyosidagi ishlar va dasturlar haqida o‘ylayotganida, shunchaki o‘ylayotgani emas, qiziqib munosabat bildirayotganida.

Yolg‘ondan toliqqan odamni bir narsaga ishontirish, ayniqsa, «nohaq qamalishlar, tergovda urib, mayib qilishlar, aldab yoki bo‘lmasa majburlab aybni bo‘yniga qo‘yishlarga qarshi kurashiladi», «sudda advokatning gapi, to‘plagan dalillari ham hisobga olinadi», «xullas... endi qonun ustuvor bo‘ladi», degan gaplarni tushuntirish juda og‘ir ish. Erkin yashashga, faol bo‘lishga undash yana o‘n marta, yuz marta og‘irroq masala.

Bu yilgi Davlat dasturining muhim jihatlaridan biri jamoatchilik fikri, mulohazalari, takliflari hisobga olinganida bo‘ldi, deb aytishga asoslar yetarli. Islohotlar shu tarzda qat’iyat bilan davom ettirilsa, yaqin yillarda odamlar butunlay o‘zgaradi. Befarqlik, beparvolik degan dardlarga davo topishning hayotda sinalgan eng maqbul usuli erkin fikr bildirishga sharoit yaratilishidir.

«Qachon xato kamroq bo‘ladi?.. Shu jarayonda xalqning o‘zi bevosita, salgina bo‘lsa ham, munosabatini bildirsa, takliflarini bersa, xato kamroq bo‘ladi. Shunga biz harakat qilayapmiz».

 «Odamlarni gapirtirishga o‘rgatishimiz kerak, odamlarni sal erkin yashashga o‘rgatishimiz kerak, odamlar bilan hisoblashishga majbur qilishimiz kerak».

«Agar odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qo‘ymasak, biz xato qilaveramiz...»

Shu tomondan qaraganda, Davlat dasturida odamlarni erkin yashashga undaydigan yangiliklar talaygina ekani yaqqol ko‘rinadi. Bular birinchi navbatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash masalalari bilan chambarchas bog‘langan.

Sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlamasdan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga demokratiya nuqtai nazaridan nima mumkinligiyu nima mumkin emasligini aniq va qat’iy belgilab qo‘ymasdan, fuqarolar ustuvor huquqlarini amalga oshirishi uchun real sharoit yaratmasdan, odamlarni erkin yashashga o‘rgatish, ulardan faollikni kutish mumkin emas. Insonning huquqi hamma narsadan aziz va mukarram ekanini aytish boshqayu buni amalda ro‘yobga chiqarish, shunga yo‘l ochib berish butunlay boshqa masala ekan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini yaxshilashga qayta-qayta murojaat qilinayotgani bejiz emas. Tizimdagi islohotlar balanddan pastga tushishi uchun hali ko‘p kurashish kerak bo‘ladi. Chunki demokratik o‘zgarishlarga xushlamayroq qarab turganlar, eski egardan tushishni istamay yurganlar, ko‘chaga chiqqanida odamlar yelka qisib, iymanibroq qarashini xohlovchilar, shu haqda o‘ylab, kechalari uxlolmay chiqayotganlar ham yo‘q emas. Ular «ortga endi yo‘l yo‘qligini, u ko‘priklar allaqachon yonib, kul bo‘lgani»ni tushunishi, tushunishku mayli, tan olishi juda mushkul. Lekin Davlat dasturi bilan yaqindan tanishgan kishi odamlarni erkin yashashga o‘rgatish yo‘lida qat’iyat bilan ish boshlanganini, bu vaqtinchalik kampaniya emasligini anglashi aniq.

Dasturda surishtiruv va dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Shu munosabat bilan ishlab chiqiladigan qonun loyihasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya (ruxsat) berish vakolatini prokurordan sudga o‘tkazish nazarda tutiladi.

Boshqa bir qonun loyihasida protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanadi.

Shularga muvofiq ravishda fuqarolarni tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov, sud hamda jazoni o‘tash jarayonida qiynoqqa solganlik yoki boshqacha tarzdagi insonning qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashgan boshqa shaxslarni ham jinoyat sub’ektlari qatoriga kiritish ko‘zda tutildi.

Insonning shaxsiy hayoti hech kim daxl qilishga haqli bo‘lmagan o‘ziga xos olam, muqaddas hududdir. Uning chegarasini kesib o‘tish uchun jiddiy sabablar kerak. E’tiborsizlik bilan qo‘yilgan birgina qaltis qadam bu olamda hamma narsani barbod qilishi mumkin. Bu nozik masalaning bitta shaxs izmida qoldirilishi to‘g‘ri emasligini hammamiz yaxshi anglab turibmiz.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga, tergovga qatnab yurgan odamlarning, qandaydir qo‘rquv og‘usini ichib qo‘yganday, ko‘ngli cho‘kib yurganini ko‘rganlarimiz bor. Bu shunday qo‘rquvki, aybdorlik, pushaymonlik hissiga o‘xshamaydi. Ayrim tergov qiluvchi xodimlar huquqni, qonunni unchalik tushunmaydigan soddaroq kishilarni «aylanma» savollar, ming bir xil nag‘malar bilan ne ko‘ylarga solmagan, deysiz. Tergov payti eshikni mahkam yopib, o‘zini bir insonning taqdiri, hayotini changalida ushlab turgan devday his qiladigan, so‘roq muvaffaqiyatli o‘tishi uchun har qanday o‘yinlardan tap tortmaydiganlar, keyinchalik buni «professionalizm» deb keriladiganlar yo‘q, deb o‘ylaysizmi?.. Bunday tergovdan chiqqan odamning ishonchi chilparchin bo‘ladi, ruhi sinadi.

Shuning uchun bugun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyati qonun qachon va qayerda, kim tomonidan buzilishini kutib o‘tirish emas, profilaktika qilish, tushuntirish nuqtai nazaridan tubdan isloh etilyapti. Fuqarolar qonun avvalo, jazolash vositasi emas, huquq va manfaatlar kafolati ekaniga amin bo‘lyapti. Bu esa inson o‘zini emin-erkin his qilishiga yo‘l ochib bermoqda.

O‘zi umuman huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan hadiksirash, imkon qadar ulardan uzoqroq yurishga intilish eski tuzumdan qolgan, haligacha to‘liq tuzatilmagan mudhish kasallikka o‘xshaydi, jiddiy muolajalar o‘tkazmasdan uni davolash mushkul. Odamlar aslida huquqni, erkinlikni himoya qilishi kerak bo‘lgan mas’ullardan qo‘rqishi hayot mantig‘iga butunlay teskari holat.

Demokratiyaga, taraqqiyotga intilgan davlatda bir odamning ishonchi so‘ndirilishi, ruhi sindirilishi ham og‘ir hodisa, deb qabul qilinadi. Nimaga shunday?.. Birgina odam nohaq qamalib qolsa, osmon uzilib tushadimi?.. Undan ham yomon bo‘ladi. Adolatsiz tergov va sud yana qanchadan-qancha odamlarning ko‘nglini cho‘ktiradi, yoshlarni qo‘rqoq, jur’atsiz qilib qo‘yadi. Jamiyatda, yon-atrofimizda ruhi bukilgan, qo‘rqoq odamlarning ko‘payishi davlat uchun, xalqu millat uchun dahshatli fojiaga aylanadi. Bunga yo‘l qo‘yib berish kulfat keltiradi. Shuning uchun surishtiruv, tergov, sud jarayonlari jirkanch o‘yinlardan xoli bo‘lishiga intilish, insonga o‘zini himoya qilish imkoniyatini kafolatlash tarixiy islohot, deb baholanadi.

Davlat dasturida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibining soddalashtirilishi belgilangani, shubhasiz, inson erkinligi bilan bog‘liq eng katta innovatsiyalardan biri bo‘ldi. Buning ahamiyatini tushunish uchun ko‘zlangan maqsadga nazar tashlashning o‘zi yetarli: fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta’minlash. E’tibor qarating, yanada mustahkamlash emas, aynan ta’minlash.

Shu niyatda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan. Loyihalarda pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish rejalashtirilgan.

Erkinlik eng yuksak tuyg‘udir, shuning uchun erkinlik haqidagi yolg‘on eng mudhish yolg‘on hisoblanadi, deb yozgan edi Frans Kafka.

Inson erkinligi muqaddas, ayni paytda yaxlit tushuncha. U yarimta yoki chala bo‘lishi mumkin emas. Inson tug‘ilar ekan, uning erkinligi ham dunyoga keladi. Erkinlik yashash huquqidan boshlanadi. Bu huquqni odam bolasiga Yaratgan ato etgan.

Endi o‘zingiz qarang, birgina propiska masalasida oldimizda qancha to‘siqlarni olib tashlash vazifasi turibdi:

voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish; mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish; mavsumiy ishlarga jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish; ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish, yashashga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlikni bekor qilish.

Oxirgi so‘zlarni yana bir qayta o‘qib ko‘ring... yashashga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlik... Bu so‘zlar juda g‘ayritabiiy eshitiladi. Bu nima degani?.. Uyingga mehmon kelib, 4-5 kun turib qolsa, javob berishing kerak edi, deganimi?.. Mehmondo‘st, bag‘rikeng, ulug‘ ota-bobolarimiz bunday holatga qanday munosabat bildirardi?..

Odam bolasi falon joyda yashayman, falon sohada ishlayman, falon joyda baxtimni topaman, degan rejalar bilan dunyoga kelmaydi. Rizqi-nasibasi qo‘shilgan joyga taqdiri azalning o‘zi boshlab boradi. Nasib qilmasa, inson bir joyda bir kun ham yashay olmaydi...

Dunyo yuksak taraqqiyot sari intilib yashayotgan zamonda har xil bahonalar bilan insonni, uning huquqlari va erkinligini cheklagan davlat xalqini dunyoning ko‘z-o‘ngida xijolatga qo‘yadi, o‘zini ham uyatga qoldiradi. Odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qo‘yish niyatida belgilab olingan ezgu vazifalar O‘zbekiston hech qachon bunday davlatlar qatorida turishni istamasligini anglatadi. Bu eng muhim va jiddiy innovatsiyadir, u yillar o‘tgani sari yangidan-yangi mo‘jizalar yaratadi.

 

To‘lqin TO‘RAXONOV



DB query error.
Please try later.