08.02.2018

MAS’ULIYATSIZLIK

muammolarni keltirib chiqaradi, odamlarni ovora qiladi, jamiyatga ziyon yetkazadi

«O‘zbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limi bilan «Xorazm viloyat kinofondi» davlat unitar korxonasi o‘rtasida vujudga kelgan va ikki yildan buyon yakun topmayotgan mojaro aslida unchalik murakkab emasdi, nazarimizda. Ammo dastlabki sud jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bu ishni chigallashtirib yubordi, deyishga asoslar yetarli.

Xo‘sh, hammasi nimadan boshlandi?

«Xorazm viloyat kinofondi» DUK 2014 yil 7 yanvarda muassis — «O‘zbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limining buyrug‘i bilan tashkil qilingan. Korxona nizomida DUK mustaqil yuridik shaxs hisob­lanib, o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash asosida xo‘jalik hisobida ish yuritishi, korxona muassisining qaroriga binoan tugatilishi belgilab qo‘yilgan.

«O‘zbekkino» milliy agentligi hay’at majlisining 2014 yil 2 noyabrda qabul qilingan 217-a sonli buyrug‘ida «Qoraqalpoq­kino» agentligi, Tosh­kent shahar va viloyatlardagi hududiy bo‘limlar rahbarlariga zarar ko‘r­ib ishlayotgan va iqtisodiy nochor hududiy kinofondlarni amaldagi qo­nun hujjatlari talablari asosida belgilangan tartibda tugatish masalasi qo‘­yiladi.

«Xorazm viloyat kinofondi» o‘z faoliyatini talab darajasida tashkil etolmadimi, har holda 2014 yilni 6 097 000 so‘m zarar bilan yakunlaydi. «O‘zbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘lim boshlig‘i R.Qurbonov yuqoridagi hay’at yig‘ilishi talabini bajarish maqsadida 2015 yil 21 iyuldagi buyruq bilan O‘zbekis­ton Respub­likasi Fuqarolik kodeksining 53-54-55 moddalari hamda O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentining 2007 yil 27 apreldagi PQ-630 sonli qarori ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga asosan tugatuvchi tayin­lagan va «Xorazm viloyat kinofondi» davlat unitar korxonasi tugatilgan. Tugatuvchi ­Q. Nurmetov tugatish jarayonini yuqorida qayd qilingan Nizom talablari asosida olib borgan, ya’ni DUKni ro‘yxatga olgan Urganch shahar hokimiga, hisob raqami turgan TIF Milliy bank Urganch shahar bo‘limiga rasmiy xatlar yuborgan. «Qishloq hayoti» gazetasida 2015 yil 25 avgustda DUK tugatilgani to‘g‘risida ­e’lon chop etilgan.

Ammo «Xorazm viloyat kinofondi» DUKning direktori ­U.Atajonov korxona faoliyati bilan bog‘liq barcha hujjatlarni, shuningdek, korxonaning muhri, shtamplari, buxgalteriya hujjatlarini, soliq organida hisobdan o‘tgan kino chiptalarni (40 000 dona) belgilangan vaqtda topshirmaydi. Aniqrog‘i, topshi­rish­dan bosh tortadi. Ya’ni, tugatilgan DUK direktori tugatuvchining va amaldagi qonunlarimiz talablarini baja­rishni istamaydi.

Qiziq, «Xorazm viloyat kino­fondi» DUK rahbari Urganch shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan yakuniy soliq tekshiruvi uchun ham biror hujjat taqdim qilmaydi. Mazkur nazorat organi xodimlari tomonidan 2015 yil 2 noyabrda imzolangan «dalolatnoma»da kor­xona mutasaddilari tomonidan bir qator qonun buzilish­lariga yo‘l qo‘yilganligi qayd qilingan.

Shu o‘rinda yana bir rasmiy xatga e’tibor qaratish lozim. O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi raisi R.Saburov 2015 yil 9 sentabrda «O‘zbekkino» milliy agentligiga yozgan xatida «Xorazm viloyat kinofondi» DUK bilan 2015 yil 2 mart kuni partiya tasarrufida bo‘lgan binodan shartnoma asosida ijaraga joy bergani, 2015 yil 1 sentabr holatiga 1 million 750 ming so‘m miqdordagi ijara haqidan qarzdorlik vujudga kelgani, shu mab­lag‘ni undirishda amaliy yordam berishini so‘ragan.

Xorazm viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy bosh­qarmasi boshlig‘i P.Qalandarov 2015 yil 8 iyunda «O‘zbekkino» Milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i nomiga yuborgan xatda «Xorazm viloyat kinofondi» DUK tomonidan 2015 yilning yanvar-may oylarida viloyatning shahar va tumanlaridagi kasb-hunar kollejlarida kino namoyish qilinib, 4.7 million so‘mlik chipta pullari DUK xodimlariga naqd berilgani qayd etilgan. Demak, Kinofond 2014 yilni zarar bilan yakunlagan, buning ustiga ijaraga olingan xona uchun ham qarzdor. Ammo kasb-hunar kollejlarida kino namoyishlaridan katta miqdorda mablag‘ tushgan. Bu pullar korxonaga kirim qilinganmi yoki maqsadsiz ishlatilganmi, o‘zlashtirilganmi?.. Ehtimol tegishli idoralar bu masala bilan qiziqar.

Eng ajablanarli holat shun­daki, «Xorazm viloyat kino­fondi» DUK xodimlari 2015 yil 26 oktabrda majlis o‘tkazib, kinofond faoliyatini qayta tiklash haqida qaror qabul qilishgan. Buni qanday baholash mumkin? Bu holat nafaqat Nizomga qarshi, balki amaldagi qonunlarimizga zid xatti-harakat emasmi? Nizomda DUK faoliyati faqat muassis tomonidangina qayta tashkil etilishi mumkinligi belgilangan.

...Bu mojaro nihoyat sudgacha yetib boradi. Aniqrog‘i, DUKning direktori U.Atajanov, hisobchisi Z.Jumaniyozova, ishchilar A.Yuldoshev, R.Raximov, E.Otajonovlar fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga «O‘zbekkino» Milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limiga nisbatan da’vo ariza bilan murojaat qilib, korxona noqonuniy tugatilganligi, maj­buriy progul vaqti uchun ish haqi, shuning­dek, ma’naviy zarar va boshqa sarf-xarajatlari uchun jami 81 432 193 so‘mni javobgardan undirib berishni so‘rashadi.

2016 yil 4 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudida bu masala ko‘rib chiqiladi va sudya O‘.Masharipov chiqargan «hal qiluv qarori»da da’vogarlar da’vosi qisman qanoatlantiriladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi esa 2016 yil 12 avgustda apellyatsiya instansiyasida sudya J.Nafasov raisligida «O‘zbekkino» Milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limining nazorat tartibida kiritgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi.

Javobgar sudga taqdim etilgan shikoyatda da’vogarlar — «Kinofond» xodimlari arizasida familiyasi ko‘rsatilgan va imzosi qo‘yilgan Otajonov ­Elbek Mansurovich degan shaxs «Xorazm viloyat kinofondi» DUKda ishlamaganligi va uning imzosi qalbakilashtirilganligini asos­lovchi huj­jat­lar taqdim etilganiga qara­mas­dan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha ­Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi raisi ­J.Nafasov negadir bu masalaga e’tibor bermaydi va ­O‘.Masharipov chi­qargan hal qiluv qarorini kuchida qoldiradi.

Ammo Urganch tumanlararo sudining 2017 yil 3 fevraldagi ajrimida ushbu masala yangi ochilgan holatlarga ko‘ra, qayta ko‘rib chiqilgani, dastlabki sud jarayonida ayrim holatlarga e’tibor berilmaganligi ta’kidlangan va ajrim chiqarilgan. Bu ajrim bilan oldingi sud qarori bekor qilingan. Ushbu ajrimga ham O‘.Masharipov imzo chekkan. 2017 yil 16 mart kuni ish Urganch tumanlar­aro sudida yana O‘.Masharipov tomonidan qayta ko‘riladi. U endi dastlabki suddagidek 5 nafar emas, 4 nafar da’vogar foydasiga majburiy progul uchun ish haqlarini undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Chunki oldingi sudda da’vogarlar safida bo‘lgan Elbek Mansurovich Otajonov foydasiga ham 5.456.152 so‘m undirish belgilangandi. ­E.Otajonov sudga yozma ariza bilan murojaat etib, da’vo arizasi yozmagani va da’vo arizadagi uning imzosi sox­talashtirilgani, uning pas­port bo‘yicha ismi-sharifi Otajonov Elbek Mansurovich emas, balki Otajonov Elbek Baxtiyorovich ekanligini bil­diradi va suddan javobgarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi. ­Sudya O‘.Masharipov E.Otajonovning arizasiga umuman e’tibor qaratmaydi, faqat uning familiyasini qarordan olib tashlaydi.

Javobgar tomonning apellyatsiya arizasiga binoan ish 2017 yilning 20 iyun kuni yana Fuqarolik ishlari bo‘yicha ­Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida J.Nafasov raisligida ko‘rib chiqiladi va javobgar — «O‘zbekkino»ning Xorazm viloyat hududiy bo‘limi apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Endi e’tiboringizni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi va Xorazm viloyat sudi tomonidan qabul qilingan bir qator «hal qiluv qarorlari» va «ajrimlar»da asos sifatida keltirilgan, qayta-qayta takrorlangan bir holatga qaratamiz. «Hal qiluv qarorlari» va «ajrimlar»da o‘qiymiz: «...«O‘zbekkino» mil­liy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limining 11.02.2015 yildagi 2-son buyrug‘iga asosan «Xorazm viloyat kinofondi» DUK tugatilishi belgilangan. Ammo ushbu buyruqqa nisbatan Urganch shahar prokurori tomonidan 20.03.2014 yilda 10/123-15 sonli protest kiritilgan va bekor qilingan».

Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan kishi. ­«Xorazm viloyat kinofondi» DUK tugatilishidan 11 oy oldin prokuror qanday qilib protest kiritishi mumkin? Buni mazkur «hal qiluv qarorlari» va «ajrimlar» kompyuterda yozilganida bexos texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylarsiz.

Biz ham avval shunday fikrga bordik. Ammo Urganch shahar prokurori nomiga yozgan murojaatimizga berilgan javobni o‘qib, lol bo‘lib qoldik.

Urganch shahar prokurori, ­adliya maslahatchisi U.Mad­ra­himov imzolagan javobda shunday deyilgan: «...aniqlanishicha, Ur­ganch shahar prokuraturasi tomonidan 20.03.2014 yilda 10/123-15-sonli xat bilan «O‘zbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘ining 11.02.2015 yildagi 2-sonli buyrug‘iga protest kiritilmagan».

Ana xolos, nahotki, yo‘g‘-e!.. Balki bu protest prokuraturada saqlanmagandir, sudyada bordir, degan ilinj bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi raisi vazifasini bajaruvchi ­O‘.Masharipovga yozma murojaat qildik. Lekin murojaatimizga javob ololmadik. Vaholanki, murojaatimizni 2017 yil 25 sentabrda shaxsan uning o‘zi qabul qilib olgandi. Amaldagi qonunlarimizga muvofiq, 2017 yil 1 noyabrda unga yana yozma murojaat qildik, bu murojaatimizni ham shaxsan O‘.Masharipovning o‘zi qabul qilib oldi va oradan shuncha vaqt o‘tdiki, hamon jimlik. Javob yo‘q.

Yana bir masala ham javob kutib yotibdi. Kinofondni tugatish to‘g‘risida muassis buyrug‘ini asossiz tan olmay, «Xorazm viloyat kinofondi» DUKning xodimlari tomonidan 2015 yil 13 maygacha joylarda o‘tkazilgan kino namoyishlaridan tushgan mablag‘lar qayoqqa ketgan?

«O‘zbekkino» milliy agentligi Xorazm viloyat hududiy bo‘limi rahbari R.Qurbonov o‘z qarori to‘g‘riligini isbotlash uchun kurashni davom ettirdi. Nihoyat, Respublika Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati o‘zining 2018 yil 8 yanvarda chiqargan Ajrimida O‘zbekis­ton FPKning 314-moddasi 2-qismi 2-bandi, 312-moddasi 1-qismi 1,3- va 4-bandlari buzilganligi sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha ­Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 20 iyundagi Ajrimini bekor qildi va ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya instansiyasi sudiga yubordi. Ehtimol, bu ish endi adolatli hal bo‘lar.

Savol tug‘iladi: Oliy sud aniqlagan bu kamchiliklarga ishni uch marta ko‘rgan viloyat sudi nega e’tibor qaratmadi? Malakasi yetishmadimi yoki bilimi sayozlik qildimi? Sudyalarning malakasi yoki bilimi yetishmagan desak, unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki tumanlararo sud masalaning ayrim jihatlariga e’tibor bermagan bo‘lishi mumkin. Ammo viloyat sudida tajribali sudya­lar ishlaydiku. Aniqrog‘i, bu ishni ko‘rgan sudyalarda mas’­uliyat yetishmagan bo‘lishi mumkin. Sud ishlarini ipidan ignasigacha erinmay, xolis ko‘rib chiqish uchun bilimdan tashqari mas’uliyat, toqat kerak bo‘ladi. Bu ish ortida odamlar huquqi, taqdiri turganini his etish, anglash lozim bo‘ladi. Ish nega qayta-qayta sudlarda ko‘riladi? Quyi sudlar o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarmagani uchun bo‘lsa kerak. Afsuski, ayrim sudyalar ishlarni yuzaki ko‘rib chiqish, arizalarga bir xil qolipdagi javoblarni yuborish kabi illatlardan hamon qutila olmayapti.

Bunday holatlar odamlarni ovorayu sarson qilib, ishdan qoldiradi, asabini yemiradi, jamiyatga, davlatga ham iqtisodiy, ham ma’naviy ziyon keltiradi. Bu mojaro qanday yakun topgani haqidagi masalaga yana qaytishimiz kerakka o‘xshaydi.

 

Ro‘zimboy HASAN,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.