O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
29.04.2017

ILM-FAN VA ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI

zamonaviy texnologiyalar sohasida erishilayotgan yutuqlarga asos bo‘lmoqda

Ulug‘ vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy o‘zining mashhur «Al-jabr al muqobala» asariga sharhida bu kitob meros va mol taqsimlashda, vasiyatnoma tuzish, adliya, savdo, muhandislik va boshqa barcha hisob-kitob ishlarida qo‘l kelishini ta’kidlagan. Uning o‘nlik sanoq sistemasini, algoritm va algebra tushunchalarini kashf etishi va insoniyat hayotiga tatbiq etishi dunyo taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan edi.

Ilm-fan, intellektual salohiyat taraqqiyot mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda mamlakatimizda bu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilm ahlini, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni hayotga tatbiq etish borasida yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Olimlarimiz olib borayotgan ilmiy izlanishlar, bu borada erishilayotgan yutuqlar buning yorqin dalilidir. Ana shunday fidoyi insonlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Shavkat Ayupovdir.

— Barcha sohalarga bevosita yoki bilvosita daxldor matematika fanining rivojlanishi buyuk ajdodlarimiz al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek singari allomalarimiz nomi bilan bog‘liq, — deydi olim. — Ushbu tagzamin bugungi kunda ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar sohasida erishilayotgan juda katta yutuqlarga asos bo‘lmoqda. Eng quvonarlisi, yurtimizdan yetishib chiqqan Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Mahmud Salohiddinov kabi atoqli akademiklar matematika sohasida o‘z ilmiy maktablarini yaratdilar.

Matematika faniga bo‘lgan qiziqish va iqtidor odatda nisbatan erta namoyon bo‘ladi. Atoqli olimlarimizdan Toshmuhammad Sarimsoqov 27 yoshida, Sa’di Sirojiddinov 32 yoshida, Shavkat Alimov 28 yoshida fizika-matematika fanlari doktori bo‘lishgan...

Bugun mamlakatimizda ana shu maktablar davomchilari bo‘lgan ko‘plab yoshlarimiz tomonidan matematikaning yangi qirralari kashf etilmoqda. Ular tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xalqaro miqyosdagi kashfiyotlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

Shavkat Ayupov 1969 yilda Toshkent shahridagi 192-maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) mexanika-matematika fakultetida oliy ma’lumot oldi. 1974 yili universitetni muvaffaqiyatli bitirib, funksional analiz kafedrasida ishladi, olib borgan ilmiy tadqiqotlar, natijasida 1977 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. O‘sha yili u O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining yosh olimlar uchun ta’sis etilgan mukofotini qo‘lga kiritdi, 1980 yilda Amerika matematika jamiyati a’zoligiga qabul qilindi.

1983 yilda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga erishgan Shavkat Ayupov universitet algebra va funksional analiz kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatish bilan birga O‘zbekiston yosh olimlari jamiyati raisi vazifasida ishladi. 1995 yilda Fanlar Akademiyasi akademikligiga saylandi.

1997-2003 yillarda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attesstatsiya komissiyasi (OAK) raisi, 2003-2004 yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Shavkat Ayupov 2004 yildan buyon O‘zR FA matematika instituti direktori lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda ilm-fan sohasida O‘zbekiston olimlarining xalqaro aloqalari tobora rivojlanmoqda. Akademik Shavkat Ayupov rahbarlik qilayotgan O‘zR FA matematika instituti xodimlari Bonn, Oksford, Kembrij, Kaliforniya singari nufuzli universitetlar bilan muntazam ilmiy hamkorlik qilib kelmoqda. Yosh olimlar o‘z bilim va tajribasini oshirishlari uchun institut kutubxonasida mazkur sohaga oid dunyo olimlarining eng so‘nggi tadqiqotlari, ko‘plab noyob kitoblar, ilmiy jurnallar mavjud. Har yili AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi o‘ndan ziyod mamlakatlardagi nufuzli ilmiy jurnallarda o‘zbek matematiklarining yuzdan ortiq ilmiy maqolalari chop etilmoqda.

Yaqinda eng nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda akademik Shavkat Ayupov va fan doktori Karimbergen Kudaybergenovning ilmiy izlanishlari natijasida yuzaga kelgan, matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan bir qator maqolalar chop etildi va dunyo olimlarining e’tiboriga tushdi. Italiyalik mashhur matematik L.Akkardi ushbu maqolalarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha olimlarimiz bilan ilmiy hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Shavkat Ayupov 2003 yildan buyon dunyoning eng salohiyatli olimlarini birlashtirgan «Dunyo fanlar akademiyasi»ning haqiqiy a’zosidir. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi matematika institutining yetakchi ilmiy mutaxassislari, yosh fan doktorlari O‘tkir Roziqov, Bahrom Omirov, Karimbergen Kudaybergenov, Abror Xudoyberdiyev hamda Erkinjon Karimovlar ham 40 yoshgacha bo‘lgan olimlarni o‘zida jamlagan mazkur akademiyaning yoshlar seksiyasi a’zosi hisoblanishadi.

Olim juda ko‘p xalqaro ilmiy anjumanlar ishtirokchisi va tashkilotchisi hisoblanadi. U Yaponiyaning Kioto shahrida, Shvetsariyaning Syurix, Germaniyaning Berlin, Xitoyning Pekin, 2014 yilda Janubiy Koreyaning Seul shaharlarida o‘tkazilgan matematiklarning Xalqaro Kongresslarida, shuningdek, keyingi yillarda Xitoy, Ruminiya, Angliya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, AQSh, Meksika singari bir qator davlatlarda bo‘lib o‘tgan anjumanlarda ishtirok etib kelmoqda. Toshkentda turli yillarda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarga tashkiliy qo‘mita raisi bo‘ldi. U 2002 yildan buyon har yili Bonn universitetining Amaliy matematika instituti bilan hamkorlikdagi loyiha hamraisi sifatida o‘z shogirdlari bilan tadqiqotlar o‘tkazib keladi. 2008 yildan Italiyaning Triyest shahrida joylashgan Nazariy Fizika Markazi (ICTP) a’zosi hisoblanadi.

Mamlakatimizda matematika sohasidagi izlanishlar uchun ajratilayotgan grantlar fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar rivojiga qaratilgani bejiz emas. Bular o‘z navbatida, ilg‘or innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etish va juda katta natijalarga erishishga olib keladi. Institutda fizika-matematika fanlari doktori O‘tkir Roziqov boshchiligida olib borilayotgan Gibbs o‘lchovlari nazariyasidan olingan har bir natija yangi fizikaviy tizimlar uchun faza almashishlar masalasini hal qilsa, evolutsion operatorlar jabhasida erishilgan muvaffaqiyat biologik tizimlar avlodlarini bashorat qilish, ularga oldindan ta’sir ko‘rsatish imkonini, avlod almashganda qanday genetik belgilar saqlanib qolishi mumkinligini matematik usullar bilan aniq isbotlab beradi.

Mamlakatimizda taniqli olimlarimiz izidan ularning munosib shogirdlari — yosh matematiklar yetishib chiqmoqda. Bu borada faol ilmiy izlanishlar olib borayotgan Rustam Turdiboyev, Abror Xudoyberdiyev, Sherzod Murodov, G‘olib Botirov, Komila Masutova, Iqbol Karimjonov, Muzaffar Rahmatullayev singari iste’dod sohiblari amaliy natijalari bilan ustozlarini quvontirmoqda. Yosh matematiklarni tayyorlash maqsadida har yili ilmiy seminarlar o‘tkazib borilmoqda.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakat ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish va mustahkamlashga, akademiklarning ilmiy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan farmoni zimmamizdagi mas’uliyatni yanada kuchaytirdi, — deydi Shavkat Ayupov. — Davlatimiz rahbarining akademiklar bilan uchrashib, ilm-fanni rivojlantirishning istiqbollari, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish borasida yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan suhbatlashgani bizdan bu borada jiddiy o‘zgarishlar kutilayotganini anglatadi. Ushbu yig‘ilish qarori bilan O‘zR FA akademiklari bir qator vazirlik va idoralarga biriktirildi.

Prezidentimizning fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali hamkorligini ta’minlash, yoshlarimizning ilm bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ko‘nikma va tajribasini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni o‘qitish sifatini yaxshilash borasida jonkuyarlik bilan bildirgan fikr-mulohazalari barchamizda unutilmas taassurot qoldirdi.

Haqiqatan ham mamlakat va jamiyat rivoji ilm-fan taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq. Bu sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor zamirida iqtisodiyotimiz barqaror sur’atlarda rivojlanishini ta’minlash, raqobatbardosh, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni jahon bozoriga olib chiqish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, yoshlarimizni yetuk, yuksak bilim va ma’naviyatga ega mutaxassis sifatida tayyorlash, mamlakatimizning jahon miqyosidagi nufuzini oshirish singari ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadi turadi, desam, yanglishmayman.

Bugungi kunda institut olimlari O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti, Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi Komputer texnologiyalari akademik litseyi hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan bank-moliya tizimiga kiruvchi muassasalar bilan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Ta’lim muassasalarida yoshlarga saboq berish barobarida ular bilan yaqin muloqotga kirishiladi, munozaraga imkon beriladi. Bunday muloqotlar yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi va ularni yangi-yangi izlanishlarga undaydi.

— Muloqot jarayonida men yoshlarga jahon tamadduni taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan o‘rta asr allomalari, mutafakkir ajdodlarimizning hayoti, faoliyati, ilm-fan sohasidagi yutuqlari va noyob kashfiyotlari haqida gapirib beraman, ularga munosib bo‘lishlari lozimligini ko‘p bora uqtiraman, — deydi Shavkat Ayupov. — Biz, katta avlod vakillari avvalo, yoshlarga hayotda to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatishimiz, ularning fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishimiz, ertangi kunimizning egalari, bugungi islohotlarning munosib davomchilari sifatida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim bo‘ladi.

Har qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji ilm-fan taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zR FA akademiklari ilmiy salohiyati va boy hayotiy tajribalaridan samarali foydalanish, ularni fan va ishlab chiqarish hamkorligiga safarbar qilish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirgi paytda akademik Shavkat Ayupov «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki tizimida iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish, kadrlarning intellektual salohiyatidan samarli foydalanish masalalari bo‘yicha bank boshqaruviga ilmiy maslahatchi qilib biriktirilgan.

Bu borada doimiy ravishda seminarlar o‘tkazib borish, yoshlar o‘rtasida iqtidorlilarini tanlab, ularga ilmiy ko‘mak berish, fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish borasida hamkorlik qilish maqsad qilib qo‘yilgan.

Bunday hamkorlik bank filiallari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozlarning ish faoliyati samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, yangi ilmiy kashfiyotlarni o‘z faoliyatlarida joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berishda yuqori samara beradi.

Nurulloh DOSTON,

Alisher RO‘ZIYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: