25.01.2018

SAYLOV KODEKSI MUKAMMAL BO‘LISHI JUDA MUHIM

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov siyosiy partiyalar uchun jiddiy siyosiy imtihon, shuning bilan birga, katta tajriba maktabi bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, saylov deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning keskin kurashi, siyosiy partiyalarning raqobati ostida bo‘lib o‘tdi. Saylovdan keyin Toshkent shahrining tuman Kengashlarida partiya guruhlari tuzilishi partiyaning to‘laqonli faoliyat yuritishi, elektorat manfaatlarini himoya qilish borasidagi tashabbus va amaliy harakatlari kuchayishiga xizmat qiladi.

Mazkur mas’uliyatni chuqur anglagan holda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi va partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar saylov jarayonlarida faol ishtirok etdi. Saylov natijasi bilan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga O‘zbekiston XDPdan jami 50 nafar deputat saylandi, bu har bir tumanda partiya guruhlarini tashkil etish imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda demokratik islohotlar yanada chuqurlashayotgan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bir vaqtda o‘tkazilgan ushbu saylov va uning natijalari O‘zbekiston XDPga o‘z faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish va kelgusi saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ko‘rsatdi.

Saylov jarayonlari bugungi kunda fuqarolarimizning huquqiy madaniyati yuksalayotgani, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga ishonchi ortib borayotganligini ko‘rsatdi. Saylovchilar quruq va’dalar yoki chiroyli yozilgan dasturlarga emas, balki partiyaning amaliy ishlariga qarab ovoz berishdi. Biz uchun saylov natijalari bugungi kundagi partiyamiz deputatlik korpusi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga monand ravishda qoniqarsiz bo‘ldi. Misol uchun, Toshkent shahrining ayrim tumanlaridan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lib saylangan partiyadoshlarimizning o‘z saylovchilari bilan uchrashishga yetarlicha vaqt ajratmagani, ularning muammolari bilan qiziqmagani saylov natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Demak, kelgusi saylovlarda yaxshi natijaga erishish, saylovchilar ishonchini qozonish uchun partiyamizning deputatlik korpusi ishi samaradorligini keskin oshirish lozim.

 Mazkur masala partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida tanqidiy muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Biz har doim respublika bo‘yicha 10 mingga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotlarimiz (BPT) mavjudligi, shu jumladan, Toshkent shahar tumanlarida mingdan ziyod BPT borligini aytib, saylovlarda ushbu kuchga tayanishimizni ta’kidlab kelganmiz. Lekin bo‘lib o‘tgan saylov partiyamizning eng muhim bo‘g‘inida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, poytaxtimiz tumanlarida BPTlarni tuzishda saylov okruglari va saylov uchastkalarining joylashuvi inobatga olinmagan, ular har bir saylov uchastkasiga biriktirilmagan, BPT yetakchilarida partiyaviy mansublik hissi, faollik va tashabbuskorlik yetishmadi. Ayrim BPTlar va tuman partiya kengashi o‘rtasida aloqalar uzilib qolgan, yana ayrim BPTlar faqat qog‘ozda faol ko‘rinadi. Toshkent shahar tumanlaridagi 1090 BPTdan 219 tasining faoliyati qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Olmazor tumanidagi 56 BPTdan 42 tasining (75 foizi) faoliyati hozirgi talabga javob bermaydi.

Kelgusi saylovlargacha BPTlarni tashkil qilish, ularning faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda partiyaning aniq vazifalari belgilab olingan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, partiya rahbariyati tomonidan tasdiqlandi. Unda saylovda yaxshi natijalarga erishilmagan uchastkalardagi BPTlar faoliyati qaytadan ko‘rib chiqilib, ularning ishini takomillashtirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Saylov jarayonida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Bizning hisobotlarda respublika bo‘yicha partiyaning 3 mingga yaqin, jumladan, Toshkent shahar tumanlari bo‘yicha 213 nafardan iborat targ‘ibotchilar guruhlari mavjud bo‘lib, ular targ‘ibot-tashviqot jarayonlarida partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodlarga yordam berishi lozim edi. Biroq bu borada kutilgan natijaga erishilmadi. Afsuski, aksariyat targ‘ibotchilar guruhlari nomiga tashkil qilingan bo‘lib, partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarga aytarli yordami tegmadi.

Kelgusida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida partiyamizning targ‘ibot guruhlari tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olinishi rejalashtirilgan.

Deputatlikka nomzodlarning zaxirasini shakllantirish va ularni nomzod sifatida deputatlikka ko‘rsatishdagi ishlarimizda ham kamchiliklar kuzatildi. Saylovchilar ovoz berishda nafaqat siyosiy partiyalarga va ularning dasturlariga, balki nomzodning shaxsiy fazilatlariga ham katta e’tibor qaratadi. Bu masalada ham partiyamiz Markaziy Kengashida tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, vazifalar belgilab olindi.

Ma’lumki, Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan, 2017–2021 yillarda Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2018 yilda Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilab berilgan. Bundan asosiy maqsad fuqarolarning saylovga oid huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishdir.

Saylov kodeksida bugunga qadar tarqoq holda amal qilgan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, xalqaro me’yor va standartlardan kelib chiqib, unifikatsiya qilish, saylov jarayonining shaffof bo‘lishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizning saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari aksariyat rivojlangan demokratik davlatlarda bo‘lgani singari saylovlardan saylovlargacha bo‘lgan davrlarda tobora takomillashtirilmoqda va rivojlantirilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan saylov tajribasidan kelib chiqib, mamlakatimizda siyosiy partiyalarning faolligini yanada kuchaytirish, ularga teng sharoitlar yaratish, ko‘ppartiyaviylikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan Saylov kodeksiga quyidagi takliflarni bildirishni o‘rinli, deb hisoblayman.

Birinchidan, bugungi kunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berilgan vakolatlar ko‘lami, yuklatilgan vazifalar va boshqaruv tizimida tutgan o‘rnidan kelib chiqib, ularning deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish vakolatini bekor qilish masalasini o‘ylab ko‘rish lozim. Fikrimizcha, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari siyosiy partiyalar bilan hokimiyat uchun kurashishi hamda siyosiy partiyalar bilan raqobatlashishi demokratik tamoyillarga unchalik mos kelmaydi.

Shuning uchun mamlakat Prezidenti lavozimiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilishi kabi xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga ham nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi prinsipial qoida saylov qonunchiligida mustahkamlanishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan faqat bittadan kuzatuvchi qo‘yish mumkinligi to‘g‘risidagi cheklovlarni olib tashlash lozim. Qonunchilikda qaysi saylov uchastkasiga qancha kuzatuvchi qo‘yish vakolatlarini siyosiy partiyalarning o‘zlariga berish to‘g‘ri bo‘ladi.

Uchinchidan, saylov jarayonlari adolatli tashkil etilishi uchun qonunchilikka uchastka komissiyalari tarkibiga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning bittadan vakillarini kiritish lozimligi to‘g‘risida o‘zgartirishlar kiritish kerak.

Mazkur me’yorning belgilanishi saylov jarayonida uchastka komissiyasi a’zolari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilishining oldini olish, o‘zaro tiyib turish tamoyilini joriy etish, ovoz berish va ovozlarni sanash jarayonlari adolatli o‘tishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida har tomonlama munosib odamlar deputat bo‘lib saylanishiga erishish dolzarb vazifa ekanini alohida ta’kidlagan edi. Bu vazifaning samarali bajarilishi qabul qilinadigan Saylov kodeksi qanchalik mukammal bo‘lishiga bog‘liq, albatta.

 

Ulug‘bek VAFOYEV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.



DB query error.
Please try later.