Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
07.12.2017

SIYOSIY PARTIYA TUSHUNCHASI

har doim «dadillik», «tashabbuskorlik» tushunchalari bilan yonma-yon turadi

Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan joriy yilning iyul oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida siyosiy partiyalar faoliyati haqida tahliliy-tanqidiy fikrlar bildirilgan edi. Xususan, siyosiy partiyalar hanuzgacha mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmagani, ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif, tashabbuslar deyarli sezilmayotgani tanqid qilingan edi. Oradan qariyb yarim yil vaqt o‘tdi. Siyosiy partiyalar faoliyatida nimalar o‘zgardi? Qanday yangiliklar ko‘zga tashlanmoqda?

Ushbu savollar bilan siyosiy fanlar doktori, professor Muqimjon QIRG‘IZBOYEVGA murojaat qildik.

 

Bu savollar tahliliy, asoslantirilgan javobni talab etadi. O‘sha yig‘ilishdan so‘ng siyosiy partiyalar faoliyatida, albatta, jonlanish ko‘zga tashlandi, harakatlar sezildi, mas’uliyat oshdi. Ammo hali ko‘p izlanish, qattiq mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Siyosiy partiya jamiyatda ta’sir kuchiga ega bo‘lishi oson ish emas. Siyosiy kurashda katta maqsadlarga birdaniga erishib bo‘lmaydi.

— Keling, unda siyosiy partiyalarning jamiyatdagi obro‘si mustahkamlanishi uchun qaysi masalalarga e’tiborni kuchaytirish zarurligi haqida suhbatlashaylik.

— Ma’lumki, mamlakatimizda siyosiy partiyalar 20-25 yildan buyon yashab kelayotgan bo‘lsa-da, ular hanuzgacha demokratik tamoyillar va qadriyatlar talablari darajasidagi siyosiy tashkilotlar darajasiga ko‘tarila oldi, deya olmaymiz. Buning asosiy sabablaridan biri partiyalarni tashkiliy jihatdan rivojlantirishga bog‘liq. Tajribadan ma’lumki, quyidan — siyosiy ishtirokchilar (fuqarolar vakillari) — saylovchilar umumiy irodasi bilan tuzilgan partiya poydevori mustahkam bo‘ladi.

Partiyaning tabiati shundayki, u doimo quyidan (elektorat, boshlang‘ich partiya tashkilotlari va ularning a’zolaridan), faol ommaning xatti-harakatidan ruhiy quvvatlanib, o‘zining yashovchanligini ta’minlaydi. Bu energiya kuchsiz yoki sust bo‘lsa, siyosiy partiya jamiyat, elektorat oldidagi vazifalarini bajara olmaydi yoki u partiya ko‘rinishidagi qandaydir faoliyat (kvazipartiya) sifatidagina namoyon bo‘lishi mumkin.

Siyosiy partiyalarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni, ularning rivojlanish sur’ati haqida bugun nima deyish mumkin? Xalq deputatligiga nomzodlar tayyorlash va tanlash, o‘z elektorati manfaatlarini partiya dasturlarida va o‘z faoliyatida ifodalash, siyosiy tizimda biron-bir yoki bir necha ijtimoiy qatlamlar manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, fuqarolar huquqiy, siyosiy madaniyatini oshirish, saylovchilar dunyoqarashiga partiya mafkuralarini singdirish, muammolarni tezlik bilan ilg‘ash, ularning yechimlarini topish kabi masalalar siyosiy partiyalarning jamiyatdagi asosiy vazifalaridan sanaladi. Ammo siyosiy partiyalar faoliyatiga nazar solsak, ularning hozirgi rivojlanish darajasi davr talablariga javob bermasligi ko‘zga tashlanadi.

— Har bir siyosiy partiya o‘zining tarafdorlari, xayrixohlari manfaatlarini himoya qilishga intiladi. Ularning bu boradagi amaliy ishlari nimalarda ko‘rinyapti, deb o‘ylaysiz?

— Agar jahon tajribasiga e’tibor bersak, siyosiy partiyalar dastlab ijtimoiy qatlamlar va guruhlarning manfaatlari hamda ehtiyojlarini qondirish vositasi sifatida paydo bo‘lgan. «Insonning manfaatlari turli-tuman. Lekin ularning ichida eng asosiy manfaat mavjud: insonning o‘zini o‘zi hayotda amalga oshirishi (realizatsiya qilishi) — uning bosh manfaatidir». Demak, insonning mazkur manfaati uni biron-bir siyosiy partiyaga kirishga undaydi. Lekin u siyosiy partiyada bu kabi manfaatni amalga oshirish imkoniyatini topolmasa, uning hafsalasi pir bo‘ladi, partiyaning mudroq a’zosiga aylanadi.

Demak, siyosiy partiya o‘zining tarafdorlari, xayrixohlari manfaatlarini astoydil himoya qilsa, u faollashadi, himoya qila olmasa, jamiyatda nufuzini yo‘qotadi. Shu ma’noda, hozirgi davrdagi siyosiy partiyalarni haqiqiy demokratik prinsiplar asosida faoliyat yuritmoqda, deb baholash qiyin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning mazmun-mohiyatiga e’tibor bersak, ularning aksariyat qismi ijtimoiy muammolar yoki inson huquq va erkinliklari buzilishiga doir shikoyatlardan iborat. Savol tug‘iladi? Nima uchun o‘tgan davr ichida fuqarolar shu kabi murojaatlar bilan siyosiy partiyalarga murojaat qilmadi? Chunki, partiyalarning bu kabi murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni hal etish resurslari va xohish-e’tibori yetarli emasligini xalqimiz biladi. Vaholanki, ijtimoiy muammolar yechimini topish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish barcha partiyalarning dasturlarida belgilab qo‘yilgan.

— Bugun siyosiy partiyalar faoliyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ular ko‘proq siyosiy-huquqiy, madaniy-ma’rifiy mavzulardagi tadbirlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘lishayotganga o‘xshaydi. Siyosiy partiyalarning vazifasi aslida nimalardan iborat?

— Albatta, bu kabi tadbirlar ham kerak. Lekin siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkazilayotgan siyosiy-huquqiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar rasmiyatchilik va «xo‘jako‘rsin»chilik ko‘rinishidan nariga bormayapti. Yana bir qiziq tomoni shundaki, tadbirlar asosan saylovlarga 2-3 oy qolganda avj oladi. Partiyaviy tadbirlarda partiyaning jamiyatdagi o‘rni, vazifasi, jamiyat instituti sifatidagi maqomi, siyosiy mafkurasiga doir masalalarga kam e’tibor beriladi. Shuning uchun ham tadbirlar korxona, firma, ta’lim muassasasi rahbarlarining yordami bilan o‘tkaziladi, lekin ular dolzarb masalalarni ko‘tarmagani, zamonaviy talablar darajasida o‘tkazilmaganligi uchun ta’sir kuchiga ega bo‘lmayapti.

Siyosiy partiyalar o‘zining asosiy tadbirlarlarini saylovchilar yashaydigan maskanlarda o‘tkazishi lozim. Shuningdek, partiyaning boshlang‘ich tashkiloti tuzilgan korxona-tashkilotlar ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Tadbirlar boshlang‘ich tashkilot yetakchisi tomonidan o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Partiyaning tuman yoki shahar kengashi vakili uni o‘tkazishga yordam berishi yoki ishtirok etishi mumkin. Chunki boshlang‘ich tashkilot tashabbusi yoki ishtiroki bilan o‘tkazilmagan har qanday tadbir rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas. Qaysi partiya o‘zining mustaqil, tashabbuskor, o‘zini o‘zi boshqarishga qobil bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotiga ega bo‘lsa, o‘sha partiyaning nufuzi baland bo‘ladi, jamiyat hayotidan doimo boxabar bo‘lib turadi.

Siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda asosan partiya a’zolarining partiya nizomi va dasturlarini bajarishdagi ishtiroki, burchi, partiya a’zosining huquq va imtiyozlariga doir masalalar muhokama etib borilishi muhimdir. Mazkur tadbirlarning asosini boshlang‘ich tashkilot atrofida yashayotgan saylovchilarning ijtimoiy ahvoli, ular hayotida vujudga kelgan muammolar va ularning yechimlari, saylovchilarning huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirish, aholi ijtimoiy-siyosiy ongini o‘stirish, partiya yoshlar qanotini mustahkamlash kabi masalalar tashkil etsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Siyosiy partiyaning turli yig‘inlar, tadbirlar o‘tkazishdan ko‘zlagan maqsadi tarafdorlarini ko‘paytirishga qaratilishi kerak. Asosiy maqsad saylovlarda ko‘p o‘rin egallab, hokimiyat uchun kurash olib borishga qaratilmog‘i zarur. Siyosiy partiyalarning boshqa jamoat tashkilotlaridan farqi ham shunda.

Siyosiy partiyaning ta’sir kuchi, nufuzini oshirish masalasiga yanada aniqlik kiritsak. Bu ko‘proq nimalarga bog‘liq, deb hisoblaysiz?

— Siyosiy partiyalarning jamiyatda nufuzi oshishi ularga nisbatan xalq ishonchi mustahkamlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Xalq ishonchisiz yetuk siyosiy partiya darajasiga ko‘tarilish mushkul. Partiya nufuzi jamiyatda fuqarolar siyosiy partiyalar vositasida o‘z manfaatlarini qondira olishlariga, huquq va erkinliklarini ta’minlay olishiga chin dildan ishonganida oshadi, deb o‘ylayman.

Yana bir muhim masala — partiya tashkilotlari, ayniqsa, tuman, viloyat kengashlari yetakchilari salohiyatli, tajribali, boshqaruvchilik sifatlari yuqori darajada bo‘lishi zarurdir. Buning uchun boshlang‘ich tashkilot, tuman (shahar), viloyat va markaziy tashkilotlarga saylanadigan yetakchilar nomzodi pastdan, a’zolar tomonidan ko‘rsatilishi, nomzodlar o‘rtasidagi nuqtai nazarlar, bahs-munozaralar, saylovda yutib chiqish kabi omillar yetakchini baholashning asosiy mezonlari darajasiga ko‘tarilishi lozim. Bu mezonlarsiz partiya yetakchilarini baholash usullari haqiqiy salohiyatni aniqlab berishga ojizlik qiladi. Qolaversa, har qanday inson o‘z erkin xohishi bilan saylagan yetakchiga nafaqat bo‘ysunadi, balki unga ergashadi. Yetakchi nomzodi quyidan ko‘rsatilganida tashabbuskorlik, faollik sifatlari shakllanishiga kengroq imkoniyatlar paydo bo‘ladi, befarqlik va sustkashlik kabi illatlarga joy qolmaydi. Siyosiy partiya tushunchasi doimo «dadillik» va «tashabbuskorlik» tushunchalari bilan yonma-yon turadi. Bu aloqadorlik uzilgan holatlarda yetakchi partiyani oxir-oqibatda inqirozga olib keladi.

Partiya nufuzini oshirishning yana bir talabi — partiya dasturlarini soddalashtirish, unda saylovchilarning manfaatlaridan boshqa maqsadlarni qisqartirish hisoblanadi. Dastur oddiy saylovchiga, uning tushunish va anglash qobiliyatiga mos ravishda tuzilishi lozim. Saylovchi uchun osmondagi oliy va’dalarga qaraganda, oddiy, hayot uchun zaruriy bo‘lgan resurslar muhimroq ahamiyat kasb etadi. Qaysi partiya o‘z va’dasini bajarishning uddasidan chiqsa, o‘sha partiya keyingi saylovning bosh qahramonlaridan biriga aylanadi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Gulruh ODASHBOYEVA suhbatlashdi.



DB query error.
Please try later.