Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
25.04.2017

UY-JOY KOMMUNAL XIZMAT KO‘RSATISH TIZIMI YANADA YAXSHILANADI

Hayotimizning farovonlik darajasi, turmushimiz sifatini ko‘rsatadigan muhim omillardan biri, shubhasiz, uy-joy va kommunal xizmatlar bilan bog‘liqligini hech kim inkor etmasa kerak. Agar uyimizda bir kun chiroq yoki gaz bo‘lmasa, qanchadan-qancha noqulayliklarni sezamiz. Qish kunlari issiqlik energiyasi jonimizga oro kiradi. Demak, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimining rivojlanishi aholi turmush darajasiga katta ta’sir qiladi.

Shuning uchun ham Prezidentimizning «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonini odamlar katta e’tibor bilan kutib oldi. Ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi hamda uning tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.

Yangi vazirlik uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik asosida ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, ko‘p xonadonli uylarni saqlash qoidalariga rioya etilishini texnik nazorat qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish, aholiga sifatli uy-joy kommunal xizmatlari ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, shuningdek, uy-joy mulkdorlari shirkatlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida tuzilgan. Bu ezgu ishlar faqat va faqat insonlarning manfaati va hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq ijtimoiy vazifalarni hal etishga qaratilgan, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ochig‘i, ko‘p qavatli uylarda uy-joy xo‘jaligi va kommunal sohada yechimini kutayotgan masalalar borligidan ko‘z yuma olmaymiz. Sovuq suv va issiqlik energiyasidan foydalanish, ko‘p qavatli uylarning yaqin atroflarida sanitariya normalari, gigiyena talablariga to‘liq javob bermaslik holatlari ko‘p uchraydi. Shuningdek, aholi sifatli ichimlik suvi va markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bilan yetarli darajada ta’minlanmayapti. Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida ham kamchiliklar oz emas. Bu kabi muammolarni bartaraf etish, kommunal sohani rivojlantirishda ushbu Farmonning ahamiyati katta, deb o‘ylayman.

Birgina misol, o‘tgan yili aynan uy-joy va kommunal xizmatlar masalalari bo‘yicha partiyamiz Jamoatchilik qabulxonalariga fuqarolardan qirqqa yaqin murojaat kelib tushgandi. Mazkur murojaatlarni o‘rganish davomida soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator kamchiliklar aniqlanib, xalq deputatlari shahar Kengashidagi partiyamiz guruhi yig‘ilishida keng muhokama etildi.

O‘tgan yili partiyamiz Harakat dasturi asosida shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zolari tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumanida aholini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash samaradorligini oshirish, uy-joy binolari va issiqlik energiyasi iste’molini belgilangan me’yorlar va standartlar talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Nazorat-tahlil jarayonida ma’lum bo‘ldiki, ayrim xonadon egalari tomonidan ko‘p qavatli uyning ichki va tashqi holatlariga, isitish, aloqa va boshqa tizimlarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, binoning yuk ko‘taruvchi devorlaridan eshiklar ochish, xonalarni kengaytirish, vertikal ventilatsiya shaxtalarni berkitish, isitish sistemalari o‘rnini almashtirish kabi holatlar ko‘p uchrab turibdi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham tez-tez ko‘zga tashlanadi. Shu sababli uy-joy munosabatlarini tartibga solish dolzarb masalaga aylanib qolgandi.

Mazkur masalaning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu Farmonda vazirlik tarkibida Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘larini, birinchi navbatda, ko‘p xonadonli arzon uy-joy fondi, suv ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish, kapital hamda joriy ta’mirlash, maxsus texnika va uskunalar, mashina va mexanizmlar bilan ta’minlash hamda boshqa maqsadlarga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Demak, iste’molchilarga sifatli va kafolatli kommunal xizmat ko‘rsatish ishlari yanada takomillashadi, muammolar bartaraf etiladi, bundan aholi manfaat ko‘radi.

Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratishimiz kerak. Ko‘pqavatli uylarda asosan partiyamiz elektorati vakillari istiqomat qiladi. Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklardan ular ko‘proq aziyat chekadi. Shunday ekan, mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP guruhlari a’zolari partiya Saylovoldi dasturi bilan uzviy bog‘liq bu masalalarga alohida e’tibor qaratib, faol ish olib borishi talab etiladi.

 

Shahnoza MIRRAHIMOVA,

xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi

O‘zXDP guruhi a’zosi.



DB query error.
Please try later.